Home / MAQOLALAR / MOVAROUNNAHRLIK OLIMALARNING BIRINCHI RЕNЕSSANSDAGI OʻRNI

MOVAROUNNAHRLIK OLIMALARNING BIRINCHI RЕNЕSSANSDAGI OʻRNI

Jahon ilm-fani tarixida oʻchmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va sanʼat namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vazifalari qatoriga kiradi.[1] Uning ijrosiga katta ilmiy kuchlar jalb etilganini qayd etgan holda aytish lozimki, Movarounnahr sivilizatsiyasidagi ayollarning oʻrni eng kam oʻrganilgan masalalardan boʻlib qolmoqda.

Vaholanki, tafsir, fiqh, hadis, adabiyot va boshqa ilmlar sohasida Movarounnahrdan koʻplab olima ayollar yetishib chiqqan. Ularning ilmiy-ijodiy faoliyatini oʻrgangan mualliflar haqida mashhur huquqshunos olim Ilyos Dudur kitobida[2] ayrim maʼlumotlar zikr etilgan. Ularning orasida Imom Zahabiy, Imom Zuhriy, Imom Molik, Imom Ahmad, Abu Yaʼlo, Abu Saʼd Samʼoniy, Hofiz ibn Hajar, Ibn Asokir, Ibn Javziy, Ibn Qayyim va boshqalar borligining oʻziyoq ayollarning Movarounnahr islom sivilizatsiyasidagi oʻrni anchagina eʼtiborli boʻlganini koʻrsatadi. Ibn Asokir tomonidan bunday toifaga mansub saksonta ayol zikr etilgani ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Movarounnahrdagi Birinchi Renessans davrida faoliyat koʻrsatgan ayol olimalar ichida Samarqand fiqh maktabi asoschilaridan biri Muhammad Samarqandiyning qizi – Fotima bint Muhammad Samarqandiy alohida oʻringa ega boʻlgan. Uning toʻliq ismi Fotima bint Imom Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy boʻlib, otasi mashhur “Tuhfat al-fuqaho” (Faqihlarga tuhfa) asari muallifidir. Manbalarda Fotima hanafiy mazhabida “Olimlar podshohi” nomi bilan shuhrat qozongan “Badoiʼ as-sanoiʼ fi tartib ash-sharoiʼ” (Shariat hukmlarini tartiblashga oid goʻzal sanʼatlar) kitobining muallifi hamda otasining isteʼdodli shogirdi Imom Kosoniyning rafiqasi boʻlgani xabar qilinadi[3].

Ibn Abu Vafo Qurashiy maʼlumoticha, Imom Kosoniy biron fiqhiy masala borasida fatvo chiqarishda ikkilangan paytlarida, rafiqasi Fotimaning maslahatlariga quloq solgan hamda uning tavsiyalariga rioya qilgan. Kosoniy tomonidan ustozi Imom Samarqandiyning “Tuhfat al-fuqaho” kitobiga yozilgan “Badoiʼ as-sanoiʼ fi tartib ash-sharoiʼ” nomli sharh Fotima uchun mahr sifatida qabul qilingan. Buni oʻsha davr faqihlarining Imom Kosoniy haqidagi “Muhammad Samarqandiyning “Tuhfa”cini sharhladi va uning qiziga uylandi”, deyeganlari ham tasdiqlaydi[4]

Muhammad Zahabiyning “Mashhur ayollar qomusi” kitobida Fotima Samarqandiya haqida quyidagicha muhim maʼlumot berilgan. Jumladan, uning toʻliq ismi, otasi Abu Bakr Allouddin Samarqandiy – “Tuhfat al-fuqaho” asari muallifi ekani, ulugʻ va fazilatli, qadri baland shayx Abul Muin Maymun Makhuliy Nasafiy va Sadrul Islom Abul Yusr al-Pazdaviydan fiqh oʻrgangani xabar qilinadi. Pazdaviy faqih va alloma qizi Fotima “al-Badoiʼ” muallifi Alouddin Abu Bakrning xotini edi deydi. U (Fotima) fiqh ilmini otasidan oʻrgangan va “Tuhfat al-fuqaho”ni yod olgan edi. U (Fotima)ning eri (Alouddin Abu Bakr) uning fiqhdagi xatolarini koʻrsatib, toʻgʻri yoʻlga boshlab qoʻyardi. U (Fotima) fatvo berganda oʻz imzosi va otasining imzosini qoʻyar edi. “Al-Badoiʼ” muallifiga turmushga chiqqanidan keyin oʻzi va otasi imzosining yoniga erining imzosini ham qoʻya boshlagan[5].

Bayon etilganlardan Fotima Samarqandiya fiqh bilimdoni boʻlgani, uning nozik jihatlarini chuqur bilgani, fatvo chiqarishda otasi Muhammad Samarqandiy va turmush oʻrtogʻi Alouddin Kosoniyga koʻmaklashgani haqidagi mantiqiy xulosalar kelib chiqadi. Shuningdek, olimlar tomonidan Fotima Samarqandiyaning xati goʻzal boʻlgani, xattotlar uning xatini tanigani, unga yuksak baho berishganini taʼkidlaydilar[6].

Abdulgʻofir Forsiy oʻz toʻplamiga hadis ilmi bilan shugʻullangan Karima bint Ahmad al-Marvaziyani kiritgan[7]. U Marv viloyatidan boʻlgan Kushmayhaniy ismli keksa olimdan Imom Buxoriyning “Sahih”ini oʻrgangani, Marvaziyaning ustozi oʻz nusxasini mashhur muhaddis Imom Buxoriy “Sahih”ining aslidan koʻchirib olgani haqida maʼlumot keltirilgan. Forsiyning oʻzi ham bu asarni Karima Marvaziya bilan birga oʻrgangani haqida aytadi[8].

Imom Zahabiy oʻz kitobida Karima Marvaziyaning otasi bilan Kushmixondan (hozirgi Turkmaniston hududi) Quddusga va Makkaga borib qaytganini zikr etadi. Karima Abu Haytam Qushmixoniy, Zohir ibn Ahmad Saraxsiy va Abdulloh ibn Yusuf al-Asbahoniydan tahsil olgan”[9]. Karima bint Ahmad islom ilmlari, xususan, hadis ilmida yuksak mavqega erishib, Muhammad alayhissalom maʼnaviy merosini oʻrganish uchun otasi bilan koʻplab sayohatlarga borgan.

Xulosa qilib aytganda, Movarounnahrlik ayollarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi muhim ilmiy muammolardan boʻlib, uning oʻrganilishi yurtimiz maʼnaviy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi.

[1] Qar. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida. (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PQ-3420-sonli qarori tahririda) // https://lex.uz/docs/3600059?query=%D1%86%D0%B8%D0%B2%D0%B8%D0%BB%D0%B8%D0%B7%D0%B0%D1%86%D0%B8%D1%8F%D1%81%D0%B8#sr-1
[2] Qar. I.Dudur. Islom huquqshunosligining tarixi. 2-juz.
[3] Muhammad Xoyr Ramazon Yusuf Faqiyhat aʼlimot. “Al-kotibiyat islamiya” 12-13 vv.
[4] Oʻsha manba
[5] Muhammad Abdulhay Laknaviy Hindiy: Alfavaidil bahiya fi tarojimil hanafiya. 1906 y. – B. 158.
[6] Abror Muxtor Aliy: Fotima Samarqandiya. 03.01.2015 // https://muslimaat.uz/maqola/4211
[7] Karima bint Ahmad ibn Muhammad ibn Xotim Marvaziya islom tadqiqotchilaridan asosiy ayol olimalaridan biri va Imom Buxoriyning “Jomeʼ as-sahih”ining mashhur hadis rivoyatchisi. Uni Ummul Karam deb nomlashgan (saxovatlilarning onasi), hijriy V asrda 100 yoshida vafot etguniga qadar Makkada yashagan.
[8] G.Nashat and L.Beck: Women in Iran from the Rise of Islam to 1800. – Urbana and Chicago: “University of Illinois press”, 2003. – P. 71.
[9] Imom Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy: Siyar aʼlyam an-nubala (Buyuk olimlar tarjimai hollari). B.233.
Barno ANVAROVA,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi katta ilmiy xodimi,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …