Home / XALQARO YANGILIKLAR / “MARKAZIY OSIYO KOʻCHMANCHILARINING ILK ISLOMLASHUVI”

“MARKAZIY OSIYO KOʻCHMANCHILARINING ILK ISLOMLASHUVI”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan turkum onlayn seminarlarning navbatdagisi boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz ilmiy xodimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar – Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti olimlari, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi vakillari, xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniyaning Gamburg, Yaponiyaning Chubu universitetlari tadqiqotchilari qatnashdi.

Bu galgi seminarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Arxeologik tadqiqotlar instituti katta tadqiqotchisi Farhod Maqsudovning “Markaziy Osiyo koʻchmanchilarining ilk islomlashuvi” deb nomlangan maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzachi Movarounnahr hududida arablar istilosidan keyingi davrda davlatchilik tarixi xronologiyasi, shaharsozlik madaniyati, hukmdor sinflarning taʼsir kuchi va xalqlar etnologiyasi fonida islom dini yoyilishining xarakterli jihatlarini yoritib berdi. Taʼkidlanganidek, yuqoridagi omillardan tashqari, tarixning tegishli davrlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga, maishiy turmush sharoitlariga, hunarmandlik taraqqiyoti va numizmatikaga oid maʼlumotlar hamda arxeologik topilmalar xalqlarning islomlashuvi jarayonlari haqida yetarli darajada tasavvur hosil qilish uchun zarur manba boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, qabristonlar shakllanishi, qabr va qabr toshlarining tuzilishi, dafn marosimlarining xususiyatlari kundalik hayotda islomiy anʼanalar qanday rivojlanib borganini koʻrsatadi. Zamonamiz olimlari turli davrlarga oid qirqqa yaqin qabr ustida olib borgan bioanatomik tadqiqotlar natijasida ana shunday xulosaga kelgan.

– Islom dini Oʻrta Osiyoda qadam-baqadam, izchil yoyilmagan. Buni oʻrganish juda murakkab masala. Chunki, koʻchmanchi xalqlarning islomlashuvi xilma-xil boʻlgan. Yirik shaharlarda din davlat tomonidan targʻib qilinishidan taxminan bir asr avval eʼtiqodimiz ovullarga islomiy guruhlar tomonidan olib kirilgan. Aksincha ham boʻlgan – “oq kiyimlilar”ning islomga qarshi isyoni kabi qoʻzgʻolonlar bu din tarafdorlarini chekinishga majbur qilgan. Har qanday holatda ham mintaqaga islomning kirib kelishi va muayyan vaqt orasida hukmron dinga aylanishi tarixiy zarurat natijasi sifatida qabul qilinadi, — dedi olim.

Seminar soʻnggida F.Maqsudov ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …