Home / ALLOMALAR / OʻZBЕKISTONDAN YETISHIB CHIQQAN HANAFIY MUHADDISLAR

OʻZBЕKISTONDAN YETISHIB CHIQQAN HANAFIY MUHADDISLAR

Islom dini manbasining birinchisi Qurʼoni karim boʻlsa, ikkinchisi hadisi sharifdir. Dinimizda har ikkala ilmni oʻrganishga birday targʻib etilgan. Chunki, hadislar oʻzi mustaqil manba sifatida eʼtirof etilgan boʻlsada, Qurʼon oyatlarining tafsiri (sharhi) hisoblanadi. Shuning uchun, dunyoning yetuk olimlari har asrda bu ilmni oʻrganib, uning rivoji uchun oʻz hissalarini qoʻshishga harakat qilib kelganlar.

Oʻzbekistondan yetishib chiqqan muhaddislar ham hadis ilmini yuksalib, keng ommaga yoyilishi uchun bu borada ilmiy ishlar olib borganlar, oʻzlaridan bebaho asarlar yozib qoldirganlar. Masalaning muhim tomoni shundaki, gap hadis ilmining rivoji haqida borganda, bevosita Movarounnahr ulamolari undan alohida oʻrin oladi. Ularning butun jahon maʼrifati yuksalishida olib borgan mislsiz saʼy-harakatlari tahsinga loyiq, albatta.

Shu nuqtai nazaridan, Hindistonda yashab oʻtgan muhaddis, faqih Zafar Ahmad Tahoniviy Usmoniy (1310/1892-1394/1974) “Eʼlo as-sunan” nomli asarida hanafiy muhaddislarini keltirish asnosida Movarounnahrdan yetishib chiqqan qator olimlarning qisqacha tarjimai holiga toʻxtaladi. Asarda mazkur muhaddislarni zikr qilinishi asosan, ayrim kishilarning “Abu Hanifa hadisni kam biladi”, “hanafiylar hadislardan iborat dalillardan koʻra koʻproq qiyosni afzal biladilar”, degan daʼvolariga muallif tomonidan raddiya koʻrinishini olgan.

Asarda ismi zikr qilingan hanafiy muhaddislaridan biri Abu Ali Hasan ibn Abu Hasan Andaqiy Samarqandiy (vaf. 552/1157 y.) hisoblanadi. Tarixchi Samʼoniy “al-Ansob”ida uni oʻz zamonining shayxi, Movarounnahr oʻlkasining yetuk olimlaridan biri, tariqat egasi boʻlgan, deb taʼrif qildi. Hadis boʻyicha ustozlaridan Ahmad ibn Hishom Ashtayxoniy, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, shogirdlaridan Nasr ibn Fath, Ibrohim ibn Hamduya kabilarni keltirdi [1].

Mazkur olimlardan yana biri yetuk muhaddis, faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abdujalil Burhoniddin Fargʻoniy Margʻinoniy (vaf. 593/1196 y.) boʻlib, u bir qancha asarlarni yozib qoldirgan. Jumladan, “al-Hidoya”, “al- Bidoya”, “Kifoya al-muntahiy”, “at-Tajnis”, “al-Mazid”, “Manosik al-haj”, “Muxtor majmuʼ an-navozil”, “al-Faroiz” singari asarlarni keltirish mumkin [2].

Margʻinoniy Imom Najmuddin Umar ibn Muhammad Nasafiy kabi faqihlardan tahsil olgan. U zamonidagi deyarli barchadan ozib ketgan. Xususan, oʻzining “al-Hidoya” va “Kifoya al-muntahiy” asarlarini yozganida, hatto oʻzi oʻqib oʻrgangan ustozlari ham uning hadis va fiqh ilmidagi mahoratiga tan berdilar (tasanno aytdilar) [3].

Hatto, ayrim shiʼa olimlari buni eʼtirof etib shunday degan: “Allohning kitobidan keyin eng fasohatli (soʻzi shirin) kitob Imom Buxoriyning “as-Sahih” asari, undan keyin Burhoniddin Margʻinoniyning “al-Hidoya” asaridir”. Tahonaviy “Eʼlo as-sunan”ida mazkur tartibga eʼtiroz bildirib shunday deydi: “Mazkur soʻzni aytgan kishi Imom Muhammadning “al-Muvattoʼ” hamda “Jomiʼ as-sagʻir” asarini oʻqimagan koʻrinadi. Aks holda, mana bunday degan boʻlar edi: Allohning kitobidan keyin eng fasohatli (soʻzi shirin) kitob Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “al-Muvattoʼ” asari, undan keyin Imom Buxoriyning “as-Sahih” asari, undan keyin yana Imom Muhammad Shayboniyning “Jomiʼ as-sagʻir” asari, undan keyin Margʻinoniyning “al-Hidoya” asaridir” [4].

Burhoniddin Margʻinoniy qoʻl ostidan Shayxul islom Jaloliddin ibn Muhammad, Nizomiddin Umar, Imoduddin Abu Bakr ibn Ali Margʻinoniy, Shamsul aimma Kardariy kabi juda koʻp sonli shogirdlar yetishib chiqqan. Shuningdek, uning shogirdi sifatida tanilgan Shamsul aimma Muhammad ibn Abdusattor Kardariy ustozining “al-Hidoya” asarini koʻplab insonlarga rivoyat qilgan [5]. Tahonaviy mazkur olimlar roʻyxatining soʻngisida Burhoniddin Margʻinoniyni zikr qilib, asarining hanafiy muhaddislariga bagʻishlangan qismini nihoyasiga yetkazadi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Movarounnahrdan yetishib chiqqan hanafiy olimlari koʻplab sohalarda shu jumladan, tafsir, qiroat, fiqh, hadis singari sohalarda faoliyat olib borganlar. Zafar Ahmad Tahonaviy “Eʼlo as-sunan” asarida asosiy eʼtiborini hadis bilan shugʻullangan hanafiy olimlarini keltirishga qaratgan boʻlib, ular orasidan oʻzbekistonlik muhaddislar ham alohida oʻrin olgan.

Demak, Oʻzbekiston ulamolari koʻpgina ilmlar qatori hadis sohasida ham ijodiy izlanishlar olib borib, uning mustaqil fan sifatida rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshganlar. Ularning barcha zamon va makonda dunyoning koʻzga koʻringan olimlarining diqqat markazida boʻlib kelishlari ular bu ilmni boshqalarga qaraganda yaxshiroq oʻzlashtirgani namoyon boʻladi.

Bundan tashqari, mazkur muhaddislar haj qilish maqsadida xorijga uyushtirgan safarlaridan ham unumli foydalanib qolganlar. Ular hadis markazlari boʻlgan Madina, Makka, Kufa, Basra, Shom, Misr, Bogʻdod kabi dunyoning ilm-fan gurkirab yashnagan shaharlarida boʻlib, u yerdagi olimlar bilan yaqindan ilmiy muzokaralar olib borganlar. Koʻzga koʻringan muhaddislardan rivoyat qilishgan va oʻz navbatida, ularga ham hadis yetkazganlar. Darhaqiqat, Tahonaviy asarida “olti sahih” mualliflaridan koʻpchiligi ularning ayrimlaridan hadis rivoyat qilishgani haqida zikr qildi. Mana shu ham Movarounnahrdan yetishib chiqqan muhaddislar bu borada yuqori darajada boʻlganidan dalolatdir.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Samʼoniy, Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad. al-Ansob. Abdulloh Umar Borudiy tahqiqi ostida. –Bayrut: Dor al-jinon, –J. 3. –B. 208.
  2. Qosim ibn Qutlubgʻo. Toj at-tarojum. Muhammad Xoyr Yusuf tahqiqi ostida. –Bayrut: Dor al-qalam, –B. 207.
  3. Qurashiy, Abu Muhammad Muhyiddin. Javohir al-muziyya fi tabaqoti al-hanafiyya. Abdulfattoh Muhammad tahqiqi ostida. –Bayrut: Dor hajr, –J. 2. –B. 628.
  4. Usmoniy, Zafar Ahmad. Eʼlo as-sunan. Muhammad Azaziy tahqiqi ostida. –Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, –J. 21. –B. 204.
  5. Usmoniy, Zafar Ahmad. Eʼlo as-sunan. Muhammad Azaziy tahqiqi ostida. –Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, –J. 21. –B. 203.
Qobil YUSUPOV,
OʻzXIA huzuridagi Malaka oshirish markazi
Namangan mintaqaviy filiali
“Ijtimoiy va mutaxassislik fanlari”
kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …