Home / MAQOLALAR / SAMARQANDNING QORAXONIYLAR DAVRI JOMEʼ MASJIDI

SAMARQANDNING QORAXONIYLAR DAVRI JOMEʼ MASJIDI

Oʻrta Osiyoda islom dinining yoyilishi maʼnaviy hayotdan tashqari meʼmorchilikka ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. VIII asrning boshida Samarqandni arab xalifaligining qoʻshini zabt etgach, bu yerda ham islom dinining tarqalishiga zamin yaratiladi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, yangi din va mafkura nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy hayotga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Xususan, bu moddiy madaniyatda, ayniqsa, meʼmorchilikda yaqqol namoyon boʻladi. Ilk islom davrida shahar tushunchasi jomeʼ masjidining bor yoki yoʻqligi bilan belgilangan [8:208]. Oddiy qilib aytganda masjidlar Oʻrta Osiyo meʼmoriy landshaftining odatiy va muhim qismiga aylanadi [13:68]. VIII-IX asrlarda masjidlar qurilishi islom meʼmorchiligining ajralmas qismi boʻlib qoladi. Oʻrta Osiyoda islom diniga xos inshootlar Somoniylar davridan boshlab keng koʻlamda barpo etila boshlandi. Bu davrda islom dini Movarounnahr xalqining maʼnaviy va maʼrifiy hayotining ajralmas qismiga aylanadi. Endilikda shahar maqomini olmagan qishloqlarda ham jomeʼ masjidini qurish anʼanaga aylanadi.

Rivojlangan Oʻrta asrda yozma manbalardan yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, Somoniylar va Qoraxoniylar davrida Samarqand shahri va uning atrofida 15 ta, jumladan, Abul Abbos al-Qoid, Abul Qosim, al-Bakriyin, Bilol ibn Ismoil al-Muqriy, ad-Dahhok ibn Muzohim al-Hiloliy, Jomeʼ, al-Manara, Iz, Nahr al-Qassarin mahallasidagi masjid, Abbos koʻchasidagi masjid, Abu Abd ar-Rahmon koʻchasidagi masjid, Muqotil koʻchasidagi masjid, as-Sogʻa, al-Fuudayl ibn Iyad, Shoxuvayx kabi masjidlar mavjud boʻlgan [9:57-58].

Samarqandning “Jomeʼ” masjidi Qoraxoniylar davrida ham Afrosiyobning qadimgi qismi hisoblangan akropolda, yaʼni qalʼadan gʻarbda joylashgan. Maʼlumotlarga koʻra Gʻarbiy Qoraxoniylar davlatining asoschisi Ibrohim Tamgʻochxon masjidni yangidan qurdirgan. Bu masjid 1212 yilda Qoraxoniylar sulolasining oxirgi hukmdori Usmonning Muhammad Xorazmshohga qarshi koʻtargan isyoni davrida vayronaga aylangan. Muhammad Xorazmshohning buyrugʻiga binoan yarim vayrona holatiga kelib qolgan masjid qaytadan quriladi. Lekin koʻp oʻtmay Chingizxonning Samarqandni istilo qilishi davrida masjid tamomila vayron etilgan va boshqa tiklanmagan [6:77-99].

Qoraxoniylar davri masjidlarining eng ajoyib namunalaridan biri aynan Samarqandda barpo etilgan (1-rasm). XII asr muallifi Abu Hafsa as-Samarqandiy shunday maʼlumotlarni qoldirgan: “Samarqanddagi jomeʼ masjidi oʻrnida qadimda maʼjusiylar ibodatxonasi boʻlgan, Usmonning xalifaligi davrida Samarqand istilo qilingach bu yerdagi sanamlar vayron qilinib, ibodatxona “Jomeʼ” masjidiga aylantirilgan” [9:57]. Bu masjidda ilk arxeologik qazishmalarni XIX asrning oxiri va XX asrning boshida N.I.Veselovskiy, V.V.Bartold va V.L.Vyatkin olib borgan. Bu arxeologik izlanishlar natijasida masjid X asrdan XIII asrning boshiga qadar faoliyat koʻrsatgani maʼlum boʻldi. Uning dastlabki oʻlchami 79,6×89 m. boʻlib, deyarli kvadrat shaklida boʻlgan. Qoraxoniylar davriga kelib bu “Jomeʼ” masjidi qayta tiklangan. Endilikda uning oʻlchami 79,6×119,1 m.ga kengaytirilgan. Qoraxoniylar davlatining xoqoni Ibrohim Tamgʻachxon davrida masjid devorlari ganchkorlik panellari bilan bezatiladi va yogʻoch ustunli galereya-ayvon qoʻshiladi. Bu masjidni keyinchalik Muhammad Horazmshoh 1212-1214 yillarda yanada kengaytirgan. Natijada masjidning uzunligi 137 m. ga yetgan [10:273].

1969-1974 yillarda “Jomeʼ” masjidining tarixi va meʼmorchiligini yoritib beruvchi muhim materiallar qoʻlga kiritilgan. Xususan, M. Saadiyev 1971-1974 yillarda bu yerda olib borilgan qazish ishlarida dastlab 7×7 kv m.li xonani ochadi. Bu xona sharq tomondan mehrobning devoriga tutashib ketgan. Xona devorlarining kengligi 45-60 sm atrofida boʻlib, ichki tomoni ganch qilingan. Ganchda yashil, jigarrang va atirgul tusli naqshlarning izi saqlanib qolgan. Xonaning poli yon tomoni bilan qoʻyilgan pishiq gʻishtlar (gʻishtning oʻlchamlari 32x32x4, 29x16x4, 30x16x4,5) yordamida qoplab chiqilgan. Bu xonaning shimolida va janubiy tomonida kirish eshiklari bor. Xona polini tozalash jarayonida sirti silliqlangan kichik oʻlchamli pishiq gʻishtlar va geometrik ornament berilgan oʻyma terrakotali plita siniqlari aniqlandi. Bu yerda joylashgan kvadrat bino Qoraxoniylarning maqbarasi boʻlishi mumkin deb taxmin qilinadi [12:92-102]. Chunki bu yerda uchta sahna ham aniqlangan. Arxeolog V.L. Vyatkin 1929 yilda “Jomeʼ” masjidi hududining shimoli-gʻarbiy qismida arxeologik qazishma olib borishi jarayonida geometrik, oʻsimliksimon va epigrafik xarakterga ega relyefli naqshlar bilan qoplangan oʻndan ortiq butun va siniq terrakotali plitalarni aniqlagan. Biroq u masjidning kirish qismidagi bezaklari deb, notoʻgʻri taxmin qilingan. Bu plitalar M.Ye.Massonning epigrafik izlanishlaridan keyin, Qoraxoniy xoqonlardan Ibrohim ibn Husaynning (1180-1198 yy) maqbarasiniki ekani maʼlum boʻldi [12:98].

Masjid va maqbaraga yaqin joyda, yaʼni majmuadan 30 m. gʻarbda qabriston ham joylashgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida masjiddan shimoli-sharq tomonda X asrda bir qator maqbaralarni ham oʻz ichiga olgan diniy-memorial majmua shakllana boshlagani maʼlum boʻldi. Masjidning polida yon tomoni bilan yotqizib chiqilgan pishgan gʻishtlardan iborat ustunning asoslari topilgan. Gʻishtlar ganchli suvoq yordamida qalab chiqilgan. Masjidning shifti va ayvonini koʻtarib turuvchi ustunlar ham pishgan gʻishtlar yordamida koʻtarilgan. Gʻishtli ustunlar Oʻrta Osiyoning masjidlariga xos boʻlib, X-XII asrlardagi Eron masjidlarida ham uchraydi. Xazara va Termizdagi Chorustun masjidlarida shunday ustunlar mavjud boʻlgan.

S.Xmelniskiy masjidning qurilgan vaqtini bu davr diniy inshootlarining meʼmoriy parallellari asosida somoniylar davriga qadar qadimiylashtirdi. IX-X asrlarda xalifalikda Kufadagidek ustunli-saroy tipidagi masjidlar keng tarqalgan boʻlib, Samarqand “Jomeʼ” masjidi ularga juda oʻxshash. Samarqanddagi bu qadimiy masjidning shimol va janub tomoniga pishiq gʻishtli ustunlardan iborat ayvon biriktirilgan. Ayvon esa bozorga qaratilgan. Shu tariqa bunday yirik inshootlarni shaharning savdo-hunarmandchilik qismiga yaqin qilib qurish anʼanasi vujudga keladi [13:65-66].

Qoraxoniylar davrida masjidlarning keng hovlisi va uning ichki tomoni boʻylab ayvon ustunlarining mavjud boʻlishi, shu davr arxitekturasining oʻziga xos xususiyatidir. Pishiq gʻishtli ustunlar ayvon tomini koʻtarib turishga moʻljallangan va ayvonning panasida koʻplab namozxonlarning issiq va sovuqda ibodat qilishlarini qulaylashtirishga qaratilgan [10:274].

XI asrning oxiridan eʼtiboran masjidlarning qurilishida pishgan gʻishtdan foydalanish boshlangan. Xom gʻisht esa fuqaroviy monumental inshootlarning asosiy materiali boʻlib qolavergan. Masjidning mehrobiga yaqin joydagi polidan sirtiga oʻymakorlik bilan bezak berilgan, olovda qorayib ketgan uchta yirik yogʻoch boʻlaklari topilgan. Ularning uzunligi va eni 20 sm.ga yaqin boʻlsa-da, ulardagi naqsh kompozitsiyalarini tiklash mumkin. Ularning yuqori qismi xilma xil oʻyma naqshlar, quyi qismi esa bir-biriga bogʻlanib ketgan xochsimon bezaklardan iborat. Yogʻochlarning yon tomonlariga esa beshpanjali palma va maʼlum uslubga solingan barglardan iborat naqsh berilgan.

Afrosiyob “Jomeʼ” masjidining mehrob qismiga va maqbaraning poliga yirik oʻlchamli pishiq gʻishtlar yotqizib chiqilgan. IX asrga oid Qohiradagi ibn Tulun masjidi va Amir Temur qurdirgan Samarqanddagi jomeʼ masjididagi gʻishtlarning yotqizilish uslubi Afrosiyob masjidining poliga ham xos. Bundan tashqari masjidning ichki qismidagi devorlarning yuzasiga ham mayda figurali silliqlangan pishgan gʻishtlar yordamida bezaklar berilgan. Bunday gʻishtlarning 10 xil tipi aniqlandi. Z shaklidagi, S koʻrinishli va bantikli naqshlar berilgan gʻishtchalar. Bunday shakldagi gʻishtlar Bashanda (IX-X asrlarga oid Masjidi as-Sagʻit) va Arslonbobo (XI-XII asrlar) masjidining devorlarini ham bezashda ishlatilgan. X-XII asrlarda Oʻrta Osiyoda turli shakldagi pishgan gʻishtlar yordamida bino devoriga bezak berish anʼana hisoblangan.

Masjid xonalaridan birining devorida aniqlangan yozuv binoning yoshini aniqlashga imkon beradi. Yozuv sharqiy devorga, poldan 0,9 sm balandga besh qator qilib tushirilgan. Uning soʻngida 1208 yilda bitilgani koʻrsatilgan. Maʼlumki, masjid moʻgʻullar hujumi davrida yoqib yuborilgan. Arxeologik tadqiqotlar davomida moʻgʻullarga tegishli kamon uchi va koʻmirga aylanib qolgan yogʻoch ustun, tom yopishda foydalanilgan toʻsin boʻlaklari aniqlangan. Oʻtgan asrning boshidan 80 yillariga qadar oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Afrosiyob “Jomeʼ” masjidi sharqdan gʻarbga tomon bir muncha toraygan, qiblaga bir oz burilgan va toʻgʻriburchakli hovli bilan oʻrab olingani aniqlangan. Hovli shimoldan janubga 89 m., sharqdan gʻarbga esa 140 m.ga choʻzilib ketgan. Masjidda yozgi, qishki va yordamchi xonalar ham mavjud boʻlgan. Uning yettita darvozasi boʻlib, uchtasi shimol, uchtasi gʻarb, bittasi sharq tomonda joylashgan edi. Devorlarning koʻp qismi juda yomon saqlangan, lekin shimoliy va qisman janubiy devorlari ancha yaxshi saqlanib qolgan. Bu devorlar asosan paxsadan qurilgan boʻlsa-da, ayrim hollarda yirik oʻlchamli (50x26x10sm) pishgan gʻishtdan ham foydalanilgan. Rivojlangan Oʻrta asrda masjidlarning hovlisini yopiq ayvonli qilib barpo etish urf boʻlgan. Marvdagi XI asrga oid, Qohiradagi ibn Tulun, Naindagi va Amir Temurning jomeʼ masjidlari xuddi shunday reja asosida barpo etilgan [12:97-01].

Afrosiyobdagi “Jomeʼ” masjidi Somoniylar davrida qadimgi ibodatxonaning oʻrniga qurilgan. U Qoraxoniylar davrida mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda yangidan qurilgan. Turli mamlakatlarda masjidlar qurishda mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib yondashilgan. Afrosiyob “Jomeʼ” masjidini qurishda yozning issigʻi va qishning qahraton sovugʻi hisobga olingan. Masjidlarni ayvonli qilib barpo qilish asosan XI-XIII asrlarga xos uslub hisoblanadi. Ayvonlarni ustunlar koʻtarib turgan. Odatda Oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyoning masjidlari ustunlar, yogʻoch va pishiq gʻishtdan barpo etilgan [8:168]. Islom davrida oldingi dinlarga oid diniy inshootlarni masjidlarga aylantirish hollari uchraydi. Masalan, Buxorodagi nasroniylarning cherkovini Banu Hanzal qabilasi masjidga aylantirgan [12:102].

VІІІ asrning boshida Buxoroda birinchi “namozgoh”ga asos solingan. Birinchi jomeʼ masjidi shahar arkida bunyod etilgan. VІІІ asrning oxirida u ark va shahristonning oʻrtasidagi yangi binoga koʻchirilgan. [2:179].

Poykentda bir nechta masjidning oʻrni aniqlangan [10:274-278]. “Boykand jomeʼ masjidining mehrobi Movarounnahrda eng chiroyli hisoblangan”, deb yozma manbalarda maʼlumotlar keltiriladi [8:181]. Butun islom olamida masjidlarning shakllanish evolyutsiyasi uch davrni: 1 bosqich VІІ-VІІІ asrlar, 2 bosqich ІX-XV asrlar va 3 bosqich XVІ asr va XVІІІ asrning boshini oʻz ichiga oladi [7:95].

Movarounnahrda Somoniylar davriga kelib islom dini va mafkurasi uzil-kesil gʻalaba qozongan. Amirlikning deyarli barcha shaharlarida masjidlar qurila boshlagan. Musulmon muarrixlari hatto katta qishloqlarda ham jomeʼ masjidi borligini qayd etgan. Movarounnahrdagi ilk islom inshootlarida buddaviylik ibodatxonalari arxitekturasining taʼsirini kuzatish mumkin. Musulmon madrasalarining meʼmoriy yechimlari buddaviylik monastr meʼmorchiligidan kelib chiqqani haqida ham fikrlar mavjud [4:30]. Markaziy Sugʻdning Arbinjon-Rabinjon rustoqining markazi Rabinjontepada IX-X asrlarda faoliyat yuritgan jomeʼ masjidining xarobalari topilgan. Arxeologik tadqiqotlarga koʻra, bu masjid islomdan oldingi ibodatxona oʻrnida qurilgan [6:155]. Karmana yaqinidagi Deggaron masjidi [11:61] va Buxorodagi Magʻoki Attor [14:29] ham islomga qadar mavjud boʻlgan otashparastlarning ibodatxonasi ustida barpo etilgan degan taxminlar mavjud.

Movarounnahrda Tohiriylar va Somoniylar davriga kelib masjid va madrasalar qad rostlagan. Bu jarayon Qoraxoniylar davriga kelib ham davom etgan. Aynan Somoniylar davrining targʻibotchilari sabab dastlab, Yettisuv va Sharqiy Fargʻonada Qoraxoniy xonlari va ularning qoʻl ostidagi minglab turkiy qabilalar asta-sekin islomni qabul qilgan. Ular asosan IX-X asrlar mobaynida islom diniga oʻtgan.

Qoraxoniylar davrida Yettisuvda va Movarounnahrning barcha viloyat va rustoqlarida joylashgan shaharlarda masjid, madrasa va minoralar qurish koʻpayadi. Maʼlumki, Qoraxoniylarning dastlabki hududlari Yettisuv va Sharqiy Fargʻona hisoblangan. Ular islom dinini boshqa turk qabila va sulolalaridan ancha oldin qabul qilgan. Fargʻonada ham masjid va shu kabi islom meʼmorchiligiga xos mahobatli inshootlar somoniylar davridan boshlab bunyod etilgan. Axsikat jomeʼ masjidi [1:119-122], Oʻzgand va Safed Bulondagi maqbaralar yuqoridagi fikrimizning isbotidir.

Somoniylarning hukmdori Ismoil ibn Ahmad 893 yilda Taroz shahrining bosh nasroniy soborini jomeʼ masjidiga aylantirgan. Aynan somoniylar davrida qoraxoniy sulolasining asoschisi xoqon Satuq X asrning boshida islom dinini qabul qilgan. Uning oʻgʻli Bugʻroxon Xorun ibn Muso esa 960 yilda islom dinini davlat dini deb eʼlon qilgan [3:92].

Qoraxoniy xoqonligining poytaxti Bolosogʻunda X-XI asrlarda Yettisuvdagi eng yirik masjid qurilgan. Ammo masjidning qoldiqlari yetib kelmagan boʻlsa-da, minorasi saqlanib qolgan. XII asrning oxiri va XIII asrning boshida qorluq yabgʻusining poytaxti – Qoyaliq shahrining markazida jomeʼ masjidi barpo etilgan. Masjidning qibla tomonida pishiq gʻishtdan mehrob qurilgan. Masjid yongʻin oqibatida vayron boʻlgan [3:94-96].

Qoraxoniylar davrida Yettisuvda islom dini toʻliq tarqalib, yangi madaniyat allaqachon meʼmorchilikka ham kirib ulgurgan edi. Avvalambor yirik shaharlarning deyarli hammasida jomeʼ masjidlari qad koʻtargan. Aqirtosh, Taroz, Koʻstoba, Qulan, Oʻrnek kabi shaharlarda ham masjidlar boʻlgan [11:99-122].

Oʻrta asrlarda masjidlar shunchaki diniy muassasa yoki inshoot boʻlmasdan muhim ijtimoiy-maʼnaviy institut hisoblangan. VII asrda Madina shahrida Musulmon olamidagi dastlabki masjid bunyod etilgan. Masjidlarga qishloq, mahalla yoki butun shahar aholisi hayit bayrami yoki juma namozidan tashqari jamoat uchun ahamiyati yuqori boʻlgan masalalarni muhokama qilish uchun ham toʻplanishgan. Masjidlarda doʻstona va ish yuzasidan uchrashuvlar belgilangan, musofirlar yoki uysizlar tunashgan. Masjidlar keyinchalik, madrasalarning paydo boʻlishiga qaramasdan diniy mafkuraviy va huquqiy targʻibotning asosiy maskani boʻlib qolaverdi. Shuningdek, falsafiy, adabiy va fiqh mavzusida ham munozaralar boʻlib turgan. IX asrga qadar islom mamlakatlarida sud jarayonlari ham masjidda oʻtkazilgan. Masjidlarning asosiy va rasmiy vazifasi jamoat boʻlib, namoz amalini bajarish va diniy vaʼz oʻqish boʻlsa-da, ayrim hollarda hukmdorlarni tan olish, uni duo qilish – “xutba” ham oʻqilgan.

XI asrga qadar masjid koʻplab vazifalarni ado etgan boʻlsa-da, aynan shu asrga kelib turli yoʻnalishlarni bajarishga moʻljallangan masjid tiplari ham shakllana boshlagan edi. XI asr va XIII asrning boshidagi Oʻrta Osiyo masjidlarining vazifasi nuqtai nazaridan bir nechta guruhlarga ajratish mumkin:

Birinchi guruh masjidlari juma jomeʼ masjidlaridir. Bu yerga juma namozini oʻqish uchun butun shahar yoki qishloqning aholisi (erkaklar) yigʻilgan.

Ikkinchi guruh “namozgoh”, “musalla” [8:169] yoki “hayitgoh” deb nomlanuvchi masjidlar, bu yerda ikki marotaba yaʼni “Iyd al-Fitr (Roʻza hayiti)” va “Iyd al-Adha (Qurbon hayiti)” nishonlangan. Bunday diniy bayramlar bilan bogʻliq namoz shahardan tashqarida yoki uning chekkasida joylashgan masjidlarda ado etilgan. Dastlabki paytlarda bu tip masjidlarining binosi boʻlmagan, aksincha atrofi devor bilan oʻralgan qibla tomonda qurilgan mehrobdan iborat boʻlgan. XI-XII asrlarga kelib yuqori toifali kishilarning namoz oʻqishi uchun mehrob oldida gumbazsimon ayvon qurilgan.

Uchinchi guruh masjidlari shahar va qishloqlardagi mahalla yoki guzarlarning masjidlari. Ammo XI-XII asrlarga oid mahalla, guzar masjidlari kam saqlanib qolgan. Keyingi davrlarda ayniqsa, XVIII-XIX asrlarda mahalla masjidlari koʻpaygan.

Toʻrtinchi guruh masjidlari ziyoratgohlarda qurilgan. Islomga qadar ham ziyoratgohlarda ibodatxona qurish rasm boʻlgan. Shariat boʻyicha qabr yoki maqbarada namoz oʻqish mumkin emasligi uchun [13:68-70] ularning yonida alohida kichik masjidlar qurilgan.

Xulosa qilib aytganda, Samarqand jomeʼ masjididan tashqari, yuqorida tilga olingan masjidlarga oʻxshash masjidlarni shahar va uning atrofida koʻp boʻlganini kuzatish mumkin. Samarqand jomeʼ masjidi oʻzining meʼmoriy yechimlari va mahobatli koʻrinishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, u diniy, maʼrifiy va madaniy markaz sifatida Movarounnahrda alohida ahamiyat kasb etadi.

1-rasm. Samarqanddagi Qoraxoniylar davriga oid jomeʼ masjid chizmasi (M.Ahmedov boʻyicha) [13:71.Ris.30].

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. A.Anarbayev. Axsiket – stolitsa drevney Ferganы. –T., 2013.
  2. A.Arapov. Arxitektura Uzbekistana. Xudojestvennaya kultura Sentralnoy Azii i Azerbaydjana IX-XV vv. Tom IV. Arxitektura.-Samarkand-Tashkent: MITSAI, 2013.
  3. K.M.Baypakov. Arabskiye zavoyevaniya, islam i islamizatsiya Yujnogo Kazaxstana i Jetыsu // Izvestiya Natsionalnoy akademii nauk Respubliki Kazaxstan. Seriya Obщyestvennыx nauk 1 (274). 2010.
  4. V.V.Bartold. O xristianstve v Turkestane v domongolskiy period (Po povodu semerechenskix nadpisey). // Soch. T. 11. ch. 2. –1964.
  5. Yu.F.Buryakov, O.M.Rostovsev. Arxeologicheskiye issledovaniya Rabindjana // Vыp. 19. –T., 1984.
  6. Yu.F.Buryakov, M.Sadiyev, M.N.Fedorov. Sobornaya mechet Samarkanda v XI – nachale XIII vv. S. 77-100 // Afrasiab. Vыp. 4. –T., 1975.
  7. Zaxedi Shaxab. Evolyutsiya arxitekturы mechetey Irana (VІІ-XVІІІ vv.) // AMIT.1 (38)/2017.
  8. Ibn Havqal. Kitob surat al-Ard. Movarounnahr // Arab tilidan tarj., izohlar muallifi Sh.S.Kamoliddin, masʼul muharrir F.S.Hasanov. –T., 2011.
  9. Kamoliddin Shamsiddin. Novыy istochnik po istoricheskoy gegorafii Sredney Azii. Noveyshiye issledovaniya sochineniya “al-Kand fi zikr ʻulamaʻ Samarkand» Abu Xafsa an-Nasafi. LAP LAMBERT Academic Publishing. Saarbruecken, 2014.
  10. D.K.Mirzaaxmedov, S.D.Mirzaaxmedov. Uzbekistan // Religii Sentralnoy Azii i Azerbaydjana. Tom V. Islam. –Samarkand.: MITSAI, 2020.
  11. V.A.Nilsen. Mechet Diggaron v selenii Xazara (arxitekturno-arxeologicheskiy ocherk) // Trudы instituta istorii i arxeologii. Vыp. 7. Materialы po arxeologii Uzbekistana. –T., 1955.
  12. M.Saadiyev. Novыye dannыye o sobornoy mecheti Afrasiaba. // IMKU. Vыp.14. –T., 1978.
  13. S.Xmelniskiy. Mejdu Samanidami i Mongolami. Arxitektura Sredney Azii XI – nachalo XIII veka. Chast I. Berlin-Riga, 1996.
  14. V.A.Shishkin. Arxeologicheskiye rabotы v mecheti Magoki-Attari v Buxare // Trudы instituta istorii i arxeologii. Vыp. 7. Materialы po arxeologii Uzbekistana. –T., 1955.
Akbar NAZAROV,
SamDU Arxeologiya kafedrasi
doktoranti

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …