Home / YANGILIKLAR / 14 FЕVRAL – SHOH VA SHOIR ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

14 FЕVRAL – SHOH VA SHOIR ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar! 

Ilmga chanqoq talaba-yoshlar!

Maʼlumki, har yili fevral oyida yurtimizda ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi keng nishonlanishi anʼanaga aylangan. Shu maʼnoda, kuni kecha soʻz mulkining sultoni hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi mamlakatimiz boʻylab keng nishonlandi. Xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sana katta tantana, oʻzgacha shukuhda kutib olindi. 

Bugun esa yana bir ulugʻ bobokalonimiz, shoh va shoir, davlat va jamoat arbobi, dilbar shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligini nishonlayapmiz.

Nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham buyuk siymo — Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, maʼrifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti”!

Qadrli tolibi ilmlar, hurmatli ustoz-murabbiylar!

Ulugʻ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur garchi Hindistonda salkam uch yuz yil hukmronlik qilgan Boburiylar imperiyasigan asos solgan boʻlsada, kindik qoni toʻkilgan Vatani – Andijonni bir lahza ham unutgani yoʻq. U ona diyorini haddan ziyod sevib, Vatanidan olisdaligi uchun koʻp gʻam-alam chekardi. Bu uning ijodida oʻziga xos iz qoldirdi Xususan, ulugʻ vatandoshimiz bir ruboyisida shunday yozadi: 

Toli yoʻqi jonimga baloligʻ boʻldi,   

Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi.

Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi. 

Ammo oʻz navbatida hind xalqining ulugʻ farzandi, davlat arbobi Javoharlaʼl Neru Bobur Mirzo va boburiylarning Hindistondagi faoliyati haqida quyidagi fikrlarni aytib oʻtgan:

“Bobur dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi”.

Bobur Mirzoning buyukligi shundaki, u qaysi yurtga hukumdor boʻlmasin, eng avvalo, jaholatga emas, ezgulikka, adolatga xizmat qildi. Mahalliy aholining farovonligi, maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishiga hissa qoʻshdi. Yurtni obod qilishga kirishdi, muhtasham obida va bogʻlar bunyod etdi. Uning oqilona siyosatini davom ettirgan vorislari esa bugun ham dunyoning yetti moʻjizasi sifatida eʼtirof etib kelinayotgan Tojmahal, Qizil qalʼa kabi noyob, muhtasham arxitektura yodgorliklari, masjidu madrasalar bunyod ettirdi. 

Azizlar!

Bobur Mirzo benazir ijod sohibi boʻlganini yaxshi bilasiz, albatta. ijodkorning memuar asari – “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonasi, shuningdek, jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Ushbu qomusiy asar 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.

Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-maʼrifat haqidagi gʻoyalari, odob-axloq, yaxshilik, vafo, insonparvarlik, adolat haqidagi qarashlari, axloqiy-taʼlimiy fikrlari hozirgi davrda ham yoshlar tarbiyasida ham gʻoyat ahamiyatlidir.

Shoir “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Harb ishi” kabi asarlar yozdi. Birgina Parij kutubxonasidan oʻrin olgan “Risolayi aruz”da aruzning 537 ta vazni haqida soʻz boradi va hassos shoir oʻz fikrlarini isbotlash maqsadida 70 dan ortiq ijodkorlarning asarlaridan misollar keltiradi. “Risolayi volidiya” kitobi esa adibning isteʼdodli tarjimonligini koʻrsatadi. Umuman, ijodkorning bizgacha saqlanib qolgan lirikasi soni 400 dan ortiqni tashkil qiladi. 

Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining hukmronlik davrida ilm-maʼrifatni davlat siyosati darajasiga olib chiqqan. Bobur va uning avlodlari hamisha ilgʻor fikrli ilm-maʼrifat ahli, ijodkorlar, kosibu hunarmand, bogʻbonu ziroatchiga katta hurmat-ehtirom koʻrsatib kelgani bois mamlakat taraqqiy etib, el farovon yashashgan. 

Qadrli talaba-yoshlar!

Bugun zamonaviy Oʻzbekiston yangi yuksalish bosqichiga qadam qoʻygan. Ushbu davrda xalqimiz ulugʻ ajdodlari boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, uni dunyoga tarannum etish asnosida eng soʻnggi ilm-fan hamda kasb-hunar sirlarini oʻrganishga katta eʼtibor qaratmoqda. Ishonamizki, ushbu yoʻnalishdagi davlatimiz investitsiyasi yurtimizda Uchinchi Renessans davrining boʻy koʻrsatishiga poydevor boʻlajak.

Shu maʼnoda, davrning turli talotoʻplari, ixtiloflariga duch kelsada, yuksak insoniy tuygʻularni saqlab qola olgan, dunyo ilm-fani, madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan shoh va shoir – Zahiriddin Muhammad Bobur nomi umrbod unutilmaydi! U qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros, muhtasham meʼmoriy obidalar asrlar osha yosh avlodlarni ulugʻ maqsadlarga daʼvat etib, maʼnaviy kuch-quvvat manbai boʻladi! 

Ilm-fan, madaniyat choʻqqilarini zabt etishda Sizga sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Muzaffar KOMILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, 
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba:iiau.uz

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …