Home / MAQOLALAR / TASAVVUFDA BAHOUDDIN NAQSHBANDNING ISLOHOTCHILIK FAOLIYATI

TASAVVUFDA BAHOUDDIN NAQSHBANDNING ISLOHOTCHILIK FAOLIYATI

Oʻn ikkinchi va oʻn beshinchi asrlarda Oʻrta Osiyo xalqlari orasidan Sharq irfoniy tafakkuri taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan bir tizim mutafakkir mutasavviflar yetishib chiqdi. Bu davrlarda Movarounnahr va Xurosonda tasavvufning yassaviya, kubraviya, qodiriya va, ayniqsa naqshbandiya tariqati maʼnaviy hayotda muhim rol oʻynaganligi tarixdan maʼlum. Islomiy ahkomlar oʻchogʻi Buxorodan yetishib chiqqan Bahouddin Naqshband yangi tariqatga asos solgan ana shunday siymolardandir.

  Maʼlumki, Ahmad Yassaviy Buxoro madrasalarini xatm etgach, ustozi Yusuf Hamadoniy oʻrnida mudarrislik qilgan. Bahouddinning ustoz-pirlari Sayyid Kulol bilan Abdulholiq Gʻijduvoniy Ahmad Yassaviydan taʼlim olishgan. Demak, Bahouddin Naqshband bevosita Yassaviy shogirdlaridan hisoblanadi.

  Oʻn bir yashar Bahouddinni Sayyid Kulol oʻzi bilan Qarshiga eltadi. U bu yerda koʻp kitob oʻqiydi, sufizm nazariyasini puxta egallaydi; ustozlaridan “maxfiy zikr” qoidalarini oʻzlashtiradi; oriflik shartlarini oʻrganadi[1: 178]Bahouddin Naqshbandning deyarli butun umri Buxoro va uning atrofidagi qishloqlarda soʻfiylik bilan oʻtgan. U ikki marta haj qilgan. Gʻaribona hayot kechirgan, oʻzining qatʼiy aqidasi “dast ba koru dil ba yor” dan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullangan, otasining yonida turib dastgohda gulli harirlar toʻqigan,  gul-naqsh tushirish bilan shugʻullangan. Uning laqabi – Naqshband ham shundan olingan. Xizmatkor yoki qul saqlashni gunoh deb bilgan. Bahouddin Naqshband xalq orasida “Balogardon” (yaʼni, duo orqali balo-qazoni daf qiluvchi) unvoni bilan ham mashhur boʻlgan.

  Hazrati Bahouddin 1389 yilning mart oyida olamdan oʻtgan. U asosan turli kasb egalari davralarida, ustalar rastalari, guzarlarda, karvonsaroylarda faoliyat koʻrsatgan. Bunda oʻn bir shart dastur sifatida qoʻllanilgan.

Tariqatning ushbu 11 qoidasining 4 tasi Yusuf Hamadoniyga, 4 tasi Abdulxoliq Gʻijduvoniyga 3 tasi Bahouddin Naqshbandga mansubdir.

Bahouddin Naqshband 73 yillik umri davomida koʻplab asarlar yozgan boʻlsa-da, uning toʻla ilmiy merosi bizga qadar saqlanib qolmagan. Hoji Ismatulloh Abdulloh,  Bahouddin Naqshband hayoti va ijodi haqida gapirar ekan, uning “Hajnoma” nomli vaʼz va nasihatlardan iborat manzumasi, “Dalil al-oshiqon” (Oshiqlar dalili) va “al-Avrod Bahoiyya (Bahouddin virdlari) nomli tasavvufga oid asarlari borligini keltirgan” [2: 86].

Naqshbandiya Bahouddin Naqshband hayotligidayoq keng shuhrat qozondi. Uni nazariy jihatdan ishlab chiqishda Muhammad Porso, Alouddin Attor xizmatlari katta boʻldi. Bu tariqatga faqatgina oddiy xalq emas, balki Buxoro va Samarqand ulamolari, Amir Temur avlodidan boʻlgan shoh va shahzodalar kira boshladilar.

SHARIAT VA TARIQATDA YUZAGA KЕLGAN ZIDDIYATLAR

Bahouddin Naqshband hayotning mazmunini Haqiqat (Alloh)ga erishishga intilishda koʻrgan va Haqiqat (Alloh)ga erishish tashqi narsalar haqidagi bilim – shariatga asoslanadi va ichki narsalar haqidagi bilim – tariqat jarayonida yuz beradi, deb hisoblagan.  Bahouddin Naqshband tariqat ezoterik (yashirin, mistik) fan, u hammaga ochiq emas, uni faqat oʻzini Haqiqatga baxshida etgan odamlar anglab yetishi mumkin, deb hisoblagan [3: 131]. 

IX asr boshlariga kelib tasavvufning nazariy asoslari ishlab chiqildi, soʻfiylarning amaliy ruhiy-psixologik mashqlari, oʻz-oʻzini tarbiyalash va chiniqtirish tadbir-usullari shakllandi, tariqat, maʼrifat, haqiqat degan tushunchalar yuzaga kelib, tasavvufning ushbu uch qismiga oid qarashlar majmui tuzildi – tasavvuf alohida ilm sifatida qaror topdi.   Natijada tariqat va shariat orasidagi munosabatlarda, olam va odam mohiyati, aloqa – muomalasi, yaratuvchi va borliq masalalarida munozaralar yuzaga keldi. Din arboblari bilan soʻfiy shayxlari, ayniqsa falsafiylashgan tasavvuf tarafdorlari jiddiy mafkuraviy tortishuvlargacha bordilar.

Tasavvuf tarixida har xil silsila va toifalar almashib turgan boʻlsa-da, inson maʼnaviyati  masalasi hech qachon tariqat ahli diqqat eʼtiboridan chetda qolgan emas. Ayniqsa, insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh va jism orasidagi kurash soʻfiylarni koʻp qiziqtirgan. Ular insonda ikki azaliy qarama-qarshi kuch – rahmoniy va shaytoniy quvvatlar borligini, inson Allohning bandasi sifatida shayton qutqusini yengib, rahmoniy fazilatlarga ega boʻlishi lozimligini taʼkidlaydilar. Tasavvufchilar inson tabiatidagi salbiy kuchlarni umumiy nom bilan “nafs” yoki “nafsi ammora” deb atadilar va unga qarshi urush eʼlon qildilar. Mol-dunyo toʻplash, nafs ehtiyojiga qarab yurish; hirsu havas qatʼiy qoralandi, insonni (demakki, insoniyatni ham) noqislik va falokatlardan qutqarishning birdan-bir yoʻli – nafsni oʻldirib, qanoat bilan halol yashash, ruh – irodani chiniqtira borib, insonda insoniylikni, yaʼni ilohiylikni tantana ettirish zarur deb, targʻib qilindi.

  Tasavvuf ahli nafs deganda  faqat yeyish-ichishni nazarda tutmaganlar (garchi bu eʼtibordan soqit qilinmasa-da), bu tushuncha kengayib, ham chuqurlashib, boylik, mulk, toj-taxt masalalariga bogʻlanib ketadi.

   Natijada, tasavvufda turli suluk va yoʻllar shakllanib, islom shariatiga unchalik muvofiq kelmaydigan jihatlar paydo boʻla boshladi. Islom tarkidunyochilikni rad etadi, tasavvufning asosiy ruknlaridan biri esa tarkidunyochilikdir. Islom oʻz-oʻzini qiynash, ortiqcha riyozatni maʼqul hisoblamaydi, tasavvuf boʻlsa, riyozatni insonni poklash, kamolga eltishning bosh yoʻli, deb hisoblaydi. Shuningdek, tasavvuf  ahli orasida falsafa va hikmat taʼsirida insonni Iloh darajasida koʻtarish, inson bilan Xudoni barobar qoʻyish (Mansur Xallojning “Anal Haq” gʻoyasi.  C.I.) hollari boʻlgan. Yassaviyning fikricha, nodon va johillargina “Anal Haq”ning maʼnosini bilmaydilar.

“Anal Haq”ni maʼnosini bilmas nodon,
Dono kerak, bu yoʻllarda poki mardon…

Tavhid va vahdatni anglashda ayrim shayxlar islom tushunchalaridan xiyla uzoqlashib, falsafiy mushohadakorlikni avj oldirgan edilar. Bundan tashqari, valiylikni nabiylik bilan teng deb bilish, paygʻambarlikni daʼvo qilish, hol behudligida gʻayrishaʼriy soʻzlarni aytish bilan odamlar diliga shubha va gʻulgʻula solish hollari sodir boʻldi. Ayniqsa, samo majlislari, raqsu qoʻshiq aralash amalga oshiriladigan jahriy zikr tushurishlar [4]  xonaqohlarni boshga koʻtarish gʻavgʻo qilishlar islom ahkomining talablaridan tashqari edi. Bularning hammasi maʼlum darajada  tasavvufni shariat bilan ixtilofga olib keldi. Ikkinchi tarafdan, soʻfiylar oʻzlarini Allohning xos bandalari hisoblab, xalqdan ajratar va hokimlar, shohu amirlarga ham  qarshi qoʻyib kelardilar. Yaʼni shoh va darvesh – ikki qarama-qarshi qutb, bir-biriga yaqinlashmaydigan ikki xil axloqiy-ijtimoiy mohiyat,  deb qaralgan.

Darveshning niyati xalqdan ajralib, Holiqqa yetish, chunki xalq bilan band boʻlgan odam Holiqni unutadi, xalqdan ajralmaguncha Xoliq diydoriga yetish mumkin emas. Shu bois tirik boʻla turib foniy dunyoni tark etmoq (Ahmad Yassaviyning “Oshiq boʻlsang ishq yoʻlida fano boʻlgil, Diydor izlab, hasratida ado boʻlgil” deya foniy dunyodan aloqasini uzib, yerosti chillaxonasida yashagani. Taʼkid C.I.), hilvat va goʻshanishinlikni ixtiyor etmoq kerak. Koʻrinib turibdiki, tasavvufning mohiyatini tashkil etadigan bu talab ham paygʻambar sunnatiga muvofiq emas.

Musulmon kishisi Alloh tomonidan inʼom etilgan neʼmatlardan bahramand boʻlmogʻi kerak. “Oralaringizda  afzalrogʻingiz menman, lekin men masjidga ham boraman, totli ovqatlarni ham yeyman, xotinlar bilan ham birga boʻlaman”, – deya tanbeh bergan ekanlar hazrati Paygʻambar zohid tabiat sahobalariga[5: 91]. Ammo tasavvufda shariatning ushbu talablaridan chekinish koʻrinadi.

  “Islomda rohiblik – tarkidunyo qilish yoʻq” va “Faqirlik – mening faxrim” hadislari mavjud. Mutlaq tarkidunyo kabi mutlaq dunyoparastlik inson tabiatiga xush kelmaydi. Mutlaq tarkidunyo hayotga zid – u insonni amaldan, kasbu kordan mahrum etadi. Shu kabi dunyoparastlik ham kishini ilohiylikdan, maʼnaviyatdan chetlashtiriladi, mol-dunyo quliga aylantiradi. Oraliq yoʻl esa har jihatdan maqbul va toʻgʻridir, zero pok eʼtiqod hirs va nafsni qanoat qamchisi bilan savalab, insonning insonligini himoya qiladi va har qanday sharoitda insonni Tangri bilan bogʻlab turadi. Hazrat Naqshband ana shu oraliq yoʻlni tanlaydi – shariat va tariqatdagi ziddiyatni muvofiqlashga harakat qiladi. 

 BAHOUDDIN NAQSHBANDNING SUFIZMDAGI ISLOHOTCHILIK FAOLIYATI

  Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro tariqatida tarkidunyochilik, zohidlik, nafs ustidan hukmronlik qilish,  fano boʻlish gʻoyalari ilgari surilgan. Bahovuddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda boʻlgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, moʻtadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish koʻngil bilan amalga oshishi kerak. Qoʻl esa ish – mehnat bilan band boʻlaversin. Bahouddin Naqshbandning tarkidunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qoʻl silkimay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi gʻoyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini taʼminladi.
 Bahouddin Naqshbandning sufizmdagi islohotchiligi shundaki, “Dast ba koru dil ba Yor” (Qoʻl ishda, koʻngil yorda boʻlsin) shiorini bir taʼlimot darajasiga, gʻoya darajasiga koʻtarishga, sufizmni turmushga, inson hayotiga yaqinlashtirishga muvaffaq boʻladi. Hazrat Bahouddinning ushbu taʼlimoti, ayniqsa shahar hunarmandlari ruhiga mos keldi. Bu notoʻgʻri fikr emas – Turonzaminning qadimgi madaniy shaharlari aholisi sunniy mazhabining mustahkam va mustaqil davomchilari boʻlgani uchun naqshbandiya shu yerlarda ildiz otib, rivojlangan.

Hoji Ismatulloh Abdullohning fikricha, Naqshbandiyaning dunyoqarashi tasavvufning Oʻrta Osiyodagi ikkita tariqati: Abdulholiq Gʻijduvoniy taʼlimotida aks ettirilgan shaharliklarga xos “oʻrtacha” yoʻl va Ahmad Yassaviyning koʻchmanchi “turkiy xalqlarga” xos yoʻlini birlashtirish va hayotga moslashtirishdan iboratdir [2: 170].        Najmiddin Komilov esa bu haqda Xoja Bahouddin Naqshband har ikki xalqni mazhab – maʼnaviyat jihatidan birlashtirish uchun kurashadi. Natijada turku tojik shayxlarining oʻzaro munosabatlari tobora kuchayib borgan, degan fikrni ilgari suradi [5: 96].

Naqshbandiya mana shunday ulugʻ birlashtiruvchilik, qavmlar, tabaqalar va toifalarni yagona sunniy yoʻlidagi soʻfiyona mafkura asosida jipslashtirish ishini amalga oshirgan. Ayni vaqtda bu hol tasavvuf taʼlimotini “demokratlashtirilib”, omma orasiga chuqurroq singishiga zamin hozirladi. Maʼlum maʼnoda shariat bilan tariqatni murosaga keltirdi.

Xullas kalom, naqshbandiya tariqati tasavvufdagi haddan tashqari holatlarni islohga keltirib, riyozat va poklanish kamolotini jismoniy va ijtimoiy-axloqiy ehtiyojlar bilan muvofiqlashtirishga intilib keldi, moddiy dunyoga keskin muqobil turish oʻrniga rahnamolik va tarbiyani birinchi oʻringa qoʻydi, sharr va yovuzlikni nafrat va oʻch hissi bilan qarshi olmay, shafqat va mehr orqali uni ezgulikka aylantirish payida boʻldi.

Bahouddin Naqshband taʼlimoti chuqur bunyodkorlik ruhi bilan sugʻorilgan. Hozirgi vaqtda jamiyatimizda milliy gʻoya va mafkurani kishilar ongiga va turmush tarziga singdirish, uni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida koʻp ishlar qilinmoqda. Maʼnaviyatimizni yuksaltirishda naqshbandiylikda ilgari surilgan halollik, mehnatsevarlik, toʻgʻrilik, sofdillik, oʻzgalarga yordam berish, sahiylik, imonli va eʼtiqodli boʻlish, mehr-shafqat kabi xulq-odob qoidalari, shubhasiz, katta ahamiyatga ega. Bu qoidalar kishilarni mutaassiblik va aqidaparastlik, tarkidunyochilikka berilmaslikdan bu dunyo ishlarida faol qatnashishga, ezgulik va xayrli ishlar qilishga daʼvat etadi.

Xulosa qilib aytganda, sufizm taʼlimotida islohotchi, yangilik yaratuvchi unvoniga  muyassar boʻlgan Naqshband hayoti va ijodiy merosi endi har tomonlama chuqur oʻrganilmoqda, uning asarlarini topish, tadqiq etish va nashr qilish sharqshunos va faylasuflarning galdagi vazifalaridan hisoblanadi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Hamidjon Homidiy. Koʻhna Sharq dargʻalari. Sharq, 1999 yil.
  2. Hoji Ismatulloh Abdulloh. “Markaziy Osiyoda Islom madaniyati”, Sharq, –T., –2005.
  3. N.Shermuxammedova. Falsafa oʻquv-uslubiy majmua, NOSHIR, 2012.
  4. Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy. –T., Gʻ.Gʻulom nashriyoti, 1986 yil.
  5. Najmiddin Komilov. Tasavvuf. “Movorounnaxr”, T., 2009 yil.
  6. Ahmad Yassaviy. Hikmatlar. T., Gʻ.Gʻulom nashriyoti, 1991 yil.
Solijon IBRAGIMOV,
QarshMII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …