Home / MAQOLALAR / “MAXZANUL-MUTEʼIN” QOʻLYOZMASI TARKIBIY TUZILMASI VA UNDA KALOM ILMINING YORITILISHI

“MAXZANUL-MUTEʼIN” QOʻLYOZMASI TARKIBIY TUZILMASI VA UNDA KALOM ILMINING YORITILISHI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda soʻzlagan nutqida “Buning uchun barchamiz Ollohga shukrona keltirib, siz, muhtaram ulamolar, imom-xatiblar, jamoatchilik vakillari bilan birga dinimiz tarixi, buyuk allomalar va aziz avliyolarimiz merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha boshlangan ishlarimizni davom ettirishimiz kerak. Keyingi vaqtda men joylarda boʻlib, hududlarimiz hayoti bilan yanada yaqindan tanishar ekanman, shunday bir fikrga ishonch hosil qilyapmanki, biz hali yurtimizni, uning oʻziga xos tarixi, madaniyati, ulugʻ olimu-ulamolarini, bebaho maʼnaviy merosimizni toʻliq oʻrganganimiz yoʻq”[1] degan edi. Darhaqiqat, bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan koʻplab muammolarimiz mavjud. Maʼnaviy-maʼrifiy merosimizning ajralmas qismi boʻlmish qadimiy qoʻlyozmalarni har tomonlama oʻrganish va targʻib etish boʻyicha Prezidentimiz aytganlaridek boshlangan ishlarni davom ettirish zarur. Zero, mazkur faoliyat millat ruhiyatini sogʻlomlashtirishga qoʻshadigan beqiyos hissasi dunyo xalqlari tajribasidan maʼlum.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi “Oʻzbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarorida esa “Musulmon renessansi, yaʼni ilmiy-maʼrifiy uygʻonish davriga asos solgan ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda ham maʼrifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosni oʻrganish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yoʻnalishlar va maktablar anʼanalarini davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi”[2] deb qayd etilgan. Taʼkidlash lozimki, yurtimizning qoʻlyozmalar fondlarida saqlanayotgan, hali, zamonaviy dunyo yuzini koʻrmagan bir qancha qoʻlyozma asarlar borki, Prezidentimiz Qarorlarida taʼkidlanganidek ular ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yoʻnalishlar va maktablar anʼanalarini davom ettirish bugungi biz avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.

Moturidiya taʼlimotining oʻz zamonasidagi bilimdoni va targʻibotchisi boʻlgan alloma Soʻfi Allohyordan qolgan ilmiy merosning barchasida avvalgi qism albatta kalom ilmi bilan boshlanadi. Hazrati Soʻfi Allohyor (1043/1634-1136/1724)[3] hozirgi Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanidagi bir vaqtlar “Minglar” deb atalgan qishloqda Ollohquli (Temiryor) xonadonida dunyoga kelgan. 1640-1646-yillar Shayxlar qishlogʻidagi masjid maktabida oʻqigan, 1646-1648-yillar Buxoro madrasasiga oʻqishga borgan. Soʻng 1648-1660-yillar 12-yil mobaynida Buxoroning Joʻybor shayxlari madrasasida tahsil olgan. Madrasani bitirish arafasida ilmiy salohiyati, zukkoligi uchun xonning tuhfasini olgan va maqtoviga sazovor boʻlgan. 25 yoshida Buxoro amirligida soliq-bojxona mahkamasining toʻralik lavozimiga tayinlangan. Bu lavozimda 4-5 yil ishlash jarayonida odamlarning nohaqligi va nopokligi, xalqqa qilinayotgan zulm va boshqa jirkanch holatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, ishonch hosil qilib, toʻralik lavozimidan voz kechgan[4]. Soʻfi Allohyor umrining oxirgi paytlarini Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Vaxshivor qishlogʻida oʻtkazadi. Qishloqning tashkil topishi uning shaxsiyati bilan bevosita bogʻliq. Allomaning tashabbusi bilan qurilgan masjid, ekkan tut daraxtlari va bir qancha xayrli ishlari hali-hanuz saqlanib kelmoqda. Shu yerda yashab, ilm va ijod bilan mashgʻul boʻladi. Hazrati Soʻfi Allohyorning umri poyoniga yetishi hamda dafn etilishi ham shu qishloqda[5].

Yozma manbalarda allomaning xonadonlariga oid baʼzi maʼlumotlar uchraydi. Mir Husayniy uning toʻrt nafar oʻgʻli boʻlgani haqida maʼlumot beradi[6]. Unda ikki nafar farzandining ismi nomaʼlum. Ikki nafari esa quyidagilar hisoblanadi.

Xoja Solih ibn Soʻfi Olloyor – Mir Husayniyning yozganlariga koʻra u otasi vafotidan soʻng tariqat taʼlimini olish uchun Xalifa Jonmuhammad huzuriga boradi. Ammo xastalikka chalinib, tariqatda kamolga yetgan yigitlik chogʻlari olamdan koʻz yumadi.

Muhammad Sodiq ibn Soʻfi Olloyor – Xalifa Jonmuhammaddan tariqat taʼlimini oladi. Uning nomi manbalar, adabiyotlar va xalq ogʻzaki nutqida “Muhammad Siddiq”, “Siddiq Muhammad” shakllarida ham uchrab turadi. Qabri Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududida – Choʻnqaymish togʻi orasidagi shu nom bilan ataladigan qishloqda. Uning qabriga yozuvli tosh qoʻyilgan. Unga “Hazal maqbara eshon Muhammad Sodiq ibn eshon Soʻfi Olloyor fi sanai 1180” deb yozilgan. Hijriy 1180 sana melodiyda 1766-1767 yillarga toʻgʻri keladi. Undan avlodlar qolgan[7].

Surxondaryo viloyatidagi avlodlari Muhammad Sodiqning oʻgʻli Xoʻjakalondan tarqalgan.

Undan tashqari Soʻfi Allohyordan Bibi Amina, Bibi Oysha ismli qizlari ham boʻlgani toʻgʻrisida xabarlar bor. Ammo qiz farzandlari va ayoli toʻgʻrisida biror manbaviy maʼlumot, hujjat yoʻq.

Soʻfi Allohyorning hozirgi kundagi avlodlari Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi uning tarixiy mundarijasiga oid manzillarda istiqomat qiladi.

Soʻfi Allohyorga koʻplab taʼriflar berilgan. Quyida muxtasar keltiriladi:

“Tabiati pok, xulqi sof boʻlgani uchun ham Soʻfi Allohyor tavhid sirlari yashiringan kulbaning chirogʻi”.

Yoki “Soʻfi Allohyor (oʻz) zamonining Abu Hanifasi hisoblanadi. Xudoyi taolo uni qol va hol ilmi bilan koʻp va xoʻp bahramand etgan”[8].

Allomaning asarlari oʻzbek adabiyotida ham alohida oʻrin egallaydi.

XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asr oʻzbek adabiyotining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatini Soʻfiy Ollohyor adabiy merosisiz tasavvur etish qiyin[9].

Tadqiqot obyekti boʻlgan “Sharh Sabotil-ojizin” ning 6-betida Soʻfi Allohyorning asarlari ketma-ketligi biroz betartib qayd etilgani koʻzga tashlanadi. Toʻraxoʻja Oʻzgandiy aytadi: “Bilgilki, bu kitob Shayx Soʻfi Allohyor rohmatullohi alayhi tasnif etgan toʻrtta kitobning oxirgisi hisoblanadi. Ularning birinchisi “Maslakul-muttaqin”, ikkinchisi “Maxzanul-muteʼin”, uchinchisi “Murodul-orifin” va toʻrtinchisi “Sabotul-ojizin”. Avvalgi ikkitasi yaʼni “Maslakul-muttaqin” va “Maxzanul-muteʼin” kitoblari fiqh ilmi toʻgʻrisida, “Murodul-orifin” va “Sabotul-ojizin” kitoblari esa tasavvuf toʻgʻrisida deb kirish qilgan. Vaholanki Soʻfi Allohyorning quyidagi soʻzlari yuqoridagi ketma-ketlikni inkor etadi.

Allomaning ilmiy-adabiy merosi turli manbalarda turlicha qayd etilsa-da, ammo fanga maʼlum va qoʻlimizda mavjud asarlari toʻrtta. Bu haqda filologiya fanlari doktori Sh. Sirojiddinov aytadi: “Murodul-orifin” asarida Soʻfi Olloyor oʻzining asarlari qanday ketma-ketlikda yaratilgani qayd etilgan: “Doʻstlar maslahati bilan “Maslakul-muttaqin”, soʻng “Sabotul-ojizin” soʻngra “Mahzanul-muteʼin” yozilganidan keyin din muhiblari eʼtiqodga muvofiq, tasavvuf va hidoyat yoʻli haqida bir kitob yozishimni iltimos qildilar”. Demak, “Murodul-orifin” asari Soʻfi Olloyorning oxirgi, toʻrtinchi kitobidir[10].

Soʻfi Allohyor mutakallim, faqih, shoir, naqshbandiya tariqatining zabardast namoyondasi boʻlgan. Soʻfi Allohyor kalom ilmi bilimdoni ekanligini quyidagi eʼtirof ham tasdiqlaydi:

Charogʻi kulbai asrori tavhid,

Zi sofi Mashrabi Soʻfi Allohyor.

Tarjimasi: “Tabiati pok, xulqi sof boʻlgani uchun ham Soʻfi Allohyor tavhid sirlari yashiringan kulbaning chirogʻi”.

Yoki Soʻfi Allohyor shariat ilmlari va tariqat sirlari bilimdoni boʻlganligi xususida ham eʼtiroflar mavjud. Jumladan;

Abu Hanifai vaqtast Soʻfi Allohyor,

Xudoyi dod bo u qolu holro bisyor

Tarjimasi: “Soʻfi Allohyor (oʻz) zamonining Abu Hanifasi hisoblanadi. Xudoyi taolo uni qol va hol ilmi bilan koʻp va xoʻp bahramand etgan”[11].

“Maxzanul-mutein” – (itoʼatkorlar xazinasi) arab tilida nasr yoʻli bilan yozilgan, unda aqidaviy va fiqhiy masalalar atroflicha yoritilgan. Asar OʻzRFASHI fondida saqlanadi. Qoʻlyozma 1092 betdan iborat boʻlib, bir betda yigirma yetti qator yozuv qayd etilgan. Shundan yuz betga yaqini kalom ilmiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Yozuv nastaʼliq xatida, qora siyohda bitilgan. Uning jildi biroz eskirgan boʻlib, taʼmirga muhtoj. Turunj (gʻarb tilida medalyon) bilan bezatilmagan. Muhr va labaki qilinmagan. Interpoliyatsiya, illyustratsiya, unvon va kalantiterlar uchramaydi. Ammo poygir har bir betda alohida qayd etilgan, Qoʻlyozmaning oxirgi qismida mundarija qayd etilgan.

Xattot ismi va koʻchirilgan sanasi noaniq. Qoʻlyozma juda yaxshi saqlangan va xattot tomonidan juda yuksak did bilan yozilgan. Yozuvlar tekis va ravon, ochiq-oydin oʻqish uchun qiyinchilik tugʻdirmaydigan darajada koʻchirilgan. Qoʻlyozmaning biror joyida shorih oʻzining avtobiografiyasini kiritmagan. Kitob yozilgan sana, manzil va oʻsha davr muhitiga doir maʼlumotlar uchramaydi.

Qoʻlyozmada Imom Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobitning “Al-fiqhul-akbar”, Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil bin Luqmon al-Hanafiy, an-Nasafiyning “Aqoidun-Nasafiy” va “Tabsirotul-adilla”, Sirojiddin Ali ibn Usmon Oʻshiyning “Badʼul-amoliy”, Xatib Tabriziyning “Mishkotul-masobiyh”, Qoziyul quzzot Nosiriddin al-Bayzoviyning “Tafsirul-qoziy”, Abuhomid Muhammad Gʻazzoliyning “Kimyoi-saodat”, Ruknuddin ibn Malahimiy Xorazmiyning “Tuhfatul-mutakallimiyn”, Abdurrahmon ibn Nosir Sadiyning “Sadiyya”, Ismoil ibn Abulqosimning “Muhit”, Muhammad ibn Valid as-Samarqandiyning “Jomeul-asgʻar”, Muhammad ibn Ubu Bakir as-Samarqandiyning “Shiratul-islom”, Umar ibn Abdulaziz ibn Mozohning “Voqeot”, shuningdek, “Tafsiri-yaqubiy”, “Fusulul-imodiy”, “Majmuatun-navozil”, “Aqoidul-jaloliya”, “Xulosa”, “Jomeul-mutaqodot”, “Miftahul-ayn”  kabi oʻttizdan ortiq kitoblardan foydalangan.

Hozirda ushbu qoʻlyozmaning zamonaviy toʻliq elektron nusxasi nashr uchun tayyor holatga keltirilgan.

Asarda “Alloh taoloni tanish”, “Alloh taoloning sifatlari”, “Alloh taoloni nuqsonlardan poklash”, “Bandalarnning fellari”, “Aqilning tarifi”, “Alloh taoloni qiyomatda koʻrish joizligi”, “Iymonning sifati”, “Farishtalarning sifati”, “Paygʻambarlar alayhissalomlarning katta va kichik gunohlardan pokligi”, “Paygʻambarlarning farishtalardan afzalligi”, “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nubuvvatlarini isboti”, “Shafoatning isboti”, “Nabi alayhissalom merojining isboti”, “Arsh va kursiy”, “Sahobalarning fazilatlari”, “Xalifalik haqida”, “Imomat haqida”, “Avliyolarning karomatlari”, “Qabr azobining isboti”, “Jannat va doʻzax haqida”, “Kufr lafzlari haqida”, “Qiyomat haqida”, “Munajjimlarni soʻzlari haqida”, “Nosix va mansux xususida” kabi mavzular atroflicha naqliy va aqliy dalillar bilan yoritilgan. Mavzular dinimizning moʻtamad hisoblangan kitoblar asosida quvvatlanib, aqidaviy talimotlar xalqchil, ilmiy-tahliliy tarzda bayon etilgan.

         Qoʻlyozmaning mazkur aqidaga oid qismlarida boshqa kalom ilmiga bagʻishlangan asarlardan keng istefoda qilingan holda ruhiy tarbiya talimoti ham mujassamligi bilinib turadi. Ayniqsa, “Aqlning tarifi”, “Munajjimlarning soʻzlari”, “Avliyolarning karomatlari”, “Qabr azobining isboti”, “Jannat va doʻzax” haqidagi qismlarda yaqqol namoyon boʻladi.

         Musannif “Kufr lafzlari haqida” deb nomlangan bobida turli adashgan toifalarning botil qarash va iddaolariga qarshi raddiyalarni bayon etgan. Jumladan, moʻtazila, shia, karromiya, jahmiya, qadariya, rofiziya, jabariya, kabi toifalarning aqidaviy qarashlariga alohida raddiyalar berib oʻtilgan. Shu sababdan ham bu nodir asarning qiymatini bugungi kunning dolzarb muammosi boʻlmish turli gʻoya va qarashlarni ilgari suruvchi toifalarga qarshi manbaa deb aytsak xato boʻlmaydi.  

Xulosa shulki tarix varaqlarida kimdandir yaxshi va yana kimdandir yomon iz qoladi. Shu sabab kelajak avlodlar kimnidir duolar bilan yod olgani holda, kimlarnidir eslaganda qalblarida ogʻriq va norozilik hissi paydo boʻladi.

 Darhaqiqat, bir zamonlar boʻldiki, Soʻfi Allohyor “diniy mistik shoir”, “tushkun kayfiyatdagi shoir” degan qora nom bilan muhrlandi. Bir necha oʻn yillar zoʻr berib qoralashdi. Oʻsha davrning ayrim ziyolilari ham bu ishga bosh boʻldilar. Kitoblarini yoqishdi. Hatto allomaning avlodlaridan biri oʻsha davrni eslab, musannifdan qolgan ilmiy meroslarni olib ketilganligini kuyunib soʻzlab beradi. Shu zaylda uning maʼrifiy taʼlimotidan xalqni mahrum qilib kelishdi.

Mustaqillikdan soʻng tarix qarida necha oʻn yillab changu-gʻubor bosib yotgan kitoblari yuzaga chiqa boshladi. Eng asosiysi allomaning asarlaridagi asl maʼno-mazmun oʻquvchiga xolis yetib borishiga zamin yaraldi.

Bevosita qoʻlyozma biz uchun eʼtiqodiy masalalarni moturidiy taʼlimotlari asosida bizga taqdim etadigan hamda odob-axloq va ruhiy tarbiya masalalarida foydalanuvchiga koʻplab manfaatlar yetkazadigan moʻtabar asar boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda dolzarblik kasb etayotgan eʼtiqodlar toʻqnashuvi, oʻz mazhabini yaxshi bilmaslik, ilmsizlik va moʻtabar umumeʼtirof etilgan aqidaviy taʼlimotlardan chalgʻitish kabi salbiy holatlarga muolaja sifatida ayni muddaodir. Zero, asar nafaqat eʼtiqod borasida foydali balki, oʻquvchini oʻtgan ulamolarimiz odob-axloqlari, nasihatlari va ruhiy-maʼnaviy dunyoqarashlari haqida ham xabar beradi.

Hozirgi kunimiz insonlarining alloma asarlarini maʼrifatga chanqoq har bir xonadonda saqlanib kelganligi, turli-tuman kitobxonlik davralarida, tadbirlarda mutolaa qilinganligi yuqoridagi fikrlarni yana bir karra tasdiqlaydi.

 

Foydalanilgan manbaa va adabiyotlar
  1. Soʻfi Olloyor. Murodul-orifin. Toshkent: 1912
  2. Mir Husayniy. Maxazinut taqvo
  3. Abdusattor Jumanazar. Vaxshuvor.–Toshkent:“Akademnashr” nashriyoti. 2015.
  4. Rashid Zohid. “Sabotul ojizin” asari matni, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matnini kompleks oʻrganish muammolari. – Toshkent: “Turon zamin ziyo” nashriyoti. 2015.
  5. M. Boboyeva. Soʻfiy Ollohyor “Sabot-ul-ojizin” manzumasining gʻoyaviy-badiiy talqini. Sam.DU 2012
Internet saytlari
www.President.uz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
www.Uza.uz Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi
[1] www.president.uz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
[2] www.Uza.uz Oʻzbekiston Milliy axborot agayentligi
[3] Soʻfi Allohyorning tugʻilish sanasi haqida tadqiqotchilar tomonidan turli maʼlumotlar keltirilgan.
[5] Soʻfi olloyor. Murodul-orifin. Toshkent: 1912.  –B. 259.
[6] Mir Husayniy. Maxazinut taqvo. –B.31.
[7] Abdusattor Jumanazar. Vaxshuvor.–Toshkent:“Akademnashr” nashriyoti. 2015. – B. 148-149
[8] Rashid Zohid. “Sabotul ojizin” asari matni, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matnini kompleks oʻrganish muammolari. – Toshkent: “Turon zamin ziyo” nashriyoti. 2015. – B. 15.
[9] M. Boboyeva. Soʻfiy Ollohyor “Sabot-ul-ojizin” manzumasining gʻoyaviy-badiiy talqini. Sam.DU 2012. – B. 9.
[10] Rashid Zohid. “Sabotul ojizin” asari matni, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matnini kompleks oʻrganish muammolari. – Toshkent: “Turon zamin ziyo” nashriyoti. 2015. – B. 26.
[11] Rashid Zohid. “Sabotul ojizin” asari matni, sharhlari va ilmiy-tanqidiy matnini kompleks oʻrganish muammolari. – Toshkent: “Turon zamin ziyo” nashriyoti. 2015. – B 15
Shayxulmuhammad Buvahaddiniy SЕTIRZAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Islomshunoslik va Islom silivizatsiyasini oʻrganish
ISESCO kafedrasi,
“Islomshunoslik” 1-kurs magistranti

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …