Home / ALLOMALAR / MAHMUDXOʻJA BЕHBUDIY – SAMARQAND JADIDLARINING YIRIK NAMOYANDASI

MAHMUDXOʻJA BЕHBUDIY – SAMARQAND JADIDLARINING YIRIK NAMOYANDASI

Jadidlik harakatini chuqur oʻrganish, oʻsha davrda ijod qilgan va faoliyat yuritgan ziyolilar, taraqqiyparvarlarning ezgu maqsadlarini keng targʻib qilish davlatimizning doimiy diqqat eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvarda Parlamentga yoʻllagan murojaatnomasida bu masalaga alohida toʻxtalib oʻtdi: “Umuman, biz jadidlik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi” [1].

Jadidlik harakati va uning mohiyati bugungi kun uchun ham dolzarb va ahamiyatlidir. Prezidentimiz 2020 yil 30 sentyabrda imzolagan “Maʼrifatparvar jadidlik harakati namoyandalarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmonda jadidlar faoliyati yana bir bor eʼtirof etildi. XX asrning boshida oʻzining maʼrifatparvarlik faoliyati va fidokorona xizmatlari bilan milliy taʼlim-tarbiya tizimini yaratish va yurtimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning obod va farovon hayotini taʼminlashga qoʻshgan beqiyos hissasi uchun Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi [2].

Jadidlik harakati XIX asrning oxiri XX asrning boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim va Tataristonda yuzaga keldi. Qator maʼrifatli shaxslarning yangi siyosiy va ijtimoiy gʻoyalarni ilgari surishi jadidlik harakatiga asos soldi. “Jadid” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, yangi degan maʼnoni anglatadi. Bu davrda boshlangan yangi siyosiy, maʼrifiy va ijtimoiy jarayonlar jadidlik yoki taraqqiyparvarlar harakati deb nomlandi. Harakat asoschisi qrimlik Ismoilbek Gaspirinskiy edi.

Jadidlik harakati keyinchalik mintaqaning boshqa hududlarida ham keng yoyila boshladi. Xususan, XIX asrning oxiri XX asrning boshida Turkiston mintaqasidagi jarayonlarda jadidlik harakati muhim ahamiyat kasb etdi va qator ilgʻor gʻoyalar ilgari surildi. Oʻsha vaqtda Turkiston aholisining moddiy ahvoli ogʻir boʻlib, xalq orasida savodsizlik, diniy mutaassiblik keng tarqalgan edi. Jadidlarning fikriga koʻra, xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotishning yagona yoʻli ularni maʼrifatli qilish edi. Bu yoʻlda yangicha tuzum va tartiblarni joriy etish, yangi usul maktablarini ochish va insonlarni ilgʻor jahon tajribasidan voqif qilish lozim edi. Shu bois jadidlik harakatining mohiyati millat va jamiyatning tafakkurini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat boʻlgan.

Jadidlik harakatining yuzaga kelishi va rivojlanish bosqichlarini tahlil qilish uchun oʻsha davrdagi tarixiy jarayonlarga toʻxtalish maqsadga muvofiqdir. XIX asr oxirida Chor Rossiyasi Turkistonni bosib olganidan soʻng xonlik davridagi tartibotni bekor qila boshladi. Turkistonning taraqqiyotdan ancha orqada qolib ketgani oʻlkada temir yoʻl qurilishidan, dastlabki sanoat korxonalarining bunyod etilishidan, rus olimlarining Oʻrta Osiyoga olib kelgan yangi ilmiy gʻoyalaridan keyin maʼlum boʻla boshladi. Xonliklar davridagi monarxiya tuzumi sababli oʻlkada hali-hanuz oʻrta asrlarga xos hayot tarzi hukm surar edi. Bu omillar yurtning ziyolilari va taraqqiyparvarlarini uygʻotdi. Turkistondagi jadidlar sifatida Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Fitrat, Choʻlpon, Ashurali Zohiriy, Isʼhoqxon Ibrat, Fayzullo Xoʻjayev, Abdulvohid Burxonovni taʼkidlash mumkin. Ular milliy uygʻonish harakatining boshida boʻldi.

“Jadidlik mohiyatga koʻra siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va magʻlubiyatga uchrash davri boʻlib, ularni shartli ravishda toʻrtga boʻlish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-1916; 1917-1920; 1921-1929 yillarni oʻz ichiga oladi” [3:519].

Samarqandda ham jadidlik harakati keng yoyilib, ularning bir qator yetuk namoyandalari yetishib chiqdi. Samarqand jadidlarining eng koʻzga koʻringan vakili, shubhasiz, Mahmudxoʻja Behbudiydir. “Turkistondagi jadidlik harakatining taniqli namoyandasi Mahmudxoʻja Behbudiy (1875-1919) mashhur dramaturg va publitsist, jamoat arbobi boʻlishidan tashqari, oʻz davrining yirik olimi, noshir va matbuotchisi sifatida chuqur iz qoldirdi” [4:37].

M.Behbudiy 1875 yilning 30 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida, ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, amir Shohmurod zamonida (1785-1800) Samarqandga kelib qolgan. 1894 yilda imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan otasi Behbudxoʻja vafot etadi. Yosh Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi.

Jadidlar Turkistonni qoloqlik, savodsizlik botqogʻidan olib chiqishning eng muhim omili xalqni savodli, maʼrifatli qilish ekanini yaxshi tushunar edi. Shu bois ular yangi usuldagi maktablarni tashkil qildi. Bu maktablarni oʻsha davrning ilgʻor kishilari, boylar moddiy va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatladi. Bunday maktablar dastlab 1893 yili Samarqandda, 1898 yili Qoʻqonda Salohiddin domla, 1899 yil eski Toshkentda Munavvar Qori, Andijonda Shamsiddin domla tomonidan tashkil etildi. 1900 yili Buxoroda ham Joʻraboy qori yangi usuldagi maktablarni barpo etdi. 1903 yili M.Behbudiy oʻz mablagʻi hisobidan Jomboyda xuddi shunday maktab ochdi. Jadid Hoji Muin va Shakuriy shu maktabda dars bergan [5:169-170].

Mahmudxoʻja Behbudiy nafaqat yangi usul maktablarini tashkil qilish, balki ularni zamonaviy darsliklar, dunyoviy ilmlar bilan ham taʼminlash ishiga bosh-qosh boʻldi. Oʻzi qator darslik va risolalar yaratdi. “1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida uning tashabbusi bilan yangi maktablar ochildi. Behbudiy bu maktablar uchun “Risolai asbobi savod”, “Risolai jugʻrofiyai umroniy”, “Kitobul atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi darslik va risolalar yozdi [6:11].

Behbudiy jadidlar yetakchisi, mintaqada taraqqiyparvarlik harakatining aʼzosi sifatida Samarqand shahrida turli yigʻin, kecha va mashvaratlarni tashkil qildi. Bu kabi yigʻilishlarga turli shaharlardagi taraqqiyparvar kishilar taklif etildi. Buxorolik mashhur maʼrifatparvar Sadriddin Ayniy Mahmudxoʻja Behbudiy haqida bunday eslaydi: “1908 yilda dars sheriklarimizdan boʻlgʻon Mirzo Abdulvohid bilan Buxorodan Samarqandgʻa kelgan edik. Bu sayohatimizda mulla Abdulqodir Shakuriy, mulla Ismatullo Rahmatullozoda va bir qancha Samarqand maʼrifatparvarlari oqshom majlisi uchun bizni bir yerga chaqirgʻon edi” [7:238].

S.Ayniyning qoʻshimcha qilishicha, bu uning Behbudiy bilan birinchi uchrashuvi edi. U bunday xotirlaydi: “Bu kecha Mahmudxoʻja koʻpincha fanniy masalalardan soʻz chiqarib, yerdan, koʻkdan, oydan, yulduzdan, qisqasi, ul vaqtgʻacha biz eshitmagan narsalardan koʻpgina soʻyladi” [7:238].

Behbudiy faol noshirlik faoliyati bilan Turkistonda milliy matbuot rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Uning tashabbusi bilan oʻzi va boshqa taraqqiyparvarlarning maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng targʻib qilish maqsadida gazeta va jurnallar faoliyat koʻrsata boshladi. Behbudiyning saʼy-harakatlari va muharrirligida 1913 yildan “Samarqand” gazetasi chiqa boshlagan. Unda oʻsha davrning dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalariga eʼtibor kuchli edi. Gazetaning 1913 yil 30 iyuldagi sonida turkistonlik yoshlarning ogʻir ijtimoiy ahvoli, bolalarni maktabda oʻqitishning ahamiyati haqida toʻxtalib, bunday deyilgan: “Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosigʻa tobe ekan, bizni ulamo bilʼaks avomgʻa tobedur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, oʻttuz sana soʻngra yana yomonroq boʻlur, musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur” [8].

Bundan tashqari, Buhbudiyning bevosita ishtiroki va tashabbusi bilan 1917 yil 16 apreldan boshlab “Hurriyat”, 1918 yildan 1922 yilgacha “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi nashr etilgan va ularda mustaqillik, insonlarni ilm olishga, zamonaviy fikrlashga daʼvat etuvchi maqolalar chop qilingan.

Behbudiyning noshirlik faoliyatida “Oyina” jurnali alohida ahamiyatga ega. 1913 yilning 20 avgustidan chiqa boshlagan bu jurnalda milliy birdamlik, turkiy xalqlarning hamjihatligi kabi masalalar koʻtarilgan. Millat va uning haq-huquqlari, tarixi, til va adabiyoti masalalari, dunyodagi ahvolga doir qiziqarli maqolalar berib borilgan.

Behbudiyning millat taraqqiyotida xorijiy tillarni oʻrganishning ahamiyati haqidagi fikrlari diqqatga sazovor. U xorijiy tillarni oʻrganish zamonning zarurati ekanini taʼkidlab, uni diniy tomondan ham asoslashga harakat qildi: “Yana bir til va xat borki, butun olam bir-birila aning ila soʻylaydur. Ul faranse tili xatidur. Gʻayridinning ilm va xatini oʻrganmoq shariatcha durustdur. Hadisi sharifdan maʼlum boʻladurki, janob Paygʻambar (S.A.V.) oʻz sahobalaridan Zayd bin Sobit(gʻa) yahudiy xatini oʻqub-oʻrganmoqqa buyurgan ekan. Va ul janob amri hazrat nubuvvat panohi ila yahudiy xatini oʻrganib, hazrat Paygʻambar (S.A.V.)gʻa yahudiylardan keladurgʻon xatlarni oʻqub berar ekan. (“Sahihul Buxoriy”, 4-juz, 156-sahifa)” [9:14].

Behbudiy Turkistonda islom dinining oʻrni va mavqei yuqoriligi, diniy ulamolarning xalq orasidagi obroʻsini inobatga olgan holda, oʻz gʻoyalarini targʻib qilishda diniy va dunyoviy qarashlardagi muvozanatni saqlashga harakat qilgan. Bu haqda tarix fanlari doktori, professor Q.Rajabovning quyidagi fikrlarini keltirish oʻrinli: “Behbudiy ham din va millatni ittifoq etishga, islohot oʻtkazishga, ziyoli va taraqqiyparvarlarni, boy va ulamoni birlashtirishga daʼvat etdi. U taraqqiyparvarlar va ulamolarning xalq orasida obroʻsi unchalik katta emasligi, shu bois qadimiy ulamolar bilan hamkorliksiz ish olib borilsa muvaffaqiyatga erishish qiyinligi toʻgʻrisida kuyunib soʻzlar edi” [10:9].

Behbudiyning maʼrifatparvarlik gʻoyalari, jamiyatni isloh qilish, jaholatga qarshi kurashish masalalaridagi fikrlari uning “Padarkush” asarida yorqin ifodalangan. Bu asarda dunyoviy ilmlarni egallashning ahamiyati, keng dunyoqarashli yoshlarning mamlakatni taraqqiy ettirishdagi roli mohirona tasvirlangan: “Olimi zamoniy boʻlmoq uchun bolalarni, avvalo, musulmoniy xat va savodini chiqarub, zaruriyatiy diniya va oʻz millatimiz tilini biladirgʻondan soʻngra hukumatimizning nizomli maktablariga bermoq kerakdur, yaʼni gimnaziya va shahar maktablarini oʻqub tamom qilgʻonlaridan soʻng Peterburg, Maskov dorilfununlariga yuborib, dokturlik, zakunchilik, injenerlik, sudyalik, ilmi sanʼat, ilmi iqtisod, ilmi hikmat, muallimlik va boshqa ilmlarni oʻqutmoq lozimdir” [11:44].

Mahmudxoʻja Behbudiyning yurt ozodligi, millat taraqqiyoti yoʻlidagi saʼy-harakatlarini tadqiq etishda uning siyosiy faoliyatini ham inobatga olish lozim. 1917 yildagi fevral inqilobi va Rossiya podshosi Nikolay Romanovning taxtdan agʻdarilishi Turkiston jadidlarini faollashtirib yubordi. “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 13 may sonida Behbudiyning “Muhtaram samarqandiylargʻa xolisona arz” nomli murojaati chop etildi. Unda ozodlik, hurriyat haqida quyidagicha fikr bildiriladi: “Hozirda boʻlsa, Xudoi taolo bizgʻa hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va saʼy etmoqqa yoʻl ochuqdir” [12:471].

M.Behbudiy 72 kun umr koʻrgan Turkiston Muxtoriyatining parlamenti – Milliy Majlis tarkibiga kiritilgan edi. Oʻsha vaqtda zamonaning eng ilgʻor ziyolilari, taraqqiyparvarlaridan tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatida masʼul lavozimni egallash Behbudiyga faxr bagʻishlagan edi. U: “27 noyabrda Hoʻqandda umumiy musulmon syezdida Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi. Muborak va xayrli boʻlsin! Kamina ham majlisda boʻlish uchun iftixor etaman. Yashasun Turkiston Muxtoriyati!” [12:493], degan edi.

Biroq juda qisqa muddatdan soʻng – 1918 yilning fevralida bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyati hukumati tarqatib yuborildi.

Xulosa qilib aytganda, Turkiston mintaqasida XIX asr oxiri XX asr boshida roʻy bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oʻlkada zamonaviy fikrlaydigan taraqqiyparvarlarning maydonga chiqishiga sabab boʻldi. Ularning millatni uygʻotish, jaholatga qarshi kurashish, mamlakatni taraqqiy ettirish yoʻlidagi mardonavor kurashi jadidlik harakati nomi bilan tarix zarvaraqlaridan joy oldi. Mahmudxoʻja Behbudiy bu harakatda millat fidoyisi sifatida muhim rol oʻynadi. Uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatini, tarixiy jarayonlarda tutgan oʻrnini yoritish, tahlil qilish alohida tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasi. // https://uza.uz/uz/posts/zbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyeevning-oliy-25-01-2020.
  2. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3 tom. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlati ilmiy nashriyoti, 2002.
  3. Q.Rajabov. Mahmudxoʻja Behbudiyning Bolqon urushlari va Anvar Posho haqidagi fikrlari // “Mahmudxoʻja Behbudiy diniy-maʼrifiy qarashlarining zamonaviy talqinlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –T., 2021.
  4. Oʻzbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. Tuzuvchilar: H.Sodiqov., R.Shamsitdinov., P.Ravshanov. va boshqalar. –T.: Sharq, 2000.
  5. Zarafshonning Behbudiysi. Toʻplovchi va nashrga tayyorlovchi: Akram Haydarov. –T.: Sahhof, 2020
  6. Mahmudxoʻja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Ikki jildlik. Ikkinchi jild. –T.: Akademnashr, 2021.
  7. “Samarqand” gazetasi, 1913 yil 30 iyul. №31
  8. “Oyina” jurnali, 1913 yil 20 avgust. №1.
  9. Q.Rajabov., M.Haydarov. Turkiston tarixi (1917-1924 yillar). –T.: Universitet, 2002.
  10. Mahmudxoʻja Behbudiy. Padarkush. Tanlangan asarlar. –T.: Maʼnaviyat, 1997.
  11. Mahmudxoʻja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Ikki jildlik. Birinchi jild. –T.: Akademnashr, 2021.

 

Gulmamat Ahmedov,
Samarqand Davlat muzey qoʻriqxonasi
tarix va etnografiya boʻlimi
katta ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …