Home / MAQOLALAR / QISASI RABG‘UZIYNING TABDILI MASALALARI (“Qissasi Idris alayhissalom” misolida)

QISASI RABG‘UZIYNING TABDILI MASALALARI (“Qissasi Idris alayhissalom” misolida)

Alloh taolo bandalarini yer uzra tarqatib qo‘ygandan so‘ng ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, haq manhajni ko‘rsatib qo‘ydi. Bandalariga o‘zlaridan bo‘lgan payg‘ambarlarini yuborib ular orqali o‘zini tanitdi. Ikki dunyo saodatini ko‘rsatdi. Muqaddas islom dinida payg‘ambarlar alayhimussalomni hurmat qilish, ularga nisbatan muhabbatlik bo‘lish hamono ularning ibratga boy hayotlaridan o‘rnak olish targ‘ib qilinadi. “Islom payg‘ambarlarga iymon keltirishni islomiy aqidaning arkonlaridan biri qilib qo‘ydi. Musulmonlar shu bois payg‘ambarlarning barchasiga iymon keltiradi, ularga ehtirom ko‘rsatadi” [6:18].

Idris alayhissalom Qur’oni karimda ismlari zikr etilgan, sifatlari ta’riflangan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ahvolotlari bayon etilgan mo‘tabar Payg‘ambar – Nabiyullohdir.

Idris alayhissalomning siymolari islomdan oldin ham ancha mashhur bo‘lib, yahudiy dinida ayricha tasavvurlar, diniy qarash va e’tiqodlar mavjud bo‘lgan. Idris alayhissalom haqida Eski ahd, O‘lik dengiz topilmalaridan bo‘lmish Kitobi Axnux, Talmud kabi bir qator yahudiylarning diniy kitoblarida Idris alayhissalomning tarjimayi hollari haqida boy tasavvurlar uchraydi.

Idris alayhissalom haqida Qur’oni karimning Maryam va Anbiyo surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Yana (bu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg‘ambar edi. Biz uni yuksak maqomga ko‘tardik” [1:199], “Ismoil, Idris va Zul-kiflni (eslang). Barchalari sabr qiluvchilardandir”[1:215]. Yuqoridagi oyatlarda Idris alayhissalomning sohibi risolat bo‘lganlari va u zotda musulmonlar uchun o‘rnak bo‘ladigan ikki ulug‘ fazilat-xislat: Sidq va sabr mujasssam ekani anglanadi. Idris alayhissalom Hazrati Odamning vorisi bo‘lmish Shis alayhissalomdan keyingi, To‘fondan avvalgi davrda yashab bani basharni ilohiy ma’rifatga, ziyoga, haqqa da’vat etgan zot sifatida tafsir va payg‘ambarlar siyrati haqidagi kitoblarda ta’rif etiladi. Ibn Kasir rahmatullohi alayh “Tafsiri Qur’on il-Azim” nomli asarida Idris alayhissalomni birinchi bo‘lib qalam bilan yozganlari, birinchi tikuvchi bo‘lganlari xususida turli darajadagi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarni keltiradiki, bular Hazrat Idrisning shaxsiyatlarini bilishda ma’lum darajada ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Xususan, kitobning bir o‘rnida Idris alayhissalomning sifatlari haqida shunday ma’lumotlarni keltirsa : “Idris alayhissalom Alloh taolo o‘z kitobida maqtagan, nubuvvat va siddiqlik sifatlari ila ta’riflagan mo‘tabar payg‘ambar Uxnux bo‘ladilar. Nasabda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bosh bo‘g‘inlarida turadilar” [2:75]. Boshqa bir o‘rinda  vafotlari haqida bayon etib, Qur’onning Maryam surasidan yuqoridagi (“Va uni oliy maqomga ko‘tardik”) oyatni tafsir qilib, “Alloh taoloning “Va uni oliy maqomga ko‘tardik” kalomining tafsirini ikki sahih manbada keltirilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Isro voqeasining bayoni haqidagi hadislariga muvofiq (Rasululloh ushbu hadisda 4-qat osmonda Idris alayhissalomni ko‘rganliklarini aytadilar) Idris alayhissalom 4 qat osmondadirlar” [2:95] degan ma’lumotni keltiradi. Mashhur musulmon mufassir olimi, muarrix alloma Muhammad ibn Jarir Tabariy o‘zining “Tarix ul-umam val-muluk” asarida esa Ibn Kasirdan farqli o‘laroq shunday ma’lumotlarni bayon qiladi: “Ismlari Uxnux bin Yarod bin Mahloiyl bin Qiynon bin Anush bin Shis bin Odam…Uni Idris deb atashlariga sabab, u birinchi bo‘lib odamlarga maktubot qilingan vahiydan dars berardi…Ibn Is’hoqning bayon qilishicha Idris alayhissalom nubuvvat ato etilgan birinchi nabiydirlar” [3:171]. Zamonasining mashhur muarrix olimlaridan doktor Afif Abdulfattoh Tabbora “Ma’al anbiyo fil Qur’on il-Karim” asarida yuqoridagi ma’lumotlarni jamlab shunday yozadi: “Qur’on Idris alayhissalomni sabr, sidq va oliy maqom sifatlari ila tavsiflaydi. Ulamolarning yakdil xulosasiga ko‘ra, Idris alayhissalomga Jabroil farishta kufr va zalolatga botgan Qobil naslini hidoyatga boshlash, Allohga tavba qilib, shariatni mahkam ushlashlari haqida vahiy keltiradi. Qur’onda u zotning hayoti va ta’limoti haqida mufassil ma’lumot keltirilmagan… Ba’zi toifalar aytadiki, Idris alayhissalom Bobilda tug‘ilgan va shu yerda yashagan. U umrining avvalida bobokaloni bo‘lgan Shis bin Odam alayhissalomdan ta’lim olgan. U zot ulg‘aygach Alloh taolo unga nubuvvat yuboradi, Idris alayhissalom Odam avlodlarini Shis va Odam alayhissalom shariyatlariga muvofiq yashashni, buzg‘unchilik va fasod qilishlikdan qaytarishni amr etadi. Ozchilik odam unga ergashadi. Ko‘pchilik dushman bo‘ladi. O‘zlariga ergashganlar bilan Misr tomon yo‘l oladilar” [6:56].

Shavqiy Abu Xalil “Atlas ul-Qur’on”da Idris alayhissalomning faoliyatlari xaritasini shunday ko‘rsatadi: [7:18].

Musulmonlar yashaydigan o’lkalarda payg‘ambarlar haqidagi qissalarning voqealari ilohiy ma’rifatga yo‘grilgani va ibratga boyligi, odamlar uchun turli umr so‘qmoqlarida chiroyli manhaj-o‘rnak bo‘lishi bilan xarakterlangan. Shu sababdan bu o‘lkalarda payg‘ambarlarning hayoti haqida yozilgan kitoblar ancha mukammalligi bilan ajralib turadi. Deyarli barcha musulmon xalqlarida ayni mavzudagi manbalar talaygina topiladi. Turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek adabiyotida payg‘ambarlarning siyratini yoritgan dastlabki mo‘tabar manba sifatida Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning qalamiga mansub “Qisasi Rabg‘uziy” asari ko‘riladi. Bu manba o‘zida o‘zgacha badiiylikni mujassam etgani uchun turkiy musulmon xalqlarining orasida juda mashhur va ko‘p nusxalarga ega. Shu bois bu asarning sahih matnini topish va uni hozirgi tilimizga tabdil qilish, birinchi o‘rinda keng kitobxonlar ommasini hazrat payg‘ambarlarning hayoti bilan yaxshiroq tanishishga, shuningdek, milliy madaniyatimizning qadim sarchashmasi bo‘lgan muborak asardan bahramand bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Rabg‘uziyning qissalarida payg‘ambarlarning hayoti o‘zgacha yo‘sinda, tarixiylik tamoyiliga muvofiq keltirilgan va badiiy, ixcham bayon etilgan. Bu holatni biz yuqorida siyratlari bilan tanishib chiqqan Idris alayhissalom qissasida ham ko‘rishimiz mumkin. Ahamiyatli tomoni shundaki, ayni asarning bir nechta nusxalarida Idris alayhissalom haqidagi qissaning voqealar rivoji, matniy xususiyatlari turlicha holatda. Chunonchi, XV asrga oid ilmiy tadqiqotimiz ostiga olingan Londondagi Britaniya muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxa asosida 1990 yilgda E.Fozilov, A.Yunusov va H.Dadaboyevning noshirligida tayyorlangan nashr (A), 1881 yillda rus turkshunosi Ilyuminskiy Qozon shahrida nashr qilgan arab yozuvidagi toshbosma nashr (B) va 2014 yilda Baxtiyor Abdushukurov nashr etgan “Qisasi Rabg‘uziy”ning hozirgi o‘zbek tilidagi tabdil nusxasi (C)ning matnlari Idris alayhissalom qissasi doirasida  nashrlararo taqqoslanganda nusxalarning matnlari aro tafovutli holat ko‘zga ko‘rinadi. Qissa C nusxada uchramaydi. Bunga sabab ayni nusxa tabdiliga asos sifatida olingan manbada bu qissaning keltirilmaganidir. A va B nusxada uchrasa-da, qissalarning mazmuniy va matniy xususiyatlari tafovutlidir. Qissalarning kirish qismi deyarli barcha manbalarda Idris alayhissalom madhi va ta’rifi bilan boshlanadi. B nusxada bu qism biroz chalkash, imloviy xatolarga boy. Bu narsa A nusxa bilan solishtirilganda yaqqol namoyon bo‘ladi. Kirish qism A nusxada quyidagicha yozilgan: “Idris Payg‘ambar alayhissalom ul umri ukush, diydori kushish, Azroilg‘a qotishg‘an, rizvon birla yanashg‘an, dunyodin qushdek uchg‘an, tamug‘g‘a kirib chiqg‘an, Sirotdin yashindek kechgan, uchmoh qabug‘in ochg‘an, o‘zi aziz innahu kona siddiqan nabiyyan va rafa’nahu makonan aliyyan, o‘rni adiz, arig‘ zotlig‘ Axnuh otlig‘ Idris yalavoch”.

“Aytayin Idris yalavoch so‘zlarin, Oqil eran aql-u hush birla aningkim tinglayur. Ilm ortuq olim erdi ibodatda soniy, Fazli birla uluv olim ilmni kez anglayur. Ilm-u fazl-u zuhd-u judi-yu dars-u amal, Toating‘a barcha olam bil muni-yu kez tinglayur”.

“O‘zi bilg‘an ilmini hech kim ersa bilmadi, Ko‘p ibodat qilg‘anin teb xaloyiq tinglayur. O‘ldi, tirildi, tamug‘g‘a kirdi, chiqdi ul yana, Ushtumoqqa kirdi, qoldi bir kun anda, monglayur. Oti Ahnux erdi, o‘kush dars qilmish uchun atandi” [8:36].

B nusxada esa quyidagicha keltirilgan: “Ul amali o‘kush, diydori kusush, Azroil bilan tobishg‘on, dunyodin qushdek uchg‘on, tamug‘g‘a kirib chiqg‘on, sirot ko‘prukin kechkan, uchmox eshikin ochg‘on o‘zi aziz (Innahu kaana siddiqon nabiyyan), o‘rni abiz (Va rofa’naahu makanan aliyyan) arig‘ zotlig‘, yaxshi otlig‘ Idris Payg‘ambar salovatullohi alayhi va salomuh”. Nazm:

“Aytayin Idris payg‘ambar so‘zlarini biltiyur, Oqil eran aqlu-hushi birla oni tinglayur. Amali ortuq olim edi ham ibodatg‘a beniz, Fazli birla uluvvi olam ilmini kas tinglayur. Fazl-u ilm-u zuhd-u jud-u dars-u tadrisi amal, Toatig‘a jumla olam toatin Haq tonglayur. O‘zi bilkan ilmni hargiz kim ersa bilmadi, Ham ibodat qilg‘onini ikki olam tonglayur. O‘ldi tirildi tamug‘g‘a kirdi chiqdi yano, Uchmox ichra kirdi qoldi bukun onda teklayur. Oti Axnux erdi oning beshki dars oyg‘an uchun Idris otandi” [9:37].

Yuqoridagi ikki iqtibosdan shu narsa ayon bo‘ladiki, A nusxada matniy xato va kamchiliklar B nusxadan ko‘p. Ayrimlari matn mazmuniga jiddiy putur yetkazadi. Chunonchi, “diydori kushish”, “Azroilg‘a qotishg‘an”, “monglayur” kabi so‘z va so‘z birikmalari  mavhum ma’no ifodalamoqda. Ammo A nusxa tili B nusxanikidan qadimiy. B nusxa birmuncha keyin nashr qilingani bois tili hozirgi tilimizga ancha muvofiq, shu bilan birgalikda matniy-mazmuniy xususiyatlari yaxshi ahvolda. B nusxada Idris alayhissalom ismlarining qo‘yilish sababi keltirilgan: “Oti Axnux erdi oning beshki dars oyg‘an uchun Idris otandi”. Ammo A nusxada bu qism chala ifodalangan: “Oti Ahnux erdi, o‘kush dars qilmish uchun atandi”. Idris alayhissalomning Idris deya nomlanishlarini olimlar arabcha “darasa” fe’lidan olingan bo‘lib, ko‘p dars qilganlari uchun Idris deb atalganini aytadi. “Idris ismi arabiy nom bo‘lib, Tavrotda kelgan nom asosida yasalgan hosila o‘laroq arabiy dars otiga radifdoshdir. Shu jihatdan Idris nomi “dars beruvchi”, “donishmand”, “boshqalarga dars beruvchi”, “ilm o‘rgatuvchi” ma’nolarini beradi” [10:45]. Rabg‘uziy keltirgan ma’lumotlar yuzasidan tadqiq olib borish natijasida shu narsa ayon bo‘ldiki, sharq allomalari  Idris alayhissalomning ismlari ta’vilida ham turli mulohazalarni bayon etishgan, masalan: “Al-Quftiy: “Bu ism yunonchadan Tirmis bo‘ladi” desa, Al-Qazviniy: “Uni (Idris alayhissalom) ismi sharifi Hnux bin Yard bin Mahloyil bin Anush bin Shis bin Odam alayhissalomdir deb ta’kidlaydi. Ibn Al-Asir “Uni Hirmis al-Hakim deb atashadi”, desa, Ibn al-Ibriy: “Qadimgi yunonlar Hnux bu – Hermisdir deb da’vo qiladi va unga Trimijistus deb laqab bergan. Bu laqab uch narsaning ta’limini beruvchi degan ma’noni beradi. Zero Boriy taolo uning zotida uch sifatni zohir etgandi. Bular: vujud, hikmat va hayot. Bu nomni arablar Idris (alayhissalom) deb ataydi” [4:85]. Tarixchi Ibn al-Ibriy sobiiylar Idris alayhissalomning ismlarini aslida Hermis deb bilgan deydi, lekin Hermis ismiga nisbat beriluvchi tarixiy shaxslar uchta bo‘lganini kitobida yozadi va ularga shunday izoh beradi:

  1. Yuqori Misrda yashagan Hermis. Bu birinchi bo‘lib hikmat durdonalarini so‘zlagan hakim. U odamlarni To‘fondan va zamonasidagi ilmlarning yo‘qolib ketishidan ogohlantirgan. Ehromlarning bunyodkori, ulardagi sanoat va ashyolar suratini chizuvchisi, ularga turli fanlardan namunalarni o‘zidan keyingilarga yodgorlik o‘laroq qolishini xohlab o‘ydirib yozdirgan rassom.
  2. Hermiss al-Bobiliy. Kaldoniyndan bo‘lgan Kaluzoda To‘fondan keyingi davrda yashagan va Bobil shahrining Namrud bin Kushdan keyin qayta tiklagan bunyodkori.
  3. Hermis al-Misriy. Trimijistus deb laqab berilgan hakim [5:11].

Bu tahlillar natijasida shu narsa aniq bo‘ladiki, A nusxa B nusxadan mazmunan va matnan ancha sahih holatda. B nusxa qadimiyroq bo‘lsa-da, matniy chalkashliklar va xato-kamchiliklar bilan to‘lib toshgan. Shuningdek, o‘quvchi o‘qiganda ha deganda matnning mazmunini anglab ololmaydi. London nusxasidagi bunday kamchiliklar xususida Niderlandiyadagi Iogan Gutenberg nomidagi Mayns universiteti professori Hendrik Boyoshen shunday yozadi: “Britaniya muzeyidagi qo‘lyozma nusxaga tayanib, boshqa qo‘lyozma nusxalar xususida aniq bir fikr aytish mushkul. Zotan Londondagi bu qo‘lyozma nusxaning o‘zi xattot tomonidan, zamonaviy qilib aytganda, kitob do‘konida sotish uchun ko‘chirilgan” [11:15].

Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, “Qisasi Rabg‘uziy”ning hozirgi tilimizga tabdil qilish jarayoni anchayin murakkab jarayon bo‘lib, bunda birgina nusxaga tayanib qolish asarning to‘laqonli mazmun-mohiyatini ochib bermaydi. Asarning bir nechta nusxalari solishtirilib asl matnni tiklash va u asosida tabdil jarayonini amalga oshirish matnshunoslik ilmining bu kundagi dolzarb masalasidir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur. – T.,
  2. Abulfido Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Tafsiri Qur’on il-Azim. – Bayrut: Dor ul-fikr, 2009.
  3. Muhammad ibn Jarir Tabariy. Tarixi rusul val-muluk. – Bayrut: Dor ul-fikr, 2009.
  4. Hudo Darvesh. Nabiyulloh Idris alayhissalom bayna misriyyatil qadimiyyati val-yahudiyyati val-islam. – Qohira: Dor us-salom, 2009.
  5. Ibn al-Ibriy. Tarixu muxtasarid duval. – Lubnon: Dor ur-roid al-Lubnoniy, 1994.
  6. Afif Abdulfattoh Tabbora. Maal anbiyo fil Qur’onil Karim. – Bayrut: Dor ul-ilm lilmulloyin, 2018.
  7. Shavqiy Abu Xalil. Atlas ul-Qur’on. – Bayrut: Dor ul-fikr, 2004.
  8. Nosiruddin Rabg‘uziy. Qisasi Rabg‘uziy. – Toshkent: Yozuvchi, 1990.
  9. Nosiruddin Rabg‘uziy. Qisas ul-anbiyo. – Qozon (Toshbosma). 1881.
  10. Rushdiy al-Badroviy. Qisas ul-anbiyo vat-tarix. – Qohira: Majallad ul-arabiyya, 2009.
  11. Henrik Boyeshan. Qisasi Rabg‘uziy nusxalari taqqoslansa. Yoshlik jurnali, 2018-yil, 8-son.
Rahmatjon TO‘RAQULOV,
Guliston davlat universiteti Adabiyotshunoslik magistratura yo‘nalishi 2-kurs magistranti

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …