Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ RASMIY HAMKORLARI SONI YANA BITTAGA ORTDI

MARKAZ RASMIY HAMKORLARI SONI YANA BITTAGA ORTDI

Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Markaz hamda Turkiyadagi yetakchi universitetlarning TOP-20 talik roʻyxatidan oʻrin olgan Pamukkale universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Pamukkale universiteti rektori, doktor Ahmad Qutlixon rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari, Marmara va Pamukkale universitetlari dotsenti, “Samarqand tarixi” kitobi muallifi, doktor Osman Aydinli, Markaz rahbari, tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodov, Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev, boʻlimlar boshliqlari, axborot xizmati vakillari va ilmiy xodimlar ishtirok etdi.

Ikki yuqori salohiyatli ilmiy muassasa oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va mazkur yoʻnalishda oʻzaro manfaatli muzokaralar olib borish istagi Markaz direktori Sh.Ziyodovning 2021 yil noyabr oyida ushbu universitetga qilgan tashrifi mobaynida bildirilgan hamda bu borada muayyan kelishuvlarga erishilgan edi .

Markaz rahbari oʻtgan davr davomida muzokaralar ekspertlar darajasida davom ettirilgani hamda hamkorlikka oid muhim yoʻnalishlar belgilab olinganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Pamukkale universiteti rektori, doktor Ahmad Qutlixon esa ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganishda hamfikr faoliyatga boʻlgan zarurat nuqtai-nazaridan oʻrnatilayotgan hamkorlik aloqalari oʻzining barcha yoʻnalishlari boʻyicha samarali natijalar koʻrsatib, allomalar asarlarining tub mohiyatini ochish va oʻrganilmagan jihatlarini chuqur tadqiq qilishda keng imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildirdi.

Marosim doirasidagi qizgʻin muloqotdan soʻng, oʻzaro hamkorlikka oid ikki tomonlama Anglashuv memorandumi imzolandi. Unga koʻra Markaz hamda universitetning Islom ilmlari instituti oʻrtasida keyingi besh yil davomida xodimlarni taʼlimning keyingi bosqichida oʻqishlarini tashkil etish, tarjimonlik markazlarini ochish hamda tanlangan asarlarni oʻzbek va turk tillariga tarjima qilish ishlarini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda turli darajadagi ilmiy anjumanlar oʻtkazish, madaniy-maʼrifiy ziyoratlar uyushtirish, onlayn dars va oʻquvlarni joriy etish va shu kabi koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlik qilinadi.

Marosim yakunida mehmonlarga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar va esdalik sovgʻalar taqdim etildi.

     

Oʻz navbatida delegatsiya tomonidan Markaz rahbariyatiga suvenirlar ulashildi hamda kutubxona fondi uchun Imom Saraxsiyning professor Mustafo Jevad Akshit muharrirligida turk tiliga tarjima qilingan va istanbulning “Gumushev” nashriyotida “Gaye Vaqfı” tomonidan nashr etilgan 30 tomlik “Mabsut” asari hadya qilindi.

Tashrif nihoyasida mehmonlar Markaz muzeyi bilan tanishdilar.

   

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimlari – “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi”da

Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida joylashgan Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI …