Home / MAQOLALAR / “MATLAUS SAʼDAYN VA MAJMAUL BAHRAYN” NING QOʻLYOZMASI

“MATLAUS SAʼDAYN VA MAJMAUL BAHRAYN” NING QOʻLYOZMASI

Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Isʼhoq Samarqandiy 816/1413 yili Hirot shahrida tugʻilgan va 887/1482 yil shu yerda vafot etgan. Dastlabki taʼlimni otasi va Hirot madrasalaridagi mudarrislardan olgan. Shuningdek, oʻz davrining yetuk olimlaridan boʻlgan akalari Abdugʻaffor, Abduqahhor va Abduvahhobdan tafsir, hadis, fiqh, tarix va til-adabiyot fanlari boʻyicha saboq olgan. Allomaning Jamoliddin va Sharofiddin ismli akalari ham boʻlib, ulardan biri yetuk arabshunos, ikkinchisi esa adib va kimyogar boʻlgan.

Abdurazzoq Samarqandiy “Sahihayn” asarini yod olib, oʻz davrining mashhur faqih va muhaddis allomasi Muhammad Jazariydan hadis rivoyat qilish uchun ijoza olgan. Azuddin Ijiyning “Risolatul Azuddiya” asariga sharh yozgan va asar muqaddimasida Shohruh Mirzoni madh etgan. Ushbu sharhni 1438 yili hukmdorga taqdim qilganidan keyin uning marhamatiga sazovor boʻlib, saroyda doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan. Allomaning otasi Jaloliddin Isʼhoq asli samarqandlik boʻlib, Shohruh Mirzo saroyida bosh imom va qozi lavozimlarida ishlagani bois Abdurazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish boʻlgan. Otasining vafotidan soʻng 1437-1438 yillari temuriylar saroyida munshiy lavozimida avval Shohruh Mirzo (1377-1447),  keyin Abulqosim Mirzo (1452-1457) va Sulton Abu Said (1451-1469) ning xizmatida boʻlgan[1].

Abdurazzoq Samarqandiy diplomat sifatida ham muhim shaxs hisoblangan. “Matlaus saʼdayn va majmaul bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qoʻshilishi”) allomaning eng mashhur asari boʻlib, 1467-1469 yillarda yozilgan. U XIV-XV asrlardagi Eron, Markaziy Osiyo tarixi, temuriylar davri, temuriyzodalarning tashqi siyosatdagi oʻrni va faoliyati haqida noyob maʼlumotlar keltirilgan manba hisoblanadi. Oʻzbekiston, Fransiya, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, AQSH va Germaniya kutubxona fondlarida ushbu asarning turli yillarda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalari saqlanib kelmoqda.

Bugungi kunda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida “Matlaus saʼdayn va majmaul bahrayn” asarining toshbosma va elektron nusxalari mavjuddir. Qoʻlyozmaning asl nusxasi Turkiyaning Asad Afandi kutubxonasida №2098 raqam ostida saqlanadi. Ushbu nusxa haqida batafsilroq toʻxtalamiz.

  1. Muallif:Abdurazzoq Samarqandiy.
  2. Xattot: Abduqul Inom Habibulloh ibn Ali ibn Hisom.
  3. Koʻchirilgan sanasi: 970/1562 yil.
  4. Tili: forsiy.
  5. Hajmi: 286 v.
  6. Qogʻozi: sharq.
  7. Varaq oʻlchami30×15 mm.
  8. Xat turi: nastaʼliq.
  9. Siyoh turi:  bob va fasllar, qizil, matn qora siyohda yozilgan.
  10. Asarning boshlanishi:

حسن مطلع النوار اخبار در افتتاح مقال و لطف مظهر اثار اخبار در ايضاخ مبد…

  1. Asarning oxiri: 

حواصل پوشاینده و از میان حوض و جوی کان یشم بدید آمده ازکردش غدیرو ….

 

  1. Kolofon:

و ذلك صبح يوم الخميس منتصف جمادي الاخرى سنة احدى و سبعين و ثمانماية حرره مؤلفه الفقير الي الملك الخلاق الهادي عبد الرزاق بن اسحق السمرقندي تاب الله عليه توبة نصوحا

نقلت من خط مؤلفه فى تاريخ شهر رابع الثاني سنة سبعين و تسعماية وانا العبداقل الانام حبيب الله ابن علي ابن حسام غفر الله زنوبهم و سترعيوبهم .

  1. Poygir: mavjud.

 

Izoh: Asar nastaʼliq xatida, fors tilida boʻlib, nasriy usulda yozilgan. Matn tilla va koʻk rangli ramka  ichiga olingan. Hoshiyasida toʻldirmalar boʻlib, sana, oyat, hikoya, bob, fasllar qizil siyohda berilgan. Qoʻlyozmaning 1b-6varaqlarda muqaddima hamd, salovat, qadimiy qissalar va xattot Abduqul Inom Habibulloh ibn Ali ibn Hisomning Abdurazzoq Samarqandiy hayoti, iqtidori va oldin oʻtgan tarixchilarning ishlariga taʼrifi bilan keltirilgan[2]. Voqealar rivoji 6varaqdan boshlanib, Amir Temur faoliyati, vafotidan to 285varaqda Halil Sultonning Samarqand taxtiga oʻtqazilganigacha boʻlgan katta davrni oʻz ichiga olgan.

Asardan Chingizxon naslidan boʻlgan Eron hukmdori Xudobanda Muhammad Oʻljoytuxon Sulton va oʻgʻli Sulton Abu Said Bahodurxon (1316-1335y.) nasl-nasabi, hayoti, tarixi ham joy olgan[3].

16varaqda 726/1325 yili Amir Choʻpon noʻyon va oʻgʻli Jilovxon katta qoʻshini  bilan Sulton Abu Said Bahodurxonga qarshi qoʻshin yurish qilgani, asir tushib qatl etilgani, 16varaqda Xoja Tojiddin Alishoh jumodul oxir oyida 724/1324 yili vafot etgani va Tabrizning jomeʼ masjid hovlisiga dafn etilgani bayon etilgan[4].

81varaqda Amir Temurning siyosiy maydonga kirib kelishi va Tugʻluq Temurning buyrugʻi bilan Kesh amiri etib tayinlanishi hikoya qilinadi.

84a-86b varaqlarda Sarbadorlarning Samarqanddagi hukmronligi va u davlatning qulashi voqealariga bagʻishlangan[5]. Amir Temurning siyosiy jarayonlardagi oʻrni va “Samarqand amiri” deb eʼlon qilingani bayon etilgan.

   

119varaqda Jahongir Mirzoning vafoti keltirilgan.

134a-b  varaqda Amir Temurning Seyistonga borgani va uni zabt etgani hamda Malik Qutbiddinning asir olingani, Amir Hoji Sayfiddin Sohibqiron yuborgan qoʻshin bilan Qandahorning ishgʻol qilgani hikoya qilingan.

Shuningdek, asarda Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Janubiy Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixi, geografiyasiga oid maʼlumotlar keltirilgan.[6]  Kitob 1405 yil 18 fevral kuni Amir Temur vafot etgani, nabirasi Halil Sultonning Samarqand taxtiga oʻtirgani bilan bogʻliq voqealar va temuriy shahzodalar oʻrtasidagi taxt uchun kurashlari tafsilotlari bilan tugallangan[7].

      

Abdurazzoq Samarqandiy 1316-1427 yillar tarixini bayon qilishda voqealarni sinchkovlik bilan tahlil qilib, aniq sanalarni keltirgan. U saroy hujjatlari, Hofiz Abruning “Majmuatut tavorix Boysungʻuriy”, Muiniddin Yazdiyning “Tarixi Ali Muzaffar” va boshqa tarixiy asarlardan foydalangan boʻlib, buni matnlar orasida ayrim belgilar bilan ifodalagan. Tarixiy voqea-hodisalarni keltirganda, boshqa asar matnlari orasiga ikki xil [چث، نطم ] belgi qoʻygan. Kitobda tarixiy voqealardan tashqari, qator faqih, muhaddis, shoir, musiqachi, qoʻmondon, qozi va imomlar haqida ham maʼlumotlar keltirgan.

Sharqshunos, manbashunos olima D.Yusupova Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asari va “Matlaus saʼdayn va majmaul bahrayn” kitobini qiyoslaganda keltirilgan maʼlumotlar ayni bir xil boʻlsa-da, ammo sanalarda farqlarni kuzatish mumkin. Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, “Matlaus saʼdayn va majmaul bahrayn” asari nafaqat temuriylar, balki Eron bilan Movarounnahrning 42 yillik davrdagi tarixi, geografiyasini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Turkiya Diyonat vaqfining “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida https://islamansiklopedisi.org.tr/abdurrezzak-es-semerkandi
  2. Asad Afandi kutubxonasi №2098 1b-6b vv.
  3. Oʻsha asar 6a v.
  4. Oʻsha asar 16b-16a vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-50-51
  5. Oʻsha asar 84a-86b vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-112
  6. Oʻsha asar 134 a-b vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-140
  7. Oʻsha asar 283a v.
[1] Turkiya Diyonat vaqfining “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida https://islamansiklopedisi.org.tr/abdurrezzak-es-semerkandi
[2] Asad Afandi kutubxonasi №2098 1b-6b vv.
[3] Asad Afandi kutubxonasi №2098 6a v.
[4] Asad Afandi kutubxonasi №2098 16b-16a vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-50-51
[5] Asad Afandi kutubxonasi №2098 84a-86b vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-112
[6] Asad Afandi kutubxonasi №2098 134 a-b vv., D.Yusupova “Mujmali Fasihiy” T.: 2018. B-140
[7] Asad Afandi kutubxonasi №2098 283a v.
Iroda DAURBЕKOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Aziza MANNONOVA,
SDCHTI 2-kurs talabasi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …