Home / MAQOLALAR / FIQH – ISLOM HUQUQINING MUSTAQIL TЕOKRATIK SIYOSIY TIZIMLAR HUQUQI SIFATIDA SHAKLLANISHI

FIQH – ISLOM HUQUQINING MUSTAQIL TЕOKRATIK SIYOSIY TIZIMLAR HUQUQI SIFATIDA SHAKLLANISHI

Bugungi Yangi Oʻzbekistonda har tomonlama milliy va diniy qadriyatlarimizni yuksaltirish, tarixiy ildizlarigacha ilmiy tadqiqot asosida yetib borish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Bugun maʼrifatga eʼtibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni oʻzida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom — haqiqatni anglash demakdir, u odamzodni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson boʻlishni oʻrgatadi”, – deya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼkidlanishi bejiz emas[1].

Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda ushbu maqolada islom dinining huquqiy asosini tashkil etuvchi al-fiqh ilmi xususida ilmiy xulosalar taqdim etiladi.

Maʼlumki, islom ilmlari, jumladan, al-fiqh, xalqimizning tarixiy-madaniy va ijtimoiy-axloqiy yuksalish idealining negizidir. Diniylik va dunyoviylik borasidagi qarashlar kishilarni borliq bilan uygʻunlikda, garmoniyada yashashga undaydi.

Buni huquq ilmi va diniy meʼyorlarning oʻzaro munosabatlari, xususan, islom huquqi tizimining shakllanish jarayonlarini qiyosiy tahlil etish, uning  shakllanish tarixini yanada chuqurroq ochib berish,  fiqh maktablari rivojining asosiy bosqichlarini aniqlash jarayonida koʻrish mumkin.

Ilk islom davrida al-fiqh (610–632)

VIII–XII asrlar butun musulmon jamiyatida fan va madaniyat, ilm va tafakkur rivojlangan bir davr boʻldi. Bu davrda diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar ham oʻz rivojiga ega boʻldi. Islom dini – Arabiston yarim oroli doirasidan chiqib, taraqqiy etgan jahon diniga aylandi. Islom dini paydo boʻlgan VII asr boshlarida ikki buyuk va hukmron davlat: Eronda Sosoniylar[2] (224-651) va Rimda Vizantiya (grek. Βασιλεία Ρωμαίων — Rim imperiyasi[3], 476-1453) bir-biri bilan har jihatdan kurashayotgan payt edi. Shuningdek, Hijoz xususan, Yasribdagi ijtimoiy va siyosiy hayotni oʻz taʼsiri ostiga olgan yahudiylar[4] hamda islomdan avvalgi arablar – ikkita asosiy oiladan kelib chiqqan: qaxtoniylar va adnoniylardan iborat[5] “johiliyat davri arablari” bor edi[6].

Mana shunday turli tizimlar har tomondan oʻrab turgan bir sharoitda islom dinining ajralmas qismi boʻlgan islom huquqi mustaqil teokratik siyosiy tizimlar huquqi sifatida shakllandi.

“Boshqa huquq tizimlarining islom huquqiga taʼsiri” toʻgʻrisidagi fikrlar islom huquqi tarixi boʻyicha ilmiy izlanishlarning toʻligʻicha amalga oshirilmaganligi bois maʼlumotlar yetarli boʻlmagan davrlarda baʼzi Gʻarb olimlari qisqa bir fursatda dunyoga kelib jadal rivojlana boshlagan islom huquqi uchun Qurʼoni karimdan tashqarida boʻlgan boshqa manbalarni izlash tashabbusini koʻtarib chiqdilar. Ular Rim-Vizantiya, yahudiy, johiliyat, sosoniy va boshqa tizimlarga eʼtiborni qaratib, islom huquqi, bularning biridan yoki bir nechtasidan oz-ozdan olib shakllantirilgan degan iddaolarni ilgari surishgan. Faqat bu daʼvolarini ilmiy dalillar bilan asoslay olmaganlar. Bu daʼvoga qarshi chiqqan mahalliy va baʼzi xorijiy tadqiqotchilar esa ilmiy qoʻlyozmalar, tarixiy voqealar va islom huquqshunosligi tadqiqotlariga tayangan holda islom huquqining mustaqil ravishda, oʻz doirasida rivojlangan huquqiy tizim ekanligini asoslab berganlar[7]. Masalan, taniqli olim Jozef Shaxt shunday yozadi: “…Islom fiqhi, mavjud boʻlgan bir huquqqa asoslanmagan, balki oʻz-oʻzini shakllantirgan”[8]. J.Shaxt kitobining boshqa oʻrinlarida, taʼsir mavzusida baʼzi muammolarga duch kelgan boʻlsa ham oxirida, yuqorida keltirilgan hukmlarni ochiq-oydin eʼlon qilishga majbur boʻlgan.

Shuningdek, Parij universiteti professori Rene David eʼtirof etganidek: islom huquqi yoki fiqh tarkibiy tuzilishi, ichki kategoriyalarining mukammalligi va keng qamrovligi jihatidan shu kungacha tadqiq etib kelinayotgan xalqaro huquq tizimlaridan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi[9].

 Islomning din sifatida shakllanib, rivojlanishi aynan shu davrlarga toʻgʻri keladi. Albatta bunga turli mintaqalardagi sivilizatsiyalar oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Xususan, Movarounnahrning islom madaniyati va fanning algebra, astronomiya, falsafa, tarix, hadis, kalom va boshqa sohalariga koʻrsatgan taʼsiri juda kattadir. Ayniqsa, fiqh ilmi sohasida Movarounnahrning tutgan oʻrni beqiyosdir. Umuman olganda islom fiqhi oʻziga xos rivojlanish tarixiga ega.

Muhammad Paygʻambar (s.a.v) yashagan davrlari[10] (570-632) fiqhning shakllanishi nuqtai nazaridan eng ahamiyatli davr hisoblanadi. Chunki vahiyga tayanib qonun chiqarish shu davrning oʻzida yakunlangan va keyingi davrlar uchun ham zamin yaratilgan edi. Bu davrda hali al-fiqh termin sifatida shakllanmagan edi. Buni yaxshi bilgan holda biz ushbu termindan islomning ilk davriga nisbatan shartli ravishda foydalanamiz, sababi huquq tizimi ayni oʻsha davrda shakllana boshlagan. Tarixchilar tomonidan Muhammad Paygʻambar (s.a.v) davrlari ikki qismga ajratiladi: Makka davri[11] (610-622) va Madina davri[12] (622-632).

Fiqh – gʻarbda Islamic Law, Muslim Law, Muhammadan Jurisprudence (ingliz tilida), Le Droit Musulman (fransuz tilida), Islamische Gesetz (olmon tilida) kabi nomlar bilan yuritiladi. Dunyoda amaldagi huquq normalaridan farqli oʻlaroq, fiqh ibodat masalalarini ham qamrab oladi. Fiqh qadimdan mavjud huquqiy normalar ibodat va muomala masalalari bilan mushtarak holda maʼlum tartibga solingan huquqiy tizimdir.

Lugʻatda: الفقه “al-fiqh” kalimasi – “anglamoq, aql bilan tushunmoq” kabi maʼnolarni beradi. Bu soʻzning maʼnosi arab tilining asl manbasi hisoblanadigan Qurʻoni Karimda shunday keltirilganini koʻramiz:

 – فَمَالِ هَؤُلاءِ الْقَوْمِ لا يَكَادُونَ يَفْقَهُونَ حَدِيثًا (النساء IV/78):

“… Nega bu qavm kishilari hech gap anglamaydilar–a?!” [13].

Yana bir oyati karimada shunday talqin etiladi:

 –لَهُمْ قُلُوبٌ لا يَفْقَهُونَ بِهَا… (الاعراف VII/179):

“… Ularning dillari boru anglay olmaydilar…”[14].

Istilohda: الفقه – “Islom huquqi” deb yuritiladi. Bu oʻrinda islom olimlari tomonidan berilgan quyidagi taʼrifni keltiramiz:

الفقه هو العلم بالأحكام الشرعية العملية من أدلتها التفصيلية

“Fiqh – sharʼiy va amaliy hukmlarni tafsilotli dalillardan chiqarib olish ilmidur”[15].

Fiqh zamonaviy fanlar asosida hozirgacha chuqur oʻrganilmagan boʻlib, mutaxassis olimlar oldiga katta muammolarni qoʻyib kelmoqda.

Fiqh – odatda فروع الفقه “furuʻ al-fiqh” (soʻzma-soʻz: “fiqh tarmoqlari”) shariatni muayyan sohalarga tatbiq etishdan va أصول الفقه “usul al-fiqh” (soʻzma-soʻz: “fiqh manbalari”) sharʼiy hukm olinadigan asoslarni ilmiy ishlab chiqishdan iborat boʻladi. Tarixiy tadrijga koʻra furuʻ al-fiqh ( (فروع الفقه – usul al-fiqhdan  (أصول الفقه)avval paydo boʻlgan. Fiqh ilmining tadrijiy rivoji mutaxassis olimlar tomonidan bir necha davrlarga taqsim etilgan.

Usul al-fiqh diniy hukmlarning manbalari va bu manbalardan hukm chiqarish usullarini, furuʻ qismi esa mazkur manbalardan maʼlum bir usullar orqali chiqarilgan hukmlarni, diniy-amaliy qoida va taʼlimotlarni oʻz ichiga oladi[16].

Nafaqat “usul”ning, balki “furuʻ”ning poydevorlari Muhammad Paygʻambar (s.a.v) zamonlarida vujudga keltirilib, tamal toshi qoʻyilgan edi, shu bilan bir qatorda keyinchalik ning usul al-fiqh va “furuʼ al-fiqh”ning ilmning alohida sohalari sifatida yoritilib, oʻqitila boshlandi, yozma shaklga keltirildi. Fiqhning dastlabki davrlarida ushbu manbalardan ikkisi – Qurʼoni karim boshdan oyoq bir necha hofizlar tomonidan yod olingan va yozilgan, Sunnat esa qisman yozilib, esda saqlangan. Boshqa manbalardan esa foydalanilganligi (joriy qilinganligi yoki keyinchalik hukmlar chiqarilganligi) taʼkidlangan[17]. Bu davrda fiqhning furuʻ qismiga doir hukm va misollar esa juda ham koʻpdir.

Sahobalar davrida al-fiqh (11/632-II/VIII asrning boshlari)

Muhammad Paygʻambar (s.a.v) vafotlaridan keyin sahobalar davriga kelib davlatchilik tez surʼatlar bilan kengaya bordi. Rum, Eron, Turk va Barbar huquqiy normalari joriy etilgan Arabiston yarim oroli, Andalus, Eron, Iroq, Suriya, Movarounnahr, Misr, Shimoliy Afrika hududlari qamrab olindi. U yerlarga qozilar va faqihlar yuborila boshlandi. Bir-biridan uzoq boʻlgan yerlarda fiqh markazlari paydo boʻldi. Bu markazlar bir-biridan ilmiy jihatdan deyarli farq qilmas edi. Madina, Makka, Misr, Kufa, Basra va Shom kabi mahalliy markazlarning urf-odatlari, ehtiyoj va shart-sharoitlari boshqa-boshqa edi. Fiqhni tatbiq etuvchi sahobalar yetuk qobiliyatli, ochiq fikrli va keng dunyoqarashga ega edilar. Shu sababdan fiqh ilmi tezlik bilan xalq orasiga singib ketdi.

Fiqh tarixchilari sahobalar davrini belgilayotib, turli nuqtai nazarlarni eʼtiborga olgan holda harakat qilganlar. Huquqiy hayotni nazarda tutganlarga koʻra, bu davr Muhammad Paygʻambar (s.a.v) vafotlaridan boshlab, Xulafoi Roshidin davrining oxiriga (41/661) yoki sahobalarning soʻnggilari yashab oʻtgan ikkinchi asrning boshlarigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi[18]. Siyosiy hokimiyatni eʼtiborga olganlar fikricha, ikkinchi davr Xulafoi Roshidin yoki ummaviylar davrining oxirigacha davom etadi. Chunki xoh Xulafoi Roshidin (632–661), xoh ummaviylar davri (661–750) boʻlsin, bu vaqtdagi fiqhiy hayot asosini sahobalar tashkil qiladi.

Mujtahid sahobalar yuqorida aytib oʻtilgan sabablar tufayli, fiqhiy masalalarda qisman ixtilof qilishlariga qaramay xalq orasida oʻz uslublariga ega olimlar sifatida eʼtiborli boʻlganlar. Aynan shu davrda diniy ijtimoiy institutlar sifatida mazhablar vujudga kelgan[19].

Fiqh nuqtai nazaridan ushbu davrga oid quyidagi xulosalarni berish mumkin:

– islom oʻlkasining hududlari kengayishi va aholisi turli-tuman millat va elatlardan iborat boʻlib koʻpayib borgani, madaniyatlari rivojlana boshlagani uchun Muhammad Paygʻambar (s.a.v) zamonlarida boʻlmagan hayotiy masalalar paydo boʻla boshlagan. Sahobalar ularning hukm va yechimlari uchun ijtihod uslubiga murojaat qilganlar;

– keyingi davrlarga nisbatan yangi masalalar va ularga bogʻliq hukmlar koʻp emas, chunki faqih boʻlgan sahobalar faqat sodir boʻlgan voqea, hodisa va masalalar ustida ish olib borishgan. Hali sodir boʻlmagan voqea va hodisalarning faraziy hukmini qidirishmagan, balki buni bekorga vaqt yoʻqotish deb bilishgan;

– ayniqsa, ilk toʻrt xalifa davrlarida fiqh boshqaruvga emas, boshqaruv fiqhga boʻysungan, yaʼni fiqhga koʻra boshqarilgan. Xulafoi Roshidinlar odatda ilmli, olim sahobalarni oʻz yonlaridan uzoqlashtirishmagan. Yangi hodisalarni maslahat majmuasiga (shoʻro) havola qilishar, yaxshilab oʻrganib chiqilgach hukm berishardi. Shu sababli sahoba zamonida fikrlar qarama-qarshiligi yoʻq desa boʻladigan darajada kam edi. Keyingi davrlarda turli guruhlarning manfaati asosiy oʻringa chiqa boshlaganligi sababli ham fikrlar xilma-xilligi koʻpaya bordi va chuqurlashdi;

– Qurʼon va hadis hamda ijtihod yoʻli bilan shakllangan fiqh bu davrda davlatning huquqiy asosini tashkil etgan. Bu davrda huquqshunoslarning nufuzi keyingi davrlarga solishtirib boʻlmaydigan darajada ustun edi;

– ayniqsa, Usmon ibn Affon (644–656) davriga qadar shoʻro aʼzolarining Madinadan uzoq muddatga ketishlariga ruxsat berilmaganligi uchun buyuk sahobalar xalifaning yonida boʻlishar, maslahat berishardi. Shu sababli yangi masalalarning koʻpchiligida ijmoʼ hukmiga koʻra yakdillik boʻlardi. Kamdan-kam hollarda fikrlar qarama-qarshiligi boʻlgan boʻlsa-da, bu taassub, siyosiy va baʼzi guruhlarning manfaati kabi omillar tufayli emas, balki samimiy fikrga va ijtihodga asoslanar, birdamlikni buzmasdi. Keyingi davrlarda ham mujtahidlar Islom dunyosiga tarqalganliklari hamda ixtilof sabablari orasida, kasbiy ijtihod va ilmdan boshqa omillar aralashganligi uchun ixtilof koʻpaydi, chuqurlashdi va baʼzi mujtahidlarga koʻra, imkonsiz holatga keldi[20].

Sahobalar davrida quyidagi fiqh markazlari mavjud boʻlgan:

Madina maktabi. Madinada fiqh ilmida mashhur boʻlgan bir guruh sahobalar mavjud edi. Ulardan ʻUmar ibn al-Hattob (634–644), ʻAli ibn Abi Tolib (656-661), ʻAbdulloh ibn ʻUmar (610-693), Zayd ibn Sobit (615-665), Ubayy ibn Kaʼb (vaf. 649 y.), Abu Muso al-Ashʻariy (602-673) va ʻAbdulloh ibn Masʻud (594-650) eng mashhurlaridandir[21]. Bu faqihlarning koʻplab talabalari boʻlib, ular orasida oʻzlari tobiʻinlardan boʻlgan va الفقهاء السبعة “yetti faqih” nomi bilan tarixda mashhur boʻlganlari alohida oʻrin tutadilar[22]. Ulardan Abu Bakr ʻAbdurrahmon ibn al-Horis ibn Hishom (vaf. 94/712 y.), al-Qosim ibn Muhammad ibn Abi Bakr as-Siddiq (vaf. 107/725 y.), ʻUrvat ibn az-Zubayr ibn al-ʻAvvom al-Asadiy (vaf. 94/712 y.), Saʻid ibn al-Masayyib (vaf. 94/712 y.), Sulaymon ibn Yasor (vaf. 104-107/722-725 y.), Xorija ibn Zayd ibn Sobit (vaf. 99-100/717-718 y.), ʻUbaydulloh ibn ʻAbdulloh ibn ʻUtba ibn Masʻud (vaf. 98/716 y.) kabilarni misol qilish mumkin.

Bu faqihlar haqida tabaqot kitoblarida yetarli maʼlumotlar berilgan[23].

Makka maktabi. Bu yerdagi faqih sahobalardan eng mashhuri ʻAbdulloh ibn ʻAbbos (619-686)dir[24]. Bu faqihning ham tobiʻinlardan sanalmish koʻplab talabalari boʻlib, ulardan ʻIkrima Abu ʻAbdulloh al-Barbariy (vaf. 105/723 y.)[25], Abu Muhammad ʻAto ibn Abi Raboh (vaf. 114/732 y.)[26], Abu-l-Jassos Mujohid ibn Jabr al-Maxzumiy (vaf. 103/721 y.)[27] kabilardir[28].

Bu maktab vakillari haqida ham tabaqot kitoblarida maʼlumotlar keltirilgan.

Kufa maktabi. Kufa maktabi faqihlarining eng mashhuri ʻAbdulloh ibn Masʻuddir[29]. Bu sahoba Paygʻambar (s.a.v) hayotlik chogʻlarida koʻp vaqtlarini U zotning yonlarida yurib oʻtkazar edi. Uning koʻplab talabalari boʻlib, ularning eng mashhurlaridan ʻAlqama ibn Qays (vaf. 62/681 y.)[30], Masruq ibn al-Asdaʻ al-Hamadoniy (vaf. 63/682 y.)[31], Shurayh ibn al-Horis ibn Qays (vaf. 78/697, 80/699 y.)[32], Saʻid ibn Jubayr (vaf. 95/713 y.)[33], Abu ʻAmr ash-Shaʻbiy ʻAmr ibn Sharahbil al-Hamadoniy (vaf. 114/732 y.)yu[34], Habib ibn Abu Sobit al-Kohiliy (vaf. 119/737 y.)[35] kabilarni misol keltirish mumkin.

Misr maktabi. Bu maktabning eng mashhurlaridan ʻAbdulloh ibn ʻAmr ibn al-ʻOs (vaf. 65/684 y.) va uning qoʻlida tahsil olgan Yazid ibn Abu Habibni misol tariqasida keltirish mumkin. Bular kabi faqihlardan koʻplab talabalar taʼlim olgan boʻlib, ularning faoliyati butun Shimoliy Afrikadagi islom mintaqasini oʻz ichiga qamrab olgan[36].

Shom maktabi. Bu oʻlkada ham koʻplab sahobalar ilmiy faoliyat olib borganlar. Ularning aksariyati ʻUmar ibn al-Xattob tomonidan u yerga yuborilib, taʼlim berish bilan shugʻullanganlar. Ularning eng mashhurlaridan Falastin va Shom faqihi ʻAbdurrahmon ibn Qumm al-Ashʻariy (vaf. 78/697 y.)[37], Abu Idris ibn ʻAbdulloh al-Xuloniy ad-Damashqiy (vaf. 80/699 y.)[38], Abu ʻAbdulloh Makhul ibn Muslim al-Huzaliy (vaf. 112/730 y. yoki 113/731 y.)[39] kabi faqihlarni misol qilish mumkin.

Yuqorida nomlari va eng mashhur namoyandalari muxtasar qilib zikr etilgan ilm markazlari vakillarining taʼlim berish uslubi oʻsha oʻlkaning mavjud madaniyati va urf-odatlaridan kelib chiqqan holda bir-biridan bir oz boʻlsa-da, farq qilar edi. Shuningdek ibodat va muomalot masalalaridagi ijtihodlar ham turli shakllarda edi. Bu holat maʼlum oʻlkalarda turli mazhablarning paydo boʻlishiga asos sifatida xizmat qildi.

[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2016 yili 18-19 oktyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqidan.
[2] Eron huquqiga ikki dinning muhim taʼsiri boʻlgan: mazdakiylik va monaviylik. Mazdakiylik – zardushtlik dini boʻlib, Zardusht rivoyatlarga koʻra miloddan avvalgi VII asrda Eronda yashagan din asoschisidir. Zardushtga koʻra, ikki iloh bordir: Axura-mazda (yaxshilik xudosi), Axriman (yomonlik xudosi). Birinchisi barcha ezgulik va yaxshiliklarning, ikkinchisi esa har qanday yomonlikning yaratuvchisidir. Bu ikkalasi doimiy kurash holidadir. Ishonuvchilarning vazifasi ezgulik xudosining zafariga yordam berishdir va u bir kun mutlaqo Axriman ustidan gʻolib boʻladi. Bugungi kunda Eronda “Gabr” deb ataluvchi mazdakiylar juda ham kam qolgan. Islom kirib kelgach, Eronni tark etib Hindistonga joylashgan mazdakiylar bu yerda «porsi» deyiladi. Mazdakiylikning muqaddas kitobi «Zand-Avesto» dir. Bir muncha axloqiy hukmlarni oʻz ichiga olgan Avestoning birinchi boʻlimida madaniy va mazhabiy qonunlar joy olgan. Bu dinda dehqonchilik ibodat sanaladi. Monaviylik: xristianlik bilan zardusht dinining qoʻshilishi natijasida paydo boʻlgan boʻlib,  bu dinning asoschisi Manikxa va Manas  (milodiy 215-276) nomi bilan mashhur boʻlgan eronlik shaxsdir. Manas Zardusht dinidan nur bilan zulmat, ezgulik bilan yomonlik eʼtiqodini olgan.  Biroq, ular abadiydir. Birinchisini Xudo yaratgan, yomonlik va zulmatning namoyandasi shaytondir. Bu ikkilik insonlarda ham mavjuddir. Insonning ikki ruhi mavjud boʻlib, ezgulik ruhidan yaxshiliklar va yaxshi sifatlar, yomonlik ruhidan esa aksi yuzaga chiqadi. Manas xristianlikdan Isoning ilohligi eʼtiqodini olgan. U insonlardagi nur va ziyoni oʻstirish uchun kelgan va insoniyatning xalos boʻlishi Iso yordamida boʻladi. Manas Iso dinini tamomlash uchun kelganini va Isoning xochga osilmaganini taʼkidlaydi. Unga koʻra oʻlimdan soʻng jismoniy tirilish yoʻqdir. Manas zohidlikni, tarkidunyochilikni tavsiya qiladi. Qotillik, zino xasislik, yolgʻon kabi feʼl – atvorlar tark qilinishini  xohlaydi. Mashhur Avliyo Avgust (Saint Augustin, 354-430) ham xristian boʻlishidan avval monaviy boʻlgan. Bu din  uchinchi asrning oxiri va toʻrtinchi asrning boshlarida Iroq, Misr, Shimoliy Afrika, Eron va Xitoy Turkistonida keng yoyilgan edi. Arablar bu dinga ergashuvchilarni “zindiq” deyishadi. (Syukiyaynen L.R. Musulmanskoye pravo. Voprosы teorii i praktiki. – M.: Izd-vo “Nauka” gl. red. vost. lit., 1986. – B. 7-31).
[3] Rim huquqining shakllanishi Rim tarixining ilk davrlarigacha borib yetadi va milodiy VI asrda Yustinian (527-565) chiqargan qonunlar bilan nihoyasiga yetgan, uzoq davom etgan jarayondan iboratdir. Yaʼni, bu taraqqiyotning 1000 yildan koʻproq tarixi mavjud. Biroq mana shu davr mobaynida bu qonunlar birdaniga chiqarilmagan, balki davomli bosqichma-bosqich inqilob va oʻzgarishlarga uchragan. Masalan, respublika va qirollik davrlaridagi huquq Yustinian huquqidan tubdan farq qiladi. Bevosita Rim huquqi va bu huquqning zamonaviy huquqlarga boʻlgan taʼsiri haqida soʻz yuritilganida asosan soʻnggi davrdagi Yustinian huquqi nazarda tutiladi. Hozirgi kunda joriy boʻlgan qonunlarning manbalari orasida Rim qonunlari ham bor. Germaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya va Turkiya kabi mamlakatlarda shaxsiy huquq qoidalarining asosiy qismini Rim qonunlari tashkil etgan (Corpus Juris Civilis (The Civil Law, the Code of Justinian), by S.P. Scott A.M. published by the Central Trust Company, Cincinnati, copyright 1932, Volume 12 [of 17]. – P. 9-12, 125).
[4] Bani Isroil huquqi manbalari jihatidan  ikki  davrga ajratiladi:
Birinchi davr. Quddus rimliklar tomonidan vayron qilingan vaqtgacha (mil. 70) boʻlgan davr. Bu davrning manbasi muqaddas kitobning bir necha boʻlimi va anʼanalaridir. U jazo huquqiga oid baʼzi hukmlar, shartnomalarga amal qilmaslikka doir baʼzi qoidalar, nikoh masalalariga oid ogohlantirish va taʼqiqlar, oilaning shakllanishi va boshqaruviga oid asosiy qoidalardan iborat boʻlgan (Bilmen Ömer Nasuhi. Hukuki İslâmiyye ve Istılahat-ı Fıkhıyye Kamusu. – İstanbul, 1985. I/226-242; Karaman Hayrettin. Mukayeseli  İslam Hukuku. – İstanbul, 1996. I/240-252).
Ikkinchi davr. Quddusning vayron qilinishi, yahudiylarning taʼqib ostiga olinishi, qolganlarining tarqalib ketishi kabi masalalar Isroil huquqining yoʻqolib ketishiga olib kelishi kutilgan boʻlsa-da, tarixda buning aksi boʻlgan. Bu voqealardan bir asr keyin Yahuda ismli boy haxam yahudiy ruhoniysi Tabariya maktablari va yahudiy ruhoniy hukumatini qayta tiklagan hamda oʻttiz yil mehnat qilib “Mishna” nomli nizomni ishlab chiqqan (Sadan J. Genizah and genizah-like practices in Islamic and Jewish traditions // Bibliotheca Orientalis. XLIII/1-2, 1986. – P. 36-58).
[5] Ushbu davrlar boʻyicha toʻliq maʼlumot olish uchun qarang: Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – T.: Toshkent islom universiteti, 2001. – B. 83-84, 142; Kister M. J. Studies in Jahiliyya and Early Islam. – London, 1980. III. – P. 179.
[6] Gryaznevich P. A. Razvitiye istoricheskogo soznaniya arabov (VI-VIII vv.) / Ocherki istorii arabskoy kulturы  V-XV vv. – Moskva, 1982. – S. 149; Muhammad Ahmad Jad Mavla Bak. Ayyam al-arab fi jahiliyya. – Qohira, 1942. – S. 43; Karaman Hayreddin. Islâm Hukuk Tarihi. – S. 20; Abdu-l-karim Zaydan. Al-Madhal li-dirosati-sh-shariʻa. – B. 18.
[7] Qarang: Karaman H. Mukayeseli Islam Hukuku. I/31-35.
[8] Islam Hukukina Giris. Cev. Prof. Sener, Prof. Dag. – Ankara, 1977. – S. 118.
[9] Rene David. Les grands systemes de droit contemporains. – Paris: Dalloz, 1964. – 630 pp.; Karaman Hayreddin. Islâm Hukuk Tarihi. – S. 22.
[10] Bu davr nihoyatda keng qamrovli boʻlganligi sababli toʻxtab oʻtirilmadi. Bu davr haqida chuqurroq va batafsil maʼlumot olish uchun qarang: Fitzgerald. Muhammadan Law. – London, 1931. – B. 4.
 محمد يوسف موسى، محاضرات في تأريخ الفقه الإسلامي، القاهرة، 1954، ص 6- 7. Sava Pasa. Islam Hukuku Nazariyati Hakkinda bir Etud. – Ankara, 1956. – I cilt. – 24. Kavakcı Yusuf Ziya. XI-XII Asirlarda Karahanlilar Devrinde Mavaraʻ al-Nahr Islam Hukukculari. – Ankara, 1976. – s. 6-8. Ucok Coskun. Turk Hukuk Tarihi dersleri. – Ankara, 1966. – s. 38. Hamidullah M., Islam Peygamberi. – Ist., 1966. – I Jild. – 65. مدكور محمد سلاّم، مدخل الفقه الاسلامى، القاهرة، 1964، ص 27
[11] Makka davri – Muhammad Paygʻambarga (sav) 610 yilda vahiy tusha boshlagan va u zot 622 yilgacha Makkada qolganlar. Mazkur 13 yilga yaqin muddat ichida Qurʼoni karimning salkam uchdan bir qismi nozil boʻlgandi. Bu vaqtda Alloh Rasulining (sav) daʼvati eng koʻp iymon va axloq sohasiga yoʻnalgandi. Umuman olganda, ibodat va huquqiy munosabatlar shu ikki asos ustiga oʻrnatiladi. Makkada fiqh hukmlari oz nozil boʻlib, asosan, islom dinining nazariy qarashlari shakllangan (qarang: Hasanov A. A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri // Tahrir hayʼati: H. Karomatov, N. Ibrohimov, Z. Husniddinov va boshq. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2001. – B. 137-161; Bolshakov O. G. Istoriya Xalifata. Islam v Aravii, 570-633. I. – Moskva, 1989. – S. 34).
[12] Madina davri – Alloh taolo Paygʻambariga (sav) izn berishi bilanoq, Yasribga hijrat etildi. Bu yerliklar uni va makkalik musulmonlarni bagʻriga bosishga hozir edilar. “Madinatun-Nabiy” nomi bilan islom daʼvati va davlatining markazi boʻldi. Shunday ekan, bu yosh davlat siyosatining endi ekilgan urugʻ kabi islom jamiyatining ijtimoiy hayotini tartibga soladigan qoidalarga ehtiyoji bor edi va shunday ham boʻldi. Bir tomondan, ibodatlar, oila va meros bilan aloqador, boshqa tarafdan, konstitutsiya, jazo, hukm usuli, muomala va davlatlararo munosabatlarga oid keraklicha qoidalar, asoslar qabul qilindi (Bu davr haqida chuqurroq va batafsil maʼlumot olish uchun qarang: Hasanov A. A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri // Tahrir hayʼati: H. Karomatov, N. Ibrohimov, Z. Husniddinov va boshq. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2001. B. 161-174; Juzjoniy Abdulhakim. Oʻrta Osiyo faqihlari. Toshkent, 2002. Zakoi Koʻnrapa. Hazrati Paygʻambarimiz va islom dini. Madina davri. Ikkinchi kitob. (tarj. Abdumurod Xolmurod oʻgʻli). – T.: Movarounnahr, 1996. – B. 208; Bolshakov O. G. Istoriya Xalifata. Islam v Aravii, 570-633. I. – Moskva, 1989. – S. 34; Fitzgerald. Muhammadan Law. – London, 1931. – 4-b;  محمد يوسف موسى، محاضرات في تأريخ الفقه الإسلامي، القاهرة، 1954، ص 6-7. Sava Pasa. Islam Hukuku Nazariyati Hakkinda bir Etud. – Ankara, 1956. – I cilt. – 24. Eş-Şatıbi, el-Muvafakat, C. III, – S. 46 vd. Kavakcı Yusuf Ziya. XI-XII Asirlarda Karahanlilar Devrinde Mavaraʻ al-Nahr Islam Hukukculari. – Ankara, 1976. – S. 6-8. Ucok Coskun. Turk Hukuk Tarihi dersleri. – Ankara, 1966. – S. 38. Hamidullah M. Islam Peygamberi. – Ist., 1966. – I Jild. – 65;  .مدكور محمد سلاّم، مدخل الفقه الاسلامى، القاهرة، 1964، ص 27 ).
[13] Qurʼoni Karim / Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur. – T.: Choʻlpon, 1992. – B. 63.
[14] Qurʼoni Karim. B. 114; Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Arabsko-russkiy slovar / Sost. X.K. Baranov – M.: Rus. yaz., 1984.
 [15]أبو زهرة، تأريخ المذاهب الإسلامية، ص 6.
 Ali Haydar. Mecelle Serhi. – Ist., 1313. – I cilt. – s.17.
[16] Bu haqda toʻliqroq maʼlumot uchun qarang: Juzjoniy A. Sh. Islom huquqshunosligi. – B. 53.
[17] Karaman Hayreddin. Islâm Hukuk Tarihi. – İstanbul: İz yayıncılık, 1999. S. 22.
[18] Karaman, Hayreddin. Islâm Hukuk Tarihi. – S. 29.
[19] Hasan Ibrohim Hasan. Tarix al-islam: as-siyasiy va-d-diniy va-s-saqofiy va-l-ijtimoiy. – Al-Qohira: Dor ihyo at-turos al-arabiy, 1964. 1-j. – B. 288; Karaman Hayreddin. Islâm Hukuk Tarihi. – İstanbul: İz yayıncılık, 1999. – S. 35.
[20] Hajaviy, oʻsha asar, I, 260-261.
 [21]محمد يوسف موسى، محاضرات…، ص 6-7؛ الجزيرى عبد الرحمن، كتاب الفقه علي المذاهب الأربعة، القاهرة، 1950، 1/19؛ Kavakcı, s. 10;
54 محمد يوسف موسى، محاضرات…، ص 37.47؛ أبو زهرة، تأريخ المذاهب الإسلامية، 11/38“؛ الخضري محمد، تأريخ التشريع الإسلامي، مصر، 1934، ص 162 – 168.
[23] Kavakcı, s. 10.
56 الجزيرى عبد الرحمن، كتاب الفقه…، 1/19. 49
الخضري محمد، تأريخ …،ص 168.
[25] U Ibn ʻAbbos, ʻOisha va Abu Hurayradan ilm tahsil olgan.
الذهبي أبو عبد الله محمد بن أحمد التركماني الفاروقي، تذكرة الحفاظ، حيدرآباد، 1333-1334، 1/90
[26] U Ibn ʻAbbos, ʻOisha va Abu Hurayraning talabasidir.
الذهبي، 1/92-93؛ الخضري،ص 168؛ محمد يوسف موسى، ص 38-39؛
(U hanafiylik mazhabi asoschisi Abu Hanifaning ustozidir). Abu Hanifa u haqda shunday deydi: “ʻAtodan (ilmda) ustun boʻlgan biror kimsani koʻrma­dim”.
(الخزرجي أحمد بن عبد الله، خلاصة تذهيب الكمال، مصر، 1322، ص225)
[27] الذهبي، 1/86؛ الخضري،ص 167؛ الخزرجي، ص 315.
[28] Kavakcı, s. 10-11.
 [29]الجزيرى، ص 19-21.
 [30] الذهبي، 1/14؛ الخضري،ص 170؛ الخزرجي، ص 229.
[31] U ʻUmar ibn al-Xattob, ʻAli ibn Abu Tolib, Ubayy ibn Kaʻb, ʻAbdulloh ibn Masʻud, Muʻoz ibn Jabal kabi sahobalardan ilm tahsil olgan. Ibrohim an-Naxaʻiy va ash-Shaʻbiylarning ustozidir.
(محمد يوسف موسى، ص 40-41؛ الخضري،ص 170؛)
[32] U ʻUmar ibn al-Xattob va ʻAli ibn Abu Tolib xalifalik davrida Koʻfaga qozilik mansabiga tayinlangan. (الذهبي، 1/17؛ الخضري،ص 171؛ الخزرجي، ص 140؛).
 [33] الذهبي، 1/71-73؛ الخضري،ص 171؛ الخزرجي، ص 116؛ محمد يوسف موسى، ص 40-41.
 [34] محمد يوسف موسى، ص 40-41؛ الذهبي، 1/71-73؛ الخضري،ص 171؛ الخزرجي، ص 156.
 [35]محمد يوسف موسى، ص 40-42؛ الذهبي، 1/109؛ الخزرجي، ص 60.
[36] Misr maktabi vakillari va ularning ilmiy faoliyati haqida toʻliqroq maʼlumot olish uchun quyidagi manbalarga murojaat qilish mumkin:
 محمد يوسف موسى، ص 42؛ الذهبي، 1/109؛ الخزرجي، ص 176؛
الخضري، ص 175-176؛ الجزيرى، ص 23-22.
 [37] محمد يوسف موسى، ص 44-43؛ الذهبي، 1/48؛ الخزرجي، ص 197.
 [38] الخضري، ص 175-176؛ محمد يوسف موسى، ص 40-42؛ الذهبي، 1/84.
 [39]محمد يوسف موسى، ص 40-42؛ الذهبي، 1/102؛ الخزرجي، ص 331؛ الخضري، ص 175.
Muzaffar KOMILOV,
Tarix fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …