Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD IBN ABULQOSIM XORAZMIY BAQQOLIY ILMIY FAOLIYATIGA NAZAR

MUHAMMAD IBN ABULQOSIM XORAZMIY BAQQOLIY ILMIY FAOLIYATIGA NAZAR

Xorazmiy nisbasi bilan tanilgan allomalarning yorqin vakillaridan biri Muhammad ibn Abulqosim ibn Babjukdir. Toʻliq ismi – Abu Fazl Muhammad ibn Abulqosim ibn Babjuk Xorazmiy Baqqoliy. U “ustoz”, “sunnat qilichi”, “mashoyixlar ziynati” kabi yuksak nomlarga sazovor boʻlgan.

Alloma hanafiy mazhabida boʻlgan, mazhabga oid bir qancha kitoblar yozgan.

Ibn Arslon “Xorazm tarixi” asarida allomani “Adabiyotning yirik vakili, arab tilida hujjat va foydalarni oʻzida jamlagan ilm odami, noyob olim, koʻplab asarlar muallifi” deb taʼriflagan.

Kafaviy alloma haqida: “Taqvodor, fozil imom, zukko tilshunos, maʼnolar va bayon bilimdoni, ummatning ulugʻlaridan va arab tili sohasida hujjat edi. “Buyuk shayx”, “sunnat qilichi” kabi nomlar bilan atalgan”, deb taʼkidlagan.

Imom Suyutiy u haqda bunday deydi: “Muhammad ibn Abulqosim Baqqoliy Xorazmiy tilshunos, adabiyotda mohir, arab tilining bilimdoni edi. Uning iymoni, axloqi, qadr-qimmati benazir edi”.

Baqqoliyning ustozlari borasida maʼlumotlar kam uchraydi. Lekin, u oʻsha davrning yirik olimlaridan tahsil olganiga shubha yoʻq. Buni uning ilmdagi martabasi, boshqa allomalarning eʼtirofi tasdiqlaydi.

Uning ustozlari borasida soʻz ketganda, avvalo, Xorazm faxri – Abulqosim Mahmud Zamaxshariyni alohida taʼkidlab oʻtish kerak. Baqqoliy undan arab tili grammatikasini oʻrgangan, hadis tinglagan. Zamaxshariydan soʻng uning oʻrnini aynan Muhammad Baqqoliy egallagan va dars halqalarini davom ettirgan.

Shuningdek, alloma Marvda Umar ibn Muhammad ibn Hasan Fargʻuliydan (vaf. 1144) hadis saboqlarini oʻrgangan. Shu yerning oʻzida Abu Tohir Muhammad ibn Abu Bakr Muhammad Sinjiydan (vaf. 1153) hadis tinglagan. Bundan Baqqoliyning Marvga ilmiy safar qilgani kelib chiqadi.

Taʼkidlanganidek, Baqqoliy Zamaxshariydan soʻng uning dars halqasiga boshchilik qilgan. Bu uning koʻplab shogirdlari boʻlganini bildiradi. Lekin manbalarda ismlari aynan sanab oʻtilganlari koʻp emas.

Abu Fath Nosir ibn Abdusayyid ibn Ali Mutarriziy (vaf. 1213) 1144 yilda – aynan shu yili Zamaxshariy vafot etgan – Xorazmning Jurjoniyya (hozirgi Koʻhna Urganch) shahrida tugʻilgan. Oʻzining buyuk vatandoshi kabi yuksak salohiyat, ilm­fanning turli sohalarida mukammal bilimga ega boʻlgani tufayli ham keyinchalik “Xalifatuz Zamaxshariy” (“Zamaxshariyning oʻrinbosari”) degan oʻta sharafli nom bilan ham mashhur boʻlgan. Mutarriziy Baqqoliyni ustozlari qatorida sanab oʻtgan. Undan fiqhni oʻrgangan.

Yoqut Hamaviy: “Muhammad ibn Saʼd ibn Muhammad Debojiy Marvaziy (vaf. 1212) Zamaxshariy bilan uchrashgan va shogirdi Baqqoliydan tahsil olgan”, deb taʼkidlagan.

Ali ibn Abdulloh ibn Imron Imroniy fiqh va grammatikani Babjuk Xorazmiydan oʻrgangan.

Muhammad Baqqoliy koʻplab asarlar muallifi sifatida tanilgan. Taassufki, ularning aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Quyida alloma tasnif qilgan asarlarni keltirib oʻtamiz:

  • “Asrorul adab va iftixorul arab”. Bu asarning boshqa nomlari ham bor. Qoʻlyozma nusxasi Gamburg (Germaniya) kutubxonasida saqlanmoqda.
  • “Asmo fi sardil asmo”. Alloh taoloning goʻzal ismlari sharhiga bagʻishlangan.
  • “Tafsirul Qurʼon”. Bu asar haqida Ibn Soiy: “Toʻrt jilddan iborat. Men uni koʻrganman”, degan boʻlsa, Dovudiy: “Uni muallif “Miftohut tanzil” deb nomlagan”, deb taʼkidlagan.
  • “Taqvimul lison fin nahv. Bu asarning yigirmaga yaqin nusxasi turli kutubxonalarda saqlanadi. Ahmad ibn Sayyid Ramazon Marzuqiy bu kitobga “Tasʼhilul azhon ala matni taqvimul lison” nomli sharh ham yozgan.
  • Fatovo. Hanafiy ulamolarning asarlarida “Baqqoliy oʻzining “Fatovo”sida zikr qilgan” degan jumla koʻp uchraydi. Bu asarning Istanbulda bitta nusxasi bor.
  • Bulardan tashqari, “Takmilu taqvimil lison”, “Tanbeh ala eʼjozul Qurʼon”, “Jamʼut taforiq”, “Sharhul arbain”, “Solatul Baqqoliy”, “Azkorus salot”, “Iʼjob fil eʼrob”, “Ummul fazoil”, “Bidoya fil maoniy val bayon”, “Targʻib fil ilm”, “Kofit tarojim bisonil aojim”, “Muxtasar fil fiqh va “Manozilul arab” kabi asarlari boʻlgani manbalarda koʻrsatilgan.

Abu Fazl Baqqoliy 562/1167 yili Xorazmning Jurjoniyya shahrida vafot etgan. Uning ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etish biz, avlodlar zimmasidagi doimiy dolzarb vazifa boʻlib qolaveradi. Chunki, bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar grammatika, fiqh, hadisshunoslik, tafsir kabi ilmlarni oʻrganishda yangi manbalarni ochish, shu tariqa bugungi avlodning bilim va koʻnikmalarini yanada boyitish imkonini yaratishiga shubha yoʻq.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …