Home / MAQOLALAR / KALOM ILMI TARIXI VA TAʼLIMOTI, OʻRTA OSIYODA KALOM ILMINING RIVOJLANISHI

KALOM ILMI TARIXI VA TAʼLIMOTI, OʻRTA OSIYODA KALOM ILMINING RIVOJLANISHI

Islom  taʼlimoti  boʻyicha  barcha  paygʻambarlar  yagona  Allohga  imon keltirishga chaqirganlar va bu ularning eng asosiy vazifasi hisoblangan. Shu bilan birga ularning shariati turlicha boʻlgan.

Musulmonlar  islom  taʼlimotini  Muhammad  paygʻambar  (a.s.)dan  oʻrganganlar.  Vaqt oʻtishi  bilan  islom  taʼlimotini  faqat  shu  dinni  yaxshi  bilgan  olimlar  tushuntira  boshladilar.  Bu taʼlimotni  tushuntiruvchi  fan  paydo  boʻldi.  Mazkur  fan  turli  davrlarda  oʻziga  xos  “al-fiqh  al-akbar”,  “tavhid”,  “aqida”,  “kalom”,  “usul  ad-din”  kabi  nomlar  bilan  ataldi.  Uning  nomlari turlicha boʻlsada, bir mavzuni, yaʼni aqidani oʻrganishga qaratilgan. 

“Al-Fiqh  al-akbar”  atamasini  birinchi  boʻlib  imom  Abu  Hanifa  ishlatgan  va  shu  nom bilan  risola  yozgan.  Chunonchi  fiqh  soʻzi  biror  narsani  oʻta  yaxshi,  har  tomonlama  tushunib, fahmlash maʼnosini bildiradi. Shuningdek, namoz, roʻza, haj, nikoh va boshqa amaliy hukmlarni oʻrganuvchi ilmga ham fiqh deyiladi. Aqidaviy masalalarni oʻrganuvchi ilmni esa, “Al-Fiqh al-Akbar”, yaʼni “katta fiqh”, amaliy fiqh esa, kichik fiqh hisoblanadi.

Keyingi atama “usul ad-din” boʻlib, unda shariat va dindan olingan eʼtiqodiy hukmlarni oʻrganadi,  yaʼni  dindagi  asl  hukmlarni  tadqiq  etadi.  Bir  qator  olimlar  shu  nom  bilan  kitoblar taʼlif etganlar.

“Tavhid”  ham  Allohning  yagonaligini,  uning  sifatlarini  oʻrganishga  eʼtibor  qaratgan.

Bunda Allohni yagona deb bilib, uning sifatlarini qilishga koʻproq eʼtibor qaratgan. Zero, inson uchun zarur aqidalarning eng avvali Allohning vahdoniyatiga,  yaʼni  yakkaligiga imon keltirish va uni oʻrganish hisoblanadi.

Yana  bir  atama  “kalom  ilmi”  deb  yuritiladi.  Islom  manbalarda  aqida  ilmining  yeng mashhur  nomlaridan  biri  ekani  aytilgan.  Ushbu  atama  aqidaga  oid  ishlarning  mashhuri hisoblanadi.

“Aqida”  (koʻp.  Aqoid)  bu  nom  boshqalaridan  keyinroq,  X  (hijriy  IV)  asrda  paydo boʻlgan. “Aqida” bir narsani ikkinchisiga “mahkam bogʻlash”  maʼnosini bildiradi. Islom aqidasi musulmon  insonni  muayyan  tushunchalar  bilan  mustahkam  bogʻlab  turadigan  eʼtiqodlar yigʻindisi.  Yaʼni,  biror  narsaga  eʼtiqod  qilish  uchun  uni  hech  qanday  shubha  qoldirmaydigan darajada  juda  yaxshi  bilishdir.  Maʼlum  bir  fikr  insonning  fikriga  aylanib,  his-tuygʻularini

yoʻllaydigan  va  harakatlarini  boshqaradigan  holga  yetganda,  aqidaga  aylangan  boʻladi.  Aqida ilmga asoslangani uchun aqida ilmi toʻgʻri, sogʻlom eʼtiqodda boʻlishni taʼminlaydi.

Dindagi  ayrim  sharʼiy  hukmlar  oʻzgarishi  mumkin.  Ammo  sof  eʼtiqod  oʻzgarmaydi, hukmi ham  oʻchmaydi.  Chunonchi  Allohning  yagonaligi,  farishtalar, jannat  va doʻzaxga imon keltirish kabi eʼtiqodga oid qarashlar oʻzgarmaydi.

“Kalom”  soʻzi  arabcha  boʻlib,  lugʻatda  gap,  suhbat,  til,  soʻzlashuv,  nutq,  bayon maʼnolarini  anglatadi.  Istilohiy  maʼnoda  esa,  musulmonning  eʼtiqodi,  aqidasi,  dunyoqarashini koʻrsatib  beruvchi  taʼlimotga  aytiladi.  Boshqacha  aytganda  balogʻatga  yetgan  musulmon kishining  eʼtiqod  qilishi,  imon  keltirishi,  islom  dinining  zaruratlari  shaklida  tasdiq  qilishi, qalbiga mahkam bogʻlab olib undan ajralishi mumkin boʻlmagan sharʼiy eʼtiqodiy hukmlardir.

Tarix jarayonida olimlar ushub nomlarga oid kitoblar yozib qoldirganlar. Masalan, imom Abu Hanifa “al-Fiqh al-akbar”, Abul Hasan Ashʼariy “al-Ibona an usul ad-diyona”, Abul Muin Nasafiy  “Tabsirat  al-adilla  fi  usul  ad-din”,  Moturidiy  “Kitob  at-Tavhid”,  Abu  Hafs  Nasafiy “Aqoid” nomli va boshqa olimlarning asarlarini keltirish mumkin.

Islom taʼlimotiga koʻra insonning ikki dunyodagi saodati aynan aqidasiga bogʻliq. Agar musulmonning aqidasi pok boʻlsa, yoʻli toʻgʻri boʻladi, qilgan barcha amallari qabul boʻladi va bandalik  bilan  sodir  etgan  baʼzi  gunohlari  afv  etiladi.  Biroq  kishi  aqidasi  sof  boʻlmasa,  buzuq boʻlsa,  yoʻli  notoʻgʻri  boʻladi,  qilgan  amallari  behuda  ketadi  va  oxiratda  jahannam  ahlidan boʻladi deb hisoblanadi. 

Aqida  masalasi  oʻta  muhim  boʻlganidan  eng  birinchi  paygʻambardan  boshlab,  oxirgi Muhammad  paygʻambar  (a.s.)gacha  bu  masalani  Allohning  oʻzi  koʻrsatib  bergan.  Shuning uchun  aqidaviy  qarashlarning  asosi  Qurʼonda  berilgan  va  hadislardagi  koʻrsatmalar  negizida ishlab chiqilib, tartibga solingan. 

Sahobalar tiriklik paytidayoq aqidaviy qarama-qarshilik paydo boʻlgan. Islomda aqidaviy ixtiloflar  toʻrtinchi  xalifa  sahoba  Alining  qoʻshinidagi  askarlari  ichidan  ajrab  chiqqan,  aqiyda masalasida  bir  necha  shubhali  savollar  chiqargan  xorijiylar  toifasi  bilan  Ali  va  u  kishining Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuga oʻxshash yaqin safdoshlari orasida boʻlib oʻtdi. 

Sahobalar davri tugab tobeinlar vaqtida vaziyat yanada oʻzgardi. Chunki bu davrga kelib din  ilmlarini,  ayniqsa,  aqidani  biluvchi  kishilar  kamaydi  va  ular  alohida  shaxs  sifatida  ajralib chiqdilar.  Bu  davrda  sof  aqidaviy  qarashlarga  qarshi  turli  gʻoyalarni  ilgari  surgan  firqa  va toifalarning tarqalishi kengayib ketgan edi. Ular oʻzlarining buzuq, islomga oid boʻlmagan fikr va qarashlarini, eʼtiqodlarini tarqatib, islomning aqidasini buzishga harakat qilganlar. Shuningdek, fath  yetilgan  yerlardagi  xalqlarning  eski  qarashlari,  falsafalari,  dinlari  haqidagi  oʻz  tushuncha  va tafakkurlari  mavjud  boʻlgan.  Shuning  sababidan  ular  islom  taʼlimotini  tushunib  olishlari  qiyin kechgan.  Qurʼon  oyatlari  va  hadislarni  oʻzlarining  eski  qarashlari  asosida  tushunishlari  ham boʻlgan.

Bunga  bir  necha  sabablar  bor:  fath  ishlari  sababli  islom  yerlari  kengaydi.  Islom dushmanlari  esa,  islom  nomidan  turli  gʻoyalarni  tarqatishga  uringanlar;  fath  etilgan  yerlardagi joylik  aholi  oʻzining  eski  dinlari  aqidasiga  mos  tarzda  oyat  va  hadislarni  tushunishi  natijasida turli  gʻoyalar  yuzaga  keldi  va  boshqa  sabablar  orqali  musulmonlar  orasida  notoʻgʻri,  islomga mos boʻlmagan qarashlar paydo boʻldi.

Islom taʼlimotini buzib talqin qilish natijasida ularga raddiya sifatida olimlar kalom, yaʼni aqida  ilmiga  asos  qoʻydilar.  Bu  musulmonlar  uchun  zarur  sohaga  aylandi.  Har  bir  musulmon kishi  buni  bilishi  shart  boʻlgan  majburiy  ilmga  aylandi.  Chunonchi  Saʼduddin  Taftazoniy “Maqosid  at-tolibin”  asarida:  “Kalom  ilmi  diniy  aqoid  usullarini  ishonchli  dalillar  asosida anglashni  oʻrgatadigan  ilmdir.  U  bilan  sharʼiy,  nazariy,  aqidaviy  masalalar  hal  qilinadi.  Uning natijasi  imonga  komil  ishonch  bilan  ziynat  berish,  foydasi  esa  bu  dunyoda  intizomli  hayot kechirish  va  oxiratda  azob-uqubatdan  xalos  boʻlishdir.  Shunday  ekan  kalom  ilmi  eng  sharafli ilmdir”.

Abu Homid Gʻazzoliy oʻzining “Ihyo ulum ad-din” nomli asarida: “…Chuqur bilimga ega boʻlmagan  oddiy  musulmonlarning  diniy  eʼtiqodlarini  turli  bidʼat  va  notoʻgʻri  gʻoyalardan qoʻriqlash uchun kalom ilmini oʻrganish vojibdir”, degan.

Yuqoridagilardan  kelib  chiqib  aytish  mumkinki,  aqoid  yoki  kalom  ilmining  vazifasi: 

a) diniy eʼtiqodlarni qatʼiy dalillar bilan isbotlash va ular haqidagi shubha hamda gumonlarni rad qilish; 

b)  insonni  aqidada  oddiy  taqlidchi  boʻlishdan  har  bir  eʼtiqodga  hujjat  keltira  olish darajasiga  koʻtarish;

v)  islomning  sof  eʼtiqodlarini  adashgan  zalolat  ahlining  shubha  va gumonlaridan himoya qilish.

Kalom ilmi rivojlanish tarixi. Kalom ilmi sahobalar davrida mavjud boʻlmagan deyishga ham asosimiz bor, chunki sahobalar Paygʻambar (s.a.v.)ning mutashobih oyatlar, ixtilofli masalalarga toʻla kirishib ketishdan taqiqlariga toʻla amal qilganlar va bu davrda mutashobih oyatlar va aqidaviy masalalarda bahsu munozara qiladigan inson namoyon boʻlmagan.

Buning sababi, Ibn Abbos r.a. zikr qilganidek, qalbga shak-shubha tushishidan saqlanish edi. Sahobalar yashagan asrda birinchi bor mutashobih oyatlar haqida soʻragan odam Abdulloh ibn Subaygʻ ismli kishi boʻlib, u Madinaga kelib odamlar orasida mutashobih oyatlar haqidagi savollarni tarqata boshlagan.

Bu haqda Umar r.a. eshitganlarida uni huzuriga chaqirib, qattiq ogohlantirgan. Ibn Subaygʻ bu haqda savol soʻramaslikka vaʼda bergan, biroq keyinchalik vaʼdasiga xilof ish tutgan.

Umar r.a. voliy Abu Muso al-Ashʼariyga maktub yozib musulmonlarni Ibn Subaygʻ bilan hamsuhbat boʻlishdan taqiqlashini talab qildi.

Qurʼon va hadisda aniq yechimi boʻlmagan, eʼtiqodga taalluqli boʻlgan ishtibohli masalalar haqidadir. Mazkur ulamolarning kalom haqidagi fikrlari ham shu xususdan deb hisoblashimiz mumkin. Ammo “Kalom ilmi”dan islom aqidasini, tavhid ilmini nazarda tutilsa, Paygʻambar (s.a.v.) hadislarida bunga targʻibni ham koʻrishimiz mumkin.

Bu borada kalom ilmini yoqlovchi tarafdagi ulamolar fikriga eʼtibor qaratamiz. Ular shunday deydilar: Agar kalom soʻzining lafziga eʼtibor bersak, koʻramizki bu soʻz Paygʻambar (s.a.v.) sahobalari davrida ilmiy atama sifatida, biror ilmning nomi sifatida isteʼmolda boʻlmaganki, tafsir, hadis, aqida, fiqh kabi.

Agar kalom ilmining maʼnosida xatarli narsa bor desak, u holda bizning isteʼmolimizdagi kalom ilmi maʼno jihatdan olamning paydo boʻlganligi, uning paydo qiluvchisi borligi, bu yaratuvchining yagonaligi, uning sifatlarini oʻrganishga xizmat qiladi.

Endi savol tugʻiladi: Allohni tanishlik qanaqasiga harom boʻladi? Agar kalom ilmidan koʻzlangan maqsad firqalanish, taassub, dushmanlik va boshqa salbiy illatlar boʻlsa, u holda bu harom boʻladi.

Tavhid. Tavhid (arab – yakkaxudolik)- umumiy maʼnoda – yakkaxudolik haqidagi taʼlimot (qarang Vahdoniyat). Sharʼiy istilohda esa, Tavhid – islomda Allohga shirk keltirishning turli koʻrinishlaridan voz kechish va Allohning birligiga eʼtiqod qilish.

Tavhid islomda (sunniylikda ham, shialikda ham) rasman eʼtirof etilgan aqidalarning birinchisi, mohiyatan, asosiy va markaziy aqida. Mazmunan shunday tasavvurni ifoda etgani uchun Qurʼonning 112 “Ixlos” surasi ham baʼzan Tavhid surasi deb yuritiladi

Tavhid bu Allohni ibodatda yagona qilish yaʼni ibodatni faqatgina yagona Allohga qilish qaysiki, Alloh bu dunyoni oʻsha (ibodat) uchun yaratdi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda aytganidek: “Men (Alloh) jin va insni faqat (Yagona) Oʻzimga ibodat qilishlari uchun yaratdim” Va-z-zoriyot surasi 51-56) (bu yerda ibodatning maʼnosi shuki, barcha ibodat turlarida tavhid (yagona Allohga qilish) va faqatgina Allohga duo qilish)

Qurʼoni Karimda quyidagi Tavhid turlari tasvirlanadi: Alloh aytadi: “(ey Muhammad), qasamki, agar siz ulardan (mushriklardan): “Osmonlar va yerni kim yaratgan?” deb soʻrasangiz, albatta: “ularni Eng Qudratli va Eng dono (Barcha narsalarni biluvchi Alloh) yaratgan”, derlar” (Zuxruf surasi 43-9).

Tavhid Ar-Rububiyah – bu yagona Allohning Rabb va Yaratuvchi ekanligiga iymon keltirish. Haqiqatan ham, kofirlar (mushrik, Allohdan oʻzgaga ibodat qiluvchilar) bunga iymon keltirishgan, ammo bu ularning Islomga kirishiga kafil (sabab, yetarli) boʻlmadi:

Tavhid Al-Uluhiyah – bu Allohni barcha sharʼiy ibodat turlarida, yaʼni masalan, duo qilish, yordam soʻrash, namoz oʻqish, qurbonlik soʻyish, tavof qilish (Kaʼbani), qasam ichish va hokazolarda tavhid qilish (Yagona Allohga qilish).

Bu tavhid turi kofirlar (mushriklar) tomonidan rad etilgan hamda millatlar va ularga tegishli (yuborilgan) paygʻambarlar oʻrtasidagi qarama-qarshilik, kelishmovchilikning Nuh davridan Muhammad (sallallohu alayhi va sallam) davrigacha asosiy sababi (manbasi) boʻlib kelgan.

Xayrullo MARDONOV,
“Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻqituvchisi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …