Home / YANGILIKLAR / IMOM BUXORIY MAJMUASI MAʼNAVIYAT VA ILM MASKANI BOʻLADI

IMOM BUXORIY MAJMUASI MAʼNAVIYAT VA ILM MASKANI BOʻLADI

Davlatimiz rahbari 23-24 avgust kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida har galgidek Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, muhaddislar sultonining qabrini ziyorat qildi.

Ayni paytda bu qutlugʻ ziyoratgoh Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu jarayonlar bilan tanishib, “Bu loyihani koʻp muhokama qildik, qayta-qayta kelib koʻrdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit boʻlishi zarur”, dedi.

Shavkat Mirziyoyev majmua yonida Imom Buxoriy hayotini koʻrsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi. Unda buyuk muhaddisning hayoti, ilm yoʻli, oʻsha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali koʻrsatiladi. Bu muzey xalqimizga yana bir maʼnaviy xazina boʻladi.

Prezidentimiz ushbu joy faqat bino va inshootlardan iborat maskan boʻlib qolmasdan, insonlarning qalbini zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻlni topishlarida xizmat qiluvchi ilmiy dargoh, ilm oʻchogʻi boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Chunki bu joyda goʻzal inshootlardan tashqari maʼnaviyat, ilmu irfon tarannum etib turiladi.

Uning har bir goʻshasida oʻziga xos maʼno boʻladi. Imom Buxoriy hazratlarining ravzalariga boraverishda 74 ta ustun orasida muhaddis bobomizning “Sahihi Buxoriy”, “Adabul mufrad” asarlarida keltirilgan dinu diyonat, odob-axloq, maʼnaviyat, odamiylikka doir hadislar oʻzbek, arab va ingliz tillarida yozib qoʻyiladi. Ziyoratchilar ushbu bitiklarni oʻqib, maʼnaviy ozuqa oladilar, hayot mazmuni va mohiyatini anglaydilar.

Majmua yonidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari, oliy hadis maktabi tinglovchilari oʻzlarining amaliy mashgʻulotlarini ushbu qutlugʻ maskanda olib borishlari rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari, majmua kelgusida bu yerda qorilar tomonidan kechayu kunduz, uzluksiz ravishda Qurʼoni karim oyatlari tilovat qilib turilishi, Imom Buxoriy hazratlarining asarlaridan joy olgan 7000 dan ziyod sahih hadislar bu joyda mutolaa va tarjima qilinishi, bu jarayonni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatib turadigan media-studiya tashkil etilishi taʼkidlandi.

Rejalar ulkan, inshoAlloh ular amalga oshadi. Bu ezgu niyatlar, ulugʻvor ishlar Imom Buxoriy hazratlarining bundan oʻn ikki asr muqaddam dinimiz va ilm-maʼrifat rivojiga qoʻshgan beqiyos xizmati uchun buyuk olimga chuqur hurmat-eʼtiborning ramzidir.

Zayniddin ESHONQULOV,
Oʻzbekiston musulmonlar idorasi vakili,
viloyat bosh imom-xatibi
“Zarafshon” gazetasi 2022 yil 30 avgust, 100-son

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …