Home / FOTO LAVHALAR / HAMKORLIK ALOQALARI RIVOJLANMOQDA

HAMKORLIK ALOQALARI RIVOJLANMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Oksford Islom tadqiqotlari markazida izlanish olib borayotgan ilmiy xodimi Barot Amonov Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi professori Ilhom Bekmirzayev bilan birga Kembrij universiteti huzuridagi Kembrij Markaziy Osiyo forumi (CCAF- Cambridge Central Asia Forum) rahbari doktor Siddxart Saksena bilan uchrashdi.

Markaz va Kembrij Markaziy Osiyo forumi oʻrtasida 2018 yilda imzolangan Memorandum doirasidagi hamkorlik COVID-19 pandemiyasi tufayli maʼlum muddatga toʻxtab qolgan edi.

Uchrashuvda B.Amonov Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlari, ilmiy muassasalar, jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida olib borilayotgan ilmiy, tarjima va nashr ishlari haqida gapirib berdi. Shuningdek, I.Bekmirzayev ham Movarounnahr tarixi va madaniyati, allomalari va ilmiy merosini tadqiq etish borasida olib borilayotgan  ilmiy izlanishlar xususida soʻzladi.

Doktor Saksena ham oʻz navbatida forumda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, amalga oshirilayotgan qoʻshma ilmiy loyihalar hamda oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Universitet akademik-oʻqituvchilari tomonidan 2001 yilda Kembrijdagi “Jesus College”da tashkil etilgan fanlararo forum faoliyati mazkur universitetning Rivojlanish tadqiqotlari markazi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, asosiy maqsadi Kembrijning Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ilmiy faoliyatini umumlashtirish va eng yaxshi fanlararo koʻzga koʻringan mutaxassislarni mintaqada tadqiqot olib borishga qiziqishini oshirishdan iborat. Forum faoliyatining yana bir muhim yoʻnalishi Markaziy Osiyo davlatlari va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama akademik aloqalarni rivojlantirish, jumladan, sanʼat va ijtimoiy fanlar, muhandislik hamda tibbiyot sohasidagi tadqiqotlarni ragʻbatlantirish hamda Markaziy Osiyo va Yevroosiyo mintaqalarida fanlararo yangi tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan. CCAF boshqaruv qoʻmitasiga professor Lord Robert Meyr raislik qiladi. Forumga ijrochi rahbarlikni esa Kembrij universitetining Kavendish laboratoriyasi bosh olimi va “Jesus College” kollejining hamkori, doktor Siddxart Saksena amalga oshirib kelmoqda.

 Doktor Saksena bilan oʻtkazilgan muloqotda istiqbolda Oʻzbekiston bilan turli yoʻnalishlarda, xususan Samarqand, Buxoro shaharlari tarixi va madaniyati yuzasidan ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Movarounnahr allomalari hayoti va ilmiy merosi boʻyicha seminarlar tashkil etish va ikki tomonlama kadrlar malakasini oshirishni yoʻlga qoʻyish borasida qator kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida doktor Saksenaga markaz nashrlaridan namunalar taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«Sinergetika-3: maʼnaviy meros» nomli kitob taqdimoti oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …