Home / MAQOLALAR / SHARʼIY MASALALARDA BAHS-MUNOZARA YURITISH SHARTLARI

SHARʼIY MASALALARDA BAHS-MUNOZARA YURITISH SHARTLARI

Bahs va munozara, ijtihod va ijmoʼ – bu ishlarda Alloh Taoloning buyuk hikmati, bandalariga rahmati va jamiyat aʼzolari duch kelgan masalalarning sharʼiy dalillarga asoslangan yechimlari bordir. Bu hikmat orqali islom ummatining diniy va sharʼiy ishlarida kenglik va qulayliklar yaratiladi. Hayotdagi dinga bogʻliq turli tushunmovchiliklar oydinlashib, ixtilofli masalalar yechimi barham topadi.

“Bahs, munozara” – soʻzlarining istilohiy maʼnosi – oʻrtada ixtilofli boʻlgan biror masala ustida ikki shaxs, yoki ikki jamoaning tortishib, haqiqatni yuzaga chiqarmogʻidir. Bahs-munozara ikki xil uslubda amalga oshadi:

  1. Yozma shaklda. Bunda ikki tomon oʻzining mavzuga doir ilmiy dalillarini xatga tushirib bir-birlariga joʻnatadi. Munozara olib boruvchi xatni qoʻliga olishi bilan ilmiy dalillarni tekshirib koʻradi. Keltirilgan hujjatlardan qaysi biri kuchli boʻlsa, oʻshani qabul qiladi.
  2. Yuzma-yuz turib olib boriladigan munozara. Bunda ikkala tomon oʻzaro hurmat asosida odob doirasida bahs olib boradi. Bunday ilmiy munozaralar olimlar oʻrtasida doimiy ravishda boʻlib turgan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim haq boʻla turib tortishuvni tark qilsa, Alloh taolo uning uchun jannatning oʻrtasidan bir uy bino qiladi”, dedilar. Alloh taolo barchamizga rahmatini yogʻdirib, rushdu hidoyatga muvaffaq qilsin. Darhaqiqat, talashib-tortishmaslik, haqdan boshqa oʻrinda ilmi bilan oʻzini gʻolib hisoblamaslik Alloh taolo dinda faqih qilgan, ilm bilan naflantirgan oqil olimning sifatlaridandir. Shuningdek, olimu oqil boʻlgan chin moʻmin kishi dinida biror masala yuzasidan talashib-tortishishdan ehtiyot boʻladi. Oqil olimning sifatlaridan yana biri havo-yu nafsga ergashganlar bilan oʻtirmaslik va ular bilan tortishmaslik hisoblansa-da, aqoid, fiqh va boshqa hukmiy masalalarda baʼzan bahsga zarurat tugʻiladi. Haqni botildan himoya qilish uchun toʻgʻri yoʻldan adashganlarning biri bilan bahs-munozara qilish zaruriy holat, chunki olim kishining aqidadan adashganlar ustidan gʻalabasi musulmonlar uchun manfaat va barakadir. Alohida eʼtibor bilan qaraladigan yana bir narsa – bu oqil olimning munozarasi ixtiyoriy emas, balki majburiy ekanidir. Shunday boʻlsada, bahs-munozara zarur boʻladigan oʻrinlarda uning oʻziga xos shartlari mavjud. Biz quyida aynan ana shunday bahs va munozaralar va ularning shartlari toʻgʻrisida soʻz yuritmoqchimiz.

  • Avvalo, bahsga kirishuvchi tomonlarning niyati xolis boʻlmogʻi kerak. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ixtilof qilmang! Sizlardan avvalgilar bir-birlari bilan ixtilof qilganlari sababli halok boʻldilar”[1], deganlar. Albatta, har qanday bahs, munozara ixtilof tufayli sodir boʻladi. Demak, bahs-munozaradan asosiy maqsad faqat mana shu ixtilofni bartaraf etish, yaʼni ixtilofli masalaning yechimini toʻgʻri topish bilan u masaladagi shubha va gumonlar bartaraf etish, yaʼni haqiqatni yuzaga chiqarishdan iborat boʻlmogʻi lozim boʻlmogʻi lozim. Shuning uchun, Islom dini nuqtai nazaridan “bahs-munozara” soʻzlari “talashib-tortishish”, “oʻzaro ixtilof” maʼnosida emas, balki “haqiqatni yuzaga chiqarmoq uchun uni himoya qilish” va “botilni yoʻq qilish uchun kurashish”, degan maʼnolarda tushuniladi. Ixtilofli masalaning yechimini toʻgʻri topish bilangina undagi shubha va gumonlar bartaraf boʻladi.

Ayrim bahslarda munozara qilayotganlar biri ikkinchisiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hujjat keltiradi va ikkinchisi esa uni muqobiliga dalil keltirmasdan rad qiladi. Mana shularning har biri oʻzlarini dalili – hujjatini sinishidan qoʻrqadi, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sobit sunnatini: “Bu botil narsa, men bunday demayman”, deb aytishgacha boradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatini oʻzining noqis fikri bilan rad qiladi.

Bahs-munozaraga kirishganlardan yana ayrimlari bir masalada sahobiyning soʻzini hujjat qilib keltiradi, uning raqibi esa uni hujjat-daliliga qaramay uni rad qiladi. Ularning barchasi oʻz fikrini quvvatlashni oʻylaydi. Sunnatni va asar[2]larni rad qilayotganiga parvo ham qilmaydi.

Alohida taʼkidlash kerakki, bunday bahs-munozaraga kirishganlarning har biri ogʻir gunoh ottiradi.

Muhammad ibn Husayn bahs-munozaradan ikki tomonni ham niyatini xolis qilishga undab bunday deydi: “Bahsdan maqsadi talashib-tortishish va gʻolib kelish boʻlgan kishiga bunday deyiladi: “Menga aytchi, agar men hijozlik, sen esa iroqlik boʻlsang-u oʻrtamizdagi bir masalada men mazhabimga binoan “u halol”, desam, sen ham oʻz mazhabingga koʻra “u harom”, desangu mendan masalaning yechimini har birimiz oʻz foydamizga hal boʻlishini istab bahs yuritishni soʻrasang, demak bahsdan maqsading soʻzingdan qaytish emasdir. Sendagi bor-yoʻq niyating shuki, mening oʻz soʻzim-fikrim boʻla turib, senikini toʻgʻri deb maʼqullashim kerak. Mening maqsadim sening fikringni, soʻzingni rad qilish emas, sening maqsading esa mening fikrimni rad qilishdir. Bunday holatda bizni bahs yuritishimizga hech qanday yoʻl ham, bundan dinimizga manfaat ham yoʻq. Agar sen oʻzing botil yoʻlda boʻlib, meni haqdan xato qilmogʻimni va toʻgʻri yoʻlga muvofiq kelmasligimni xohlasang, soʻng shu bilan xursand boʻlsang, unda mening ham maqsadim sen haqingda shunday boʻladi”, deb javob beriladi. (“Ulamolarning xulqlari”, Abu Bakr Muhammad ibn Husayn ibn Abdulloh Ojurriy).

Agar bahs-munozara yuritishdan maqsad shunday boʻlsa, ummat toʻgʻri yoʻl topa olmaydigan yomon qavmga aylanadi. Bu holatda ilm faqat olimlarning zarariga hujjat boʻladi va bunday maqsad bilan bahs yurituvchi olimdan koʻra johil kishi magʻfiratga loyiqroqdir. Zero, sharʼiy masalalarda yetarli ilmga ega boʻlmasdan, johil holatda fatvo beradigan kishidan johil kishi yaxshiroq ekanligi asarlarda kelgan.

Qosimdan[3] rivoyat qilinadi: “Kishini Alloh taolo unga haq yoʻlni bildirgandan soʻng johil boʻlib yashamogʻi bilmaydigan masalalarda biror soʻzni aytmogʻidan koʻra yaxshiroqdir”.[4] Bu holatda eng yaxshi yoʻl, har ikki tomon ham sukut saqlamogʻidir. Bunday yoʻl tutish ummat ulamolari xohlayotgan haqiqatga yaqinroq va tinchroqdir.

Talashib-tortishish va bahsda gʻolib kelishga intilish niyati noxolis, islomning mohiyatidan johil boʻlgan kimsaning sifatlaridandir. Alloh taolodan shunday maqsadli kishilar bilan bahsga kirishishdan panoh soʻraymiz! Bahsu munozaraga kirishayotgan kishi avvalo niyatini xolis qilishi, yaʼni magʻlub etishni emas, balki haqiqatni yuzaga chiqarishni maqsad etib belgilamogʻi lozim.

Masalaning yechimini axtarib, bahs-munozara yuritayotganlar bir-birlariga sharʼiy masalalarda bahs yuritishdan maqsad biror kishini bahsda gʻolib boʻlishi emas, balki faqat haqiqatni oydinlashtirish ekanligini eslatib turishi lozim. Shuningdek, ularning har biri bahsdagi hamsuhbati bu munozarada haq-toʻgʻri boʻlib chiqishini yaxshi koʻrishi va oʻziga ravo koʻrmaganini bahsdagi hamsuhbatiga ham ravo koʻrmasligi vojibdir.

Agar tomonlardan kimdir raqibi soʻzlayotganda haqdan xato qilishi va oʻzini soʻzi toʻgʻri boʻlishini istab tursa, bu bahs haromdir. Chunki, bunday noxolis bahsga Alloh taolo rozi boʻlmaydi, bunday niyatli bahsdan tiyilib, tavba qilmoq vojib boʻladi.

Muhammad ibn Husayn aytadi: “Agar: “Qanday bahslashamiz”, deyilsa, hamsuhbatga: “Bir-birimizga nasihat qilib”, deb javob beriladi. Agar: “Bir-birimizga qanday nasihat qilamiz?” deyilsa, unga: “Oramizdagi biror masalada men uni halol desam, sen esa uni harom desang, bahsimizda bizni toʻgʻri yoʻlga yetaklaydigan soʻzlarni aytmogʻimiz bizga vojib boʻladi. Mening maqsadim sening tiling bilan Qurʼon, sunnat va ijmoga muvofiq keladigan haqiqatni kashf qilish, sening ham maqsading mening tilim bilan oʻzingga shunday haqiqatni kashf qilish boʻlishi lozim. Agar bu bahsda bizning maqsadimiz shunday boʻlsa, bu bahsning oqibati maqtovga sazovor boʻlishini, toʻgʻri yoʻlga muvofiq boʻlishimizni va biz yetgan narsada shaytonga nasiba boʻlmasligini umid qilaman”, deb javob beriladi. (“Ulamolarning xulqlari”, Abu Bakr Muhammad ibn Husayn ibn Abdulloh Ojurriy).

  • Bahs-munozaraga sabab boʻlgan masalada yetuk ilmga ega boʻlish. Bahs-munozara yuritish uchun avvalo har ikkala tomonning ham munozara yurilayotgan masala sohasida yetuk bilimga ega boʻlishi talab etiladi. Misol uchun, koʻrilayotgan masala shariatga oid boʻlib, fiqh yoki kalom ilmiga taalluqli boʻlsa, ushbu sohaga oid dalil (oyat va hadis)larni, bu dalillarning tafsiri va tahlilini yaxshi oʻzlashtirgan boʻlmogʻi lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmsiz holida fatvo bersa uni yeru osmonlardagi farishtalar laʼnatlaydi”, dedilar.[5]

Abu Aliy Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” dedim. U: “Yoʻq”, dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” dedim. U: “Yoʻq”, dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, dedim. U: “Yoʻq”, dedi. Men: “Toʻrt yuz mingchi?” dedim. U yana: “Yoʻq”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming boʻlsachi?” degan edim, u: “Umid qilaman”, deb aytdi”.

Demak, sharʼiy masalada fatvo beruvchi shaxs avvalo tafsir, hadis, fiqh va aqida ilmlarini puxta egallamogʻi, munozarada koʻrilayotgan masala shariatning qaysi yoʻnalishiga oid boʻlsa, oʻshanga oid bilimlarni puxta egallagan boʻlmogʻi kerak.

  • Bahs-munozara natijasi fitnaga sabab boʻlmasligi kerak. Aslida munozaradan asosiy maqsad ham fitnaning oldini olish hisoblanadi. Agar munozara sababli fitna qoʻzgʻaladigan boʻlsa, unday munozara davralari kuch ishlatish yoʻli bilan boʻlsa ham toʻxtatilishi kerak.
  • Undan soʻralmasa bahs-munozaraga kirishmaslik.

Bahs-munozaraning shartlaridan yana biri shuki, agar maqsad masalaning yechimini topib musulmonlarni ogʻirini yengil qilish emas, balki talashib-tortishib oʻz fikrini oʻtkazish boʻlsa, bunday bahsga qoʻshilmaslik lozim. Chunki bu bahsdan maqsad faqat bir tomon ikkinchi tomonning soʻzini qaytarib tashlab, oʻzining tutgan yoʻlini quvvatlashdan boshqa emas. Bunday maqsadli kishiga rad etib boʻlmaydigan dalillar keltirilsa ham qabul qilmaydi va oʻz soʻzini quvvatlab mutaassibona turaveradi. Kimning bahsdan maqsadi shu boʻlsa, uning fitnasidan boshqalarning tinchi buziladi va oqibati ham xunuk ishlarga olib keladi.

Koʻrib turganingizdek, sharʼiy masalada bahs-munozara yuritish har ikkala tarafning zimmasiga ulkan masʼuliyatlarni yuklaydi. Yuqorida ulardan ayrimlari keltirib oʻtildi xolos. Agar sharʼiy masalada bahsga kirishuvchi tomonlar munozaradan faqatgina haqiqatni qaror toptirishni maqsad qilsa, ummat uchun bunday bahsning foydasi juda ham katta boʻladi.

Davomi bor…

Nodir Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

_____________________________________________________________________________
[1] Abdurohman ibn Abu Bakr Suyuutiy. “Al-Fathul kabir”. “Darul fikr” nashriyoti. Bayrut 2003. 3-jild. –B304.
[2] Asar – muhaddis va faqihlar istilohida sahoba va tobeʼinlarning sharʼiy masalaga oid ijtihod qilib aytgan soʻzlari.
[3] Qosim ibn Muhammmad ibn Abu Bakr – madinalik tobeʼinlarning oliy tabaqasidan, faqih.
[4] Abdulloh ibn abdurohman Dorimiy. “Sunani Dorimiy”. “Darul kitab” nashriyoti. 1-juz. –B 60. 111-hadis.
[5] Jaloliddin Abdurohman ibn Abu Bakr Suyuutiy. Al-Fathul kabir. “Dorul fikr” nashriyoti. Bayrut 2003. 3-jild. –B 158.

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …