Home / FOTO LAVHALAR / PAN GI MUN OʻZBЕKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY ISLOHOTLARNI YUKSAK BAHOLADI

PAN GI MUN OʻZBЕKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY ISLOHOTLARNI YUKSAK BAHOLADI

Oksford islom tadqiqotlari markazida akademik doiralar vakillari va ilmiy tadqiqotchilarning BMT sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Yuqori martabali mehmon “Global muammolar va ularni bartaraf etish” masalalariga bagʻishlab, “Iqlim oʻzgarishlari va pandemiya” mavzuida maʼruza qildi.

Darhaqiqat, iqlim oʻzgarishlari bir necha oʻn yillardan buyon butun bashariyatni tashvishga solib keladi. Bugun dunyoning har bir mintaqasida, hayotning har jabhasida iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini kuzatish mumkin. Qayerdadir qurgʻoqchilik avj olib, oziq-ovqat xavfsizligiga raxna solayotgan boʻlsa, boshqa joylarda toʻfon, oʻrmon yongʻini, kuchli yogʻingarchilik kabi tabiiy ofatlar koʻp kulfatlar keltirmoqda. Bu muammoni bartaraf etish, oqibatlarini yengillatish butun insoniyatning bir yoqadan bosh chiqarib ish yuritishini, xalqaro miqyosda qalin hamkorlik va izchil saʼy-harakatlarni taqozo etmoqda.

2019 yil oxirida boshlangan COVID epidemiyasi ham salomatlik muhofazasi borasida keyingi oʻn yilliklarda misli koʻrilmagan umumbashariy muammoga aylandi. Barcha jamiyatlar uzoq vaqt davomida oʻz-oʻzini izolyatsiya qilishiga toʻgʻri keldi. Bu oddiy odamlarning kundalik hayotiga, mamlakatlarning iqtisodiy oʻsish surʼatlariga salbiy taʼsir koʻrsatdi, xalqaro miqyosdagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, moliyaviy aloqalarni susaytirdi.

Pan Gi Mun mazkur muammolar haqida soʻzlab, ularning sabab va oqibatlarini bartaraf etish butun dunyoda barqarorlikni saqlash, taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashning hal qiluvchi omillaridan ekanini taʼkidladi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarar ekan, bugun barcha mamlakatlar oʻzaro hamjihatlikda harakat qilishi har qachongidan ham muhim va dolzarbligini hayotning oʻzi koʻrsatib turganini yana bir bor qayd etdi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi mehmoni oʻzbekistonlik tadqiqotchilar bilan muloqotda yurtimiz haqidagi fikrlari bilan ham oʻrtoqlashdi.

– Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuksak bahoga loyiq. Bu zamindan dunyo ilm-fani ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan koʻplab buyuk allomalar yetishib chiqqani tarixingiz, ajdodlaringiz merosi naqadar boy ekanini koʻrsatadi. Bugun ularga munosib avlod kamolga yetayotgani esa yorqin istiqbolingiz nishonasidir, – dedi Pan Gi Mun.

Baroat OMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Oksford islom tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi.

Oksford.

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …