Home / MAQOLALAR / DINIY BAGʻRIKЕNGLIK – JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

DINIY BAGʻRIKЕNGLIK – JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

Maʼlumki, bugungi kunda dunyoda 1600 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Xaritada esa 200 dan ortiq davlatni koʻramiz. Demak, davlatlarga koʻp millatlilik xosdir. Mazkur millatlar vakillari turli eʼtiqod, xususan, diniy eʼtiqodga amal qiladi. Bu 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladigan Oʻzbekiston uchun ham xosdir. Aholining 90 foizdan ortigʻi islom diniga eʼtiqod qilishi barobarida, yana 15 turdagi boshqa konfessiya vakillari ham yurtimizda bahamjihat hayot kechirmoqda.

Markaziy Osiyo gʻoyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va hamisha oʻzaro tinch-totuv yashagan xalqlar maskanidir. Bizning mamlakatimiz ham azal-azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan zamin sifatida alohida mavqega ega.

Insoniyat tarixidagi taraqqiyotning barcha yutuqlari  jamiyatdagi tinchlik-totuvlikka chambarchas bogʻliqdir. Jamiyat ravnaqi va ijtimoiy munosabatlar rivoji hamda faoliyat turlarining barcha sohalari uchun tinchlik eng muhim omil hisoblanadi. Jamiyat, yurt tinchligi – bebaho neʼmat, taraqqiyot garovidir. Bu tinchlikning barqaror boʻlishida bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan bu muborak zaminda ham ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda boʻlgan, mana shu yurt ozodligi, farovonligi yoʻlida ular bir-birlariga yelkadosh boʻlgan.

Shu sababli bugungi kunda ham tinchlik, mamlakatimizning dunyo siyosiy maydonida ilgari surayotgan asosiy gʻoyalaridan biridir.

 Albatta, tinchlikka oʻz-oʻzidan yoki balandparvoz soʻzlar bilan erishib boʻlmaydi, uni izchil va qatʼiy harakatlar va ayni vaqtda dunyo siyosiy maydonida sodir boʻlayotgan  jarayonlarni tafakkur qilib uzoqni koʻra bilib, amalga oshiriladigan tadbirlar orqali taʼminlash mumkin. Tinchlik deb atalmish neʼmatni tutib turuvchi omillardan biri diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik hisoblanib, bugungi kunda bu siyosat milliy mafkuramizning eng muhim boʻgʻinlaridan biridir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, konfessiyalararo munosabatlar, ularning mazmuni jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarning xarakterini belgilab beruvchi omil sifatida namoyon boʻladi. Tarixga nazar tashlasak, bugungi Oʻzbekiston hududi qadim davrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi aholi yashagan oʻlka boʻlganini koʻramiz.

Bagʻrikenglik, eng avvalo, insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Bagʻrikenglik hech qanday vaziyatda ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi boʻlib xizmat qilmaydi. Bagʻrikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.

Bagʻrikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm (jumladan, madaniy plyuralizm), demokratiya va huquq tantanasi uchun koʻmaklashish majburiyati. U aqidaparastlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlarda oʻrnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.

Soʻnggi yillarda Myanmadagi musulmonlarga tajovuzlar[1], Hindistondagi Bobur masjidining buzilishi[2], Shri-Lanka va Afrikaning ayrim davlatlarida yuz berayotgan diniy nizolar bular singari koʻplab boshqa ayanchli voqealar ushbu muammo dunyo miqyosidagi hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalardan biri ekanini koʻrsatdi. Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, turli dinlar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat ruhini qaror toptirish 130 dan ortiq millat va elat yashaydigan Oʻzbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada mustaqillik yillarida bir qator islohotlar amalga oshirildi va ijobiy natijalarga erishildi. Shu sababdan diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan tadbirlar va ularning natijalarini tahlil etish hozirgi kunning dolzarb ilmiy masalalaridan biriga aylandi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Mustaqillik yillarida dastlab yurtimizda yashayotgan turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashning qonuniy asoslari yaratildi. Mazkur tamoyillar Oʻzbekiston Konstitutsiyasida belgilab qoʻyildi. Jumladan, Bosh qonunimiz 4-moddasida Oʻzbekiston davlati oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning ravnaqi uchun sharoit yaratishi koʻrsatilgan boʻlsa, 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi[3].

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga oʻz eʼtiqodiga sodiq qolishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishga, konfessiyalararo va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, 1995 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida “Bir samo ostida” shiori bilan xalqaro musulmon-nasroniy konferensiyasi oʻtkazildi, 1996 yilning noyabrida esa Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Markaziy Osiyo yeparxiyasining 125 yilligi nishonlandi[4].

Shu bilan birga, oʻtgan yillar davomida turli diniy jamoalarning yubileylariga bagʻishlangan keng koʻlamli tadbirlar tashkil qilindi. Xususan, 2003 yilning oktyabr oyida Samarqandda Arman apostol cherkovining 100 yilligi nishonlandi. Yubiley tadbirlarida yurtimizdagi barcha konfessiyalar vakillari ishtirok etdi. Bu esa oʻz navbatida, konfessiyalararo munosabatlar rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. 

Oʻtgan davrda hukumat tomonidan diniy munosabatlarni tartibga solish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy bazani shakllantirish jarayoni faol davom ettirildi. Jumladan, 1990-2005 yilgacha boʻlgan davrda diniy sohadagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 16 ta farmoni, Vazirlar Mahkamasining 48 ta qarori qabul qilindi[5]. Amalga oshirilgan mazkur tadbirlar diniy soha faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.  

Bu yoʻnalishdagi islohotlar 2016 yildan yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida oʻrin berildi[6].

Bu boradagi tadbirlarni xalqaro miqyosda hal etish boʻyicha ham hukumat tomonidan qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida mazkur tashkilotning oliy organi 2018 yilning 12 dekabr oyida oʻtkazgan yalpi majlisda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi[7].

Ajdodlarimizning merosini keng targʻib qilish bilan bir qatorda dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik, insonparvarlik tamoyillari hamda diniy-maʼnaviy hayotda sodir boʻlayotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni taʼminlash yoʻlida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida “Ziyo” media-markazi tashkil etildi[8]. Ushbu markaz bu boradagi yangiliklarni ommaga tez va xolis yetkazishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, mustaqillik yillarida diniy bagʻrikenglikni, konfessiyalararo munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash borasida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ular muttasil takomillashtirilmoqda, muntazam ravishda turli diniy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralari koʻrilyapti. Oʻtgan davrda yuzlab masjid, cherkov, sinagoga va ibodat uylari qurildi va qayta taʼmirdan chiqarildi. Keyingi yillarda mazkur soha rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Bu davrda islom dini taʼlimotini chuqur oʻrganish, uni ilmiy tadqiq etishga yoʻnaltirilgan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari oʻz faoliyatini boshladi. Shu va boshqa omillar yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikning taʼminlanishi va uni yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

[1] https://kun.uz/68336945?q=%2Fuz%2F68336945
[2] https://www.azon.uz/content/views/bobur-masjidi-urnida-buthona-birinchi-g
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Lex.uz
[4] https://www.islaminstitut.uz/17203
[5] Rasulov A. Diniy bagʻrikenglik tamoyillari yoshlar talqinida//Talabalar respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. –T., 2015, – B. 17.
[6] http://strategy.regulation.gov.uz/uz/document/2
[7] https://islaminstitut.uz/6126
[8] https://www.gazeta.uz/uz/2018/04/17/farmon/
Jonibek JUMAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …