Home / MAQOLALAR / SHARQIY OSIYODA ISLOM DININING TARQALISHIGA OID TADQIQOTLAR TAHLILI

SHARQIY OSIYODA ISLOM DININING TARQALISHIGA OID TADQIQOTLAR TAHLILI

Bugungi kunda yuzaga kelayotgan global ijtimoiy muammolarni hal qilish zarurati islom dinining tarqalishi va turli xalqlarning uni qabul qilishi tendensiyasini oʻrganishni muhim vazifa qilib qoʻymoqda.

Islom dini va u kirib kelgan mintaqada qaror topgan umuminsoniy qadriyatlar va anʼanalardagi oʻxshash jihatlar, bu hududdagi etnik guruhlarning oʻzaro bagʻrikenglik va kelishuv asosida tinch-totuv yashashiga xizmat qiladi.

Sharqiy Osiyoda islom dinining tarqalishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Oʻrta asrlarda yashab oʻtgan musulmon allomalarining tarix, geografiya, astronomiyaga oid asarlarida va Xitoy, Koreya, Yaponiyaning arxivlarida saqlanayotgan koʻplab tarixiy solnoma va safarnomalarda mavjud. Bu manbalar tarixiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy muhit haqidagi maʼlumotlari bilan ajralib turadi.

Mintaqada musulmonlar kamchilikni tashkil qilishi, baʼzi mutaassib guruhlarning taʼsirida islomofobiyaning yuzaga kelish sabablari diniy qarama-qarshilik bilan bogʻlanayotgani bu borada izlanishlar olib borishni taqozo etmoqda.

VII asrda dengiz yoʻli orqali Xitoy bilan Arabiston oʻrtasidagi savdo aloqalarining kuchayishi Sharqiy Osiyoda islom dinining yoyilishiga sabab boʻldi. Vaholanki, bu aloqalarning ibtidosi islom dini Sharqiy Osiyoga kirib kelishidan muqaddam boshlangan edi. Masalan, musulmon-arab tarixchisi Masʼudiy taʼlif etgan “Kitab al-tanbih val-ishraf” asaridagi maʼlumotlarga koʻra, V-VI asrlarda Xitoy kemalari Furot daryosi quyiluvchi Siraf va Fors koʻrfazidagi bandargohlarga suzib kelgan [6:57]. Dinavariyning “Kitab al-akbar al-tival” asarida ham Arab-Xitoy savdo aloqalarining tarixi 636 (hijriy 14) yildan avvalgi davrga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida maʼlumot bor. Masʼudiyning “Muruj al-zahab” nomli asarida xitoylik savdogarlar oʻz tijorat mollari bilan Sharqiy Arabiston, Basra va Oʻmanning bir necha bandargohlariga suzib kelgani qayd qilingan [14:308]. Shuningdek, Ibn al-Kalbiy Oʻman bozorlarida xitoyliklar savdo faoliyatini olib borgani haqida ham maʼlumot bergan [23:313].

Yevropa va osiyolik tadqiqotchilardan Devid G. Atvil, Ildiko Beller-Xann, Zvi Ben-Dor Benite, Gardner Bovingdon, Marshall Brumxall, Ven-Djang Chu, Maykl Dillon, Maris Boyd Gillette, Rafael Isroili, Karl V.Luskert va Li Shujiang, Boris I.Marshak, Abdul Vahid Radhu, Justin Jon Rudelson, Henri G.Shvars, Frederik Starr, Suiyi Vey va Luskert Karl [12:254] oʻz ilmiy faoliyatlari davomida tanlangan mavzu yoʻnalishida izlanishlar olib borgan. Ular tadqiqotlarida nafaqat islom dinining Sharqiy Osiyoda tarqalishi, balki turli tarixiy vaziyat va ijtimoiy jarayonlarda musulmon aholining mahalliy turmush tarzi va madaniyatga moslashuvi boʻyicha tahliliy xulosalarni ham keltiradi.

Islomshunoslarni islom dinining dunyo boʻylab tarqalishi va uning Sharqiy Osiyodagi tarixi, taʼlimoti va zamonaviy dunyo sharoitlariga moslashuv jarayonida musulmonlar erishgan yutuqlar qiziqtirib kelgan. Shu sababdan islomshunoslar va dinshunoslar bu borada koʻplab tadqiqotlarni amalga oshirgan. Bu tadqiqotlarni oʻrganish shuni koʻrsatdiki, birinchidan, ularda islom dinining xronologik va geografik jihatdan tarqalishi, uning turli mintaqalarda oʻziga xos shaklda yoyilishi va moslashuvi natijasida “Markaziy Osiyo islomi” [25], “Sharqiy Osiyo islomi” [6:57-74] kabi tushunchalar shakllangan. Ikkinchidan, mavzu boʻyicha oʻrganilgan ilmiy manbalarda Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan, Xitoy, Koreya va Yaponiyaga doir tadqiqotlar qamrovi son va hajm jihatidan farqlanadi. Masalan, “Xitoyda islom” mavzui tadqiqotchilar tomonidan nisbatan keng va atroflicha oʻrganilgan sohalardan biri boʻlib, bu holat manba va adabiyotlarning salmogʻida ham koʻzga tashlanadi. Bu adabiyotlarning bir guruhida islomning Xitoyga kirib kelishi, musulmon jamoalarining shakllanishi, mahalliy madaniyat bilan muayyan islomiy anʼanalarning moslashuvi obyektiv ravishda yoritilgan boʻlsa [4:75] [8:205] [9:102], boshqa bir guruhida esa islom dinining Xitoydagi ilk tarixidan tortib, to hozirgacha boʻlgan davr oraligʻida musulmonlar duch kelgan muammolar tahlil qilingan [1:231].

Islom dinining Koreya yarimoroli va Yaponiyadagi tarixini oʻrganish esa, asosan, koʻhna solnomalar, sayyohlar va ziyolilarning safarnomalari va turli darajadagi xalqaro ilmiy anjumanlar va jurnallar doirasida qamrab olingan. Misol uchun, Koryo sulolasi (936-1392) solnomasi “Koryosa”da koreys va musulmonlar oʻrtasida kechgan ilk aloqalar aks etgan boʻlsa [10:15], safarnomalarda yaponlarning islom haqidagi qarashlari tasvirlangan [13:85-109]. Shuningdek, He Su Li (Hee-Soo Lee)ning “Dengiz yoʻli orqali islom dinining Koreyaga tarqalishi va rivojlanishi” [16:174], “Yevropa mustamlakachiligidan avvalgi davrda islom madaniyatining Sharqiy Osiyoda tarqalishi” [6:64], Lenni Y.Nakanoning “Nikoh Yaponiyada ayollarni islomga boshlamoqda” [11:26], Maykl Penning “Yaponiyada islom” [14:76] kabi maqola va tezislarida mavzu boʻyicha tahliliy maʼlumotlar keltirilgan.

Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining dastlabki yillarida tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarni Sharqiy Osiyo davlatlarining hamkorligida boshlagan. Hozirda ishonchli va muhim sherikchilik munosabatlariga ega ikki mintaqa davlatlarining oʻzaro munosabatlari uzoq oʻtmishga, yaʼni Buyuk ipak yoʻli davriga borib taqaladi. Ikki mintaqa xalqlarining oʻrtasida koʻp tomonlama doʻstona va hurmatga asoslangan munosabatlarga guvohlik beruvchi eʼtiborga molik voqea va maʼlumotlar tarixiy manbalarda saqlanib qolgan. Qadimiy Ipak yoʻlini qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Bir kamar — bir yoʻl” mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka intilishlar ham turli sivilizatsiyalar oʻrtasidagi munosabatlarga xizmat qiluvchi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishni talab etadi. “Tarixiy va madaniy merosimiz, oldimizda turgan maqsad va vazifalarning oʻxshashligi va intilishlarimizning mushtarakligi kelajakka katta ishonch bilan qarashga imkon beradi” [21]. Buyuk ipak yoʻlining amaliy ahamiyati oshgani sari u boʻylab tarqalgan diniy eʼtiqodlarni, xususan, islom dinining mintaqalararo madaniy aloqalarning rivojlanishidagi rolini yoritish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

Mustaqillik yillari Oʻzbekistonda ham bu mavzu doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Sharqiy Osiyo, xususan, qadimgi Xitoy, Koreya va Yaponiyaning tarixi, diniy eʼtiqodi va madaniyatiga [19:135], Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo xalqlari va ikki mintaqaning qadimgi davlatlari oʻrtasidagi aloqalarga [22:145] [23:201], Markaziy Osiyo va Koreya xalqlarining oʻzaro tarixiy va zamonaviy munosabatlarining [17:148] mazmun-mohiyatiga oid tadqiqotlar bajarildi.

Sharqiy Osiyoda islom dinining tarqalishi yuzasidan olib borilgan tadqiqotlarda quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratilgan:

  • Sharqiy Osiyoga islom dinining kirishi arafasidagi tarixiy, ijtimoiy, madaniy va diniy muhit;
  • Xitoyda islom dinining yoyilishi va uning mahalliy muhitga moslashuvi jarayoni;
  • Xitoydagi musulmonlarning mahalliy madaniyatga uygʻunlashuvi sharoitida taʼlim-tarbiya masalalari;
  • koreys va musulmon xalqlari oʻrtasidagi ilk aloqalarning tarixi va bosqichlari;
  • Koreyada islomiy jamoalarning shakllanishi va ularning oʻlka madaniyatiga assimilyatsiyasi;
  • Yaponiyada islom dinining tarqalishi va uning oʻziga xos xususiyatlari;
  • Yaponiyada islom haqidagi bilimlarning rivojlanishida sinkretik qarashlarning taʼsiri.

Sharqiy Osiyoda islom dinining tarqalishi va uning mintaqaviy xususiyatlari boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida quyidagi xulosalar taqdim etilgan:

  1. Sharqiy Osiyo tarixan oʻzaro bogʻliq va dunyoqarash jihatdan oʻziga xos davlatlar guruhini aks ettiruvchi mintaqa boʻlib, unda bu hudud sivilizatsiyasining asosi sifatida xitoy, koreys va yapon xalqlarining diniy eʼtiqodi, tarixi va madaniyati alohida ajralib turadi. Mintaqa davlatlari oʻzaro yaqin qoʻshnichilik munosabatlariga kirishgan davrlarda baynalmilal ruhiyat ustuvor ahamiyat kasb etgan va ularda madaniy jihatdan uygʻunlashuv sodir boʻlgan. Shuningdek, mintaqa davlatlari oʻz mamlakatlari hududidagi siyosiy barqarorlikni taʼminlash va tashqi savdoda xorijliklarning monopoliyasiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida mahalliy diniy eʼtiqodlarning birlashtiruvchi kuchidan va tafakkur tarzidan foydalanishga eʼtibor qaratgan.
  2. Xitoyning turli hududlarida Tan, Sun, Yuan va Min sulolalarining hukmronligi davrida musulmon jamoalari paydo boʻlgan. Bu davrda mamlakatdagi musulmon jamoalarining shakllanishida quruqlikda Buyuk ipak yoʻli va tarixda “ziravor yoʻli” deb taʼriflangan dengiz yoʻlining ahamiyati katta boʻlgan. IX-XVI asrlarda Xitoyda musulmonlar iqtisodiy, siyosiy, harbiy, arxitektura va hunarmandchilik sohasidagi qizgʻin faoliyati natijasida jamiyatda oʻz oʻrnini topgan. Ularga mahalliy aholi ishonchining ortishi va oʻzaro nikoh munosabatlariga kirishishi esa Chin yurtida islom diniga eʼtiqod qiluvchilarning sonini koʻpayishiga va yangi etnik guruh – “dungan” (“huey”)ning shakllanishiga olib kelgan.
  3. Tan, Sun, Yuan va Min imperiyasi davrida ularning bir-biridan farq qiluvchi mustaqil yuritgan siyosatiga musulmonlarning moslashuvi va ularning kundalik hayotini tartibga keltirish bilan bogʻliq yangi huquqiy tushunchalar islom va konfutsiylikning mushtarak jihatlarini mujassamlashtirgan kitoblar majmui “xan kitob”ning yuzaga kelishiga asos boʻlgan.
  4. Koreyada islom dinining tarqalishi uch bosqichda kechgan. IX-XVI asrlarda yashagan musulmon olimlari tarix va geografiyaga oid bibliografik asarlarida musulmonlarning Koreya yarimoroli bilan boʻlgan ilk aloqalarini qayd etgan. Oʻrta asrlardagi musulmon allomalarining manbalaridan va koreys solnomalaridan islom dinining Koreya yarimoroliga kirib kelishi va dastlabki musulmon turargohlari, jamiyat hayotidagi ishtiroki haqida maʼlumotlar olish mumkin.
  5. Musulmonlar Birlashgan Silla va Koryo sulolalarining hukmronligi davrida Koreyada yuqori ijtimoiy va iqtisodiy mavqega ega boʻlgan. Ular Choson imperiyasining assimilyatsiya siyosati taʼsirida milliy kiyimlar, urf-odatlar va marosimlaridan voz kechishga majbur boʻlgan. Jamiyatda hukmron mavqega erishgan neo-konfutsiylik musulmonlarning madaniy assimilyatsiya siyosatiga tortilishida katta taʼsir koʻrsatgan. Oʻrta asrlarda Koreyada musulmonlarning jamiyatga akkulturatsiyasi ikki farqli madaniyatni yagona rakursda qabul qilishga majburlash evaziga sodir boʻlgan. Bu mintaqadagi islomiy madaniyat belgilari va mahalliy anʼanalarni boyishiga yordam bergan.
  6. Yaponiyada islom dinining tarqalishi tarixi davriy jihatdan toʻrt bosqichda birinchi jahon urushigacha, ikki jahon urushi oraligʻi, Ikkinchi jahon urushidan keyingi “neft inqirozi” va “2001 yil 11 sentyabr voqealari”dan keyingi davrga boʻlib tadqiq qilingan. Ikki jahon urushi oraligʻidagi davr yapon-musulmon aloqalarida ahamiyatli voqeliklarga boy. Bu davrda yapon imperial hukumati musulmon dunyosi bilan mavjud munosabatlarni rasmiy shaklda mustahkamlagan. Oʻz navbatida musulmonlar, ayniqsa, turklar yapon ziyolilarining islom dunyosiga tashriflarini keng yoritgan.
  7. Yaponiyaliklarning islom dini toʻgʻrisidagi bilimining oshishi va uni qabul qilishida sintoiylik ham bevosita taʼsir koʻrsatgan. Yaponiyalik ziyolilar uchun xitoylik musulmonlarning hayotida kechgan “konfutsiylik tushunchalari orqali islomni anglash” – “kai-ju” yoki “xuey-ru” taʼsirida oʻzlarining taʼlimotlari bilan farqli va oʻxshash tomonlarini qiyoslash orqali islomni oʻrganish tabiiy holatga aylangan.

Umumiy xulosa sifatida aytganda, bugungi kunda Sharqiy Osiyo mintaqasida musulmonlar kamchilikni tashkil qilib, baʼzi protestant guruhlarning taʼsirida islomofobiya vujudga keldi. Bu diniy qarama-qarshilik yoki madaniy identifikatsiyalar oʻrtasidagi turfa xillik bilan bogʻliq emas. Bunga sabab mintaqada turli davrlarda hukmron boʻlgan imperiyalarning madaniy izolyatsiya yoki assimilyatsiya siyosati oqibatida Sharqiy Osiyo va musulmon xalqlarining oʻrtasidagi aloqalardan bexabarlikdir. Musulmon dunyosining Sharqiy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarining istiqboli faqat iqtisodiy manfaatlarga bogʻliq emas. Bu munosabatlar islom va mahalliy diniy eʼtiqodlarning oʻzagidagi bagʻrikenglik ruhiyatidan kelib chiqib, yanada ishonchli va mustahkam koʻrinish olishi mumkin.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Atwill, David G. The Chinese Sultanate: Islam, Ethnicity, and the Panthay Rebellion in Southwest China, 1856-1873. Stanford: Stanford University Press, 2005.
  2. Benite, Zvi Ben-Dor. The Dao of Muhammad: A Cultural History of Muslims in Late Imperial China. Cambridge: Harvard University Press, 2005.
  3. Benson, Linda. The Ili Rebellion: The Moslem Challenge to Chinese Authority in Xinjiang 1944-1949. New York: ME Sharpe, 1990.
  4. Dillon, Michael. Chinaʼs Muslim Hui Community: Migration, Settlement and Sects. Surrey: Curzon Press, 1999.
  5. Gillette, Maris Boyd. Between Mecca and Beijing: Modernizations and Consumption Among Urban Chinese Muslims. Stanford: Stanford University Press, 2000.
  6. Hee-Soo Lee. The spread of Islamic culture to East Asia before the era of modern European hegemony. Islam aristirmalari dergisi. Sayi 7, 2002. – 57.
  7. Ippei Tanaka, The Travel Account of a White Cloud, Seinan: Rekika Shoin, 1925. This book was recently reprinted with an editorial note. See Ippei Tanaka (Takahiko Tsubouchi ed.), The Pilgrim of Islam: The Travel Account of a White Cloud, Tokyo: Ronsf-sha, 2005 (in Japanese).
  8. Islam in China / Written by Mi Shoujiang and You Jia; Translated by Min Chang. – China Intercontinental Press, 2004.
  9. Israeli, Raphael. Islam in China: Religion, Ethnicity, Culture, and Politics. Lanham: Lexington Books, 2002.
  10. Koryosa Vo1.5, ʼSe-gaʼ Vol. l5, 15th reign of King Hyun-jong.
  11. Japan Times Newspaper (November 19, 1992),“Marriages lead women into Islam in Japan”. Japan Times. Retrieved27 December 2008.
  12. Luckert, Karl W. and Shujiang Li. Mythology and Folklore of the Hui, A Chinese Muslim People. State University of New York Press, New York, 1994.
  13. Nobuo Misawa. The First Japanese Muslim, Noda (1868–1904) // Annals of Japan Association of Middle East Studies, 23-1 (2007.
  14. Penn, Michael.“Islam in Japan”.Harvard Asia Quarterly. Archived from the original on 2 February 2007. Retrieved 28 December 2008.
  15. Abul Hasan ibn Ali al-Masʼudiy. Muruj az-zahab va maʼodin al-javhar. – Bayrut: Al-maktabat al-asriyat, 2005.
  16. “Ipak yoʻlining dengiz yoʻnalishida islom madaniyatining rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman materiallari toʻplami, Syuanchjou, Xitoy, 21-21 fevral, 1994 yil.
  17. N.Karimova. Koreya i Sentralnaya Aziya v glubinax istorii (na kor. yazыke). – Seul, 2013; N.Karimova. Uzbekistan i Koreya: istoricheskiye svyazi. – T., 2011.
  18. N.Karimova. Vzaimootnosheniya narodov Sentralnoy Azii i Kitaya v XIV-XVII vv. (po materialam kitayskix istochnikov) // Avtoreferat dissertatsii na soiskaniye uchenoy stepeni doktora istoricheskix nauk. – T.: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, 2005.
  19. N.Nizomiddinov. Sharqiy Osiyo diniy-falsafiy taʼlimotlari va islom. – T.: Fan va texnologiyalar, 2006.
  20. N.Nizomiddinov. Qadimgi Xitoy tarixi, diniy eʼtiqodi va madaniyati. – T.: Fan va texnologiyalar, 2014.
  21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 23-27 aprel kunlari Xitoyda oʻtkazilgan “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumdagi nutqi. https://president.uz/uz/lists/view/2533.
  22. A.Xoʻjayev. Buyuk ipak yoʻli: Munosabatlar va taqdirlar. – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2007.
  23. A.Xoʻjayev. Fargʻona tarixiga oid maʼlumotlar: Qadimgi va ilk oʻrta asr Xitoy manbalaridan tarjimalar va ularga sharhlar. – Fargʻona: Fargʻona, 2013.
  24. Yaʼqubiy. Tarix. (comp. M.Th.Houstma). – Leiden: 1883.

 

Odiljon ERNAZAROV,
OʻzXIA Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO
kafedrasi katta oʻqituvchisi
tarix fanlari boʻyicha PhD

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …