Home / FOTO LAVHALAR / TADQIQOTCHILARIMIZ TURKIYADAGI MALAKA OSHIRISH DASTURINI YAKUNLASHDI

TADQIQOTCHILARIMIZ TURKIYADAGI MALAKA OSHIRISH DASTURINI YAKUNLASHDI

Anqaradagi Islom tafakkuri institutida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tadqiqotchilari uchun joriy etilgan malaka oshirish kurslari nihoyasiga yetdi.

Ushbu kurslar doirasida tashkil qilingan oʻquv jarayonlarida ilmiy xodimlar fiqh, aqida, hadis, tasavvuf, ilohiyot kabi sohalarda yetakchi boʻlgan olimlar maʼruzalarini tinglashdi.

Ayniqsa Din ishlari oliy kengashi rahbari, doktor Ekrem Kelesh, Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professorlari Bunyamin Erul, Soʻnmaz Qutlu, Shaʼbon Ali Duzgun, Hakki Unal, Oʻgʻizgʻon Tan, Boyazid Yildirim universiteti professori Ahmad Yildirim, Istanbul universiteti Ilohiyot fakulteti professori, doktor Murtazo Bedir maʼruzalari tinglovchilarda katta taassurot uygʻotdi.

Kuni kecha malaka oshirish dasturining yakunlangani munosabati bilan Islom tafakkuri institutida tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy qismida tadqiqotchilarga Mehmet Goʻrmez, Benyamin Oʻrul va Ekrem Kelesh tomonidan tegishli sertifikatlar topshirildi.

Tadbirda kurs bitiruvchilarining barchasi singari Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev ham soʻzga chiqib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi hamda oʻquv jarayonlari davomida olingan bilimlar har bir ishtirokchining ilmiy salohiyatini oshirishga munosib xizmat qilganini, bu esa mazkur oʻquvlarni davom ettirish istagini paydo qilganini alohida taʼkidladi va nutqining yakunida institut rahbariyatiga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar toʻplamini hadya qildi.

Institut rahbari, professor, Dr. Mehmet Goʻrmez esa oʻz navbatida oʻzbekistonlik ilmiy tadqiqotchilar uchun institut professor-oʻqituvchilari ishtirokida haftada bir marotaba onlayn oʻquvlar oʻtkazish taklifini bildirdi. Taklif bir ovozdan maʼqullandi.

Soʻnggi 3 hafta mobaynida ilmiy markazlar xodimlari Islom tafakkuri institutining malaka oshirish dasturida ishtirok etib, sohasining yetuk mutaxassislari tomonidan jahon andozalari asosida turk va arab tillarida olib borilgan oʻquv jarayonlarida qatnashdilar. Darslardan boʻsh vaqtlarda esa mamlakatning nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda yirik maʼrifat maskanlarida boʻlib, tajriba orttirishdi. Bundan tashqari tinglovchilar uchun qiziqarli tashriflar, ekskursiyalar, ziyoratlar, madaniy-maʼrifiy uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi.

Malaka oshirish oʻquv kurslari pirovardida mamlakatlar oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …