Home / MAQOLALAR / “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” QOʻLYOZMA ASARINING JAHON KUTUBXONALARIDA SAQLANISH TARIXI

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” QOʻLYOZMA ASARINING JAHON KUTUBXONALARIDA SAQLANISH TARIXI

Umuminsoniy madaniy boylikka aylangan ajdodlarimiz qalamiga mansub qadimiy qoʻlyozma asarlarining nusxalari bugungi kunda nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahonning turli davlatlarida mavjud.

Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazida chet ellarda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning toʻliq maʼlumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shuningdek, ular haqidagi bibliografik toʻplamlar, kataloglar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish, toʻplangan materiallarni mamlakatimiz va jahon miqyosida ilmiy muomalaga kiritish kabi yoʻnalishlarda faoliyatlar olib boriladi[1].

Olib borilgan tadqiqotlar Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq madaniy boyliklar bir necha yuz yillar mobaynida Amerika, Afrika, Yevropa, Osiyo va Avstraliya qitʼalariga tarqalgani hamda u yerda noyob madaniy ashyo sifatida saqlanayotganini koʻrsatdi. Bugungi kunda ushbu meros umuminsoniy madaniy boylik sifatida 40 dan ortiq mamlakatdagi ilmiy muassasa, muzey, arxiv, kutubxona va boshqa xususiy fondlardan oʻrin olgan.

Tadqiqotlar natijasida aniqlangan 8000 dan ziyod madaniy boylik (qoʻlyozmalar, numizmatik materiallar, sopol, yogʻoch, metal yoki maʼdandan tayyorlangan buyumlar, ayollarning taqinchoqlari, xoʻjalik buyumlari, jangovar ashyolar, tekstildan ishlangan va arxeologik qazilmalar vaqtida topilgan turli buyumlar)ning taxminan 44 foizini qoʻlyozmalar  tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining “Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reyestrini yaratish, nodir qoʻlyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” loyihasining birinchi bosqichida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida 30 mamlakatdagi 52 shaharning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlar hamda Temuriylar davriga oid 1001 ta qoʻlyozmaning ilmiy tavsifi oʻzbek, ingliz va rus tillari tayyorlanib “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri” sifatida chop etildi[2].

2017-2020 yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida buyuk vatandoshimiz, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy qalamiga mansub “Al-Jomeʼ as-sahih” ning qoʻlyozma nusxalari ayni vaqtda 20 ta davlatning 42 ta tashkilotida saqlanayotganligi aniqlandi.

Shu oʻrinda Imom Buxoriyning ijodi va uning qalamiga mansub “Al-Jomeʼ as-sahih” asariga toʻxtalib oʻtsak. Reyestrga allomaning 18 ta asarining 108 ta qoʻlyozma nusxasiga oid maʼlumotlar kiritilgan. Ulardan 51 tasi “Al-Jomeʼ as-sahih” ga oid. Yaʼni:

  1. Az-Zuʼafo al-kabir (3)[3].
  2. Az-Zuʼafo as-sagʻir (3).
  3. Al-Avoliy as-sihoh lahu (1).
  4. Al-Adab al-mufrad (17).
  5. Al-Jomeʼ as-sahih (51).
  6. Al-Qiroat xalf al-imom (2).
  7. Al-Hadis ash-sharif (1).
  8. At-Tarix al-avsat (1).
  9. At-Tarix al-kabir (6).
  10. At-Tarix as-sagʻir (4).
  11. Kitob az-zuʼafo (1).
  12. Nubza min Kitob az-zuʼafo (1).
  13. Rafʼ al-yadayn fi as-salot (2).
  14. Sahih al-Buxoriy (3).
  15. Sulosiyot al-Imom al-Buxoriy (1).
  16. Xayr al-kalom fi al-qiroat xalf al-imom (1).
  17. Xalq afʼol al-ibod (1).
  18. Xalq afʼol al-ibod (9).
  19. Qoʻlyozmalarning saqlanish joyi haqidagi maʼlumotlarni beradigan boʻlsak, ular quyidagi davlardagi tegishli muassasalarda saqlanmoqda, yaʼni:
  20. Bahrayn Qirolligi (1)[4].
  21. Birlashgan Arab Amirliklari (5).
  22. Bolgariya Respublikasi (1).
  23. Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi (35).
  24. Germaniya Federativ Respublikasi (3).
  25. Gruziya (1).
  26. Irlandiya Respublikasi (1).
  27. Kuvayt Davlati (4).
  28. Livan Respublikasi (3).
  29. Liviya Davlati (1).
  30. Misr Arab Respublikasi (7).
  31. Rossiya Federatsiyasi (5).
  32. Saudiya Arabistoni Podshohligi (24).
  33. Suriya Arab Respublikasi (3).
  34. Turkiya Respublikasi (2).
  35. Fransiya Respublikasi (1).
  36. Yaman Respublikasi (4).
  37. Yaponiya (1).
  38. Oʻmon Sultonligi (1).
  39. Hindiston Respublikasi (5).

Markaz tomonidan ilmiy hamkorlik aloqalarni rivojlantirish, yuklatilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish jarayonida hozirgi kunga qadar horijda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid boʻlgan 50 ga yaqin qoʻlyozmaning elektron nusxasi olindi. Ulardan 4 tasi Imom al-Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozmasining quyidagi elektron va faksimile nusxalaridir:

– Oʻmon Sultonligining Masqat shahridagi “Dor al-maxtutot va al-vasoiq” kutubxonasida 7-raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma (hajmi 170 varaq);

– Rossiya Federatsiyasi Tatariston Fanlar akademiyasi ­G.Ibragimov nomidagi Til, adabiyot va sanʼat instituti Yozma va musiqiy meros markazi qoʻlyozmalar fondida 5030-raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma (hajmi 259 varaq).

– Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasida MS.Bodl.Or.285-raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozma (1340 yilda koʻchirilgan, hajmi 323 varaq).

– 550 hijriy/1155 milodiy yilda koʻchirilgan qoʻlyozmaning nodir nusxasidan 2018 yilda Turkiyada chop etilgan faksimile nashr.

Mazkur qoʻlyozmalarning elektron nusxalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga ilmiy tadqiqotlar doirasida foydalanish uchun taqdim etilgan.

[1] Qarang: Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar – madaniyatimiz­ning ajralmas qismi / Tahrir hayʼati: R.Bahodirov (bosh muharrir), Oʻ.Sultonov, A.Erkinov, J.Ilyasov, A.Musakayeva, D.Rasulov, O.Madaliyeva. – Toshkent: “Zabarjad media”, 2020.
[2] Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri // The Register of Manuscripts Located overseas concerning Uzbekistanʼs Cultural Heritage / Reyestr zarubejnыx rukopisey, otnosyaщixsya k Uzbekistanu. Tom I / Masʼul muharrir  R.Bahodirov. Tuzuvchilar: fal.f.d., prof. R.Bahodirov, fil.f.d. A.Erkinov, t.f.d. Oʻ.Sultonov, t.f.n. S.Muhammadaminov, t.f.n. D.Rasulov, S.Gʻulomov, K.Bekova, O.Madaliyeva, F.Xusnutdinov. Toshkent: Nashriyot uyi “TASVIR”, 2020 yil. – 496 b.
[3] Qavs ichida qoʻlyozma nusxalarining soni berilgan.
[4] Qavs ichida mazkur davlatdagi qoʻlyozmalar saqlanayotgan tashkilotlarning soni berilgan. Qoʻlyozmalar saqlanayotgan tashkilotlarning nomi va asarlarga oid birlamchi malumotlarni yuqorida nomi keltirilgan reyestrdan olish mumkin.
Dilshod Rasulov,
Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy
boyliklarni tadqiq etish markazi,
tarix fanlari nomzodi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …