Home / MAQOLALAR / “JOMEʼ AS-SAHIH” – QURʼONI KARIMDAN KЕYINGI ASOSIY MANBA

“JOMEʼ AS-SAHIH” – QURʼONI KARIMDAN KЕYINGI ASOSIY MANBA

Dunyodagi barcha muhaddis, faqih, usuliy, mutakallim, nahviy va boshqa ulamolar “Sahihul Buxoriy” Musʼhafi sharifdan keyingi eng ishonchli va sahih manba ekaniga ittifoq qilgan va uni katta inoyat bilan qabul qilib, yuqori maqomga qoʻygan.

Imom Navaviy “Sahihi Muslim”ga yozgan sharhi muqaddimasida quyidagicha yozadi: “Qurʼoni karimdan keyingi eng sahih kitob Buxoriy va Muslimning “sahih”laridir. Ummat bu ikki kitobni qabul qilib olgan va Imom Buxoriyning kitobi ikkisidan sahihrogʻi va foydalirogʻidir.

Sobit boʻlgan haqiqat shuki, Imom Muslim Imom Buxoriydan foydalangan kishidir. U hadis ilmida Imom Buxoriy benazir ekanini eʼtirof qilgan”.

Imom Dora Qutniy yozadi: “Imom Buxoriy boʻlmaganida, Imom Muslim ketmasdi ham, kelmasdi ham. Imom Muslim nima qilgan? Faqatgina Imom Buxoriyning kitobini olib, uning asosida baʼzi hadislarni chiqargan va baʼzi ziyodalar kiritgan, xolos”.

Hofiz Shamsiddin Zahabiy “Tarixul Islom” kitobida quyidagilarni yozadi: “Ammo Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih”i Islom dinining Alloh taoloning kitobidan keyingi eng ulugʻ va afzal kitobidir. U kitob bizning vaqtimizda odamlar uchun eng oliy sanaddir. Ular oʻttiz yildan buyon uni eshitish oliy maqom ekanidan xursand boʻlib yuradi. Bugun qanday boʻlishini oʻzingiz bilib olavering. Agar bir odam u kitobni eshitish uchun ming farsax yoʻl yursa, safari zoye boʻlmaydi”.

Bu kitob haqida soʻz ochilar ekan, beixtiyor oʻquvchining koʻz oʻngida sahih hadislar va mashaqqatli safar qiyinchiligi gavdalanadi. Ammo biz bu maqolada mashaqqatli safar yoki Imom Buxoriyning quvvai hofizasi haqida soʻz yuritmoqchi emasmiz. Balki bu kitobni yozishga sabab boʻlgan omillar hamda “Jomeʼ as-Sahih”ga toʻgʻrisida aytilgan fikrlar va uning saqlanib qolgan nusxalari haqida imkon qadar maʼlumot berib oʻtmoqchimiz.

Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiydan rivoyat qilinadi: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy bunday dedi: “Isʼhoq ibn Rohavayhning huzurida ekanimizda, u: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini ixcham holda jamlasanglar edi”, dedi. Shunda qalbimga buni amalga oshirish fikri tushdi va “Jomeʼ as-Sahihni” toʻplashga kirishdim”[1].

Abu Ali Gʻassoniy rivoyatida Imom Buxoriy bunday deydi: “Men uni (yaʼni,“Jomeʼ as-Sahih” kitobidagi sahih hadislarni) olti yuz ming hadis orasidan tanlab oldim”[2].

Ismoiliy esa, Imom Buxoriydan qilgan rivoyatida bunday deydi: “Men bu kitob (yaʼni,“Jomeʼ as-Sahih”)ga faqat sahih rivoyatlarni kiritdim. Ammo sahih rivoyatlardan kitobga kiritmay tark qilganim, kiritganimdan koʻra koʻproq boʻldi”[3].

Yana Ismoiliy: “Agar Imom Buxoriy oʻzi bilgan barcha sahihlarni bunga (yaʼni,“Jomeʼ as-Sahih”) kiritganida, birgina bobning oʻzida sahobalardan (shu bobga doir boʻlgan) koʻplab rivoyatlar va ularning rivoyat yoʻnalishidan koʻpini jamlagan boʻlardi. Bas shunda kitob, juda katta boʻlib ketardi” dedi.

Bu haqda Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy, Imom Buxoriydan rivoyat qilib, bunday deydi: “Men “Jomeʼ” kitobimga faqat sahihlarni kiritdim. Kitob uzayib ketmasligi uchun (koʻplab) sahihlarni tark etdim”[4].

Firabriy Muhammad ibn Abu Hotam Imom Buxoriydan rivoyat qiladi: “Tushimda Muhammad ibn Ismoilni koʻrdim. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan yurib borardi. Qachonki Nabiy sollallohu alayhi vasallam qadamlarini koʻtarsalar, oʻsha joyga Imom Buxoriy qadamini qoʻyar edi”.

Firabriy va Najm ibn Fuzayl ham shunga oʻxshash tush koʻrganini rivoyat qilib keltirgan.[5]

Taʼkidlab oʻtganimizdek, bu kitobni barcha davrlar ulamolari eng toʻgʻri va moʻtabar manba deb eʼtirof etgan. Baʼzilarda “Jomeʼ as-Sahih” haqida yuzaga kelgan notoʻgʻri tasavvurning negizi faqat roviylarning ixtilofi sabablidir[6].

Bu, baʼzilar oʻylaganidek, “Jomeʼ as-Sahih”ga salbiy yondashuvni keltirib chiqarmaydi. Balki bu tabiiy hol boʻlib, muhaddis ulamolar oʻz musannifotini yozishda ilmiy jihatiga qanchalik diqqat bilan yondashganini, oʻz shayxlaridan olgan hadislarni qayta koʻrib chiqib, xatolarini toʻgʻrilashda davom etganini, manbalarga qayta-qayta murojaat qilishga oʻta talabchan boʻlgani va uni puxta bilganini fikr qilish imkonini beradi.

Bunday eʼtiborni nafaqat “Jomeʼ as-Sahih”, balki Imom Molikning “Muvatto” kitobi haqida ham aytishimiz mumkin. Unda ham roviylarga qayta-qayta murojaat qilingani uchun hadis rivoyatlari bir nechta boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Bundan tashqari, boshqa hadis kitoblarida ham roviy va rivoyatlarning koʻpligi musulmonlar dalillarning ishonchli va aniqligiga behad eʼtiborli boʻlganidan dalolat beradi.

Imom Buxoriy oʻz musannifotlariga katta eʼtibor qaratgan. Bu haqda u bunday deydi: “Barcha kitoblarimni uch martadan tasnif qilib chiqdim”[7].

“Jomeʼ as-Sahih” xususida Hofiz ibn Hajar bunday deydi: “Imom Buxoriy undagi hadislarni shaharlardan toʻplagan boʻlsa-da, ularni tartibga solish va boblarga ajratib yozishni Masjidul haromda boshlagan. Oʻn olti yil mobaynida ularni qogʻozga tushirgan. Ammo bu muddatni toʻligʻicha Makkada oʻtkazmagan”.

Ibn Adiy bir qancha hadis shayxlaridan qilgan rivoyatida: “Imom Buxoriy “Jomeʼ as-Sahih” kitobini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qabrlari va minbarlari oʻrtasida yozgan. Har bir hadisni yozishdan oldin ikki rakaat namoz oʻqirdi”, deydi.Bu haqda Imom Buxoriyning oʻzi bunday degan: “Sahih” kitobiga gʻusl qilmasdan va ikki rakat namoz oʻqimasdan oldin biror bir hadisni kiritmadim”.[8]

Yana: “Jomeʼ as-Sahih“ni 16 yil davomida toʻplagan 600 ming hadisdan tasnif qildim. Uni oʻzim bilan Alloh oʻrtasida hujjat qildim”[9].

Yana: “Jomeʼ as-Sahih“ kitobimni Masjidul haromda tasnif qildim. Ikki rakat namoz oʻqib, Alloh taolodan istixora qilib, sahih ekaniga ishonch hosil qilmagunimcha biror hadisni unga kiritmadim”, dedi.[10]

Abu Jaʼfar Uqayliy: “Imom Buxoriy “Jomeʼ as-Sahih” kitobini tasnif qilgach, uni Ibn Madiniy, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Muin va boshqalarga koʻrsatdi. Ular kitob haqida yaxshi fikr bildirib, toʻrtta hadisdan boshqa barchasi sahih ekaniga guvohlik berdi”, dedi. Uqayliy: “Imom Buxoriy aytganidek, soʻz sahihdir”, dedi.[11]

Imom Buxoriy odamlar hadislarni va “Jomeʼ as-Sahih” kitobini yozib olishi uchun ilmiy majlislar tashkil etgan. Firabriyning aytishicha, Imom Buxoriyning oʻzidan toʻqson ming kishi hadis tinglagan. Undan hadis tinglagan oxirgi odam Qozi Husayn Mahomiliy boʻlgan[12].

Ibn Rushayd “Jomeʼ as-Sahih” haqida bunday deydi: “Soʻng bu kitob Firabriydan mutavotir boʻldi. Bas, musulmonlar uni marjon qilib taqib oldi va unga ijmo qildi”.[13]

Hozirgi kunda “Jomeʼ as-Sahih”ning qoʻlyozma nusxalari saqlanib qolganmi yoki yoʻqmi? Gʻarb va Sharqdagi musulmonlar “Jomeʼ as-Sahih”ning nusxalariga ega boʻlib, ularni masjidlar, xos kutubxonalar va umumiy kutubxonalarga qoʻyishga, barchaning birdek foydalanishiga talabchan boʻlgan. Keyinchalik musulmon mamlakatlari bosib olingach, u kitob va qoʻlyozmalar olib ketilgan va turli davlatlardagi kutubxonalarga topshirilgan. “Jomeʼ as-Sahih”ning qoʻlyozma nusxalari eng koʻp yozilgan asar sifatida eʼtirof etilgan.

Hozir kunda “Jomeʼ as-Sahih”ning toʻliq shakli yoki baʼzi qismlardan iborat qoʻlyozma nusxalari dunyoning 2327 (ikki ming uch yuz yigirma yetti) kutubxonasida saqlanmoqda. Jumladan: Madinai munavvaradagi “Malik Abdulaziz” kutubxonasida bu kitobning 226 ta asl nusxasi mavjud. Ularning baʼzisi toʻliq va boshqalari boʻlaklardan iborat[14].

Biz buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy va uning “Jomeʼ as-Sahih” kitobi haqida imkon qadar maʼlumot berib oʻtdik. Bu maʼlumotlar allomaning hayoti va asarlarini yanada qiziqib oʻrganishimizga turtki boʻlsa, ajab emas.

  Foydalanilgan adabiyotlar:

 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Odoblar xazinasi” kitobi. Toshkent shahri. “Sharq” nashriyoti. 2011 yil.
Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as-Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.
Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az Zahabiy “Tarix al Islam va vafiyyot al Mashahir val Aʼlam” kitobi. Bayrut shahri. “Dorul kutub al Arabiy” nashriyoti. 1987 yil.
Ibn Hajar Asqaloniy. “Fathul Boriy” “Dorul Maʼrifa” nashriyoti. Bayrut 1379hijriy sana.
Imom Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib al Bagʻdodiy. “Tarix Bagʻdod” kitobi “Dorul kutub al ilmiya” nashriyoti. Bayrut-Lubnon.
Shamsiddin Zahabiy. “Siyar Aʼlam Nubala” “Muassasa ar Risala” nashriyoti. Bayrut. 1993 yil.
 [1] Ibn Hajar Asqaloniy. “Fathul Boriy” “Dorul maʼrifa” nashriyoti. Bayrut 1379 hijriy sana. Muqaddima.
[2] Oʻsha manba. Muqaddima.
[3] Oʻsha manba. Muqaddim.
[4] Oʻsha manba. Muqaddima.
[5] Oʻsha manba. Muqaddima.
[6] Hadis matnining har-xil lafzlar bilan rivoyat qilinishidir.
[7] Shamsiddin Zahabiy. “Siyar Aʼlam Nubala” “Muassasa ar Risala” nashriyoti. Bayrut. 1993 yil.B-403
[8] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.B-11
[9] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.B-11
[10] Yuqorida aytilganidek uning tasnifi Makkai Mukarramada boshlanib Madinai Munavvarada davom etgan.
[11] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil. B-12.
[12] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil. B-4.
[13] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil. B-11
[14] Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil. B-33
Olimxon Yusupov,
Hadis ilmi maktabi rektori

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …