Home / MAQOLALAR / MAZHABSIZLIK – MUSULMONLAR BIRLIGIGA ULKAN TAHDID

MAZHABSIZLIK – MUSULMONLAR BIRLIGIGA ULKAN TAHDID

XX asr soʻnggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon boʻldi. U ham boʻlsa mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining daʼvosicha, Islomda unga eʼtiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi toʻrt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror sharʼiy masalada ulardan birining yoʻlini oʻziga lozim tutsa, u koʻr–koʻrona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.

Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar Islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qurʼon) va sunna turishi lozimligini taʼkidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa, Kitob va Sunna taʼlimotidan koʻra, koʻproq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yoʻl qoʻyish va nuqsonlardan xoli boʻlishni toʻliq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, Islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan soʻng paydo boʻlganligi eʼtiboridan, bidʼat ishlardan sanalib, sunna taʼlimotiga koʻra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir. Sahobai kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasulullohning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror–bir masalada Qurʼon va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qoʻl urganlar. Bu esa, asosiy eʼtibor qaratiladigan va ergashiladigan holat.

Oʻzlarini Islom dinining fidoyilari deb eʼlon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qurʼon va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar oʻrtasida ixtiloflar paydo boʻlishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga raxna tugʻdirayotganligi jar solinmoqda.

Aslida, mazhabsizlik daʼvosini yoyishning oʻzi ixtilof manbai boʻlib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tugʻdiradigan omil ekanligiga shubha yoʻq. Ular oʻzlarini mazhabsiz deb daʼvo qiladilaru, aslida oʻzlari ham namoz va boshqa ibodatlarda oʻsha toʻrtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq boʻlmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari oʻz daʼvolarini asoslashda ixtilof va taqlid iboralariga alohida urgʻu beradilar.

Maʼlumki, Islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yoʻnalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa eʼtiqod qilishda turli tumanlilik shaklda yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga boʻlinib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab boʻlgan. Buning oqibatida xorijiy, moʻtaziliy, qadariy, jabariy va murjiiy kabi koʻplab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.

Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega boʻlib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvning natijasi oʻlaroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga yetish uchun turli tomonlardan borish imkoni boʻlsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yoʻlni tanlaydi. Musulmon shaxsi tomonidan biror bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib eng qulay va maʼqul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolarining ittifoqiga koʻra, dinning asliga taalluqli boʻlgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi oʻlaroq, fiqhiy masalalarda esa, biror-bir mazhabga ergashish, yaʼni taqlid qilish lozim boʻladi.

Shayx Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi koʻprikdir”. Bunday harakatlar esa hadislarda va ulamolarning asarlarida qatʼiy qoralangan. Qayd etilgan mulohazalar “Qurʼon va hadisgagina amal qilamiz”, – deya oʻzlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida, bu harakatlari bilan diniy birlik va aqidaviy yakdillikka raxna solayotganligini isbotlaydi. Qolaversa, bunday iddaolar asrlar davomida mavjud boʻlib kelayotgan mazhablar asoschilari va ularning taʼlimotlariga nisbatan boʻhton boʻlib, musulmon shaxsini adashtirishga qaratilganligini xulosa qilish oʻrinli boʻladi.

Xulosa qilib aytganda islom dinidagi mazhablarning turli tumanligi noqis holda boʻlmasdan balki bir hikmatdir. Bu ummatlarga yengillik va osonlikdir. Ammo bu hikmatni tushunmasdan ixtilof chiqarish esa katta musibatdir. Bu anglashilmovchilikdan koʻproq musulmonlarning oʻzi zarar kurayotganlari xam maʼlum. Shuning uchun ixtiloflarga bormasdan ilm-maʼrifatga yondoshish esa asosiy vazifa boʻlib qolmoqda. Shuni xam aytib utish kerakki ixtilof chiqarayotganlarning koʻpchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bunga sabab ularning yoshligi va shu soha boʻyicha bilimlarining yetishmasligi, qolaversa, kimlarningdir soʻzlariga aldanib qolishlaridir. Insonning ongiga birinchi qabul qilishiga maʼlumot notoʻgʻri boʻlsa-da, toʻgʻri xabar sifatida qabul qilishar ekan. Shundan keyin unga toʻgʻri maʼlumot berilsa xam notoʻgʻri deb qabul qiladi. Shuning uchun birinchi olinayotgan maʼlumot haqiqiy toʻgʻri ekanini aniqlash va keyingina uni xotirada saqlash lozim boʻladi.

A. Xolmurodov,
Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …