Home / ALLOMALAR / MUSTAMLIY ODOBLARI (Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari asosida)

MUSTAMLIY ODOBLARI (Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari asosida)

Abdulkarim Samʼoniyning hadis ilmi taʼlim metodologiyasiga bagʻishlangan “Adabul imlo val istimlo” asarida asosan ustoz-shogirdga tegishli odoblar, taʼlim berish va olish uslublari haqida maʼlumotlar keltirilgan.

Avvalgi maqolada mumliy – hadis rivoyat qiluvchi shayxning odoblari haqida maʼlumot berilgan edi. Bu safar mustamliy – hadis yozib oluvchi talabaning odoblari haqida soʻz boradi. “Adabul imlo val istimlo” asarida mustamliy amal qilishi lozim boʻlgan har bir odob haqida oyat, hadis yoki biror rivoyat keltirilgan.

Mustamliy eʼtibor berishi lozim boʻlgan odoblar:

  1. Barcha ishlarda ajralib turish.

Ibrohim Harbiy aytadi: “Kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning odoblari haqida biror narsa eshitib qolgudek boʻlsa, albatta, uni mahkam tutishi lozim”.

  1. Imlo majlisida uxlamaslik.

Abu Sulaymon Doroniy: “Agar hadis majlisida uxlayotgan kishini koʻrsam, uni (eshitishni) xohlamayapti deb bilaman. Agar xohlaganida, uyqusi uchib ketgan boʻlardi”, degan.

  1. Imlo majlisida uyqu gʻolib kelsa, joyini oʻzgartirish.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar sizdan biringiz masjidda mudrasa, joyini boshqasiga oʻzgartirsin”, dedilar”.

  1. Imlo vaqtida diqqat bilan tinglash.

Muhammad ibn Nazr Horisiy aytadi: “Ilmning avvali jim turish, soʻng unga quloq solish, soʻng unga amal qilish, soʻng uni muhofaza qilish, soʻngra uni tarqatishdir”.

  1. Shayxiga peshvoz chiqish.

Ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni minbarga koʻtarilar edilar. Shunda biz peshvoz chiqib, u zotni kutib olar edik”.

  1. Imlo qiluvchi shayxga tavozeʼda boʻlish.

Abdulloh ibn Muʼtazir aytadi: “Ilm talabida mutavozeʼ boʻlish xuddi aksariyat pastqam yerlarni suv bosgani kabi ilmni koʻpaytiradi”.

  1. Kursiga oʻxshash balandroq joyga oʻtirish, unday joyni topmasa, tik turib hadis yozish.

Abu Bakr Ibsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib bilan birga xayr-sadaqa qilingan mollar turgan joyga kirdim. Shunda Usmon soyaga oʻtirdi. Ali esa uning boshi uzra tik turib, Umar unga aytayotgan narsalarni yozdirdi. Shunda Umar quyoshda turgan edi. Oʻsha kuni havo juda issiq edi. Uning egnida esa ikkita qora burda bor edi. U birini kiyib, ikkinchisini boshiga yopib olgandi. U sadaqa qilingan tuyalarni koʻzdan kechirib, ularni ranglariga va yoshlariga qarab yozdirtirdi. Shunda Ali Usmonga: “Alloh azza va jallaning Kitobida Shuayb qizining: “Ey ota, uni (ishga) yollagin! Zero, sen yollaydigan (bu) yaxshi kishi kuchli va ishonchli kishidir”[1] degan gapini eshitganmisan?” dedi va Umar roziyallohu anhuning qoʻllariga ishora qildi. Shunda Usmon: “Bu kuchli va ishonchli kishidir”, dedi”.

Izoh: Ushbu rivoyatdan maʼlum boʻladiki, hadis yozib oluvchi kishi Usmon roziyallohu anhu kabi oʻziga qulay boʻlgan joyni egallab, diqqat bilan yozib borishi lozim.

Muhammad ibn Ahmad Riyohiy aytadi: “Otamning bunday deganini eshitdim: “Molik ibn Anasning huzurida hadis yozayotgan edim. Oʻshanda Ismoil ibn Aliyya ikki oyoqda tik turib, hadis yozgan edi”.

  1. Majlisdagi ovozni jamlab (yuqorilatib), (hozir boʻlganlarni) boshqarib turish.

Dovud ibn Rushayd aytadi: “Ibn Aliyyaning huzurida edik. Mustamliy unga: “Ey Abu Bishr! Odam koʻp, ovozingizni ular eshatadigan darajada baland qiling”, dedi. Shunda u: “Sen kimsan?” dedi. “Mustamliyman”, dedi. Shunda: “Ularga boshchilik qilish sening zimmangda. Men muhaddisman, sen esa mustamliysan”, dedi”.

Abu Uqayl Davraqiy: “Mustamliy majlisda bamisoli askarlar orasidagi nogʻarachidir”, dedi.

  1. Hushyor va ziyrak boʻlish.
  2. Hozir boʻlganlarga fasohat bilan gapirish.

Fazola ibn Ubayddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xushovoz kishining Qurʼonni ovoz chiqarib oʻqishini qoʻshiqchi ayolning xoʻjayini oʻz qoʻshiqchisiga quloq solganidan koʻra qattiqroq tinglaydi”, dedilar”.

Ubaydulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Biz Ibn Shihobdan qiroatdan boshqa narsani oʻrganmadik. Molik ibn Anas bizga Qurʼon qiroat qilib berardi, uning qiroati juda yaxshi edi”.

Ubaydulloh ibn Ahmad ibn Hanbal soʻzlab berdi: “Otam (Ahmad ibn Hanbal)ning: “Shofeiy rahimahulloh insonlar orasida eng fasohat bilan gapiruvchi edi”, deganini eshitdim. “Uning yoshi nechchida edi?”, dedim. Otam: “Unchalik katta emasdi”, dedi. Keyin: “Shofeiy aytdi: “Men Molikka qiroat qilib berdim. U qiroatimdan hayratga tushdi”, dedi. Shundan soʻng: “Chunki u fasohat bilan gapiruvchi edi”, dedi”.

  1. Doim hadis bilan mashgʻul boʻlish va shunga odatlanish.
  2. Odam koʻpayib ketsa, bir-biriga yetkazib turish uchun mustamliylarni ham koʻpaytirish.

Abul Husayn Ahmad ibn Jaʼfar ibn Muhammad ibn Ubaydulloh Munodiy aytadi: “Osim ibn Ali ibn Osim Abul Husayn Vositiy “Rasofat” masjidida hadis aytdi. Uning majlisida taxminan yuz mingdan ziyod odam toʻplandi. Shunda uni faqat Horun Diyk va Horun Makhala istimlo qilib turdi”.

Abu Bakr Ahmad ibn Jaʼfar ibn Salm: “Abu Muslim Kajjiy oldimizga kelganida, Gʻasson maydonida hadis imlo qildi. Uning majlisida yettita mustamliy bor edi. Ularning har biri hadisni oʻzidan keyin turgan boshqa mustamliyga yetkazib turdi. Odamlar tik turgan holida, qoʻllarida siyohdonlar bilan undan hadis yozib oldi. Hatto maydon boʻyalib ketdi. Soʻng siyohdoni bilan qatnashganlar hisoblandi. Bas, shunchaki kuzatib turganlardan tashqari siyohdon bilan qatnashganlar soni qirq mingdan oshib ketgan ekan”.

  1. Mustamliy avval oʻzi, soʻng hozir boʻlganlar uchun duo qilishi lozim.

Buning dalili quyidagi hadisda yaqqol namoyon boʻladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla bizga va Odning birodariga (yaʼni Hud alayhissalomga) rahm qilsin”, dedilar”.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Qasos surasi, 26-oyat.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …