Home / MAQOLALAR / BUXORO AMIRLIGIDA XOTIN-QIZLAR: ISLOMIY ANʼANALAR VA KIYINISH MASALASI (DOMLA IKROM ASARI ASOSIDA)

BUXORO AMIRLIGIDA XOTIN-QIZLAR: ISLOMIY ANʼANALAR VA KIYINISH MASALASI (DOMLA IKROM ASARI ASOSIDA)

Ayollarning oʻranib yurishlari Turkistonning markaziy shaharlarida qadimdan odatga aylangan. Ammo XX asrning boshida jamiyat hayotini isloh qilish uchun boshlangan harakatning zamirida ayollarning haq-huquqini tiklash, ularning maktablarda bilim olib, kasb-hunar bilan erkin shugʻullanishiga imkoniyat yaratish maqsadi ham bor edi.

Oʻz davrining yetuk ulamosi Domla Ikrom barcha zamonaviyliklarni qoʻllab-quvvatlasa-da, ayollarning paranjidan voz kechishiga qarshi chiqqan [1:63]. Muallif “Risolayi forsiya dar bayoni vujubi satri niso” risolasi orqali ayollarning oʻranib yurishi lozimligini Qurʼoni karim, Tafsir, hadislar va koʻplab islomiy kitoblar orqali isbotlashga harakat qilgan [2:1-55]. Risola ayollarning oʻranib (hijobda) yurishining vojibligi toʻgʻrisidagi tafsirlarda keltirilgan rivoyatlar va oyatlar bilan boshlanadi. Muallif ayolning tanasi toʻlaligicha avrat hisoblanib, erkakdan farqli tarzda namozda toʻliq oʻralgan boʻlmasa, namozi qabul boʻlmaydi, deb yozadi va “Tafsiri kabir”dan havola keltiradi: “Ummu Salama va Maymuna roziyallahu anhu paygʻambarning oldilarida turganlarida Ibn Ummi Maktum kelib qoldi. Paygʻambar (S.A.V): “Undan yuzlaringizni toʻsinglar”, dedilar. Shunda men: “Yo rasululloh, axir u koʻr va bizni koʻrmaydi-ku”, dedim. Shunda u zot (S.A.V): “Sizlar-chi, sizlar ham koʻrmi, uni koʻrmaysizlarmi?”, dedilar” [3:84].

Domla Ikrom ayol kishi ichki ziynatini koʻrsatishi mumkin boʻlganlarni uch guruhga boʻladi. Birinchisi, eri boʻlib, u mahram hisoblanadi va unga ayolning hamma joyi halol hisoblanadi. Ikkinchisi, oʻgʻli, otasi, aka-ukalari, bobosi, erining otasi, bir qorindan tugʻishganlari, goʻdaklar boʻlib, ularga ayolning sochiga, koʻksiga, boldiriga, tirsagigacha qarashiga ruxsat berilgan. Muallif uchinchi guruhga keksa yoshdagilar, aqli zaiflar va ayolga xizmat qiluvchi qullarni kiritadi. Ammo bu guruhga kiruvchilar oldida ayol yosh boʻlsa, tanasini toʻliq toʻsib turuvchi uzun kiyim bilan oʻtirishi kerak, deb hisoblaydi [3:85].

Asarda ayollarning taqinchoqlar taqishi masalasiga ham alohida urgʻu berilib, quloq, qoʻl, boʻyin, oyoq va boshqa joylariga taqiladigan taqinchoq va bezaklarini mahramdan boshqaga koʻrsatishlari joiz emasligi, ziynatlar taqiladigan joylar asosan, mahramdan boshqalar qarashi mumkin boʻlmagan joylar ekani taʼkidlanadi va Qurʼoni karimning Ahzob surasi 59-oyati havola sifatida keltiriladi: “Ey paygʻambar, juftlaringizga, qizlaringizga va moʻminlarning ayollariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini oʻrasinlar! Mana shu ularning (choʻri emas, balki ozod ayol ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vosita) dir”[3:86]. Bu oyatni sharhlab, xotin-qizlarning yopinchiqlari shunday boʻlishi kerakki, ular oʻz hojatlari bilan koʻchaga chiqadigan boʻlsa, ularga shahvoniy tuygʻu bilan imo qilishga yoʻl boʻlmasligi, jilbob, qamis yoki keng koʻylaklar ularni toʻliq toʻsib, qomatini boshdan oyoq yashirib turishi lozim, deb yozadi.

XX asrning boshiga qadar qulchilik anʼanasi davom etib kelayotgan bir paytda, muallif ayollarning yopinib yurishi ularning choʻri emasligidan dalolatdir, deb hisoblaydi va Ibn Abbos hamda Ubaydadan havola keltiradi: “Moʻminlarning ayollari ozod ekani bilinib turishi uchun koʻzidan boshqa joyini, hatto boshi va qoʻllarini ham jilbob bilan toʻsishga buyurildi. Alloh taʼolo ularga satri avratni hur ekanining belgisi sifatida va choʻrilardan ajralib turishi uchun amr qildi”. Fikrini “Tafsiri Kashshof”da keltirilgan rivoyat bilan davom ettirib, islom dini paydo boʻlgan dastlabki davrda ozod ayollar kechki paytda choʻrilar kabi johiliya davridagidek ochiq kiyimda biror yumush bilan koʻchaga chiqqanida yosh yigitlar ularga choʻri deb oʻylab tegajoqlik qilganini yozib, ozod ayollarning kiyimini choʻrilarnikiga oʻxshamaydigan qilish buyurildi. Shundan keyin ular taʼmagirlarga salobatli va hashamatli koʻrinishi uchun hamma joylarini boshlari va yuzlarini ham toʻsadigan boʻldi” [3:87], deb yozadi.

Domla Ikrom “Ey paygʻambar, juftlaringizga, qizlaringizga va moʻminlarning ayollariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini oʻrasinlar!” oyatining maʼnosini musulmonlar ayollarini turli boʻhton qiluvchilardan asrashi va ularga aziyat yetishdan saqlashidir, deb taʼriflaydi. Ayol kishiga aziyat nafaqat tegajoqlik qilish bilan, balki soʻz bilan ham yetishi mumkin, deb hisoblaydi. Mutafakkir erkakka soʻz bilan aziyat berilganda bu faqat erkakka tegishli ish boʻlsa, ayolga aziyat yetsa, uning erkak qarindoshlariga ham tegishli ishga aylanadi, deb uqtiradi. Muallif ayollar yuz va kaftlarini ochib yurishi mumkinligi, qolgan butun tanasi eridan boshqalar uchun nomahram ekani, ayolning boshqa joyiga faqat bemor boʻlganida davolash uchun yoki shahodat qaytarganida qarash lozimligi, agar shahvatdan oʻzini tiya olsa qoziga, guvohga yoki tabibga ayolning yuziga va kaftiga qarashga ruxsat berilganini taʼkidlaydi [3:88].

Muallif ayollarning oʻranib yurishi haqidagi qarashlarini bayon etar ekan, ikki tafsir kitobini qiyosiy tahlil qiladi va “Al-Kashshof” tafsirida yuqoridagi oyat faqat paygʻambar alayhissalomning xotinlari uchun maxsus nozil boʻlgan deb koʻrsatilgani, “Tafsiri Ahmadiy”da esa bu oyat barcha moʻmina ayollar uchun umumiy hukm sanalishini qayd etadi. Domla Ikrom erkak kishi ayoldan zarurat yuzasidan biror narsani  parda ortidan soʻrashi har ikki tomonning ham dilini pok tutishini taʼminlanishini “Tafsiri Ahmadiy”, “Tafsiri Imom Abu Jaʼfar Muhammad al-Jarir at-Tabariy” va “Gʻaroyibul Qurʼon” tafsirlariga tayanib izohlaydi [3:90].

Domla Ikrom bu asarida ayollarning oʻranib yurishi haqida islomiy kitoblarga tayanib maʼlumot berish bilan cheklanib qolmay, ayol va erkak orasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan holatlar haqida “Hidoya” kitobidan havola keltiradi: Agar ayolga shahvatdan tiyila olsa, erkakning avrat boʻlmagan joylariga xuddi kiyim yoki boshqa narsalarga qaraganidek qarashi mumkin. “Xunasa kitobi”da yozilgani boʻyicha ayolning begona erkakka qarashi xuddi  erkakning begona ayolga qaragani kabi haromdir. Negaki, oʻzga jinsdagi odamga qarash maʼqul ish emas. Agar qalbida shahvat paydo boʻlsa yoki xayoliga bundan-da kattaroq ishlar kelsa, oʻsha ishlarga ragʻbat yoki ozor yetsa, bunda ayol oʻz nazarini tiyishi mustahab boʻladi.  Agarda ayolga qarab turgan erkak kishida ham bu sifatlar paydo boʻlsa, demak bu oʻsha ayolga nazar solish harom ekaniga ishora boʻladi. Agar ayollarda shahvat kuchlilik qilib buni erkak batahqiq sezsa, erkakda ham shahvat qoʻzgʻaladi va ikki tomonlama boʻladi va qabih ishga yoʻl ochiladi. Ayol unga qaramasa va unda shahvat qoʻzgʻalmasa, buni erkak sezadi va shahvat bir tomonlama boʻladi. Ikki tomonlama shahvat qoʻzgʻalishi bir tomonlamadan koʻra harom ishning vujudga kelishi uchun kuchli taʼsirga ega [3: 91].

Muallif ayollarning koʻchada yurish odobi haqida “Sharhi Sahihi Buxoriy” asariga tayanib fikr bildiradi. Ayollar koʻchaga faqat zarur yumushi boʻlsagina qomatini namoyish qilmasdan, keng va koʻrimsiz kiyim kiygan holda chiqishi kerakligini, bezaklari koʻrinmasligi va ovozini balandlatmasligi joiz ekanini taʼkidlaydi [3:92].

Domla Ikrom ayollarning ziynati haqida gapirganda manbalarga tayanadi. Ziynat haqida Ibn Abbos va Ibn Shaybaning rivoyatlaridagi va “Ruhul maʼoniy” tafsiridagi taʼriflarni keltiradi. Ibn Abbos va Ibn Shaybaning rivoyatiga koʻra, “ziynat” – bu surma, uzuk, halqa yoki marjonlardir. “Ruhul maʼoniy” tafsirida esa “ziynat” ayolning ustidagi narsalarni va uning oʻrnini anglatadi [3:93]. Ayollarning ziynati boʻlmish sochini koʻchaga yoyib chiqishini qoralaydi va erkak kishining  ayolning koʻkragi va uning atrofiga qarashi aniq fitnani keltirib chiqaradi, deb yozadi [3:94].

Ayollarning ovozi nozik va chiroyli boʻlishi erkak kishida shahvat uygʻotishi mumkinligini uqtirib, “Ayoldan Qurʼonni oʻrganishdan koʻra, koʻr kishidan oʻrgangan yaxshiroqdir”, deb taʼkidlaydi. Paygʻambar alayhissalomning “Tasbeh erkaklar uchun, qarsak ayollar uchun” (yaʼni, namozda imom xatoga yoʻl qoʻysa, erkaklar subhanalloh deb ovoz chiqargan, ayollar esa ovoz chiqarmasdan qarsak chalgan) degan fikrlarini keltirib oʻtadi.

Domla Ikrom erkaklarning begona ayolga qarashini uch turga ajratadi. Birinchisi, begona ayolga noxos koʻz tushishi boʻlib, bunda erkak darrov koʻzini olib qochishi shart qilinganini Qurʼoni karimning Nur surasi 30-oyati (“Alloh buyuradi: “(Ey Muhammad alayhissalom), moʻminlarga ayting, koʻzlarini (nomahram ayolga tikishdan) toʻssinlar”) va Isro surasining 36-oyati (“Alloh taʼolo buyuradi: “Albatta, (insonlar qiyomat kunida) quloq, koʻz va dil – bularning barchasi toʻgʻrisida soʻralurlar”) orqali isbotlaydi. Shuningdek, Muhammad paygʻambarning: “Ey Ali, (begona ayollarga) ikki marta qarama. Negaki, birinchisi oʻzingniki, ikkinchisi oʻzingniki boʻlmaydi” degan fikrlari va Jobirning: “Bir kuni rasululloh (S.A.V.)dan dafʼatan qarash toʻgʻrisida soʻradim. U zot dedilar: “Koʻzingni olib qoch”. Imkon boricha birinchi nazardan ham saqlanish kerak. Agar qasddan qaramasa, u kechirimli boʻladi”, mazmundagi rivoyatini havola sifatida keltiradi.

Domla Ikrom erkaklarning ayollarga nazar solishi mumkin boʻlgan ikkinchi holatni biror maqsadda, masalan, nikoh payti ayolning yuzi va qoʻliga qarash mumkin, deb yozadi [3:95].

Muallif uchinchi turdagi razm solishni ayolga shahvat nazari bilan qarash deb yozadi va undan qattiq saqlanish lozimligini uqtiradi va Imom Roziyning “Tafsiri kabir”ida yozilgan Muhammad paygʻambarning “Koʻzlar ham zino qiladi” iborasini ilova sifatida keltiradi [3:96].

Domla Ikrom musulmon boʻlmagan ayollar masalasida “Nodirul fatvo” va “Raddul muxtor” kitobiga tayanib: “Agar ayol musulmon boʻlmagan ozod ayol boʻlsa, uning faqatgina yuziga qaraladi. Ammo bu ularning zamonida, yaʼni islomga qadar boʻlgan davrda edi. Bizning hozirgi zamonimizda esa musulmon boʻlmagan oʻsmir qizga ham qarash man qilinadi. Unga qarash makruh, agar shahvat bilan qaralsa haromdir” [3:96], deb yozadi. Koʻz zinosi barcha yomonliklarning ibtidosi ekanini taʼkidlab, “Zaxiratul muluk” asaridan quyidagi havolani keltiradi: “Inson vujudidagi shaytonning juda tez uchadigan oʻqi bu koʻzdir. Zero boshqa barcha hislar toki, ularga biror narsa tegmasa, nima gapligini bilmay oʻz joyida sokin turaveradi. Ammo koʻz shunday bir hiski, u uzogʻu yaqindan baloyu gunohlarni ovlaydi.

Mutafakkir koʻz zinosi haqida turli diniy kitoblardan havolalar keltirish bilan cheklanib qolmay, undan yetadigan zararlarni sheʼriy tarzda ifodalashga ham harakat qiladi:

In hama ofatki, ba tan merasad,
Az nazar tavba shikan merasad.
Diyda furoʻ poʻsh chu dar durru sadaf,
To nashavi tiyri baloro hadaf.

(Mazmuni: Tanaga yetadigan barcha ofatlar, albatta nazardan yetadi. Sen nazaringni yashir goʻyoki sadafdek, shunda balolarga nishon boʻlmaysan) [3:97].

Domla Ikrom ayollar koʻchaga chiqqanda, oʻziga haddan ziyod oro berib, atrofdagilarni oʻziga jalb qilmasligi kerakligini uqtiradi. Koʻzlariga surma, qoʻllariga hino qoʻyishi mumkinligini aytib, yuz va qoʻl kaftlaridan boshqa barcha tana aʼzolari yopiq boʻlishi oʻzi uchun foydali boʻlishini yozadi va Nur surasidan quyidagi oyatni keltiradi: “Val yadribna bixumrihinna ʼala juyubihinna va la yubdiyna ziynatahunna”, yaʼni, ayollar roʻmoli bilan koʻkrak va siynalarini oʻrasin, tokim sochiyu boʻyinigacha yopilsin, ziynatlari hisoblanadigan boshu bilaklarini, siynayu boldirlarini oshkora qilmasin.

Muallif kitob soʻngida erkak kishining oʻziga tegishli boʻlgan ayolni rashk qilishi masalasiga ham toʻxtalib oʻtadi va Muhammad Paygʻambar (S.A.V.)ning “Qalbi teskari boʻlgan kishigina rashk qilmaydi”, degan hadislarini izohlashga harakat qiladi. Rashk soʻziga taʼrif berib,  “bu begona erkaklarni ayollarining yoniga kiritmaslik, koʻchaga iznsiz chiqarmaslikdir”, deb yozadi. Shayx Ahmad Rumiyning “Masolikul axbor” asarida erkak kishi oʻz ayolini koʻchaga iznsiz chiqishiga yoʻl qoʻymasligi kerakligi, xotin erining ruxsati bilan koʻchaga chiqqanida oʻranib chiqishi lozimligi, atir sepmasligi va yoʻlning serqatnov yoki bozorga olib boradigan qismidan yurmasligi, eriga aytgan manzilidan boshqa joyga bormasligi shart qilib qoʻyilganini koʻrsatib oʻtadi [3:97].

Xulosa qilib aytganda, XX asrning boshida Turkiston mintaqasida ayollarning oʻranib yurishiga barham berish uchun harakat boshlangan bir paytda Buxoro muftisi Domla Ikrom Qurʼoni karim, Hadisi sharif va koʻplab islomiy kitoblarga asoslanib “Risolayi forsiya dar bayoni vujubi satri niso” asari orqali bu masalaga oʻz munosabatini bildirdi. Ayollarning ochiq yurishi islomda qoralanishini bayon qilib, yopiq kiyinib yurishi ularning xavfsizligining garovi ekanini uqtirdi. Erkaklarning ayollar bilan munosabatda juda ehtiyotkor boʻlishga daʼvat etdi. Koʻrinib turibdiki, jamiyatda islohotlar amalga oshirilishining tarafdori boʻlgan Domla Ikrom islom anʼanalariga sodiq ulamo sifatida ayollarning zeb-ziynatga burkanib yurishi, haddan ortiq boʻyanishi va qaddi-qomatini koʻz-koʻz qiladigan kiyimlar kiyishiga qarshi boʻlgan. Ayollarning oʻranib yurishi qullik belgisi emas, balki ozodligi belgisi ekanini isbotlashga harakat qilgan. 

MANBA VA ADABIYOTLAR
  1. S.Ayniy. Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar. Moskva: SSSR xalqlarining markaziy nashriyoti, 1926.
  2. OʻzRMDA, I-3 fond, 2-roʻyxat, 215-yigʻmajild.
  3. Risolayi forsiya dar bayoni vujubi satri niso. (Ayollarning oʻranib yurishining vojib ekanligi toʻgʻrisida forscha risola). Yangi Buxoro. 1912. 
IZOHLAR:
  1. Jilbob – turli xil matodan tikiladigan, boshdan oyoqgacha tanani yopadigan ustki kiyim. Milhafa ham deyilib, koʻylak yoki boshqa kiyimlarning ustidan oʻraladi.
  2. Qamis – uzun koʻylak.

 

Dilnoza Jamolova,
Oʻzbekiston FA Tarix instituti doktoranti,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim

Check Also

ISTIGʻFORNING 72 ta XISLATI

ISTIGʻFORning 72 ta XISLATIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: Kalomulloh – Qurʼoni karimning muborak …