Home / YANGILIKLAR / HAM ULUGʻ BOBOMIZGA EHTIROM, HAM ILMGA RAGʻBAT

HAM ULUGʻ BOBOMIZGA EHTIROM, HAM ILMGA RAGʻBAT

Ulugʻ olim Imom Qastaloniy bunday degan: “Imom Buxoriy asarlari quyosh yetgan joygacha yetib bordi. Dunyoning hamma yerini egalladi. Uning fazlini hech kim inkor qilolmaydi. Asarlarining eng ulugʻi — “Jomius sahih”dir”.

Darhaqiqat, butun islom olami oʻn ikki asrdan ziyod vaqt davomida “Sahihul Buxoriy”ni Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba sifatida eʼtirof etib, buyuk muhaddis bobomizni eʼzozlab keladi.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning 15 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga imzo chekkani xalqimiz qalbiga alohida surur va mamnuniyat baxsh etdi. Yurtimizda, garchi maqbarasi atrofi obodonlashtirilib, nomidagi majmuada ulkan rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan boʻlsa-da, ushbu buyuk zot nomi bilan ataluvchi, yosh avlodni ilmga ragʻbatlantirishga xizmat qiluvchi davlat mukofoti shu paytgacha taʼsis etilmagandi.

Bugun mamlakatimizda koʻplab Qurʼon hofizlari, hadis ilmi bilimdonlari, faqihlar yetishib chiqmoqda. Xoʻsh, ularning xalq va davlat oldidagi xizmatlari, ilm-fan rivojiga qoʻshayotgan hissasi nima bilan taqdirlanishi mumkin edi?! Endi biz, islom ilmlarini taraqqiy ettirayotgan, turli oqimlarga qarshi munosib raddiyalar berayotgan, gʻoyaviy buzgʻunchilarni roʻyirost fosh etayotgan, islom maʼrifati orqali odamlarning maʼnaviy dunyosini boyitayotgan, mana shunday xizmatlari bilan ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga ulush qoʻshayotgan olimu ulamo, davlat va jamoat arboblarini tom maʼnoda munosib mukofot bilan taqdirlay oladigan boʻldik.

Yangi Qonunga muvofiq, ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish, xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar xodimlari, diplomatlar, shuningdek, chet ellik atoqli arbob va olimlar ham “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ragʻbatlantiriladi. Natijada oʻzaro hamkorligimiz yanada yuksaladi.

Ushbu davlat mukofoti mamlakatimizda buyuk muhaddis bobomiz xotirasini ulugʻlash, bebaho ilmiy merosini keng oʻrganish va hayotga tatbiq etish, ilm-fanni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu orqali ulugʻ ajdodimiz pok ruhi oldida yuzimiz yanada yorugʻ boʻladi.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 21 avgust, №181(8243)

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …