Home / FOTO LAVHALAR / Forum tadbirlari davom etmoqda

Forum tadbirlari davom etmoqda

Markaziy Osiyo – Islom sanʼati oʻchogʻi” nomli Xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimidan soʻng, “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi hamda Xalqaro islom xattotlik koʻrgazmasi ochildi. Ularda Turkiyadan keltirilgan, shuningdek, mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 30 nafarga yaqin hunarmand ustalar ishlari namoyish etilmoqda.

Tarixdan maʼlumki, arab yozuvi islom dinining maʼnaviy-maʼrifiy hamda madaniy taraqqiyoti uchun katta xizmat qilgan. Dastlab Qurʼoni karim teri, sopol, yogʻoch va qogʻozlarga koʻchirilib jamlandi. Oʻrta asrlarda, hali kitob chop etish ixtiro etilmagan mahalda har qanday asar qoʻlda koʻchirilib, kitob holiga keltirilgan. Shu bois, kitob koʻchirish oʻsha davrda eng eʼtiborli hunar va sanʼat hisoblangan. Bu hunar egalari xattot yoki kotib deb nom olib, koʻplab allomalarimiz ham oʻz asarlarini shu kasb egalariga koʻchirtirgan. Natijada qogʻoz ishlab chiqarish, xat turlari, teriga ishlov berish, yogʻoch va buyumlarga naqsh solish kabi bir qancha islomiy sanʼat turlari shakllandi. Arab yozuvi turli sanʼat namunalariga koʻcha boshladi.

Bugun qayta chiroy ochayotgan tarixiy obidalarimiz, masjid va madrasalarimizning peshtoqidagi xattotlik namunalari kishi eʼtiborini oʻziga tortadi. Ayniqsa, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarda katta qiziqish uygʻotadi. Xattotlik Sharq mamlakatlarida oʻziga xos alohida yoʻnalish kasb etgan va fan darajasiga koʻtarilgan bebaho sanʼat turidir. Oʻrta Osiyo xalqlari tomonidan islom dinining qabul qilinishi munosabati bilan bu oʻlkaga “Qurʼoni karim” nozil qilingan arab yozuvi kirib keldi. Bu sanʼat azaldan Sharqda husnixat, xattotlik, Gʻarbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan.

 

Davlatimiz tarixida Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shakllangan. Xattotlik sanʼatidan meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼati jumladan, abru, kulolchilik, kandahorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi va zardoʻzlikda ham keng foydalanilgan.

Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRSIKA) bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan forum doirasidagi festival, savdo yarmarkasi va koʻrgazma ham asrlar davomida ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelayotgan xattotlik, abru, kulolchilik, kandakorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi, qogʻoz ishlab chiqarish, miniatyura, zardoʻzlik, kashtachilik, pichoqchilik, gilamdoʻzlik sanʼatini yanada rivojlantirish, yurtimizning turli hududlarida mazkur sanʼat maktablarini tashkil etish va bu sohalarga qiziquvchilar orasida ushbu sanʼatni keng targʻib qilish maqsadlarini koʻzlaydi.

Tadbirlar ishtirokchilari mamlakatimizdagi mohir ustalar yaratgan islom amaliy sanʼatining benazir namunalaridan bahramand boʻlmoqda.

Forum tadbirlari davom etyapti.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …