Home / FOTO LAVHALAR / IRSIKA rahbari Markaz mehmoni

IRSIKA rahbari Markaz mehmoni

Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Islom hamkorlik tashkiloti (OIS)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA – IRSIKA) Bosh direktori professor, Dr. Mahmud Erol Qilich tashrif buyurdi.

Markazga ilk bor kelayotgan mehmon direktor Shovosil Ziyodov va bir necha ilmiy xodimlar tomonidan kutib olinib, muzey faoliyati bilan tanishtirildi. Zamonaviy islom olamiga mansub yirik ilmiy muassasalaridan birining rahbari muzeydagi eksponatlarga katta qiziqish bildirib, qoʻlyozmalarning mulyaj nusxalari aslidan farq qilmaydigan darajada yuqori sifatda saqlanayotganidan mamnun boʻlganini qayd etdi.

Muzey kutubxonasida mehmon movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub Misr va Turkiyadan keltirilgan asarlar nusxalarini koʻzdan kechirdi. Ayniqsa Turkiyada chop etilgan Islom ensikopediyasi hamda Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarining faksimile nusxasi va boshqa bir necha adabiyotlar xorijlik olimda chuqur taassurot qoldirdi.

Mehmon shuningdek, Markazda ilmiy faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida tomonlararo hamkorlikka oid muloqot boʻlib oʻtdi. Unda Sh.Ziyodov Markazda uning maqsad va vazifalariga koʻra olib borilayotgan faoliyat yoʻnalishlari, xususan, dunyodagi koʻplab ilmiy muassasalar, jumladan Turkiyaning qator oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlari bilan yoʻlga qoʻyilgan aloqalarning ayni holati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Dr. Mahmud Erol Qilich esa ikki markaz oʻrtasidagi hamkorlik asosidagi ishlarni yanada jadal suratlarda tashkil etishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Tomonlar shuningdek, hamkorlikda xalqaro darajadagi konferensiyalarni tashkil etish, oʻzaro tadqiqotchilar almashinuvi dasturini yoʻlga qoʻyish va shu kabi boshqa istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdilar.

Tashrif nihoyasida IRSIKA rahbariga Markaz nomidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Martabali mehmon Markazning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yuta shtati delegatsiyasi – Markaz mehmoni

Bugun, 26-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Amerika …