Home / ALLOMALAR / “SAHIHUL BUXORIY”NING IKKINCHI TABAQADAGI ROVIYLARINI HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI

“SAHIHUL BUXORIY”NING IKKINCHI TABAQADAGI ROVIYLARINI HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻp odam eshitgan. Bu haqida Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231-320/846-932): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifni oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi tinglagan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, deb aytadi[1]. Haqiqatan, “Sahihul Buxoriy” versiyalari orasida Imom Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi uning uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.

Imom Buxoriyning vafotidan keyin “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida qolgan. Shu tariqa “Sahihul Buxoriy”ning Imom Firabriy rivoyati mashhur boʻlgan. Undan “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp shogirdlar taʼlim olgan va asar matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirgan. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Ibn Rushayd Sabtiy bunday deb aytadi: “Bugun mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun odamlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga shahodatdir. Soʻngra “Sahihul Buxoriy” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmoʼ bogʻlangan. Natijada aniq hujjat boʻlgan”[2].

Tarix keyingi avlodlar uchun Imom Firabriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va koʻchirgan nusxalari mashhur boʻlganlarini saqlab qoʻygan. Ular: Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz Misriy (294/906-353/964), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (301/913-371/981), Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf. 373/983), Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf. 376/986), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuvayh Saraxsiy (vaf. 381/991), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389/999), Shayx Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib Kushshoniy (vaf. 391/1000) va Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Axsikatiy.

Bu tabaqadagi roviylar birinchi tabaqadagi roviylardan eshitib rivoyat qilgan. Bu yerda Imom Firabriydan rivoyat qilgan mashhur roviylar haqida qisqagina maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz. Chunki, “Sahihul Buxoriy” va uning rivoyatlariga katta eʼtibor bilan qaraydiganlarning kitoblarida ular haqidagi maʼlumotlar juda koʻp va mashhur. 

Ibn Sakan Misriy Bagʻdodiy

Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Bazzoz Misriy Bagʻdodiy. Ibn Sakan nomi bilan tanilgan boʻlib, 294/907 yilda tavallud topgan[3]. Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati bilan mashgʻul boʻlgan. U Bagʻdodda Abul Qosim Bagʻaviy va Ibn Abu Dovuddan, Harronda Hofiz Abu Arubadan, Damashqda Ahmad ibn Umayr ibn Javhodan hadis tinglagan[4]. Misr va Nishopurda juda koʻp muhaddis bilan uchrashgan. Undan Abu Sulaymon ibn Zabr, Abu Abdulloh ibn Manda, Abdugʻani ibn Said Azdiy, Ali ibn Muhammad Daqoq va boshqalar hadis oʻrgangan[5].  

Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni Xurosonda Imom Firabriydan tinglagan va Misrga borganida uni oʻzi bilan birga olib ketgan. Imom Zahabiy: “Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni Misrga olib borgan va rivoyat qilib bergan kishilarning avvalgisidir”, degan[6]. Demak, Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni Misrga birinchi boʻlib olib borgan.

Ibn Sakandan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylarning orasida Abu Muhammad Abdulloh ibn Asad Juhaniy mashhur boʻlgan. U 343/955 yili Misrda oʻzining uyida “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Sakandan tinglagan. Ibn Sakan 353/964 yilda vafot etgan[7]

Abu Zayd Marvaziy

Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad Marvaziy Fashaniy Shofeʼiy 301/914 yilda tugʻilgan[8]. U Ahmad ibn Muhammad Munkadiriy, Muhammad ibn Abdurahmon Dagʻuliy va Muhammad ibn Abdulloh Saʼdiydan hadis eshitgan. Abu Zayd Marvaziy Marvdan Nishopurga, u yerdan Makka va Bagʻdodga koʻchib oʻtgan. Makka va Bagʻdod shaharlarida “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan tinglagan. Oʻsha davr olimlari: “Bu rivoyat – Abu Zayd Marvaziy ulugʻ boʻlgani uchun rivoyatlarning eng ulugʻrogʻidir”, degan[9].

Abu Zayd Marvaziy “Imom, mohir, tahrirchi, tadqiqotchi, parhezkor, ibodatgoʻy, koʻrish qobiliyati oʻtkir, diqqat bilan tekshiruvchi, taqvodorligi va parhezkorligi hamda zohiriy ilmlari va ibodati bilan mashhur” deb vasf etilgan. Undan Hokim, Abu Abdurahmon Sulamiy, Abu Hasan Doraqutniy, Abu Bakr Barqoniy va boshqalar hadis oʻrgangan[10]. Lekin Abu Zayd Marvaziydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilishga katta eʼtibor bergan kishilarning eng ulugʻlari Abu Muhammad Abdulloh ibn Ibrohim Asiliy, Abu Hasan Ali ibn Muhammad ibn Xolf Maʼofiriy va Abu Nuʼaym Ahmad ibn Abdulloh Mihroniy Isbahoniydir.

Abu Zayd Marvaziy 371/982 yilda vafot etgan[11].

Abu Ahmad Jurjoniy Makkiy

Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf Jurjoniy Makkiy Bagʻdodda Imom Bagʻaviy va uning tabaqasidagi roviylardan hadis tinglagan. Abu Ahmad Jurjoniy Iroq, Shom, Misr, Xuroson va Movarounnahrga safar qilgan.

Imom Samʼoniy: “Abu Ahmad Jurjoniy Basra va Sherozda Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriydan oʻrgangan”, deb aytadi[12].

Hofiz Abu Nuʼaym va Imom Qobisiy “Sahihul Buxoriy”ni Abu Ahmad Jurjoniydan rivoyat qilgan.

Abu Ahmad Jurjoniy 373/984 yilda vafot etgan.

Abu Isʼhoq Mustamliy

Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ibrohim Balxiy Mustamliy koʻplab ulamolardan hadis oʻrgangan. U “Sahihul Buxoriy”ni 314/926 yilda Imom Firabriydan tinglagan[13].  

Abu Isʼhoq Mustamliy “Sahihul Buxoriy”ni bir necha marta aytib bergan. Hofiz Zahabiy: “Abu Isʼhoq Mustamliy siqa (ishonchli) va sohibi hadis boʻlgan”, deb aytadi. Undan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlardan biri Abu Zar Haraviydir. Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy”ni 374/985 yili Balxda Abu Isʼhoq Mustamliydan tinglagan. Bu kitobning rivoyatlari orasida Abu Zar Haraviyniki toʻliqrogʻidir.

 Abu Isʼhoq Mustamliy esa 376/987 yilda vafot etgan. 

Abu Ali Shabbaviy

Abu Ali Muhammad ibn Umar ibn Shabbuvayh Shabbaviy Marvaziy “Sahihul Buxoriy”ni 316/928 yilda Imom Firabriydan tinglagan.

Bu kitobni bir necha shaharda, jumladan, 378/989 yili Marvda aytib bergan. Said ibn Ahmad ibn Muhammad Sayrofiy va Abdurahmon ibn Abdulloh Hamadoniy undan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylar hisoblanadi.  

Abu Muhammad Saraxsiy

Imom va muhaddis Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuvayh Saraxsiy “Sahihul Buxoriy”ni 316/928 yili Imom Firabriydan tinglagan[14]. Undan Abu Zar Haraviy va Abu Hasan Abdurahmon ibn Muhammad ibn Muzaffar Dovudiy “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan.

Imom Saraxsiy 381/991 yilda vafot etgan.

Abu Haysam Kushmihaniy

Muhaddis Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy ibn Muhammad Marvaziy Kushmihaniy “Sahihul Buxoriy”ni Iroq, Hijoz, Marv va Firabr shaharlarida oʻrgangan[15]. U “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan bir necha marta tinglagan[16].

Imom Samʼoniy: “Abu Haysam Kushmihaniy Mashriq va Magʻribda “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati bilan mashhur boʻlgan. Chunki, u Xurosonda bu kitobni hikoya qilgan kishilarning oxirgisidir”, degan[17].

Abu Zar Haraviy, Abu Sahl Muhammad ibn Ahmad Hafsiy va Karima binti Ahmad ibn Muhammad ibn Hotim Marvaziyalar “Sahihul Buxoriy”ni Abu Haysam Kushmihaniydan rivoyat qilgan roviylar hisoblanadi[18]. Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni Abu Haysam Kushmihaniy va boshqalardan tinglagan. Imom Zahabiy: “Karima Marvaziya rivoyat qilganda rivoyatni asli bilan solishtirib koʻrardi. U kishi yaxshi tushunardi va bilardi”, degan[19].

Abu Haysam Kushmihaniy 389/999 yilda vafot etgan[20].

Abu Bakr Ishtixoniy Samarqandiy

Imom faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mat Ishtixoniy Samarqandiy “Sahihul Buxoriy”ni 319/931 yilda (Imom Firabriyning vafotidan bir yil oldin) Imom Firabriydan tinglagan.

Imom Dovudiy bunday deydi: “Men Ishtixonda Ibn Matning huzuriga kirganimda, u menga: “Sen “Sahihul Buxoriy”ni eshitganmisan”, dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Kimdan”, deb soʻradi. Men: “Ismoil Hojibiydan”, dedim. Shunda u: “Uni mendan ham eshitgin. Albatta, men uni (ikkinchi marta) mustahkamlab berayin. Men fiqhni oʻrgangandim va “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan paytimda katta  faqih edim. Ismoil esa yelkada koʻtarib yuriladigan va oʻzi yurolmaydigan yosh bola edi. Mening tinglashim bilan uning tinglashi teng boʻladimi?” dedi. Men “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Matdan ham eshitganman”.

Abu Bakr Ishtixoniy Muhammad ibn Yusuf Firabriy va Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Odam Shoshiydan hadis rivoyat qilgan. Undan Abu Saʼd Idrisiy, Ali ibn Saxtam Samarqandiy, faqih Abu Nasr Dovudiy va boshqalar hadis oʻrgangan.

Ibn Asir Jazariy: “U shofeʼiy mazhabining imomlaridan boʻlgan va “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan. 381/991 yilning rajab oyida vafot etgan”, degan.

“388/998 yilda vafot etgan” degan gap ham bor. Abu Saʼd Idrisiy “Tarixi Samarqand” asarida bunday deydi: “Abu Bakr ibn Mat Ishtixoniy – shayx, fazilatli, taqvodor va fiqhda shofeʼiy mazhabining imomlaridan boʻlgan. Biz undan Ishtixonda bir necha marotaba hadis yozib olganmiz. U Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Hasan ibn Sohib Shoshiy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. U 388/998 yilning rajab oyida Ishtixonda vafot etgan”.

Shayx Abu Ali Kushshoniy

Shayx, asosiy tayanch va samimiy ulamo Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Abu Nasr Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib ibn Xamona Kushshoniy (Kushshon Samarqanddan 12 farsax masofada joylashgan shahar) “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan 320/932 yilda tinglagan va bu tabaqadagi roviylarning eng oxirgisi hisoblanadi.

Shayx Abu Ali Kushshoniy “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan kishilarning oxirgisidir[21]. Shuningdek, u Abu Nuʼaym Abdulmalik ibn Muhammad ibn Adiy Usturoboziy, Abu Hasson Muhayb ibn Salim va boshqalardan hadis tinglagan. 

Undan oliy sanadni talab qilgan juda koʻp ulamolar “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan, jumladan, Hofiz Hasanning ukasi Abu Abdulloh Husayn ibn Muhammad Xolal, Abu Sahl Ahmad ibn Ali Abyurdiy, Abu Abdulloh Gʻunjor va boshqalar hadis tinglagan[22].

Imom Samʼoniy: “U kushshonlik shayx, siqa (ishonchli), solih va mashhur ulamo boʻlgan. Odamlar uni oldiga kelib hadis tinglagan”, deb aytgan.

Imom Zahabiy: “U shayx, asosiy tayanch va samimiy kishi boʻlgan”, degan. Yana Imom Zahabiy: “U uzoq umr koʻrgan shayx boʻlgan va oliy sanad bilan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisi edi”, degan.

Abu Saʼd Idrisiy “Abu Ali Kushshoniy 391/1001 yilda vafot etgan”[23], degan. Muʼtamin Sojiy esa “U 392/1002 yilda vafot etgan”, deydi. 

Abu Ali Kushshoniyning tarjimai holini yozgan juda koʻp ulamolar uni Imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisi, deb aytgan. U “Sahihul Buxoriy”ni 320/932 yilda (Imom Firabriy vafot etgan yili) tinglagan. Darhaqiqat, Abu Ali Kushshoniy uzoq umr koʻrgan, 391/1001 yilgacha yashagan. Yaʼni, Imom Firabriyning vafotidan keyin 70 yil “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan. Shuning uchun ham uning sanadi oliy boʻlgan. Ulamolar turli joylardan kelib, uning oldida toʻplangan.

Ibn Makula: “U Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini Firabriydan oʻrgangan. Men uni “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilganlarning eng oxirgisi deb hisoblayman”, degan. 

Imom Samʼoniy: “U rivoyat qilayotgan vaqtda dunyoda “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qiladigan biror kishi qolmagan edi”, degan. Yana Imom Samʼoniy: “U dunyoda “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisidir”, degan.

Shuning uchun juda koʻp ulamolarni Abu Ali Kushshoniydan rivoyat qilganini koʻramiz.

Abu Ali Kushshoniydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlardan biri juda koʻp kitoblar muallifi Abul Abbos Jaʼfar ibn Muhammad ibn Muʼtaz ibn Muhammad ibn Mustagʻfir ibn Fath Nasafiy Mustagʻfiriydir (vaf. 432/1041). “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati mana shu vosita orqali Ibn Hajar Asqaloniy va Shahobiddin Qastaloniyga bogʻlanadi.

Undan rivoyat qilganlardan yana biri Abu Abdulloh Husayn ibn Muhammad ibn Hasan Xolal Bagʻdodiydir (vaf. 430/1039). U “Sahihul Buxoriy”ni Movarounnahrda Abu Ali Kushshoniydan eshitgan. Xatib Bagʻdodiy undan rivoyat qilgan “Sahihul Buxoriy”dagi baʼzi hadislarni oʻzining “Al-Jomiʼ li-axloqir roviy” va “Asmoul mubhamot” kitobida keltirgan. Shuningdek, undan Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Ayyub Bazzor ham hadis rivoyat qilgan. “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati mana shu yoʻl orqali Qozi Iyozga bogʻlanadi.   

Abu Nasr Axsikatiy

Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Axsikatiy. Hofiz ibn Hajar Asqaloniy bu kishini “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan roviylarning orasida zikr qilgan. Abu Nasr Axsikatiydan bu kitobni rivoyat qilgan roviylardan biri Ismoil ibn Isʼhoq ibn Ismoil Saffor Zohiddir. 

***

Taʼkidlanganidek, nomi zikr qilingan allomalar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan tinglagan ikkinchi tabaqadagi roviylar hisoblanadi. Asarni muallifga bogʻlab rivoyat qilgan mashhur va ishonchli roviylarning sanadlari bevosita shu allomalarga borib taqaladi. Shuning uchun ham bu roviylarning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, bunday tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va faoliyati, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi maʼlumotlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifodatun nasiyh fit taʼrif bi-sanad al-Jomiʼ as-sahih. – Tunis: Ad-Dor at-Tunisiya, 2019.
  2. Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. 1760 sahifali. Abdurahmon ibn Yahyo Muʼallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 1374/1954.
  3. Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 2016.
  4. Imom Abu Zakariyo Muhiddin ibn Sharof Navaviy. Tahzibul asmo val lugʻat: 4 jildli. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2008.
  5. Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Ustozlar jamoasining tahqiqi. Al-Bidoya van nihoya: 15 jildli. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1986.
  6. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992.
[1] Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Ustozlar jamoasining tahqiqi. Al-Bidoya van nihoya: 15 jildli. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1986. J: 11. B: 28. 
[2] Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifodatun nasiyh fit taʼrif bi-sanad al-Jomiʼ as-sahih. – Tunis: Ad-Dor at-Tunisiya, 2019. B: 18-19.
[3] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 117.
[4] Abu Abdulloh Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qoymaz Zahabiy. Tazkiratul Huffoz: 4 jildli. 1760 sahifali. Abdurahmon ibn Yahyo Muʼallimiy tahqiqi. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 1374/1954. J: 3. B: 937.
[5] Oʻsha manba. J: 3. B: 937-938.
[6] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 117.
[7] Oʻsha manba. J: 16. B: 118.
[8] Oʻsha manba. J: 16. B: 314.
[9] Imom Abu Zakariyo Muhiddin ibn Sharof Navaviy. Tahzibul asmo val lugʻat: 4 jildli. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2008. J: 2. B: 334.
[10] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 313-314.
[11] Oʻsha manba. J: 16. B: 315.
[12] Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 2016. J: 2. B: 41
[13] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 492.
[14] Oʻsha manba. J: 16. B: 492.
[15] Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 2016. J: 5. B: 76.
[16] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 491.
[17] Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 2016. J: 5. B: 76.
[18] Oʻsha manba. J: 18. B: 233.
[19] Oʻsha manba. J: 18. B: 233.
[20] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 16. B: 492.
[21] Oʻsha manba. J: 16. B: 481.
[22] Oʻsha manba. J: 16. B: 481.
[23] Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maorif al-Usmoniya, 2016. J: 5. B: 73.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …