Home / YANGILIKLAR / OʻZBЕKISTONDAGI DINIY KONFЕSSIYALAR “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI BOʻYICHA BAYONOT QABUL QILDI

OʻZBЕKISTONDAGI DINIY KONFЕSSIYALAR “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI BOʻYICHA BAYONOT QABUL QILDI

Oʻzbekiston qadimdan turli millat va eʼtiqodga mansub insonlar oʻzaro tinch-totuv, ahillikda yashab, diniy ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib kelgan bagʻrikeng yurt sifatida nom qozongan. Har bir vatandoshimiz ona zaminimizning betakror tabiati, oʻsimlik dunyosini asrab-avaylashni oʻzining muqaddas burchi, insoniylik vazifasi deb biladi.

Negaki, tabiatni asrash, atrof-muhitni pokiza tutish bashariyat uchun hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi dolzarb majburiyatdir. Yurtimiz boʻylab tashkil etilayotgan yashil hududlar, obod etilayotgan manzillar esa ana shu maqsad yoʻlidagi ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizda joriy yil 1 martdan eʼtiboran “Yashil yillik” umummilliy tadbiri Oʻzbekistonda yashayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.

Ezgu maqsadning amaliy qadamlari oʻlaroq, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 16 konfessiya vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda irqi, millati, diniy eʼtiqodga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol boʻlishga undovchi bayonot qabul qilindi.

Respublika boʻylab mazkur umummilliy tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish hamda aholiga kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt koʻchatini bepul tarqatish belgilandi. Xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini koʻrsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qoʻlni qoʻlga berib, yagona va ahil oila aʼzolaridek ishtirok etishi albatta, muhim.

Mitropolit Vikentiy, Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasi rahbari:

“Bugun biz, turli diniy konfes­siya vakillari yigʻilib, Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan “Yashil yillik” umummilliy tadbirini qoʻllab-quvvatlash, unda ishtirok etib, munosib hissa qoʻshish maqsadida bayonot qabul qildik. Doimo yodda saqlashimiz lozimki, shu yurtni obod qilish, uning yashilligiga hissa qoʻshish, tabiatni sof holda asrash diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, har birimizning muqaddas burchimizdir. Ushbu ezgu maqsad yoʻlida barchani hamjihat boʻlishga va tashabbuskorlikka chaqiramiz.

Inson bor ekan, u yashayotgan hudud bogʻu boʻstonga aylanishi shart. Bugun bu ishni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orol dengizining qurib qolgan hududlarida olib borilayotgan ishlar mazkur masalaga eʼtiborning naqadar yuksak ekanini koʻrsatib turibdi. Taʼkidlash lozimki, har bir samoviy dinda tabiatga oqilona munosabat, uni asrab-avaylashga chaqiriq bot-bot takrorla­nadi. Bu daʼvatga labbay deb javob qilish bizning vazifamizdir”.

Bu olamdagi barcha omillar bir-biri bilan uzviylikda yaratilgan. Oʻsimliklar dunyosining tanazzuli, oʻz navbatida, barcha tirik jonning inqirozini keltirib chiqarishi ayon haqiqat. Daraxtlar atmosferadagi karbonat angidrid gazini qayta ishlab, kislorod ishlab chiqaradi, iqlim keskin isib ketishining oldini olib, moʻtadil ob-havoni taʼminlaydi. Maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab har daqiqada 27 ta futbol maydoniga teng hajmda daraxtzorlar qisqarib bormoqda. Bunga loqayd munosabatda boʻlish ayanchli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Arkadiy Isaxarov, Toshkent shahri yahudiylar diniy jamoasi raisi:

“Bugun biz, Oʻzbekistonda tinch-totuv yashab kelayotgan turli eʼtiqod vakillari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida muhim hujjatni imzoladik. Bu davlatimiz rahbari tashabbusi bilan eʼlon qilingan “Yashil yillik” tadbiri ijrosini 16 ta diniy konfes­siya vakillari birgalikda taʼminlash uchun qabul qilgan bayonotimizdir.

Barchamiz jadal rivojlanib borayotgan zamonda atrof-muhitning oʻzgarib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Aslida hammamiz ona tabiatni asrash, ushbu yashillikni saqlab qolishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz kerak. Bu haqiqat barcha diniy taʼlimotlarda, jumladan, bizning dinimiz manbalarida ham qayta-qayta takrorlanadi. Masalan, bizning taʼlimotda agar bir farzandga ota-bobosi koʻchat ekib, bogʻ qoldiradigan boʻlsa, oʻsha farzand ushbu bogʻni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashi, undan unumli foydalanishi kerak boʻladi. Demak, barchamiz atrof-muhitga, bizga nasib etgan neʼmatlarni asrab-avaylashga masʼulmiz. Ushbu loyiha nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni mamlakatlar uchun ham ekologik jihatdan oʻta foydalidir. Prezidentimiz ilgari surgan bu ezgu tashabbus kelgusi avlodlarning minnatdorligiga sabab boʻlsa, ne tong”.

Aramais Grigoryan, Toshkent shahri arman apostollik cherkovi ruhoniysi:

“Oʻzbekistonni barchamiz yaxshi koʻramiz. Oʻzbeklar — bagʻrikeng xalq. Shu sabab bu yurtda barcha millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek yashaydi. Men har safar bu bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaganini takror-takror aytaman. Albatta, bu Oʻzbekiston rahbariyatining oqilona siyosati, zahmatli mehnatning samarasi.

“Yashil yillik” umummilliy tadbirini Oʻzbekistonda yashayotgan har bir millat va konfessiya vakili faol qoʻllab-quvvatlashi lozim, deb hisoblayman. Chunki bu betakror zamin, ona tabiat bizga Yaratgan inʼom etgan ulugʻ neʼmat hisoblanadi. Albatta, biz ham ushbu tashabbusga amaliy yondashib, Oʻzbekistonning yanada chiroy ochishiga, yashil makon rivojiga munosib hissa qoʻshamiz”.

Barcha diniy taʼlimotlarda koʻchat ekib, bogʻ yaratish ragʻbatlantiriladi, atrof-muhit musaffoligini taʼminlashga hissa qoʻshish olqishlanadi. Jumladan, “Qiyomat boʻlib qolsayu, birortangizning qoʻlida xurmo koʻchati boʻlsa, uni qoʻysin”, deyiladi muborak hadislardan birida. Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiya vakillari tomonidan imzolangan bayonotda ham ayni shu haqiqatlar oʻz ifodasini topgan.

Turli din vakillarining “Yashil yillik” umummilliy tadbirini qoʻllab-quvvatlab qabul qilgan bayonoti mamlakatimizda hukm surayotgan bagʻrikenglik muhitining amaldagi yorqin ifodasidir.

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 11 mart51(573) son

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …