Home / ALLOMALAR / MAHMUD BUXORIY VA UNING “HAQOIQU-L-MANZUMA” ASARI

MAHMUD BUXORIY VA UNING “HAQOIQU-L-MANZUMA” ASARI

Koʻhna Buxoro oʻzining pokiza zaminida koʻplab buyuk allomalarni yetishtirgan. Ular qoldirgan asarlar necha asrlarki islom olamida muhim manba sifatida eʼtirof etib kelinadi. Allomalarning sermahsul mehnati sabab bu shahar “Qubbatul Islom” (“Islom dini gumbazi”) degan sharafga munosib koʻrilgan.

Buxoro madrasalarining yetuk vakillaridan biri, hanafiy mazhabi davomchisi Mahmud Buxoriydir. Uning toʻliq ismi Abulmahomid Mahmud ibn Muhammad ibn Dovud Luʼluʼiy Buxoriy Ifsanjiy boʻlib, oʻz zamonasining koʻzga koʻringan arboblaridan boʻlgan. U faqih, muhaddis, hofiz, mufassir, mutakallim, adib va usulshunos olim sifatida tanilgan.

Manbalarda alloma haqida maʼlumot koʻp uchramaydi. Tarojim va tabaqot singari kitoblarda uning tugʻilgan yili, ustozlari, asarlari haqidagi qisqa maʼlumotlar bilan tanishish mumkin. Ularda qayd etilishicha, olim 627 hijriy (1230 milodiy) sanada Buxoroda tugʻilgan va 671 hijriy (1272 milodiy) sanada moʻgʻullarning Buxoroga qilgan bosqinida qatl qilingan[1: 127].

Allomaning qabri qayerdaligi maʼlum emas. Baʼzi manbalarda “Mahmud Buxoriy moʻgʻul-tatarlar bosqini paytida shahid boʻlgan. Uning jasadi qatl qilinganlarga qoʻshib yoʻq qilib yuborilgan”[2: 270-530] deyilgan. Bu maʼlumot uning qabri nomaʼlumligini bildiradi.

Olim margʻinoniy fiqh maktabi davomchilaridan biridir. Ustozlarining aksariyati “Hidoya” asari muallifi Imom Margʻinoniyga bevosita va bilvosita bogʻlanadi. U Imom Burhoniddin Zarnujiy, imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Qaziyniy, Imom Sirojuddin Qaziyniy, Imom Badriddin Kardariy, Imom Humayduddin Zarir, Hofizuddin Kabir Buxoriy singari ulamolardan dars olgan. Sanab oʻtilgan ustozlardan oxirgi toʻrttasi Burhonuddin Margʻinoniyning shogirdi Shamsuddin Muhammad ibn Abdusattor Kardariyning shogirdlaridan hisoblanadi. Imom Zarnujiy esa toʻgʻridan toʻgʻri Imom Margʻinoniyga shogird boʻlgan[3: 269-412].

Allomaning merosidan “Sharh ala manzumati-n-Nasafiy”(“Nasafiy manzumasiga sharh”) va “Husulu-l-maʼmul fi-l-xilof”[4] (“Umid qilinganga erishish”) nomli asarlar bizgacha yetib kelgan. Imom Nasafiyning manzumasiga yozilgan sharhini muallif “Haqoiqu-l-manzuma”(“Manzumaning haqiqatlari”) deb nomlagan.

Mahmud Buxoriyni ilm ahllari orasida mashhur qilgan omil aynan ushbu “Haqoiqu-l-manzuma” asaridir. Bu asarning yozilishiga asos boʻlgan Abu Hafs Umar Nasafiy qalamiga mansub “Manzumatu-n-nasafiy fi-l-xilof” asari oʻnta bobga ajratilgan boʻlib, ularning sakkiztasida Imom Aʼzam va u zotning mashhur mujtahid shogirdlarining farqli qarashlari jamlangan. Qolgan ikkitasida esa imom Shofiʼiy va imom Moliklarning soʻzlari keltirilgan.

Bu asarning bir qancha sharhlari mavjud. Shular jumlasida Mahmud Buxoriyning sharhi oʻz oʻrni va mavqeiga egadir. Muallif uni 7 yildan koʻproq vaqt davomida yozgan. 666 hijriy yil Qurbon hayiti kuni Buxoroda nihoyalagan[3: 269-412].

Muallif asar muqaddimasida ushbu sharh haqida quyidagilarni aytadi: “Mendan atrofimda toʻplangan kishilar “Manzuma”dagi masalalarga malollantirar darajada uzun va mazmunni anglab olishga xalal berar darajada qisqa boʻlmagan, undagi farqli va ittifoq qilingan masalalarni aniq koʻrsatib beradigan bir sharh yozib berishimni soʻrashdi. Men ularning iltimoslarini qabul qildim, Allohdan yordam soʻrab, maqbul mehnat boʻlishiga umid qilib bu ishga kirishdim. Mazkur sharhni maʼno-mazmuniga dalolat qilishi, oʻz ichiga olganlardan xabar berib turishi uchun “Haqoiqu-l-manzuma” deb nomladim”.

Bu sharh islom ulamolari tomonidan juda yaxshi qabul qilingan, goʻzal maqtovlarga munosib koʻrilgan. “Kitabul aʼlom” asarida Alloma Qosim ibn Qutlubugʻoning sharh haqida quyidagi fikrlari keltiriladi: “U (Mahmud Buxoriy) Imom Nasafiyning manzumasiga goʻzal sharh yozdi va uni “Haqoiqul manzuma”, deb atadi. Umrimga qasamki, u goʻzal uslubda yozilgan, omma eʼtiborini tortgan, peshvo ulamolar tomonidan qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgan, katta faqihlar tomonidan qabul qilgan. U haqiqatlarni jamlovchi, nozik masalalarni oʻz ichiga oluvchi, sermanfaat sharh boʻlib, muallifning fazilati, buyukligi, nozik jihatlar, kichik ishoralargacha idrok eta olishi haqida hikoya qiladi”[5: 270].

“Haqoiqul manzuma” asarini yozishda muallif koʻplab hanafiy, molikiy va shofiʼiy fiqhiga oid manbalardan foydalanganini yozadi. Shamsulaimma Saraxsiyning “Mabsut”, Ali Pazdaviy, Xoharzoda, Nosir Samarqandiyning mazkur nomdagi asarlari, Alouddin Samarqandiyning “Jomiʼu-l-kabir”, shuningdek, Isbijobiy, Abu Bakr Roziy singari allomalar qalamiga mansub jami 101 ta asardan istifoda qilgan[6].

Alloma asarni 53 kitob (fasl)ga boʻlib sharhlagan. Har bir kitobga kirishishdan oldin sarlavhaga sharh bergan, uning lugʻaviy va istilohiy maʼnolarini izohlagan.

Hozirda dunyo kutubxonalarida asar qoʻlyozmasining bir nechta nusxalari mavjud. Misrdagi al-Azhar universiteti qoʻlyozmalar fondida (№44205, №327485), Turkiyadagi “Fayzulloh afandi” (№14878) va “Yusuf Ogʻo” (№7524), Damashqdagi “Dorul kutubiz zohiriyya” (№8267), Riyoz shahridagi “Xorijiyya” (№395), Bosniyadagi “Gʻozi Xisravbek” (№311)[1] kutubxonasida qoʻlyozma nusxalar saqlanmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar boʻlimida ham qoʻlyozmaning elektron nusxalari mavjud.

Xorijiy internet saytlarda keltirilgan maʼlumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, asar hanuzgacha qoʻlyozma holatida qolmoqda va tanqidiy oʻrganilmagan, uning zamonaviy nashrlari mavjud emas[7]. Asar ustida bir nechta magistr va doktorlik tadqiqot ishlari olib borilgan. 2011 yilda Misrdagi al-Azhar universiteti magistranti Abdulhasib Sanad Atiya[8], 2014 yilda Saudiya Arabistonidagi Fahd ibn Malik tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Fahd Favoz Gʻirof[9], 2015 yilda Iordaniyadagi Islom ilmlari xalqaro universiteti tadqiqotchisi Ravvo Valid Roshid Ubaydiy[10] asarning maʼlum boblarini oʻrgangan.

Yuqoridagilarga asoslanib shunday xulosaga kelish mumkinki, Mahmud Buxoriy bugun kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami uchun yangi nom desak, xato qilmagan boʻlamiz. Chunki, ulamolar tomonidan yuksak eʼtirof va maqtovlarga munosib koʻrilgan “Haqoiqul manzuma” asari hanuzgacha qoʻlyozma holatida turibdi. Bu haqdagi maʼlumotlardan soha mutaxassislarigina xabardordir.

Alloma merosini chuqur oʻrganish, qoʻlyozmalar asosida asarning tanqidiy matnini yaratish, oʻzbek tiliga tarjima qilish singari ishlar tadqiqotchilar va soha masʼullari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Z.I. Munavvarov. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. –T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007.
  2. Mahmud ibn Sulaymon Hanafiy. Kitabul aʼlamul axyor min fuqahai mazhubin noʻmanil muxtar. (J.2. B.270 530 b.)
  3. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. J. 3. –Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2008.
  4. Hozirda Irlandiyadagi Chestera Bitti kutubxonasida 4329-raqam ostida saqlanadi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar boʻlimida mazkur qoʻlyozma asarning elektron nusxasi mavjud.
  5. Istanbuldagi “Fayzulloh afandiy” kutubxonasida 14878 raqam bilan saqlangan qoʻlyozma soʻngida ushbu maʼlumotlarni oʻqish mumkin.
  6. almajidcenter.org/search_details.php?keyword=الإفسنجي:محمود%20بن%20محمد%20بن%20داود%20اللؤلؤي%20البخاري%20الحنفي,أبو%20المحامد,671هـ.
  7. https://www.feqhweb.com/vb/t1554.html.
  8. http://thesis.mandumah.com/Record/93393.
  9. http://ecat.kfnl.gov.sa:88/ipac20/ipac.jsp?session=14766N05F7S87.1253023&profile=akfnl&uindex=BAW&term=%D8%BA%D8%B1%D8%A7%D9%81%20%D8%8C%20%D9%81%D9%87%D8%AF%20%D9%81%D9%88%D8%A7%D8%B2&aspect=basic_search&menu=search&source=172.16.17.75@!kfnl1256.
  10. https://search.mandumah.com/Record/864158.
Usmonxon MUHAMMADIYEV

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …