Home / ALLOMALAR / BURHONUDDIN MARGʻINONIYNING FAROIZ ILMI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

BURHONUDDIN MARGʻINONIYNING FAROIZ ILMI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Movarounnahr fiqh maktabining yirik vakili Shayxulislom Burhonuddin Margʻinoniyning asl ismi Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Fargʻoniy Rishdoniy Margʻinoniydir.

Burhonuddin Margʻinoniy 1118 yili rajab oyining sakkizinchi kuni dushanbada choshgoh payti tavallud topgan. Dastlabki saboqni Margʻilonda olgan alloma yoshligidayoq Qurʼoni karimni yodlab, hadis ilmidan mukammal taʼlim olgan.

Keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi madaniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandga koʻchib borib, oʻsha yerda istiqomat qilgan va ilmiy faoliyat yuritgan.

Manbalarda allomaning oʻzga yurtlarga safar qilgani haqida maʼlumotlar uchramaydi. “Bidayatul mubtadi” asarining yozilishi tarixida zikr etilgan Bagʻdod safari uning hajga keta turib, yoʻl-yoʻlakay bu shaharda toʻxtab oʻtganiga ishoradir. Shu bois koʻpchilik alloma Samarqandda yashab ijod etgan, degan fikrda.

Manbalarda yozilishicha: “Margʻinoniy oʻz oilasining tarbiyasida ulgʻayib, eng mashhur va iqtidorli olimlardan dars olib, yuksak isteʼdodi va izchil faoliyati tufayli Hanafiy mazhabi boʻyicha buyuk faqih va mujtahid darajasiga koʻtarilib, Shayxulislom unvoniga sazovor boʻldi”[1].

Abdulhay Naknaviy: “Uning nasabi Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi”, deb taʼkidlagan. U allomani quyidagi iboralar bilan madh etgan: “Imom Margʻinoniy faqih, Qurʼon hofizi, muhaddis, mufassir, barcha ilmu fanni oʻrganib oʻzlashtirgan iqtidorli ustoz, oʻtkir nazar bilan tekshiruvchi va diqqat bilan ish yurituvchi zohid, muttaqiy, mahorat va fazilatlar egasi, ilmu adabda misli koʻrilmagan adib va shoir, ilmul xilof va mazhab sohalari boʻyicha yuksak salohiyatga ega bir zot edi”[2].

Manbalarda Burhonuddin Margʻinoniyning bobosi Umar ibn Habib allomaning birinchi ustozi deb aytilgan. Oʻz zamonasinig ilmli kishilaridan boʻlgan Umar ibn Habib nabirasining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor bilan qaragan va uning kelajakda yetuk alloma boʻlib yetishishi uchun koʻp xizmat qilgan.

Margʻinoniyning boshqa ustozlari toʻgʻrisida alloma oʻzining “Kitab al-mashaix” (“Shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida maʼlumot berib oʻtgan. Unda qirqdan ortiq allomaning nomi keltirilgan. Ustozlari roʻyxatining boshida Najmuddin Abu Hafs Umar Nasafiyning ismi turgan.

Allomaning hozirgi kunda maʼlum boʻlgan asarlari quyidagilar:

  1. “Kitab majmuʼ al-navazil” (“Nozil boʻlgan narsalar toʻplami”).
  2. “Kitab tajnis val mazid” (“Ajratish va ilmni ziyoda qilish kitobi”).
  3. “Kitab al-faroiz” (“Meros haqidagi kitob”).
  4. “Kitab al-muntaqo” (“Tanlangan narsalar haqidagi kitob”).
  5. “Bidayat al-mubtadi” (“Boshlovchilar uchun ilk taʼlim”).
  6. “Kifayat al-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal taʼlim”).
  7. “Nashr al-mazhab” (“Mazhabning yoyilishi”).
  8. “Manasik al-haj” (“Haj arkonlari”).

9.“Al-Hidaya fi sharh Bidayat al-mubtadi” (“Boshlovchilar uchun dastlabki taʼlim” asarining sharhi – “Toʻgʻri yoʻlga boshlovchi kitob”).

Bu asarlarning barchasi ham saqlanib qolgan emas, lekin turli manbalarda shunday asarlar bitilgani haqida zikr qilingan.

Burhonuddin Margʻinoniyning turli manbalarda zikr qilingan oʻnga yaqin asari[3] qatorida uning “al-Majmuʼ al-Usmoniy” (“Usmoniy toʻplam”) nomli asari boʻlgani,[4] nusxasi faqat Irlandiyadagi Chesterbiti kutubxonasida saqlanishi haqida maʼlumot bor. Bu asar fiqhning muhim sohalaridan boʻlgan meros ilmiga bagʻishlangan.

“Al-Majmuʼ al-Usmoniy”ning nusxasi mamlakatimiz qoʻlyozmalar xazinasida mavjud emas, degan fikrda yurar edik. Keyingi izlanishlar natijasida uning bir nechta qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar xazinasidan topildi. Shu paytgacha topilmagani va eʼtibordan chetda qolib kelganining asosiy sababi uning alohida qoʻlyozma shaklida emas, balki allomaning nabirasi Imoduddin Margʻinoniyning “al-Fusul al-imodiyya” asari tarkibida ekani bilan bogʻlik boʻlib chikdi. “Al-Majmuʼ al-Usmoniy” “al-Fusul al-imodiyya” tarkibiga uning fasllaridan biri sifatida kiritilgan boʻlgan. Chunki qirq fasldan iborat boʻlgan kitobning oʻttiz yettinchi fasli meros taqsimoti masalalariga oid boʻlib, Imoduddinning eʼtiroficha, u bu mavzuga oid yangi asar yozib oʻtirmasdan, bobosining “al-Majmuʼ al-Usmoniy” asarini qoʻshib qoʻya qolishga qaror qilgan.[5]

Asar haqidagi maʼlumotlarning tahliliga oʻtishdan avval baʼzi mulohazalar. Gap shundaki, allomaning buyuk asari – “Hidoya” islom olamida alohida eʼzoz va eʼtiborga sazovor boʻlgan. Lekin undan “fuqarolik huquqining muhim yoʻnalishi hisoblangan meros ilmi mavzusi oʻrin olmagan. Asar alohida kitob boʻlib taʼlif etilgani uchun shunday boʻlsa kerak. Bir tomondan, uning hajmi unchalik katta emas. Yozuvning mayda-yirikligi va asar bitilgan qogʻozning katta-kichik hajmda ekaniga qarab 8-10 varaqni tashkil etishi mumkin. Ikkinchi tomondan, meros ilmi islom ilmlari orasida eng qiyin soha hisoblanib, asardan faqat shu sohaga aloqador mutaxassislar foydalanishi mumkin. Ehtimol, shuning uchun ham boshqa fiqhiy asarlar singari koʻplab nusxalarda koʻchirilmagan.

Nazarimizda, Oʻrta asrlarda bir muddat merosga oid asarlarni yirik fiqhiy asarlar tarkibiga kiritish odat boʻlmagan. Aksincha, meros mavzusiga doir asarlar alohida yozilgan. Shundan boʻlsa kerak, X-XII asrlarda bitilgan fiqhiy asarlarning aksariyatiga bu mavzu kiritilmagan. Faqat moʻgʻullar bosqinidan keyingi davrda bitilgan fiqhiy asarlarda meros mavzusi oʻrin ola boshlagan.

Ikkinchi mulohaza – Margʻinoniy qalamiga mansub ushbu asar “al-Majmuʼ al-Usmoniy” deb nomlangani. Bu xususda turli taxminlar bor. Birinchidan, Abdulqodir ibn Abul Vafo (1297-1373) “al-Javohir al-Muziʼa fi Tabaqot al-Hanafiya” (“Hanafiylar tarjimai hollarida ziyo taratuvchi javohirlar”)da bu asarni xalifa Usmon ibn Affonga yoki unga ergashganlarga nisbatan taʼlif qilingani hamda “Kitob al-Faroiz” unga tegishli ekanini zikr qilgan[6]. Lekin Usmoniyning kimligi haqida birorta maʼlumot bermagan, lekin  uning Burhonuddin Margʻinoniy qalamiga mansubligi haqida ham soʻz yuritmagan. Ikkinchi tomondan, asar ayni shu tarzda nomlanganining aniq sabablari bevosita qoʻlyozma manbalarda zikr qilingani yoki izohlangani topilmaganidir.

Asarning boshlanishida Burhonuddin Margʻinoniyning oʻzi eʼtirof etib, “Bir qorindan tugʻishganlik rishtasi, murtadlar kabi va shunga oʻxshash masalalar boʻyicha hukmlar musannif zikridan chetda qolgani…”[7] degan iboralarni yozgan. Demak, bu bilan alloma asarning dastlabki shaklida boshqa bir muallif boʻlgani va u qandaydir sabablar bilan qator masalalarni uning tarkibiga kiritmagani haqida zikr qiladi. Bu holat bizga Oʻrta asrlarda yashab ijod etgan hanafiy allomalardan Abul Hasan Ali ibn Xizr ibn Hasan Qurashiy Dimashqiy Usmoniy (vaf. 1067)ga eʼtibor qaratishimizga turtki boʻldi. Bu kishi faroiz ilmining bilimdoni, matematik olim boʻlib, “Ilm al-Hisob” (“Hisob-kitob ilmi”), “al-Vafiyyot” (“Sadoqatlilar”), “At-Tazkira bi usul al-hisob va al-faroiz” (“Meros taqsimoti va hisob-kitob asoslarini bildirish”) nomli asarlar muallifi boʻlgan[8].

Burhonuddin Margʻinoniy ayni shu allomaning merosga oid asarini toʻldirib, qayta ishlagan va shu sababdan uning dastlabki shaklini muallifning huquqini buzmaslik maqsadida “al-Majmuʼ al-Usmoniy” deb atagan boʻlishi mumkin, degan fikrga keldik.

“Al-Majmuʼ al-Usmoniy” asarining umumiy hajmi barcha nusxalarda deyarli bir xil.

Asarda dastlab meros mulkining taʼrifi keltirilgan. Undan maʼlum boʻladiki, biror insonning vafotidan keyin qolgan mol-mulki meros mulki hisoblangan. Bu mulkning marhumni dafn qilish bilan bogʻlik boʻlgan sarf-xarajatlar, agar uning qarzi boʻlsa, qarzlarini ado etishga sarflangan mablagʻdan keyin qolgan qismi merosxoʻrlar orasida taqsimlanadigan ulush hisoblangan. Faroiz ilmida marhumning meros mulki xususida qoldirgan vasiyati, taqsimlanish uchun qolgan meros mulkining uchdan bir qismi miqdoridan oshmasligi belgilab qoʻyilgan. Asarda meros olishi mumkin boʻlgan qarindoshlar va ularning darajalari mufassal bayon qilingan. Merosxoʻrlarning marhumga qarindoshlik nuqtai nazaridan ularga tegishi mumkin boʻlgan miqdor belgilab qoʻyilgan. Bu meʼyor va mezonlar odamlar oʻrtasidagi qarindoshlik rishtalari va darajalari nihoyatda xilma-xil boʻlgani sababidan murakkab arifmetik tenglamalar va hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan. Ular faroiz ilmining asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi.

“Al-Majmuʼ al-Usmoniy”da besh fasl va ikki mavzu qizil siyoh bilan alohida ajratib yozilgan. Dastlabki fasl “Ona tomonidan boʻlgan qarindoshlarga oid fasl” deb nomlangan boʻlib, unda qarindoshlik darajasi belgilab berilgan. Bu yerda ona tomonidan boʻlgan qarindoshlar besh turga boʻlinishi va bu turlarning nomlari zikr qilingan. Umumiy taʼrif berilgandan soʻng har bir sinfga oid meʼyor va mezonlar alohida fasllarda birma-bir bayon qilingan.

“Birinchi tur qarindoshlar haqidagi fasl”da teng sharoitda merosga boshqalardan koʻra haqliroq boʻlgan qarindoshlar haqida maʼlumot beriladi va ularning darajalari belgilanadi.

“Ikkinchi tur qarindoshlar haqidagi fasl”da bu tur qarindoshlar sirasiga kimlar kiritilishi belgilab berilgan. Fasl mazmunidan bu toifaga ona tomonidan boʻlgan bobo va buvilar kiritilishi maʼlum boʻladi.

“Uchinchi tur qarindoshlar haqidagi fasl”da opa-singillarning oʻgʻil farzandlari va aka-ukalarning qiz farzandlari haqida soʻz yuritiladi.

“Toʻrtinchi tur qarindoshlar haqidagi fasl”da ona amakilarining oʻgʻil farzandlari va ularning merosdagi ulushi haqida fikr bildiriladi.

“Beshinchi tur qarindoshlar haqidagi fasl”da ota va ona tomonidan boʻlgan boshqa qarindoshlar va ularning meros taqsimotidagi oʻrinlari haqida maʼlumotlar zikr kilinadi.

Meros mavzusi bilan bogʻliq turli ishlar “Kitobga ilova qilingan masalalar haqidagi fasl”da talqin qilingan. Jumladan, musulmon boʻlmaganlarning merosi masalasi, otasining qotili hisoblangan oʻgʻilning merosxoʻrlik masalasi, gerafrodit (xunasa)larga meros masalasidagi hukm, qullikdan ozod qilingani bois qarindosh boʻlganlarning meros masalasidagi maqomi, bedarak yoʻqolganlarga oid meros masalalari shular jumlasidandir. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
  1. A.Sh.Juzjoniy. “Islom huquqshunosligi hanafiy mazhabi va Oʻrta Osiyo faqihlari”. “Toshkent islom universiteti” nashriyoti, 2002 yil.
  2. Qoriyev O.A. “Al-Margʻinoniy mashhur fiqhshunos”.Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. 2000.
  3. Qoriyev O.A. “Fargʻona fiqh maktabi va Burhonuddin al-Margʻinoniy”. Toshkent. “Fan”, 2009.
Jurnal va gazetalardagi maqolalar
  1. Qoriyev O.A. “Islom huquqshunosligi va Burhonuddin al-Margʻinoniy”. “Hayot va qonun” jurnali.1994. № 3. – B.54;
ARAB TILIDAGI ADABIYOTLAR
  1. Burhonuddin Margʻinoniy. “al-Hidoya” kitobi. 1-juz. 1990 yil. Bayrut: Ilmiy kitoblar uyi.
  2. Burhonuddin Margʻinoniyning nabirasi Imoduddin al-Margʻinoniy “Al-Fusul al-Imodiyya”. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi qoʻlyozmasi № 3166 — V. 86.
  3. Abdulqodir ibn Abul-Vafo. “Al-Javohir al-muzia fi tabaqot al-hanafiyya”. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya. 2005.
  4. Burhonuddin Margʻinoniy “Al-Majmuʼ al-Usmoniy”. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar xazinasi. Inv № 5916.452.
  5. Xayriddin az-Zirikliy. “Al-Aʼlom”. IV-juz. Bayrut: Dorul ilm lil malayin. 2002.
[1] Abdulhakim Sharʼiy Joʻzjoniy. Islom huquqshunosligi “Toshkent Islom universiteti” nashriyoti, 2002 yil, 182-196 betlar.
[2] “Hidoya” kitobi. 1- juz 1990 yil. Bayrut: Ilmiy kitoblar uyi, 3-bet.
[3] Qoriyev O.A. “Islom huquqshunosligi va Burhoniddin al-Margʻinoniy”. “Hayot va qonun” jurnali.1994. № 3. – B.54; Odil Qoriyev. “Al-Margʻinoniy mashhur fiqhshunos”.Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. 2000. – B.25
[4] Qarang: Qoriyev O.A. “Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy”. Toshkent. “Fan”, 2009. – B 203-209.
[5] “Al-Fusul al-Imodiyya”. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi qoʻlyozmasi № 3166 — V. 86.
[6] Abdulqodir ibn Abul-Vafo. “Al-Javohir al-muzia fi tabaqot al-hanafiyya”. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiyya. 2005. — B. 496.
[7] OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar xazinasi.Inv № 5916.452
[8] Xayriddin az-Zirikliy. “Al-Aʼlom”. IV-juz. Bayrut: Dorul ilm lil malayin. 2002.- B. 284.
Sarvar MUHAMMADIYEV,
Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi
1-bosqich magistranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …