Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ STIPЕNDIATLARI ILMIY ISHLARI TAQDIMOTINI OʻTKAZDI

MARKAZ STIPЕNDIATLARI ILMIY ISHLARI TAQDIMOTINI OʻTKAZDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan sovrindorlari olib borayotgan ilmiy-tadqiqotlarining dastlabki natijalari taqdimotini oʻtkazishdi.

Taqdimot avvalida stipendiya dasturi gʻoliblari Markazda ilmiy izlanishlar olib borish uchun yaratilgan sharoit hamda rahbariyat va ilmiy xodimlar tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy yordamlar uchun minnatdorlik bildirishdi. Shuningdek ular tomonidan mazkur xalqaro loyiha xorijlik tadqiqotchilar uchun Movarounnahr allomalari ilmiy merosini oʻrganishda muhim bosqich ekani eʼtirof etildi.

Xususan, Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti oʻqituvchisi Muhammad Hilmi Jalil izlanishlar jarayonida Markaz tadqiqotchilari bilan oʻtkazilayotgan ilmiy suhbat hamda munozaralar ijobiy natijalar berayotganini taʼkidlab, “Markaz fondidagi qoʻlyozmalar bilan tanishish va ularni oʻrganishga muvaffaq boʻlganim men uchun katta yutuq, bu orqali men tadqiqotlarimni haqiqiy qoʻlyozmalar bilan asoslash imkoniga ega boʻldim”, dedi.

L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti doktoranti Almas Imangaliyev esa mazkur xalqaro amaliyot vositasida Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda jamlangan ilmiy-maʼnaviy merosdan bahramand boʻlayotganligini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. “Ishonamanki, Oʻzbekistonga, xususan, Markazingizga qilingan ushbu safar ilmiy ishlarim samaradorligini oshishiga xizmat qiladi. Markazingizda amalga oshirgan ishlarim yakunida bu yerdagi faoliyatimga atab kichik risola chop ettirmoqchiman”, deya xayrli maqsadlari bilan oʻrtoqlashdi qozogʻistonlik tadqiqotchi.

Taqdimotchilar olib borayotgan ilmiy ishlarining mohiyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil maʼlumot berib, izlanishlarning dastlabki natijalari va ahamiyatiga ham toʻxtalishdi.

Eslatib oʻtamiz, shu kunlarda Markazda Muhammad Hilmi Jalil “Musulmonlarning “Sahihul Buxoriy”ga asoslangan oʻziga xosligi”, Almas Imangaliyev “Farobiyshunoslik va tarixiy tahlil” mavzularidagi ilmiy ishlari ustida izlanish olib borishmoqda.

Stipendiatlarning Markazdagi ilmiy amaliyoti joriy yilning iyun va iyul oylariga moʻljallangan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …