Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni: qadim aloqalar va mushtarak qadriyatlar

Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni: qadim aloqalar va mushtarak qadriyatlar

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hamda Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar oʻzaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Aslida ham, Oʻzbekiston va Saudiya xalqlari oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqaladi.

Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Xoja Muhammad Porso kabi allomalarimizning ilmiy faoliyatida ikki muqaddas shahar – Makka va Madinaning oʻrni beqiyos. Mahmud Zamaxshariyga boshqa biror kishiga nasib etmagan “Jorulloh” – “Allohning qoʻshnisi” degan ulugʻ nom berilgani fikrimizni toʻla quvvatlaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, samarqandlik yetuk olim Shayx Ali Samarqandiy (1320-1442) oʻn toʻrt yil Makkada imomlik qilgan.

Shuningdek, 1979 yilda Kaʼbatullohning oltin eshigidagi yozuv va bezaklarni vatandoshimiz Abdurahim Amin Buxoriy (1917-1993) “suls” xatida yozib bergani ham haqiqat. Amin Buxoriy Qoʻqon xonligi hududida tavallud topgan boʻlib, 1920-yillar boshlarida oilasi bilan Saudiya Arabistoniga koʻchib borgan. 1960-yillarda Saudiya Arabistonining eng mashhur xattoti sifatida shuhrat qozongan.

Maʼlumki, oʻtgan asrlarda muqaddas shaharlari ziyoratiga borgan ajdodlarimizda hajnoma yoki haj safari xotiralari yozishdek goʻzal anʼana boʻlgan. Mazkur turdagi asarlar sirasiga Hoji Abdurahmon Samarqandiyning “ar-Risolatul muboraka tabyinu ahvoli Makkatil muazzama val Madinatil munavvara” (“Makkayi muazzama va Madinayi munavvaraning bayoni haqida muborak asar”, Mirzo Olim Maxdum ibn Domullo Mirzo Rahim Toshkandiy (vaf. XX asr boshi) tomonidan yozilgan “Dar bayoni rohi haj” (“Haj yoʻllari bayoni”), Muhammad Solih Oxund Toshkandiyning “Hajnoma”, Sulaymonxoʻja Ulugʻxoʻja oʻgʻli Nodimning “Hajnomai Nodim”, Qori Rahmatulloh Vozehning “Gʻaroyibul xabar fi ajoyibis safar” (“Ajoyib safardagi gʻaroyib xabarlar”), Xolmuhammad oʻgʻli Furqatning “Haj safari xotiralari”, Isʼhoqxon toʻra Ibratning “Haj safari xotiralari”, Mahmudxoʻja Behbudiyning “Sayohat xotiralari” kabi asarlarda Makka, Madina va Jidda kabi shaharlarning iqlimi, tabiati, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga doir qimmatli tarixiy maʼlumotlar keltirib oʻtilgan.

Joriy yilning 17-18 avgust kunlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashriflari doirasida Madinai munavvarada Paygʻambarimiz alayhissalomning siyratlari va islom tamadduni muzeyi bilan tanishish asnosida yurtimizda ulugʻ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini taʼkidlab, Saudiya olimlarini Oʻzbekistonga kelib, bu borada ilmiy hamkorlikka daʼvat qilishlari zamirida tarixiy ulugʻ maqsad yotibdi. Zero, bugun ham muqaddas masjidarda har kuni “Ustozud dunyo” (olam ustozi) Imom Buxoriy, “buyuk muhaddislar ustozi” Abdulhamid Keshiy, buyuk oltilikdan biri Imom Termiziy rivoyat qilgan hadislar aytiladi. Bu ulugʻ zotlarning nomlari zikr qilinadi.

Oʻrni kelganda aytish lozimki, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojida Haj va Umra safarlarining ahamiyati alohida. Xususan, oʻtgan asrlarda Turkiston musulmonlari Makka va Madinaga asosan quyidagi uch yoʻl orqali safar qilishgan: Birinchi yoʻnalish – Eron va Iroq orqali oʻtuvchi yoʻl. Ikkinchi yoʻnalish – Afgʻoniston, Hindiston va Hind okeani yoʻli. Uchinchi yoʻnalish – Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Qora dengiz, Oʻrta yer dengizi, Misr va Qizil dengizi yoʻli.

Turkistondan Makka va Madinaga olib boruvchi ushbu yoʻllar asrlar davomida xalqimizning Arabiston bilan ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy va ilmiy aloqalarida muhim rol oʻynab keldi.

Islom olamida azaldan yurtimiz musulmonlariga nisbatan oʻziga xos va mos hurmat shakllangan. Maʼlumotlarda keltirilishicha, XX asr boshlariga qadar Makka va Madina shaharlarida turli homiylar hamda mahalliy hukmdorlar tomonidan Turkistondan borgan ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish, ularning haj ibodatini ado qilish davomida qolishlariga moʻljallangan 27 ta vaqf takyalari, yaʼni oʻziga xos musofirxonalar faoliyat yuritgan. Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun “Oʻzbek”, “Buxoro”, “Naqshbandiy”, “Margʻinoniy”, “Buxoriy”, “Samarqandiy”, “Toshkandiy”, “Andijoniy”, “Xoʻqandiy” va “Namangoniy” kabi nomlar bilan takyalar tashkil etilgan. Ular oʻzbek xalqining milliy madaniyati, urf-odatlariga mos ravishda qurilgan va taʼmirlangan. Ularda musofirlar uchun oʻzbek milliy taomlari tortilgan hamda Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab kabi oʻzbek adabiyoti vakillarining sheʼrlari oʻqilib, gʻazalxonliklar tashkil qilingan. Shu jihatdan, ushbu takyalarni oʻziga xos oʻzbek milliy madaniy maskanlari ham deyish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga qilgan safarlariga doir lavhalarni kuzatar ekanmiz xalqaro tashkilotlar va hukumat vakillarining chuqur ehtiromi hamda eʼtirofidan asriy anʼana va aloqalarning bugungi rivojining guvohi boʻlamiz. Mana shunday yaqinlik va mustahkam tarixiy aloqalar bilan Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni hamkorligi bundan buyon ham har ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida, chuqurlashib borishining eng ishonchli garovidir!

Muzaffarxon JONIYEV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi boʻlim boshligʻi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Manba: oliymahad.uz

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …