Home / ALLOMALAR / MOʻMINJON HAKIM XOTIRALARIDA ABDUROZIQ MARGʻINONIY TAʼRIFI

MOʻMINJON HAKIM XOTIRALARIDA ABDUROZIQ MARGʻINONIY TAʼRIFI

Tabobat ilmining bilimdoni, buyuk hakim Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan vrach, tibbiyot fanlari nomzodi Buxoro amiri Olimxonning xos tabibi “Hakim” taxallusi bilan ijod qilgan Moʻminjon Hakim oʻz xotiralarida Buxorodagi mashhur oʻn bir muftiyning biri shayx, faqih, muhaddis, mufassir domlo Abduroziq Margʻinoniy toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarni bayon etganki, bu maʼlumotlar boshqa  adabiyotlarda uchramaydi. Moʻminjon Hakimning 1910 yili ilm olish uchun Buxoroga kelgan ilk kunlardanoq Abduroziq Margʻinoniy bilan uchrashadi va shu tarzda bir muddat uning xonadonida yashab qoladi. Natijada, Abduroziq Margʻinoniy bilan  yaqindan tanishib, uning feʼl-atvori, turmush tarzi, koʻrinishi, oilasi va vafoti xususida bizga nomaʼlum boʻlgan jihatlarini keyinchalik oʻz xotiralarida bayon etadi [1: 116].

Shu oʻrinda A. Inoyatov va M.Soliyevalarning “Zulmatdagi ziyokorlar” kitobidagi Muftiy Abduroziq toʻgʻrisidagi maʼlumotga eʼtibor beraylik:

“Domlo Abduroziq Sodiq oʻgʻli qadim Margʻilon shahrida dunyoga kelganlar. Boshlangʻich taʼlimni Margʻilonda oʻz mahallalaridagi maktabda olib, keyin Buxoroi sharifdagi katta ilm dargohi – Mir Arab madrasasida oʻqiydilar. Domlo Abdushukurning xos shogirdlaridan boʻladilar. Oʻqishda, odobda, ilm-maʼrifatda oʻrnak boʻlganlari uchun shu madrasada qolib mudarrislik qiladilar. Amir saroyida muftiy lavozimida ishlaganlar. Buxorodan uylanib, Chor Minor mahallasida yashaganlar.

Shayx, faqih, muhaddis, mufassir domlo Abduroziq oʻz davrlarida Buxorodagi mashhur oʻn bir muftiyning biri boʻlganlar. Jussalari kichik boʻlgani uchun u kishini xalq orasida “Abduroziqcha” deb atashgan.

Otalari Sodiq oʻz zamonasining yetuk shayxi boʻlganlar. U zoti bobarakot farzandlarining ilmli, maʼnan barkamol boʻlib voyaga yetishiga harakat qilganlar. Domlo Abduroziqning Inoyatxon, Oishaxon, Hidoyatxon ismli nevaralari boʻlgan. Hidoyatxon Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. 1942 yilda u kishidan qora xat keladi.

Oishaxondan toʻrt farzand: Bahodirjon (marhum), Sojidaxon, Baxtiyorjon va Ozodaxonlar tugʻiladi. Bular domlo Abduroziqning evaralari.

Domlo Abduroziq koʻplab shogird tayyorlaganlar. Shulardan biri shayx, mutasavvif olim, muhaddis, tarixchi, xattot, jamoat arbobi toshkentlik Abdulaziz qori (1902-2006) boʻlib, u kishi moʻmin-musulmonlar orasida taniqli ulamolardan edilar.

Domlo Abduroziq yoshlari 70 dan oʻtgan boʻlsa-da, Buxoro amiridan bir necha marta hajga borish uchun ruxsat soʻraydilar. Lekin amir har gal: “Siz ketsangiz, Buxoro ilm-maʼrifatsiz qoladi”, – deb, u kishiga ruxsat bermaydi.

Taʼkid joizki, ushbu kitobda Muftiy Abduroziq toʻgʻrisida ilk bor batafsilroq maʼlumotlar keltirilgan. Shunday boʻlsada, undagi ayrim berilgan maʼlumotlarga Moʻminjon Hakim xotiralari orqali aniqlik kiritish lozim boʻladi. Chunonchi, Moʻminjon Hakimning yozishicha, Abduroziq domlaning ikki oʻgʻil, bir qizi boʻlgan. Birinchi oʻgʻlining ismi Abdulloh boʻlib 1912 yilda 35 yoshda boʻlgan. Ikkinchi oʻgʻlining ismi Abduqayum  boʻlib oʻsha vaqtda toʻrt yoshda edi. Alomat nomli qizlari 6 yoshlarda boʻlgan.Oradan sal oʻtmay, domlo Abduroziq bir kechada gʻoyib boʻladilar. Ikki yil Margʻilon shahrida qarindoshlarinikida yashab, soʻngra haj safariga boradilar va 1918 yili Madinada vafot etadilar. Qabrlari “Jannat ul-baqiʼ” qabristonida” [2: 40-41].

 Moʻminjon Hakimga koʻra, Muftiy Abduroziq domla 1331 hijriy yilning zulhijja oyining 27-kuni (1912) Makkada vafot etgan. Moʻminjon Hakim Muftiy Abduroziq domla hajga borishi vaqtida boʻlib oʻtgan voqealarni ham batafsil hikoya qilgan.

Muftiy domla Mulla Abduroziqcha sudurni shaxsiy hayoti va turmushi

Domlani asli tugʻilgan joyi Margʻilonni Kosagiron mahallasidan. Bolalarga oyogʻ kiyim tikiyim tikadirgan kosib oilasidandir.  Yosh vaqtida ota va onasi vafot etib bir nomehribon akani qoʻliga qoladir. Akasini oʻz bolalari koʻb boʻlgʻoni uchun ukasiga yaxshi qaramaydir. Hatto akasini xotuni oʻz bolalarini alohida  ovqatlantirib, bolalaridan qoldiq ovqatlarni beradir va ogʻir ishlarni buyuradir.  Xulosa,  shunday sharoit tugʻdiradirkim, boshqa toqat qilish imkoniyatdan ortadir. Lekin bu bolani tabiatida oʻqushga ortuqcha muhabbati boʻlib, hamma vaqt fikri yodi nima qilsaki oʻqisa. Bir kun tasodifan eshitadiki, bir guruh savdogarlar savdo bilan Toshkandga joʻnar emish. Bu bola bular qaysi kuni va  qaysi vaqtda joʻnashlarini bilib, oʻsha kun kechasi uxlamay to sahargacha oʻlturib, sahar vaqtida karvon mol tovarini ortib, yigirmaga yaqin kishilar safarga joʻnaydilar. Bu bola ham savdogarlarga bildirmay orqalaridan qaramoqda piyoda ketaveradir. Xoʻqandlardan oʻtganda savdogarlar payqaydurlar. Bir bola doim alarning izidan kelayotur. Taʼjjublangan bir kishi boladan soʻrasa, u oʻz ahvolini va yetimligini aytib, oʻqumoqqa ketayotganini bildiradir. Mazkur savdogarlar bolani Toshkandgacha ovqatlanturib borib, bu bola Toshkand shahrida bir boyni molini boqadir. Ammo doim karvonsaroylardan soʻrab yurib, Samarqandga joʻnaydigan savdogarlarni safar asboblarini tayyorlaganlarga duch kelib qolib, ularni orqasidan yana piyoda choʻllarda ergashib,  qoldiq ovqatlarni yeb piyoda joʻnaydilar.

“Malik choʻlida “Choʻli malikda” (hozir Mizachoʻldir) charchab, havoni haroratidan chanqab, oyoqlarim ogʻrib savdogarlar karvonidan koʻrinmaslik darajada keyinda qoldim. Biroq choʻlda koʻb yovvoyi itlar bor ekan. Bir oʻntacha it menga qarab yiroqdan yugurib “av-av”lashib kela boshladilar. Umidim uzilgan holda hayolimga bir eshitganim keldi. “It va ot yalangʻoch odamdan ziyoda qoʻrqadir”,– deb. Darhol eski koʻylak, lozim va toʻfidan boshqa ustimda  hech nima yoʻq edi. Darhol men qib yalangʻoch boʻlib, ularga qarab jon xalfida yugurdim. Shu ondan itlar qichqirub, chunon qochdilarki, qutulib qoldim” deydilar va  bir kulib: “Haqiqatdan ham inson qib yalangʻoch boʻlsa, undun xunuk narsa yoʻqda”, – dedi.

Samarqandga kelib, Shohizinda mozorini birinchi koʻchasi darvozasidan kirganda, oʻng qoʻlda birinchi toʻb chilonjiydalar (ziziviya unnobi) borlar (hozirda ham). Ul daraxtlar oldida oʻng tarafda bir kichik eshik bor. Ul eshikdan kirsangiz 6-7 hujralik madrasacha bordir. “Uni keyinroq yana oʻzimni ahvolimda takror oʻqursiz). Shul madrasada bir tolibi ilm iflos hujraga joylashadir…

Bizni suhbatimiz bu yerga yetganda darvozadan ikki-uch kishi domlani ziyoratlariga kelib qoldilar. Afsuski, soʻray olmadim, kimda oʻquganlarini. Bu xil necha soatlab xoli vaqt kam boʻlar edi. Chunki, har shahardan kelgan odamlar uzulmay ziyoratga kelib turar. Bemehmon soatlar kam boʻlar edi[2: 61]..

Moʻminjon Hakim Abduroziq Margʻinoniyning shaxsiy sifatlari haqida soʻzlar ekan, uni barcha ilmlarni bilguvchi ulamo sifatida eʼtirof etibgina qolmay, balki har doim kambagʻallarga yordam berib keluvchi saxovatpesha zot  ekanligini alohida taʼkidlab oʻtadi:

“Muftiy domlani shaxsiy xususiyatlariga kelganda, ul  kishi oʻz davrini ilm ummonini eng buzrugi, oʻshal davrning hamma ilmlarini mukammal bilguvchi va har narsaga tabiat koʻzi bilan qarovchi va baʼzi ulamolar masalan, Mullo Holmurod Toshkandiy kabi shogirdlariga “kerosin va kavush oʻrisniki” deb man qilguvchilarga kuluvchi bir kishi boʻlib, hamma vaqt kambagʻallarga maxfiy yordam qilguchi, mehmonsevar bir kishi boʻlib, yoz kunlarida doim mehmon uzilmas edi.

Har kechqurun yigirma kishidan kam boʻmagan mehmon va mullobachchalar oshga hozir boʻlur erdilar. Shomdan keyin har kun uchta katta xitoy taboqda osh chiqar edi.

Domla oʻzini shaxsiy koʻrinishi: boʻylari metr 70 santimerdan ziyoda emas edi. Qotma, yuzida kamroq chechak oʻrnilari bor. Siyrak oqsoqol. Yoshini yetmmishligiga qaramay chaqqon, tez harakat, kamgap kishi, juda oz ovqat yeb, kam uxlar edi.

Oʻqish davrida soat oʻnlarda uxlab, kechasi soat ikkida turib, kitobxonasida qirq yillar maʼruzalar oʻqushiggʻa qaramay, soat toʻrtgʻacha kitob koʻrish bilan mashgʻul boʻlib, soat toʻrtda uyda bir guruh talablarga maʼruza oʻqib, bomdod namozini shu guruh bilan uyda  oʻqib, ikkinchi guruh oʻrtaga olib, u kishi otliq, talabalar piyoda darsxonasiga, Tursunjon madrasasiga borib, madrasada yana sakkiz soat maʼruza oʻqurdi.

Har guruh 40-50 kishidan iborat boʻlub, uydan ketarda qoʻltuqlariga uy nonini toʻrtdan birini, u ham boʻlsa qattiq non boʻlib, andak koʻk choy xaltachaga solib choʻntaklarida olib ketar, soat ikkida  darsxona (auditoriya)da guruh bilan peshin oʻqub, madrasa oldidagi samovardan suv quydirib kelardi. Oʻsha qoʻltuqdagi toʻrtdan bir qattigʻ nonni uyutib yer edilar. Oʻlturgan joyda bir sholcha ustida bir qoʻyni terisi hatto uni junlari baʼzi joylarida andak-andak qolgan edi.

Domlani vafotlaridan keyin Tursunjon madrasasiga Mullo Zokirjon muftiy Karruxiy taʼyin boʻlib, domlani oʻrnida  oʻlturgan joyda bir shoyi koʻrpani toʻrt qabat qilib, yangi gilam ustiga ikki yoniga ikki par yostiq qoʻyub maʼruza oʻqir edi. Vaholanki, domlani oʻndan bir ilmi boʻlmagan kishi edi. Koʻchada yuradirgan bir moʻysafid darvish kishi boʻlar edi. Bir kuni darsxona (auditoriya) eshigidan kirib kelib qaradi(1-kitob. 47-bet). Domla Zokirni bu xil toʻrt qabat shohi koʻrpalarini koʻrib: “In nameshavad tuf-f”, yaʼni “buning yaramaydi tuf-f” deb qaytib ketgani xalq ichida darhol gap boʻlib tarqaldi.

Domla 8 darsdan boʻshab xufton namozini uyiga kelib oʻqurdi. Eng kiyingi guruh yana uygacha uzaturlar edi. Bul vaqtda ichkaridan osh chiqardi. Ajoyib osh yerdilar. Kichkina qilib bir joydan oʻyib taboqni taxtiga tushar edilar. Yeb boʻlgandan qolgan oshda goʻyoki sichqonni uyini teshigiga oʻxshab qolardi. Hammasi boʻlib yegan oshlari oddiy odamlar olgan ikk-uch oshicha edi…

Muftiy domlani Koʻkaldosh madrasasida darvozadan kirib oʻng tarafdan sharqiy-janubiy burchagida ikkinchi qabatda imorati bu vaqtda boʻsh boʻlib, qolgan joyga alohida zina bilan kichkina 2×2 metr hujrachasi boʻlib, bunda qashshoq mullobachchalar istiqomat qilur edi. Bir kishilik vaqfini domla qayerda kamabagʻal mullobachchalar boʻlsa, maxfiy chaqirib, berar edilar. Mana men shul yerga borib turdim. Har kun kechqurun domlani hovlisiga kelishlaridan ilgari hovlidagi ishlarni qilib, mehmonlarni qabul qilib, kechqurun xuftondan keyin Koʻkaldoshda mashgʻulotimni qilib uxlar edim.

Moʻminjon Hakim xotiralarida Abduroziq Margʻinoniyning Haj safariga ketishi  bilan bogʻliq voqealar va uning vafotida toʻgʻrisida tafsilotlar muhim keng oʻrin olgan boʻlib, mazkur maʼlumotlar boshqa biron bir manbada qayd etilmagan.

“Shaʼbon oyini oʻrtalari (iyul boʻlsa kerak. Chunki musulmonlar oy hisobi har xil 12 kun ilgari keladir. Binobarin, oylar hamma vaqt bir vaqtda boʻlmaydir) birdan Hazrat Muftiy domladan menga telegʻrom (keldi) “Ertaga falon soatda Samarqand stansiyasida meni kuting”.

Bir, ikki, uch soatdan soʻng butun Samarqandga maʼlum boʻldiki, “Hazrat muftiy domla hajga ertaga falon poyezdda joʻnayaturlar”, – deb. Chunki Buxoroda doimiy istiqomat har shaharlik oʻz shaharlariga telegʻrom yuborib, domlani falon poyezda ketushlarini eʼlon qilibdurlar. Ammo domla taraflaridan faqat bir menga telegʻrom berilibdir. Bu menga oxirgi marhamat va shafqati boʻlib, meni qancha ilm yoʻlida tortmish mehnat va mashaqqatlarim uchun meni koʻnglimga tasalli bermoq uchun ekan…

Domla bir kun tushlarida Muhammad paygʻambar (s.a.v.)ni koʻradirlar. “Tezda meni oldimga kel” degan ishorat  boʻladir-da, erta bilan bomdod namozoni oʻqub, soyis (otboqar)ni chaqirib “Otini tayyorla” deydilar va otga minib toʻgʻri “Sitorai Mohi xosa”ga Amir Olimxon huzuriga kirib, hajga ijozat soʻrab, ijozat olib uyga kelib aytadirlar: “Ertangi poyezdga bilet olinglar. Men  hajga joʻnaydurman”. Darhol Buxoroga yoyiladir. Har kim har tarafga telegʻrom beradirlar…

 Hazrat Domlani koʻrsatuvlaricha, Buxoroda domlaning eng yaxshi shogirdlaridan Asvad maxdum. Bu kishi Domladan keyin Bolorlik darajani egalladi. Domla oʻzlari bilan bir nechta katta gilamlarni Madina va Makkaga joynamoz uchun olib ketdilar. Avval Madinaga borib, to mavsumi Hajgacha Madinada turib, haj mavsumida Makkaga boradilar. Makkaga borarda Makkai sharifga  necha kilometrlar borib, istiqbol etadir. Haj marosimini tamom qilib, oʻpka chumasi bilan ogʻrib 1331 yili 27zulhijja oyida Makkada vafot etadilar.

Makkai shahar tarafidan oʻshal kun Buxoro qozikaloniga telegʻrom keladir. Buxoroda Mirzo Ulugʻbek madrasasini sharqidagi Azizon masjidida Asvad maxdum domlani maʼruzusida edim. Bir talaba kelib xabar qildi: “Hazrat Domla vafot etibdilar”.  Darhol maʼruzasini toʻxtadilar. Oʻshal yerdan talabalar va  Asvad  maxdum Domlani hovlilariga yugurdik. Kelsak hovliga emas  koʻchalarga odam sigʻmaydir. Men kirib, darhol hovli sahnilariga gilam, faloslar soldim. Guruh-guruh boʻlib, xalq duoyi fotiha qilib qaytadilar. Chekkada bu kun payvasta uzluksiz fotihaxonlik boʻldi. 

Uch kundan keyin boʻlak yiroq shaharlardan ulamolar kela boshladilar to qirqigʻacha…

37kuni qirqisi boʻldi. Har kun men mehmon va fotihachilarni kuzatdim. Darslarga bora olmadim. Qirqi oʻtgandan keyin fotihachilar tugadi. Mehmonxonaga odam kelishi toʻxtadi” [2: 63].

Moʻminjon Hakimning Buxoroga kelishi va muftiy Abduroziqcha bilan uchrashib, uning uyida yashab qolishi uning kelgusi hayoti uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Shu sababdan u  oʻz xotiralarida mehribon ustozi muftiy Abduroziq toʻgʻrisida maroq bilan hikoya qiladi.

Shunday ekan,  Moʻminjon Hakimning Muftiy Abduroziq domla toʻgʻrisida yozib qoldirgan xotiralari tadqiqotchilar uchun shubhasiz muhim manba sifatida ilmiy ahamiyatga ega.

  FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 
  1. Fayzullayev R., Abdulahatov N. Foziljon Maxdum Margʻiloniy. IV. – T.: NOSHIR, 2017.
  2. Inoyatov A., Soliyeva M. Zulmatdagi ziyokorlar.– T.: HILOL–NASHR, 2016.
  3. Abdulahatov N. Xoja Margʻiloniy. – T.: ABU MATBUOT-KONSALT, 2017.
Nodirjon ABDULAHATOV,
OʻzXIA doktoranti,
tarix fanlari nomzodi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …