Home / ALLOMALAR / AJDODLARIMIZNING IBRATLI HAYOTI: Imom Buxoriy

AJDODLARIMIZNING IBRATLI HAYOTI: Imom Buxoriy

IMOM BUXORIY – MUHADDISLAR SULTONI 

Imom Buxoriy 810 yilning 20 iyulida Buxoroda tavallud topgan. Ismi – Muhammad, kunyasi – Abu Abdulloh boʻlgan. Buxoroda tugʻilgani uchun Buxoriy nisbasi berilgan. Hadis ilmi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi sababli islom olami va muhaddislar orasida “Amirul moʻminin fil hadis” (Hadis ilmida moʻminlarning amiri), “Al-imomul miqdom” (Jasur imom), “Imomul muhaddisiyn” (Muhaddislarning imomi), “Sayyidul fuqaho” (Faqihlar sayyidi), “Imomud dunyo” (“Dunyoning imomi” – dunyodagi barcha  musulmonlarning imomi), “Shayxul islom” (“Islomning shayxi” – musulmonlarning ustozi) kabi yuksak unvonlar bilan tilga olinadi.

Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim ham oʻz davrida Buxoroning taqvodor, hadis ilmida nom qozongan kishilaridan boʻlib, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarini toʻplash baxtiga muyassar boʻlgan. Shu maqsadda bir qancha oʻlkalarga safar qilgan. Muhammad hali goʻdakligidayoq otasi vafot etgan.

Onasi soliha, fozila va maʼrifatli ayol boʻlgan. Imom Buxoriy volidasi tarbiyasida oʻsib-ulgʻaygan. Bir kuni oʻgʻlining koʻziga bir shikast yetib, koʻrmaydigan boʻlib qoladi. Onasining Alloh taologa tinmay qilgan iltijo va duolari sabab  Muhammadning koʻzlari yana koʻra boshlaydi. Shu bois manbalarda onasining ismi zikr qilinmasdan tarix zarvaraqlariga “Duosi mustajob ayol” nomi bilan muhrlangan.

YoSHLIGI

Imom Buxoriy boshlangʻich maktabdalik vaqtidayoq hadis yodlashga ishtiyoqi baland boʻlgan. U ilm olish yoʻlida tinmay harakat qilar edi. Albatta, bu Imom Buxoriyga berilgan ilohiy ilhom edi. Farzandiga berilgan ushbu ilohiy neʼmatni onasi oʻz vaqtida anglab yetib, farzandini Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini oʻrganishga yoʻnaltiradi.

KUCHLI XOTIRA SOHIBI

 Imom Buxoriyga Alloh taolo tomonidan oʻtkir zakovat va kuchli yod olish qobiliyati ato etilgan boʻlib, bu uning kichiklik chogʻidanoq koʻzga tash­lana boshlagan edi. Oʻn bir yoshli bola boʻla turib ustozi Doxiliyning xatolarini tuzatishi bunga yorqin misoldir.

Imom Buxoriyning yozganlarini oqqa koʻ­chiruvchi Muhammad ibn Abu Hotam aytadi: “Men Buxoriydan oʻz qulogʻim bilan “Alloh menga hadislarni yodlash ilhomini ato etgan edi”, deganini eshitdim va undan: “Oʻshanda necha yoshda edingiz?” deb soʻradim. Ustoz: “Oʻn yoshda yoki undan ham kichik edim. Soʻngra maktabni bitirib, ustoz Doxiliy va boshqalardan hadis boʻyicha saboq ola boshladim.    Davomi bor…

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …