Home / YANGILIKLAR / MUQADDAS KITOBGA MUFASSAL SHARH

MUQADDAS KITOBGA MUFASSAL SHARH

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, “Hilol nashr” matbaa nashriyoti hamkorligida Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy”asarining oʻzbek tilidagi sharhi kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbirda yangilanayotgan Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar silsilasida Imom Buxoriy hayoti va merosini oʻrganish, ularni tadqiq hamda targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Ulugʻ allomalarimiz, jumladan, Imom Buxoriyning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifatli islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi hamda Toshkentda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yilda buyuk muhaddisning tabarruk ziyoratgohini yanada obod, shukuhli va mahobatli qilish boʻyicha keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.

Imom Buxoriyning hadis ilmi borasidagi boy ilmiy-maʼnaviy tajribasi yurtimizda islom sivilizatsiyasiga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan. Olimning “Sahihi Buxoriy” nomi bilan shuhrat qozongan, ulugʻ asar — “al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) kitobi musulmonlarning koʻpchiligi, ulamolar tomonidan Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob sifatida eʼtirof qilingan.

— Yurtimizda “Sahihi Buxoriy” oʻzbek tiliga bir necha bor tarjima etilgan, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. — Ularda hadislarning sharh va izohlari qariyb yoʻq darajada, faqat ayrim oʻrinlarida juda kam va qisqa shakldagi izohlar mavjud. Yangi nashrda “Sahihi Buxoriy”ni toʻliq va mufassal izohlashga eʼtibor berildi. Asar matnlarining quruq tarjimalarini tushuna olmagan omma orasida, xususan, yosh avlod oʻrtasida har xil bahs-munozaralar, tortishuvlar yuzaga kelayotgani sir emas. Dunyo olimlari bilan hamnafas boʻlish, ular kabi “Sahihi Buxoriy”ni yozilgani kabi oʻrganishda ham bugungi oʻzbek xalqining hissasi borligini koʻrsatish, mazkur manbaning asl haqiqatlari, sirlari va yashirin durlarini butun jahonga namoyon etish hamda musulmon ummati va yoshlarni sof islomiy aqida, pokiza mazhab, toza odob-axloqli boʻlishlariga targʻibot qilish maqsadida ushbu koʻp jildlik sharh vujudga keldi. Mazkur sharh muhaddislar sultonining hayoti va ijodini, uning eng sahih hadislar toʻplamini har tomonlama, puxta oʻqib-oʻrganishga, u haqda mufassal tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Zotan, uni yaratishda yuzlab qoʻlyozma, toshbosma va zamonaviy manbalardan foydalanildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov soʻzga chiqdi.

Dilshod KARIMOV,
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 30 noyabr, 257(8319) son

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …