Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING HADIS QABUL QILISHDAGI SHARTLARI

IMOM BUXORIYNING HADIS QABUL QILISHDAGI SHARTLARI

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy yashab ijod etgan davrda hadis ilmi juda keng taraqqiy etgan. U kishining vafotidan keyin ham bir qancha muhaddislar yetishib chiqqan. Shunday boʻlsa-da, ulamo va muhaddislar nazdida faqat “Sahihul Buxoriy” asari eng sahih va eng mukammal deb eʼtirof etilgan.

Buning sababi shuki, Imom Buxoriyning roviylardan hadis qabul qilib olishdagi shart va talablari boshqa muhaddislarnikidan keskin farqlangan. U hadis yetkazuvchi roviylarning sifati va axloqiga juda katta eʼtibor qaratgan. Ular talabga javob bermasa, hadisini qabul qilmagan. Sifati majhul va jarhlangan, nasl-nasabi nuqsonli roviylardan, shu jumladan, sanad tabaqasida yolgʻiz boʻlib qolgan roviydan umuman hadis rivoyat qilmagan.

Imom Buxoriy shartlarining kuchlilik darajasini uning: “Men kitobimga faqatgina sahih hadislarni kiritdim. Kitob choʻzilib ketmasligi uchun baʼzi oʻrinlarda sahih hadislarni ham tark qildim”, degan soʻzlaridan bilsa boʻladi. U qidirib, surishtirib topgan har bir hadisini shu shartlar asosida oʻrganib, keyin sahih toʻplamiga kiritgan.

Hadis ilmi tarixida biror muhaddisning toʻplam tuzishdagi aniq shartlari boʻyicha ochiq dalil naql qilinmagan. Shular qatori Imom Buxoriy ham hadis qabul qilishdagi shartlarini ochiq-oydin bayon etmagan. Ammo mashhur muhaddislarning kitoblarini diqqat bilan oʻqib oʻrganish davomida har birining hadisni qabul qilishdagi shartlariga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Hadislarni sahih deb qabul qilishda muhaddislarning sahihlik shartlari turlicha boʻlgan. Hadislarning sahih deb eʼtirof etilishida asosan beshta shart mavjud. Ushbu shartlar quyidagilar:

1) Sanaddagi roviylarning ishonchli va adolatli boʻlishi. Adolatli kishi taqvodor, odil va yomon ishlardan yiroqda boʻlgan odamdir. 2) Sanaddagi roviyning xotirasi mustahkam boʻlishi. Yaʼni, eshitgan narsasini yodida saqlay bilishi va keyinchalik uni shundayligicha rivoyat qila olishi. 3) Sanadning uzluksiz boʻlishi. Yaʼni, rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan muhaddisgacha boʻlgan roviylar silsilasi uzilmasligi kerak. Sanadning halqasidan birorta roviy tushib qolmasligi lozim. 4) Hadis oʻz matni va roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlishi. 5) Hadis matni va sanadi tarqoq boʻlmasligi lozim.

Shu bilan birga, muhaddis roviylarning qaysi biri ishonchliroq ekanini ajrata bilishi kerak.

Imom Buxoriy hadisni qabul qilishda boshqa ulamolardan koʻra koʻproq shartlarni qoʻllagan. Bularning asosiylari quyidagilar:

  1. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shahardan, zamondosh boʻlishi, agar bir shaharda zamondosh boʻlib istiqomat qilmagan boʻlsa, hadis muttasil sanadli deb hisoblanmagan.
  2. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta boʻlsa ham uchrashgan boʻlishi zarur. Agar bir shaharda istiqomat qilib uchrashmagan boʻlsa, ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.
  3. Sanaddagi roviy hadisni oʻzidan oldingi roviydan ijozatan yuzma-yuz holatda ogʻzaki yoki yozma ravishda olgan boʻlishi. Bunga misol qilib, Molikning Nofeʼdan, uning Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadis sanadini olish mumkin. Bu sanad Imom Buxoriy nazdida roviylarning bir-biri bilan zamondosh boʻlgani sababli “Oltin silsila” deb eʼtibor qilinadi. Shu bilan birga, bu roviylar bir-biridan hadisni yuzma-yuz soʻzlashib, rivoyat qilgan. Shu sababli Imom Buxoriy bu sanadda Molikka hadisni “Bizga hadis aytib berdi” yoki “Undan eshitdim” yoki “Menga aytdi” yoxud undan boshqacha yoʻl bilan eshitishni ifodalaydigan lafzlar orqali rivoyat qilinishini shart qilib qoʻygan.
  4. Roviy musulmon boʻlishi. Dinsiz yoki gʻayridindan hadis qabul qilinmagan.
  5. Roviy balogʻat yoshiga yetgan boʻlishi. Yaʼni, hadisni yod olib, boshqalarga yetkazishda masʼuliyatni anglaydigan yoshda boʻlishi.
  6. Roviy aqlli boʻlishi. Aqli zaifdan hadis rivoyat qilinmaydi.
  7. Roviy fosiq boʻlmasligi. Fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.
  8. Roviylarning eng ishonchlilik, rostgoʻylik va odamiylik kabi fazilatlar bilan sifatlangan boʻlishi.
  9. Roviy xotirasining kuchli boʻlishi. Yaʼni, eshitgan hadisini asl holida yod olib qolishi va yetkazishi.
  10. Roviy xotirasi sust boʻlsa, eshitganini yodlash bilan birga yozib ham qoʻyishi.
  11. Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli boʻlishi.
  12. Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlishi.

Yuqoridagi shartlar hadis ulamolari “Sahihul Buxoriy”da kelgan hadislarni diqqat bilan oʻrganganda, “Bu Imom Buxoriyning shartiga koʻra” deb aytgan gaplaridan ilmiy jamoatchilikka maʼlum boʻlgan. Imom Buxoriy hadislarni sahih deb qabul qilishda mana shu oʻn ikki shartga qatʼiy amal qilgan. Shu sababli ham butun dunyo olimlari “Sahihul Buxoriy” asarini mutlaq sahih deb eʼtirof etgan.

Aytish kerakki, qolgan muhaddislardan birortasining qoʻygan sharti oʻn ikkitaga yetmagan. Masalan, olti sahih toʻplamga kiruvchi muhaddislardan Imom Muslimniki oʻn bitta, Imom Termiziyniki esa oʻnta boʻlgan. Mana shu qiyosning oʻziyoq Imom Buxoriyning toʻplamidagi hadislar nechogʻli yuksak maqomga ega ekanidan dalolat beradi.

Abduvosi SHONAZAROV, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …