Home / ALLOMALAR / AQIDADA IMOM BUXORIYNI ERGASHTIRGAN MUTAKALLIMLAR

AQIDADA IMOM BUXORIYNI ERGASHTIRGAN MUTAKALLIMLAR

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy yashagan (194-256 h./810-870 m.) davrda ahli sunna va jamoaning ikki aqidaviy qanoti – ashʼariylar va moturidiylar shakllanib ulgurmagan edi. Abulhasan Ashʼariy (260-324 h./874-936 m.) va Abu Mansur Moturidiy (256-333 h./870-944 m.) Imom Buxoriyning vafotidan keyin tugʻilgan. Shuning uchun ham Imom Buxoriyning aqidasi sahobalar, tobeinlar va tabʼa tobeinlardan iborat salafi solihinning aqidasi bilan bir xil boʻlgan, deyish toʻgʻriroq boʻladi. Zotan, ashʼariylar va moturidiylarning ham aqidasi ularniki bilan hamohang edi.

Ibn Hajar Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) oʻzining “Sahihul Buxoriy”ga bitgan mashhur “Fathul Boriy” asarida Imom Buxoriyning fiqh va aqidada kimlarga ergashganini yozib qoldirgan. Tarixda “Sahihul Buxoriy”ni eng koʻp oʻrgangan olim Ibn Hajar Asqaloniydir. U “Sahihul Buxoriy”ga Imom Buxoriyning oʻzidan ham koʻproq eʼtibor bergan va xizmat koʻrsatgan olim sifatida taʼriflangan. Ibn Hajar Asqaloniy Imom Buxoriyning aqidaviy fikrlari qaysi mutakallimlar qarashlari orqali shakllanganini quyidagicha qayd qilgan:

مَعَ أَنَّ الْبُخَارِيَ فِي جَمِيعِ مَا يَرِدُهُ مِنْ تَفْسِيرِ الْغَرِيبِ إِنَّمَا يَنْقُلُهُ عَنْ أَهْلِ ذَلِكَ الْفَنِّ كَأَبِي عُبَيْدَةَ وَالنَّضرِ بْنِ شُمَيْلِ وَالْفَرَّاءِ وَغَيْرِهِمْ وَ أَمَّا الْمَبَاحِثِ الْفِقْهِيَّه فَغَالِبُهَا مُسْتَمِدَةٌ مِنَ الشَّافِعِيِّ وَ أَبِي عُبَيْد وَ أَمْثَالِهِمَا وَ أَمَّا الْمَسَائِلُ الْكَلَامِيَّه فَاَكْثَرُهَا مِنَ الْكَرَابِيسِيِّ وَ ابْنِ كُلَّابٍ وَ نَحْوِهِمَا

“Imom Buxoriy gʻarib (arxaik) soʻzlar izohida keltirgan narsalarning barchasini Abu Ubayda, Nazr ibn Shumayl, Farro va shu kabi boshqa olimlardan naql qilgan. Fiqhiy mavzuga keladigan boʻlsak, Imom Buxoriy Imom Shofeiy, Abu Ubaydga suyangan. Kalomiy masalalarning aksariyati Karobisiy, Ibn Kullobdan olingan”[1].

Abu Ubayda Maʼmar ibn Musanno Basriy Nahviy (110-209 h./728-824 m.) – mashhur arab olimi. Hadis roviylaridan hisoblangan. Uning 200 ga yaqin asar yozgani manbalarda aytilgan[2]. Jumladan, “Majozul Qurʼon” nomli kitobi topilib, nashr qilingan[3].

Abulhasan Nazr ibn Shumayl (122-203 h./740-819 m.) – arab olimi, hadis roviysi. Bir muddat Marvda qozi ham boʻlgan. “Gʻarib hadis”, “Maoniy” va “Sifot” nomli asarlari boʻlgan[4].

Abu Zakariyo Yahyo ibn Ziyod Farro Daylamiy Koʻfiy (144-207 h./761-822 m.) – koʻfalik mashhur tilshunos olim. “Nahv ilmi amiri” degan unvonga sazovor boʻlgan. “Maoniyul Qurʼon” asari nashr etilgan[5].

Imom Buxoriy fiqhda mujtahid boʻlsa-da, fiqhiy mavzularni shofeiy mujtahidi Muhammad ibn Idris Shofeiy (150-204 h./767-820 m.) kabi faqihlarning fiqhiy qarashlari taʼsirida shakllantirgan. Shuningdek, Tarsusda 18 yil qozilik qilgan, oʻz davrida Bagʻdod va Misrning taniqli faqihi va muhaddis olimi sifatida faoliyat yuritgan Abu Ubayd Qosim ibn Sallom Haraviy (157-224 h./774-838 m.) asarlaridan unumli foydalangan. U islom tarixida ilk bor gʻarib hadis yoʻnalishida (40 yil davomida) asar yozgan (“Gʻarib musannaf”) buyuk olim boʻlgan[6]. Bu kitobning eng qadimiy qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondida saqlanadi[7].

Imom Buxoriy kalom ilmi va aqidaviy qarashlarda oʻz zamondoshlaridan ikki nafar taniqli mutakallimga ergashgan:

Abu Muhammad Abdulloh ibn Said ibn Kullob (vaf. 245 h./860 m.) – “Sifot”, “Xalq afʼol”, “Radd ala moʻtazila” kabi asarlar muallifi. Ibn Nadim (vaf. 438 h./1047 m.) “Fehrist” asarida uning “Kitob ahl sunna val jamoa” nomli asari boʻlgani qayd qilingan[8].

Yuqoridagi iqtibosda tilga olingan Abu Ali Husayn ibn Ali Karobisiy (vaf. 248 h./862 m.) esa “Usul fiqh va furuʼuhu” va “Jarh va taʼdil” kabi kitoblar muallifi, oʻz davrining taniqli olimi boʻlgan[9].

Ahli sunna va jamoaning katta qanoti boʻlgan ashʼariylarning peshvosi, mutakallim olim Abulhasan Ashʼariy kalom ilmida Ibn Kullobning yoʻlini tutgan[10]. Buni “Milal va nihal”da Muhammad ibn Abdulkarim Shahristoniy (479-548 h./1086-1153 m.) qayd qilgan boʻlib, unda bunday deyilgan:

حَتَّى اِنْتَهَى الزَّمَانُ إِلَى: عَبْدِ اللهِ بْنِ سَعِيدٍ الْكُلّابِي، وَ أَبِي الْعَبَّاسِ الْقَلَانُسِي، وَ الْحَارِثِ بْنِ أَسَدٍ الْمُحَاسِبِي؛ وَ هَؤُلَاءِ كَانُوا مِنْ جُمْلَةِ السَّلَفِ؛ إِلَّا أَنَّهُمْ بَاشَرُوا عِلْمَ الْكَلَامِ، وَ أَيَّدُوا عَقَائِدَ السَّلَفِ بِحُجَجٍ كَلَامِيَّةٍ وَ بَرَاهِينِ أُصُولِيَّةٍ، وَ صَنَّفَ بَعْضُهُمْ وَ دَرَّسَ بَعْضٌ. حَتَّى جَرَى بَيْنَ أَبِي الْحَسَنِ الْأَشْعَرِيّ وَ بَيْنَ أُسْتَاذِهِ مُنَاظَرَةً فِي مَسْأَلَةٍ مِنْ مَسَائِلِ الصَّلَاحِ وَ الْأَصْلَحِ فَتَخَاصَمَا؛ وَ اَحَازَ الْأَشْعَرِيُّ إِلَى هَذِهِ الطَّائِفَةِ، فَأَيَّدَ مَقَالَتَهُمْ بِمَنَاهِجِ كَلَامِيَّةٍ، وَ صَارَ ذَلِكَ مَذْهَبًاً لِأَهْلِ السُّنَّةِ وَ الْجَمَاعَةِ. وَ انْتَقَلَتْ سِمَةَ الصِّفَاتِيَّةِ إِلَى الْاَشْعَرِيَّةِ

“Zamon Abdulloh ibn Said Kullobiy, Abulabbos Qalonisiy, Horis ibn Asad Muhosibiy davriga yetib keldi. Ular salafi solihlar jumlasidan edi. Faqat ulargina kalom ilmini mahkam tutdi. Salafi solihlarning aqidasini kalomiy hujjatlar va usuliy dalillar bilan quvvatlab berdi. Ularning ayrimi kitob yozdi, ayrimi esa dars berish bilan cheklandi. Hatto Abulhasan Ashʼariy bilan ustozi orasida (kalom ilmidagi) “saloh va aslah” masalasi[11] da munozara yuz berdi va oʻzaro tortishib qolishdi. Imom Ashʼariy bu toifa tomonga oʻtdi va ularning gapini kalom ilmi uslubiga koʻra quvvatlab berdi. Mana shu voqeadan keyin ahli sunna val jamoaning bir mazhabi paydo boʻldi. Allohning sifatlarini toʻgʻri talqin qiluvchilar ashʼariylarga aylandi”[12].

Ibn Xaldun (732-808 h./1332-1406 m.) oʻzining dunyoga mashhur “Muqaddima” asarida bu haqda quyidagicha yozgan:

إِلَى أَنْ ظَهَرَ الشَّيْخُ أَبُو الْحَسَنِ الْأَشْعَرِيُّ وَ نَاظَرَ بَعْضَ مَشِيخَتِهِمْ فِي مَسَائِلِ الصَّلَاحِ وَ الْأَصْلَحِ، فَرَفَضَ طَرِيقَتَهُمْ، وَ كَانَ عَلَى رَأْيِ عَبْدِ اللهِ بْنِ سَعِيدٍ بْنِ كُلَّابٍ وَ أبِي الْعَبَّاسِ الْقَلَانُسِيِّ وَ الْحَارِثِ ابْنِ أَسَدٍ الْمُحَاسِبِيِّ مِنْ أَتْبَاعِ السَّلَفِ وَ عَلَى طَرِيقَةِ السُّنَّةِ. فَأَيَّدَ مَقَالَاتِهِمْ بِالْحُجَجِ الْكَلَامِيَّةِ

“Shayx Abulhasan Ashʼariy zohir boʻlgungacha (tortishuvlar davom etdi). U (kalom ilmidagi) “saloh va aslah” masalasida oʻzining (aslida moʻtaziliy boʻlgan) ayrim ustozlari bilan munozara olib borib, ularning yoʻlini tark etdi. U Abdulloh ibn Said ibn Kullob, Abulabbos Qalonisiy, Horis ibn Asad Muhosibiyning fikrlarini qabul qildi. Ular esa salafi solihlarning davomchisi va sunnat yoʻlidagi olimlar edi. Shayx Abulhasan Ashʼariy kalomiy hujjatlar bilan ularning gapini quvvatladi”[13].

Quyida Ibn Kullobdan tashqari uning ikki nafar hammaslagining nomi ham keltirildi:

Abulabbos Ahmad Qalonisiy (yashagan asri III-IV h./IX-X m.) taniqli mutakallim boʻlib, hayoti va ijodi haqida toʻliq maʼlumot saqlanib qolmagan. 150 ga yaqin asar yozgan boʻlsa-da, birortasi bizning davrimizgacha yetib kelmagan[14].

Abu Abdulloh Horis ibn Asad Muhosibiy (165-243 h./782-857 m.) mashhur soʻfiy ulamo, mutakallim olim boʻlib, tasavvufga oid fikrlari bilan shuhrat qozongan, moʻtaziliylarga qattiq raddiyalar berishi bilan tanilgan. Uning “Risolat Mustarshidin” asari mashhur boʻlib, qayta-qayta nashr qilingan[15].

Yuqorida aytilganidek, Imom Buxoriy kalom va aqida ilmida Ibn Kullobning maslagida boʻlgan. Tojiddin Subkiy “at-Tabaqot ash-shofeʼiya al-kubro”da:وَ ابْنُ كُلَّابٍ عَلَى كُلِّ حَالٍ مِنْ أَهْلِ السُّنَّةِ – “Ibn Kullob har qanday holatda ahli sunnatdandir!” degan[16]. Shuning uchun ham, Imom Buxoriy oʻzining “Xalq afʼolil ibod” asarini Ibn Kullobning “Xalq afʼol” asari va fikrlaridan taʼsirlanib yozgan, deya olamiz.

Ibn Kullob Alloh taoloni jism singari tasavvur qiluvchi mujassimalikka asoslangan fikrga qarshi boʻlgani sababli ayrim hanbaliylar uni xush koʻrmaydi. Bugungi kundagi soxta salafiylarning aqidaviy taʼlimoti ham mujassimalikdan taʼsirlangani bois Ibn Kullob singari mutakallimlarga taʼna toshlarini otaveradi. Bugungi soxta salafiylar, jumladan, Ibn Abdurrahmon Xammis kabilar oʻzining “Moturidiya rabiba Kullobiya” (“Moturidiylar kullobiylarning asrandisi”) degan risolasi bilan Ibn Kullobga qoʻshib, moturidiylarga ham taʼna qilishdan toymayapti[17]. Ular Imom Buxoriyning aqidada Ibn Kullobga ergashganini yashiradi. Haqiqat shuki, Imom Buxoriyning aqidaviy taʼlimoti Ibn Kullob, Imom Karobisiy, Imom Qalonisiy va Imom Muhosibiy kabi mutakallimlarning aqidalari taʼsiri va zaminida shakllangan edi.

Imom Buxoriy ahli sunna val jamoaning eng yirik olimi sifatida oʻtmishdoshlari singari aqidaviy qarashlarini ham bayon qilib ketgan. Uning eʼtiqodiy fikrlari va bu eʼtiqodga dalil boʻlgan maʼlumotlarni keyingi avlod koʻz qorachigʻidek saqlab va ularga bekamu koʻst amal qilmogʻi lozim. Uning aqidaviy fikrlari “Sahihul Buxoriy”, “Xalq afʼolil ibod” kabi asarlaridan tashqari alohida matn sifatida “Aqida” nomi bilan ham yozib qoldirilgan. 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar
[1] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 1-jild. – Riyoz: Dor Tayyiba, 2005. – B. 420.
[2] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 7-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 272.
[3] Abu Ubayda. Majoz al-Qurʼon. – Misr: Xonjiy, 1954. – 424 b.
[4] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 8-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 33.
[5] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 8-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 145-146.
[6] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 5-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 176.
[7] Qarang: Qosim ibn Sallom. Gʻarib al-hadis. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 3101. – 132 v.
[8] Ibn an-Nadim. Al-Fehrist / Tahqiq: Rizo Tajaddud. – Tehron: Donishkada, 1971. – B. 230.
[9] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 2-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 244.
[10] Hasan Muharram al-Huvayniy. Abdulloh ibn Saʼid ibn Kullob – Shayx Abilhasan al-Ashʼariy. Hayotuhu va makonatuhu bayn aimmati Ahl as-sunna // al-Imom Abulhasan al-Ashʼariy: imom ahl as-sunna va-l-jamoa. 1-jild. Tasdir: Ahmad Tayyib shayx al-Azhar. Aʼmol multaqa al-olamiy al-xomis. 8-11 may. – Qohira, 2010 yil. – B. 165.
[11] Kalom ilmida moʻtaziliylar bilan ahli sunna va jamoa olimlari oʻrtasida ixtilof boʻlib kelgan katta masalalardan biri “saloh va aslah” masalasi deb ataladi. Moʻtaziliylar Allohning oʻz bandalariga yaxshilik qilishi va yaxshi ishlariga savob berishini vojib, deydi. Ahli sunna va jamoa taʼlimotiga koʻra, Alloh taolo mutlaq ixtiyor egasi boʻlib, bandaga yaxshilik qilishi ham, yaxshi ishlariga savob berishi ham oʻz ixtiyoriga koʻra boʻladi, bunga Alloh majbur emas.
[12] Muhammad ibn Abdulkarim ash-Shahristoniy. Al-Milal va-n-nihal. 1-jild. – Qohira: Dor al-ittihod al-urfiy, 1968. – B. 93.
[13] Ibn Xaldun. Al-Muqaddima. 2-jild / Tahqiq: Abdulloh Muhammad Darvesh. – Damashq: Maktaba al-Hidoya, 2004. – B. 218.
[14] Xalaf Abdulhakim al-Farjoniy. Al-Qalonisiy: hayotuhu va arouhu al-kalomiya // “Havliya kulliya ad-dirosot al-islomiya va-l-arabiya”. Majalla Jomeʼa al-Azhar. – № 12/1. – Qohira, 2015. – B. 1127-1236.
[15] Xayriddin az-Zirikliy. Al-Aʼlom. 2-jild. – Bayrut: Dor al-ilm, 2002. – B. 153.
[16] Tojiddin as-Subkiy. At-Tabaqot ash-shofeʼiya al-kubro. 2-jild. – Qohira: Dor ehyo al-kutub al-arabiya, 1964. – B. 300.
[17] Ibn Abdurrahmon al-Xammis. Al-Moturidiya rabiba al-Kullobiya. (“Hivor maʼa Ashʼariy” risolasi bilan birga). – Riyoz: Maktaba al-Maorif, 2005. – B. 153-182.
t.f.n. Hamidulla Aminov,
OʻzR FA SHI katta ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …