Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD YUNINIYNING “SAHIHUL BUXORIY” ASARIGA YOZILGAN “YUNINIY” NUSXASI

MUHAMMAD YUNINIYNING “SAHIHUL BUXORIY” ASARIGA YOZILGAN “YUNINIY” NUSXASI

“Sahihul Buxoriy” asarining eng koʻp tarqalgan va dunyo boʻyicha muhaddislar, shorihlar va olimlar tayanch manba sifatida foydalangani bu “Yuniniy” nusxasidir. Sakkizinchi hijriy asrdan keyin yetishib chiqqan barcha muhaddislar undan asos va asl manba sifatida foydalangan. “Sahihul Buxoriy”ning mashhur shorihlari Ibn Hajar Asqaloniy, Badriddin Ayniy, Qistaloniy va boshqalar taʼlif etgan mashhur sharhlarda ham asosiy manba “Yuniniy” nusxasi boʻlgan.

Uning sohibi Sharofiddin Abu Hasan Ali ibn Muhammmad Yuniniy 621/1224 yili Baʼlabakka (Damashq) viloyatining Yuniniy qishlogʻida muhaddislar oilasida tugʻilgan. Oʻz davrining eng buyuk muhaddislaridan boʻlib, uning otasi Taqiyuddin Yuniniy ham muhaddis, hofiz, zohid sifatida tanilgan [2:657]. Taqiyiddin Yuniniy haqida Imom Zahabiy bunday deydi: “U hofiz, imom boʻlib, fiqh va hadis ilmi bilan shugʻullangan. Uningdek zohid, komil va taqvoli insonni hali zamona koʻrmagan. U shariat va tariqatni oʻzida jamlagan, chiroyli xulq sohibi boʻlgan” [4:225]. Uning toʻrt farzandi boʻlib, barchasi hadis, fiqh, tarix va mantiq ilmlarida oʻz davrining buyuk olimlari boʻlgani manbalarda keltirilgan.

Muhammmad Yuniniy toʻgʻrisida “Tazkiratul huffoz” kitobida bunday maʼlumotlar keltiriladi: “Muhammad Yuniniy 621/1224 yil rajab oyining 11 kunida tugʻilgan. U oʻz davrining muhaddislari Zubaydiy, Munziriy, Rashid Attor, Ibn Abdussalom va boshqalardan ilm oʻrgangan. Shuningdek, rivoyat va diroyat ilmini mukammal bilgan” [4:482].

Muhammmad Yuniniy juda yoshligidan ilm oʻrganishni boshlab, oʻz oilasi va diyoridagi mashhur ulamolardan saboq olgan. Uzoq yillar Damashqdagi Dor hadisiz zohiriya madrasasida “Sahihul Buxoriy” va boshqa hadis kitoblaridan dars oʻtgan. Mashhur muarrix va muhaddis “Taʼrixul islom” va “Taʼrixud Damashq” asarlari muallifi Shamsiddin Zahabiy ham Muhammmad Yuniniyning shogirdi boʻlgan. U: “Sharofiddin Yuniniy imom, taqvodor, maʼrifatli, hofiz, muhaddis va ulamolarning shayxi boʻlgan. “Sahihul Buxoriy”ni oldingi nusxalari bilan solishtirib, asarning mukammal qoʻlyozma nusxasini yozib chiqqan buyuk muhaddisdir”, deydi [2:660].

Muhammmad Yuniniy “Sahihul Buxoriy”ning koʻplab nusxalarini tadqiq, tahrir qilgandan keyin ularning bir-biridan baʼzi jihatlari bilan farq qilishini koʻradi va asarni asl manbada qanday boʻlgani eʼtiboridan solishtirib, “Yuniniy” nusxasini yozishga kirishadi. Bu ishda Damashq va Misr muhaddislaridan tarkib topgan yetmishdan ziyod ulamo ishtirok etadi. Asarni Muhammmad Yuniniyning shogirdi, nahv ilmi olimi Ibn Molik arab tili qoidasi boʻyicha tahrir qiladi. “Yuniniy” nusxasi 666/1268 yilda Ibn Molik va boshqa muhaddislar ittifoqi bilan tayyorlanadi va bu ishga Muhammmad Yuniniyning oʻzi bosh boʻladi [1:8]. Manbalarda Yuniniy tahrir va tadqiq bilan mashgʻul boʻlib, “Sahihul Buxoriy” asarini bir yilda oʻn bir marta tahrirdan oʻtkazgani aytiladi.

Muhaddis Yuniniy “Sahihul Buxoriy” asarining oʻziga sanadi bilan yetib kelgan qoʻyidagi besh nusxasini asos qilib oladi:

  1. Abu Abdulloh Husay ibn Abu Bakr Zubaydiy rivoyati bilan kelgan Abu Vaqtning Dovudiydan, u Saraxsiydan, u Firabriydan qilgan rivoyati asosidagi qoʻlyozma nusxasi;
  2. Abu Hasan Ali ibn Shujoʼ ibn Salimning (661/1263) uch ustozi Abu Qosim Buvsiriy (598/1202), Abu Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad Hanbaliy (601/1199) va Abu Abdurahmon ibn Abdulloh Aʼtiq ibn Boqo (608/1207)ning Karima binti Marvaziyadan rivoyati, u Kushmihoniydan, u Firabriydan qilgan rivoyat nusxasi;
  3. Muhaddisning otasi Abu Abdulloh Muhammad Yuniniy Abu Tohir Barakot ibn Ibrohim Xashuiy, u Asiliydan, u Abu Zayd Marvaziy va Abu Muhammad Jirjoniydan, u ikkisi Firabriydan qilgan rivoyati nusxasi;
  4. ustozi Makkiy ibn Eʼlon (680/1281) va Abu Barakot Hasan ibn Muhammadning Shomning buyuk muarrixi Ibn Asokirdan qilgan rivoyatining nusxasi;
  5. Abu Jaʼfar Hamadoniyning Hofiz Abu Tohirning ijozasi asosida rivoyat qilgan imom Qoziy Iyozning Abu Aʼlo Sadafiydan va uning Abu Valid Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning Abu Zarr Hiraviydan rivoyati asosidagi nusxa. Bu nusxani Abu Zarr Firabriyning uch shogirdi Mustamliy, Kushmihoniy va Saraxsiy rivoyati asosida tahrir qilgan [3:6/491].

Muhammmad Yuniniy nusxani tayyorlashida, oʻzi taʼkidlaganidek, hadis ilmi tarixidagi buyuk toʻrt muhaddis hofiz Abu Muhammad Abdulloh ibn Ibrohim Usiliy, Hofiz Abu Zarr Abd ibn Ahmad Haraviy, Abu Qosim Ali ibn Hasan ibn Asokir Damashqiy va Hofiz Abu Vaqt Abdulavvalning ittifoqi asosida rivoyat qilingan eng ishonchli nusxalardan foydalangan [8:4/180].

Muhammad Yuniniy oʻz nusxasida hadis turuqi, yaʼni hadislarni olish yoʻli faqat Imom Firabriyning rivoyati asosida boʻlganini taʼkidlaydi [2:678]. Shuningdek, “Yuniniy” nusxasini tayyorlashda Abu Zarr Hiraviyning rivoyati muhim ahamiyat kasb etganini koʻrish mumkin. Muhammad Yuniniy aytadi: “Abu Zarr Hiraviyning “Sahihul Buxoriy” nusxasi eng sahih va hujjat boʻlgan nusxadir”. Muhaddis Ibrohim ibn Muhammad ibn Azhar Surayfiniy (641/1244) bunday taʼriflaydi: “Abu Zarrning “Sahihul Buxoriy” boʻyicha rivoyati mazkur asarning sahihligi va ishonchliligi uchun murojaat qilinadigan eng ishonchli nusxadir” [2:680].

Muhammad Yuniniy nusxasi muhaddisdan keyingi davr uchun hadis ilmini oʻrganish, “Sahihul Buxoriy”ning matni va sharhini tayyorlashda barcha muhaddislar foydalangan asosiy manba hisoblanadi. Muhammad Yuniniy uni tayyorlashda Abu Zarr Haraviydan kelgan rivoyatga asoslanadi. Abu Zarrga bu sanad Karima binti Ahmaddan yetib kelgan boʻlib, u Kushmihoniydan rivoyat qilgan. Hamaviydan kelgan sanad ham Kushmihoniy, Mustamliy, Abu Zayd Marvaziy va Jurjoniy rivoyati asosida Muhammad Yuniniyga yetib kelgan [1:14]. Shuningdek, Muhammad Yuniniy damashqlik muhaddis hofiz Abdulgʻani Maqdisiy (600/1203) nusxasidan keng foydalangan. Bu nusxa unga yetib kelgan sanadlar orasida eng ishonchlisi sifatida eʼtirof etiladi [4:4/176]. Muhammad Yuniniy Maqdisiy nusxasidan foydalangani haqida: “Mening Muhammad ibn Yahyo Zubaydiydan Abdulgʻani Maqdisiyning “Sahihul Buxoriy” asari nusxasini ilk eshitishim, mavlom, otam Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh Yuniniy vositasi bilan 630/1233 yilda Damashqda boʻlgan” deb taʼkidlaydi [4:4/177]. Muhammad Yuniniy keyinchalik 666/1268 yilda oʻz uslubida maqdisiy nusxasiga asoslanib “Yuniniy” nusxasini yaratadi [4:4/1760].

Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Kirmoniy (787/1385), oʻzining “Kavokib durar” nomli sharhida, Sirojiddin Abu Hafs ibn Mulaqqin (804/1402)ning “Tavzih li sharhi jomiy Sahih” asarida, Hofiz ibn Hajar Asqaloniy (851/1447)ning “Fathul Boriy fi sharhi Sahihi Buxoriy” asarida, Badriddin Abu Muhammad Ayniy (855/1451)ning “Umdatul Qoriy” nomli sharhida, Shahobiddin Abu Abbos Qastaloniy (923/1517)ning “Irshodu Soriy” nomli sharhida “Sahihul Buxoriy”ning “Yuniniy” nusxasi asosiy va asl manba boʻlib xizmat qilgan [2:830].

Bu kitoblar shu mavzuda tasnif etilgan sharhlarning eng saralari hisoblanadi. Mualliflar keltirgan rivoyatlarda Imom Buxoriydan oʻzlarigacha boʻlgan hadislarning sanad silsilasi va hadis turuqining bir xilligini koʻrish mumkin. “Sahihul Buxoriy” asarining barcha nusxalari roviylari silsilasining birinchi sanadi Imom Firabriyning rivoyatidan olingan. Muhaddislarning “Sahihul Buxoriy” asarini rivoyat qilishida mushtaraklik baʼzida alohida turuq, roviylar qaysidir sanadda oʻzgargani qayd etilgan boʻlsa, barcha roviylardan kelgan sanadlar “Yuniniy” nusxasida yana birlashganini koʻramiz. Bunga sabab Shahobiddin Muhammad Yuniniy “Sahihul Buxoriy”ning “Yuniniy” nusxasi Imom Buxoriydan keyin 500-600 yil oʻtib roviylar oʻzgarib, kotib, xattotlar yoʻl qoʻygan baʼzi nuqsonlar sababli oʻzgarib ketishining oldini olish maqsadida ularni isloh qilib, bu noyob nusxani yaratishni maqsad qilgan.

“Fathul Boriy fi sharhi Sahihi Buxoriy” muallifi Ibn Hajar Asqaloniy: “Sahihul Buxoriy”ga nisbatan imomlar tomonidan bildirilgan fikr va tanqidlarning barchasini oʻrganim chiqdim. Asarni tahrir, tahqiq qilib, qism va fasllarga ajratdim. Bu shunday nodir asarki, unda bironta shubhali hadis yoʻq”, deb asarning mutlaq sahih ekanini aytib, unga shubha va tanqid bilan qarovchilarning asossiz fikrlariga kuchli raddiya bergan [7:815].

Muhammad Yuniniy “Sahihul Buxoriy” nusxasini tayyorlashda asosan quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratgan:

– “Yuniniy”nusxasini tayyorlab, oʻz davrining ulamolari Ibn Molik, Iroqiy, Basriy, Al-Qaliy kabi muhaddislar nazaridan oʻtkazib olgan;

– oʻziga ishonchli sanad bilan yetib kelgan “Sahihul Buxoriy” nusxalarini jamlab, ularni chuqur tahrir va tahqiq qilgan. Bular Abu Zarr, Abu Vaqt, Ibn Asokir, Asiliy, Abdugʻani Maqdisiyning nusxalaridir;

– Muhammad Yuniniy mavjud nusxalarning har birini oʻrganib, Abu Zarr, Maqdisiy, Usuliy, Kumushhoniy, Hamaviy va Mustamliy rivoyatlarini alohida maxsus ramzlar bilan ajratgan. Shuningdek, arab tili qoidalari, hadislar tarixi, sanadini barcha nusxalar kesimida tahrir qilgan;

– “Yuniniy” nusxasi oldin mavjud boʻlgan Abu Zarr va Maqdisiynikidan boshqa narsa emas. Bu oldin mavjud boʻlganning umumlashgan va mukammal nusxasidir;

– Muhammad Yuniniy “Yuniniy” nusxasini tayyorlashda oʻzining alohida yangi nusxasini yaratish emas, balki oldingi rivoyatlarni oʻzgartirmasdan ularga ergashishni, harflar, eʼroblar, matnlar, zamirlardagi noaniqliklarni tahrir va tadqiq etishni maqsad qilgan.

Muhammad Yuniniy hadis ilmi tarixida Imom Buxoriyning maʼnaviy merosini keyingi davr uchun yaxlit sahih deb eʼtirof etilgan nusxasini yaratdi [5:20/200].

“Sahihul Buxoriy”ning “Sultoniya” nusxasi tayyorlanishi va nashr etilishida ham asl manba “Yuniniy” nusxasi boʻldi.

Sulton Abdulhamid 1311/1894 yilda asl manba asosida “Sahihul Buxoriy”ning yangi nusxasini tayyorlash boʻyicha Misr ulamolariga buyruq beradi. Shayx Hasan Navaviy bu ishga bosh boʻladi, muhaddis va lugʻatshunoslardan tarkib topgan oʻn olti kishilik hayʼat tuzadi. “Sahihul Buxoriy” asariga yozilgan barcha qoʻlyozmalar olinadi va chuqur tahrir va tahlil qilinadi. Aniqlangan kamchiliklar jadval asosida tuzib boriladi, boshqa nusxalar boʻyicha ham sharhlar, mantiq, balogʻat ilmlariga tayanib, ittifoqan qaror qabul qilinadi. Tahrir jarayonida har bir bahstalab oʻrin boʻyicha muhim qaror qabul qilish maqsadida dunyo ulamolariga murojaat qilinadi va barcha mazhab imomlaridan maslahat olinadi. Har bir hadisning matni, roviysi, sanadining sahihligi va arab tili qoidalariga mutanosibligi sinchiklab tekshiriladi.

“Sultoniya” nusxasi musahhihi shayx Hasan Navaviy: “Sahihul Buxoriy”ning sahihligi uning lugʻat va sanadining toʻgʻriligida “Yuniniy” nusxasiga tayandik. Boshqa nusxalardan deyarli foydalanmadik”, deydi [2:806]. Shuningdek, “Sultoniya” nusxasini tayyorlashda Asqaloniy, Qistaloniy, Kirmoniyning mashhur sharhlaridan foydalanilgan.

Sulton Abdulhamidning topshirigʻi bilan boshlangan bu ish xayrli yakun topdi. “Sahihul Buxoriy”ning “Sultoniya” nusxasi 1313/1896 hijriy yilda Misrning “Matbaa kubrol amiriya” nashriyotida nashr etildi va keyinchalik bu nusxa islom olamida mashhur boʻlib, 1314/1897, 1315/1898 va 1325/1907 yillarda qayta nashr etildi [2:814].

Islom tarixida hadis ilmining tadrijiy rivojlanib borishi va hadis asarlarining nodir manba sifatida asrlar osha bizgacha yetib kelishida muhaddis, kotib, roviy va baʼzi sultonlarning xizmati katta boʻlgan. Ayniqsa, bu ilmning rivojlanishi, uning taraqqiyotini movarounnahrlik muhaddis va roviylarning maʼnaviy merosisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari magʻrib va mashriqqa tarqalishi, albatta, buxorolik Imom Firabriy va nasaflik Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy rivoyat qilgan sanad asosida boʻlgan. Afrikaga esa Karima binti Ahmad Marvaziyaning rivoyati asosida kirib borgan. Bularni mavjud barcha tarixiy manbalar tasdiqlaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Ahmad Muhammad Shokir. –Misr.: Olamul kutub, 2015.
  2. Juma Fathiy Abdulhalim. Rivoyat jomiʼ sahih va nusxa, dirosat, nazariya, tatbiqiya. –Qatar.: Dorul falloh. 2013.
  3. Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo. –Bayrut: Dor muassasatir risola, 1992.
  4. Zahabiy. Tazkirat al-xuffoz. –Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya, 1954.
  5. Zahabiy. Tarix al-islom. –Bayrut: Dorul kitabil arabiy, 1990.
  6. Ibn Abdushshakur Zarqiy. Dirosa li ajuba ibn Hajar ala intiqod Doraqutniy ala Buxoriy. –Malayziya: Akademii dirosatil islam. 2020.
  7. Ibn Hajar Asqaloniy. Hadyi Sariy muqaddima Fathi Boriy. –Riyoz, 2011.
  8. Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy fi sharhi Sahihi Buxoriy. –Qohira: Maktabatul mansura, 2011.
Shukrullo UMAROV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Check Also

SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY – BUYUK MUTASAVVIF OLIM

Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari  hujjat” [5:29] …