Home / ALLOMALAR / LAKNAVIYNING SHOGIRDLARI

LAKNAVIYNING SHOGIRDLARI

Abdulhay Laknaviy sanab ado qilib boʻlmaydigan darajadagi shogird va tinglovchilari bilan ajralib turadigan allomadir. U hofizasi kuchli, ziyrak va teran aql egasi boʻlgani sababli ilm berishdagi mukammal darajaga oʻsmir yoshidayoq, yaʼni, oʻn yetti yoshida erishdi. Abdulhay Laknaviy bu marhalaga erishgan zahoti Farangimahalning ilmiy ahamiyatini eʼtiborga olgan holda, dars berish va kitob yozishni boshlab yubordi. Oʻquvchilar uzoq joylardan allomani qasd qilib kelar, hatto katta ulamolar ham baʼzi oʻrinlarda unga murojaat qilardi. Shu sababli Abdulhay Laknaviy shariatdagi koʻpgina tamoyillarni jamlash va paydar-pay dars berishga kirishib ketdi. Bu ishlar natijasida qimmatbaho kitoblar yozildi va ilmni yoyishga bel bogʻlagan ulamolar jamoasi yuzaga keldi.

Imom Laknaviy dars oʻtishdan lazzat oladigan inson edi. Bu ishga shu darajada berilganidan darsliklarni yodlab olgandi. Shogirdi Muhammad Hafizulloh ibn Ali Bundaviy (vaf. 1362/1943) aytadi: “Ustozim darslik kitoblarni yoddan bilardi. Qaysi fandan dars boʻlmasin, kitobga qaramas edi. Faqat hadis darslarida kitoblarga qarardi. Chunki ustozning nazdida har bir hadisning oʻz oʻrni boʻlib, bunda oʻta aniqlikka ahamiyat berish kerak edi. Dars asnosida kitobga qarab hadis tinglar va qarama-qarshi kelgan ikkita hadis boʻyicha ajoyib tarzda xulosa berardi[1]”.

Abdulhay Laknaviyning eng mashhur shogirdlari qatoriga Idris ibn Abdu Aliy Hanafiy (1275/1858-1330/1912), Ifhamulloh ibn Inomulloh (vaf. 1316/1898), Anvarulloh ibn Shujouddin (1264/1848-1336/1918), Amin ibn Toha (1275/1858-1349/1930), Badiuzzamon ibn Masihuzzamon (1250/1834-1304/1887), Abdulboqiy ibn Ali Muhammad (1286/1869-1364/1945), Abdulgʻafur Ramzonfuriy (vaf. 1348/1929), Usmon ibn Ashraf Alini (tugʻ. 1233/1818) kiritish mumkin[2].

Abdulhay Laknaviyning bu ulamolardan boshqa yana koʻplab shogirdlari boʻlib, ularning aksariyati turli ilmlar boʻyicha qimmatli asarlar yozib qoldirgan. Alloma shogirdlariga mantiq ilmidan Sayyid Jurjoniyning “Sharhu tazkiroti Tusiy”, Tusiyning “Usturlob” risolasidan, kalom ilmidan “Sharhu mavoqifi maʼa havoshihi zohidiyyati” asaridan, odobdan “Al-matul” va “Maqomatul Haririy” kitoblaridan, fiqhdan “Al-hidoya” asaridan, usulul fiqhdan “At-Tavzih vat talvih” va Bahoriyning “Musallimus subut” asaridan, tafsirdan “Tafsiri Jalolayn” va “Tafsiri Bayzoviy”dan, hadis ilmidan “Sahihul Buxoriy” va “Sahihi Muslim”, “Sunani Abu Dovud, Nasoiy, Termiziy, Ibn Moja, Dorimiy”, Imom Molikning “Muvattosi”, Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarlaridan ijoza bergan[3].

Ulamolarning taʼkidlashicha, ustoz shogirdni doʻst oʻrnida koʻrishi, bilimsizligiga sabr qilishi, ularga yumshoq tabiatli boʻlishi va chiroyli muomala qilishi muallimdan talab qilinadigan asosiy sifatlardir.

Abdulhay Laknaviy ana shunday maqtalgan sifatlar bilan nasibalangan edi.

[1] Muhammad Hafiz Bundaviy. Kanzul barokat. – B. 32.
[2] Valiyuddin Nadaviy. Allamatul hindiy va imomul muhaddisiyn val fuqaho. – B. 126.
[3] Abdulhay Hasaniy. As-siqofatul islamiyyatu fil Hind. – B. 14.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …