Home / YANGILIKLAR / Qarshida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

Qarshida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi

Qarshi davlat universiteti huzurida Imom Nasafiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Hujjat loyihasiga koʻra, quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi, xususan, ularning asarlarida kelgan milliy hamda diniy qadriyatlarni xalqchil, ilmiy-ommabop va sodda tilda jamoatchilikka yetkazish;
  • Nasaf va Kesh allomalarining ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy merosini tadqiq etish orqali ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini koʻrsatish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli matnlari va tarjimalarini nashr etish, ushbu mavzularga doir tadqiqotlarni tizimli tashkil qilish;
  • tafsir, hadis, fiqh, kalom, tasavvuf kabi islom ilmlari, shuningdek, moturidiylik taʼlimoti va hanafiylik mazhabi ravnaqida oʻziga xos ahamiyat kasb etgan Nasaf ilmiy maktablari faoliyatini oʻrganish hamda ularning jamiyat barqarorligini taʼminlashdagi oʻrnini ochib berish;
  • Oʻzbekiston va jahon qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan nasaflik olimlarning qoʻlyozma hamda toshbosma asarlarini aniqlash, katalogini tuzish, ularning asl va elektron nusxalarini jamlash;
  • Abu Muin Nasafiyning aqida va kalom ilmi rivojida tutgan oʻrni, uning yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalariga qarshi kurashda qoʻllagan uslublarini oʻrganish hamda shu asosda islom dinining maʼrifiy mohiyatini ochib berish;
  • Nasaf vohasi ilmiy-maʼnaviy muhiti, uning islom sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan oʻrni hamda bugungi kundagi amaliy ahamiyati yuzasidan anjuman, simpozium, konferensiya, koʻrgazma, hamda boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish.

Shuningdek, 2023-2024 yillarda nasaflik olimlar hayoti va ilmiy merosiga oid ensiklopediya tayyorlash va nashr etish hamda ular haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Manba: xabar.uz

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …