Home / FOTO LAVHALAR / KOMILLIKKA ERISHISHNING YAGONA YOʻLI — MUTOLAA

KOMILLIKKA ERISHISHNING YAGONA YOʻLI — MUTOLAA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Komil Sindorovning “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Temuriylar kutubxonasining siri”, “Supoqsoydagi sirli qotillik”, “Oʻgʻirlangan bolalik” nomli badiiy detektiv asarlar mohiyati yuzasidan muallif ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari hamda Malaka oshirish markazi Samarqand mintaqaviy filiali tinglovchilari qatnashdi.

Tadbir avvalida Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev soʻzga chiqib, badiiy mutolaaning inson kamolotidagi oʻrni hamda maʼnaviy tarbiyasidagi muhim ahamiyatini qayd etdi. Maʼnaviy ozuqa olishning, komillikka erishishning birdan-bir yoʻli bilimlar manbai boʻlgan kitob mutolaasi hisoblanadi. Notiq sadoqatli hamroh, eng yaqin doʻst va bebaho boylik – kitobning shu jihatdagi nodir qiymatini alohida taʼkidlab, tadbir mehmoni Komil Sindorovni samarali ijod mahsullari bilan qizgʻin tabrikladi.

Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura xodimlari malakasini oshirish markazi professori K.Sindorov detektiv janridagi oʻzbek romanchiligining yetuk namoyondalaridan biridir. Uning kitoblari aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, kitobxon ongiga jinoyat uchun jazoning muqarrarligi, sud hukmisiz hech kimni aybdor deb hisoblab boʻlmasligi, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash tamoyillariga oid tushunchalarni keng singdirishga xizmat qilib kelmoqda.

Muallif oʻz chiqishida kitoblarida insonlar ongida uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan “prokuratura qoralovchi, jazolovchi organ, unda ishlovchi xodimlar esa qahri qattiq, qoʻpol va bemehr insonlar” degan notoʻgʻri tushunchalarga barham berib, qahramonlari misolida tergovchilarning gʻoyat mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarini haqqoniy yoritishga eʼtibor qaratgani, bu bilan adolat, haqiqat va qonun ustuvorligini taʼminlash uchun jonbozlik koʻrsatayotgan bunday sharafli kasb egalarining fidoyiliklarini bayon etganini taʼkidladi.

Davra suhbati qizgʻin munozara hamda savol-javoblarga boy boʻldi.

Tadbir yakunida muallif tomonidan yozilgan kitoblar toʻplami Markaz kutubxonasiga taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …