Home / MAQOLALAR / “Sahihul Buxoriy”ning Samarqand davlat universitetida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasi

“Sahihul Buxoriy”ning Samarqand davlat universitetida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxasi

Samarqandda Islom sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshgan koʻplab mutafakkirlarning xoki mangu qoʻnim topgan ziyoratgohlar joylashgan. Bu ziyorat turizmini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat yaratadi.

Maʼlumki, hadis ilmining sultoni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870) umrining soʻnggi damlarini Samarqandning Xartang qishlogʻida oʻtkazgan. 870 yilda ogʻir kasallikka chalinib, vafot etgan va shu yerda dafn etilgan. Uning maqbarasi butun islom dunyosi uchun moʻtabar ziyoratgoh hisoblanadi. Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Imom Buxoriy maqbarasi atrofida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda dunyo musulmonlari uchun Imom Buxoriyning faqat maqbarasi emas, asarlarining noyob qoʻlyozma nusxalari ham ziyorat turizmi obyekti hisoblanadi. Ayniqsa, musulmonlar Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas manba hisoblangan “Sahihul Buxoriy”[1] asarining qadimiy qoʻlyozmalarini alohida eʼtibor bilan saqlab kelgan. Quyida asarning Samarqand davlat universiteti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasi haqida maʼlumot beriladi.

Imom Buxoriy oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. Uning asarlaridan “bizga maʼlum boʻlgani yigirma toʻrttadir”[2]. Buyuk muhaddisning shoh asari “Al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) boʻlib, bu asar “Sahihul Buxoriy” nomi bilan ham mashhur.

Imom Buxoriy koʻplab manbalarni oʻrganib, 600 mingdan ortiq hadis toʻplagan. Imom Buxoriygacha oʻtgan muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarini kiritavergan. Buyuk muhaddis esa eshitgan hadisini uning sahihligiga qarab, kitobga kiritgan. Toʻplagan hadislarining eng ishonchlilarini “al-Jomeʼ as-sahih”ga jamlagan.

“Maʼlumotlarga qaraganda, dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalar soni boʻyicha Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” asari birinchi oʻrinda turar ekan. Hozirgi paytda jahondagi turli kutubxonalarda “al-Jomeʼ as-sahih”ning 2327 dona qoʻlyozma nusxasi borligi aniqlangan. Ayrim hadis ilmiga qiziquvchilar qoʻlida yana minglab qoʻlyozmalar saqlanayotgan boʻlishi mumkin”[3]. “Sahihul Buxoriy”ning nomaʼlum qoʻlyozma nusxalarini aniqlab topish manbashunosligimiz, matnshunosligimizning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Tadqiqotchilar nazaridan chetda qolgan noyob nusxalardan biri Samarqand davlat universiteti (SamDU)ning qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.

SamDU nafaqat Mirzo Ulugʻbek madrasasining vorisi, balki bu madrasada oʻqitilgan, Oʻrta asrlar taʼlimini oʻzida aks ettirgan noyob qoʻlyozmalarning saqlovchisi ham hisoblanadi. Universitet faoliyatining dastlabki kunidan boshlab, qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni yigʻish va oʻrganish bilan shugʻullanib kelmoqda. Oʻtgan asrda tashkil etilgan mazkur fondning shakllanishida mashhur adabiyotshunos olim, akademik Vohid Abdullayev va Boturxon Valixoʻjayev rahbarligida M.Aminov, T.Saidqulov, M.Egamberdiyev, R.Egamberdiyev, F.Maʼrufiy, A.Poʻlodiy kabi olimlar jonbozlik koʻrsatgan”[4]. XX asrning soʻnggi choragida fonddagi manbalarni oʻrganishda Boturxon Valixoʻjayev rahbarligida Hafiz Ahrorov, Shuhrat Aminov, Abduhakim Abduhamidov, Joʻraqul Qayumov, Juma Hamroyev kabi olimlar samarali ishlarni amalga oshirdi. Ular safiga qoʻshilgan D.Salohiy, A.Muhammadiyev, S.Tohirov, F.Shukurov va boshqa yoshlar bugungi kunda ustozlarining ishini davom ettirmoqda.

SamDU qoʻlyozmalar fondi haqidagi dastlabki bibliografik nashr 1977 yilda arab grafikasida amalga oshirildi[5]. Unda qoʻlyozmalarning nomi va inventar raqami tiliga qarab, uch yoʻnalishda (turk-oʻzbek, fors-tojik va arab) yozilgan. Keyingi katalog Abdurahmon Jomiy asarlariga bagʻishlangan boʻlib, arab imlosida, forsiyda 1989 yilda nashr etilgan[6]. Alisher Navoiyning 1990 yilda nashr etilgan asarlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida, kirill, lotin, arab grafikasida boʻlgan[7]. Fizika-matematika sohasiga oid asarlar rus tilida eʼlon qilingan[8].

SamDU qoʻlyozmalar fondidagi “Sahihul Buxoriy” 1097650 inventar raqami bilan saqlanadi. Uning 1a, 10a sahifalariga “Fundamentalnaya biblioteka SamGU” yozuvli, 1,5×4,5 hajmli toʻrtburchak muhrda bosilgan. Muqovasi qizil, ochilganda undan keyin 2 ta shildiroq qogʻoz qoʻshilgan. Ikkinchisining yuzasida “Samarqand shahridagi 10-sonli “Bukinist” kitob doʻkoni”ning toʻrtburchak muhri bosilgan (hajmi: 4×7), sotuv narxi sifatida “100 rubl” yozilgan. Muhr shundan dalolat beradiki, kitobni taʼmirlash ishlari uni fondga olib kelgunga qadar amalga oshirilgan.

Muqovadan keyingi uchinchi varaqdan kitobning matni boshlangan. Shu varaqdan boshlab matn ustida sahifa raqamlari, sovet davridagi qora sharikli ruchka bilan qoʻyib chiqilgan (1-375). Demak, muqova ichidagi 2 ta shildiroq qogʻoz bilan hisoblaganda, 377 ta varaq mavjud.

Qogʻoz oʻlchami 18×27. Varaqlarning pastki va ustki qismi, ikki yonidan 1,5 sm. dan 2 sm.gacha joy qoldirilib, koʻk chiziq tortilgan. Bu chiziqdan yana 2,5 sm. dan 3 sm.gacha joy qoldirilib, koʻk, qizil, qora, sariq rangli chiziqlar chizilgan va 12×18 hajmli ramka ichida matn yozilgan. Har bir sahifada 11 qatordan yozuv bor va shu tartibda boblar yakunlangan. Matn 215b, 294a yoki “basmala” bilan boshlangan 136b, 216b, 295b sahifalarda oʻzgargan, xolos. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, matn ichida “basmala” koʻp uchraydi, lekin ularning hammasi ham yangi sahifadan boshlanmagan.

63a-sahifada matn tugagan, undan keyingi 63b-64a sahifalar boʻsh qolgan. Ularda chiziqlar ham (ramka) chizilmagan. 135bda matn tugagan, 136a boʻsh qolgan. 215bda matn tugagan, 216ada boʻsh qolgan. 294ada matn tugagan, 294b-295ada boʻsh qolgan, 295bda yangi bob boshlangan.

Matn qora siyohda, uning ichida koʻp uchraydigan “kitob”, “bob”, “haddasana” soʻzlari esa qizil siyohda yozilgan. Kitob matni poygir bilan taʼminlangan.

Qoʻlyozmaning boshlanishidagi birinchi qatori: “Anta vallohi baʼda sulusi abdul aso vallohi inni lauro Rasulallohi”. Hozirgi zamonaviy nashrlarda “baʼda”dan keyingi “sulusi” lafzi, “As-salasi” holida kelgan. Arab tilida ismga “Al” aniq artiklining qoʻshilishi ismni maʼrifaga aylantiradi. Demak, bu nusxa “Sahihul Buxoriy” asarining 79-kitobi, yaʼni “Izn soʻrash” kitobining 29-bobidagi 6266-hadisning yarmidan boshlangan. 29-bob – “Quchoqlashib koʻrishish va kishining “Qanday tong orttirding?” deyishi haqida” deb ataladi.

Birinchi varaqdagi matnning 7-qatorida ham oʻzgarish bor: “Annasu abadan”, “La asʼaluha Rasulallohi sollallohu alayhi vasallama abadan” deb kelgan. Yangi nashrda “Annasu abadan” lafzidan keyin “Inni” (Albatta, men) degan lafz bor. Buning bor-yoʻqligi maʼnoga taʼsir qilmaydi.

Bu varaqning 8-qatoridan yangi 30-bob boshlangan: “Babu man ajaba bilabbayka va saʼdayka” (“Labbayka va saʼdayka” deb javob berish haqida). “Labbayka va saʼdayka” iborasi lugʻatda “Men mana shu yerdaman, xizmatingizga tayyorman, sizni ulugʻlayman”, degan maʼnoni bildiradi va oʻzbek tilida “Buyuring, amringizga muntazirman”, degan jumlaga toʻgʻri keladi.

Keyin 6267-hadis Muso ibn Ismoildan rivoyat qilingan.

Qoʻlyozmaning oxirida quyidagi hadis keladi.

Abu Hurayra rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida ogʻir va Rahmonga mahbubdir. Ular: “Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil azim”, dedilar”.

Ushbu hadisdan soʻng quyidagi soʻzlar keltiriladi: “Sadaqollohul azim. Va sadaqo Rasuluhul karim. Qod furigʻo min juzʼi oxiril Buxoriy”. Yaʼni, “Buyuk Alloh rost soʻzladi, uning Rasuli ham rost soʻzladi. Buxoriyning oxirgi juzʼi yozib boʻlindi”.

Bu qoʻlyozma “Sahihul Buxoriy” asarining toʻrtdan bir qismiga toʻgʻri keladi.

[1] Mirziyoyev Sh.M. Inson manfaatlari va huquqlarini taʼminlash – demokratik jamiyat asosidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi // Maʻrifat 2017 yil 20 sentyabr.
[2] Amonov B.M. Imom Buxoriy ilmiy merosi va ularning oʻrganishning dolzarbligi // Imom Buxoriy maʼnaviy merosi va hozirgi zamon. Xalqaro konfrensiya materiallari. – Samarqand: SamDU, 2018. – B. 205. (205-207)
[3] Turayev B.O. Imom Buxoriy xalqaro markazining hayotbaxsh missiyasi // Maʼnaviy meros va hozirgi zamon. Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil topgan kunning 5 yilligiga bagʻishlangan ilmiy-nazariy seminar materiallari. – Samarqand-Toshkent: Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2013. – B. 7. (B. 3-9.)
[4] Hamroyev J., Tohirov S. Bebaho milliy               boylik // Zarafshon 2014-yil 23-sentabr № 114 (22.430). – B. 4.
[5] Spisok vostochnыx rukopisey fundamentalnoy biblioteki Samarkandskogo gosudarstvennogo universiteta imeni Alishera Navoi. Sostaviteli: A.Pulatov, X.K. Axrorov. Otvet. redaktor, kandidat istoricheskix nauk A.A. Abbasov. – Samarkand: SamGU, 1977.- 74 s.
[6] Katalog rukopisnыx proizvedeniy Abdurraxmana Djami. Chast I. sostaviteli: A.Pulatov, Sh.M. Aminov. Obщaya redaksiya i predisloviye d.f.n., prof. B.Valixodjayeva. – Samarkand: SamGU, 1989.- 100 s.
[7] Alisher Navoiy asarlarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari bibliogra­fik koʻrsatkichi. Tuzuvchilar: Sh.M. Aminov, A.Pulatov, X.K. Axrorov. Muxarrirlar G. X.Dalili, Sh.M. Aminov. Professor B.N. Valixodjayev umumiy taxriri ostida. – Samarkand: SamGU, 1990.- 149 b.
[8] Opisaniya fiziko-matematicheskix rukopisey i litografiy Vostochnogo otdela Nauchnoy biblioteki SamGU. Chast I. Sostaviteli: D.X. Kayumov, G.X. Dalili. Otvet. redaktorы: X.K. Axrorov, Sh.M. Aminov. Pod obщyey redaksiyey . prof. B.N. Valixodjayeva. – Samarkand: SamGU, 1991.- 144 s.
Muhammadixon Buzrukov,
Samarqand davlat universiteti oʻqituvchisi

Check Also

OYATLAR BILAN HUKM QILMAGANLARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASIDA ULAMOLARNING QARASHLARI

Islom dini insonlarni ilm, hamjihatlik va ahillikka chorlaydi. Ular orasida johillik, firqalanish va oʻzaro kelishmovchilik …