Home / FOTO LAVHALAR / MALAKA OSHIRISH DASTURI DOIRASIDAGI QIZIQARLI TASHRIFLAR

MALAKA OSHIRISH DASTURI DOIRASIDAGI QIZIQARLI TASHRIFLAR

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining Turkiya Respublikasida malaka oshirayotgan ilmiy xodimlari oʻquv dasturidagi darslardan tashqari vaqtda mamlakatning nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda yirik maʼrifat maskanlarida ham tajriba orttirishmoqda. Jumladan, tadqiqotchilar Anqara Yildirim Boyazid universitetining Islom bilimlari va ilohiyot fakultetida boʻlishib, oliygohning boy kutubxonasi, qoʻlyozmalar, restavratsiya, noyob kolleksiyalar boʻlimlari faoliyati, taʼlim jarayonlari hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

      

Ilmiy xodimlar Turkiyadagi eng yirik – Millat kutubxonasiga ham tashrif buyurishdi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur kutubxonaning 2020 yil fevralda boʻlib oʻtgan ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan.

   

Jami 4 million bosma nashrlarga ega 11 qavatli kutubxona bir vaqtning oʻzida besh yarim ming nafar kitobxonga xizmat koʻrsatadi. Kitob jamgʻarmasida 100 dan ortiq davlatlardan keltirilgan 134 tildagi kitoblar jamlangan. Ular orasida Prezidentimiz tomonidan sovgʻa qilingan adabiyotlar hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan “Oʻrta asr sharq allomalari ensiklopediyasi” ham bor. Ushbu kitoblar Oʻzbekistondan keltirilgan diniy va dunyoviy adabiyotlar bilan birgalikda maxsus tashkil qilingan “Oʻzbekiston burchagi”da saqlanmoqda.

Tadqiqotchilarimiz kutubxona zallari, qoʻlyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish boʻlimlari faoliyatini yaqindan oʻrganib, qoʻlyozmalarga ishlov berish borasida tajriba almashdilar.

      

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …