Home / MAQOLALAR / ABU ZARR HARAVIY RIVOYAT QILGAN “SAHIHUL BUXORIY” QOʻLYOZMASI

ABU ZARR HARAVIY RIVOYAT QILGAN “SAHIHUL BUXORIY” QOʻLYOZMASI

Ulugʻ ajdodlarimizdan qolgan ulkan maʼnaviy boylik, qoʻlyozma asarlar dunyo kutubxona fondi va muzeylariga tarqalib ketgan. Jahondagi birorta mashhur kutubxona yoʻqki, u yerda xalqimizning tarixi va adabiyotiga tegishli qoʻlyozma asar boʻlmasin. Britaniya muzeyi, Parij Milliy kutubxonasi, Oksford, Kembrij kutubxonalari, Gollandiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Misr, Turkiya, Eron, Hindistondagi kutubxonalarda koʻplab allomalarimiz asarlarining qoʻlyozma namunalari saqlanadi. Shular  orasida vatandoshimiz, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning asarlari bor.

Imom Buxoriyning nomi butun islom dunyosida samimiy mehr-muhabbat, katta hurmat-eʼtibor bilan tilga olinadi. Musulmon olamida Imom Buxoriyni eshitmagan biror kimsa, uning nomi yetmagan biror joy boʻlmasa kerak.

Islom dunyosining barcha madrasa va oʻquv dargohlarida Imom Buxoriyning oʻlmas asarlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlari boʻyicha asosiy darslik, qoʻllanma,      dasturulamal hisoblanadi. Davlat va din peshvolari, jamiyat arboblari, olimu ulamolar har qadamda Imom Buxoriyning asarlaridan foydalanib, ularga tayanib ish tutadi.

Bugun Imom Buxoriyning ilmiy merosidan butun dunyo xalqlari bahramand boʻlmoqda. Allomaning asarlari turli tillarga tarjima qilinib, nashr etilmoqda va dunyoning deyarli barcha kutubxonalarida oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan. Jahondagi koʻplab kutubxonalarning internet saytlarida Imom Buxoriyning turli tillardagi asarlarini, ayniqsa, “Al-Jomeʼ as-sahih”, yaʼni “Sahihul Buxoriy”ni topib oʻrganish mumkin. Oʻzbekistonda ham allomaning asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib,  xalq ommasiga taqdim etilmoqda.

Mazkur asarning nomi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot beradigan boʻlsak,  Imom Buxoriyning oʻzi qoʻygan rasmiy nomni juda kamchilik biladi. Kitobning asl va toʻliq nomi “Al-Jomeʼus as-sahih al-musnad min hadisi Rasulillah sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyamihi” (“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari, sunnatlari va ayyomlari haqida jamlovchi, sahih musnad”). Kitob “Jomeʼ” deb nomlanishining sababi hadis ilmi ulamolarining istilohida “Jomeʼ” deganda, hadisning barcha qismlarini jamlovchi, degan maʼno tushuniladi. U aqida, hukmlar, odoblar, tafsir, tarix, siyar, fitnalar, fazilatlarga oid hadislarni oʻz ichiga olgan kitob degan maʼnoni bildiradi.

Imom Buxoriydan oldingi va unga zamondosh ulamolar sahihligi haqida hukm qilingan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan musnad hadislarnigina olishni ravo koʻrgan. Shuning uchun ham uning kitobi “Al-Jomeʼ as-sahih al-musnad” deb nomlangan.

Imom Buxoriy asarlarining qoʻlyozma nusxalari hozirgi vaqtda dunyo mamlakatlari kutubxona fondlarini ilmiy va moddiy jihatdan boyitib turibdi. Qoʻlyozmalarning eng ahamiyatli jihati shundaki, hozir nashr qilinayotgan hadis kitoblar har birining ortida, albatta, uning sahihligini belgilab beradigan qoʻlyozma nusxasi boʻladi. Qoʻlyozmalar nashr qilingan kitoblarni oʻzgarib ketishdan, ularga yolgʻon gaplar kiritilishidan saqlaydi. Shuning uchun ham qoʻlyozmalarni avaylab-asrash muhim vazifa hisoblanadi.

“Sahihul Buxoriy”ning eng qadim nusxalaridan biri Abu Zarr Haraviy rivoyat qilgan qoʻlyozmadir. Magʻribiy xatda yozilgan bu nusxa Turkiyada mavjudligi maʼlum boʻldi.

Abu Zarr Abdulloh ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Haraviy 355/966 yillar yashagan muhaddis olimdir. Asli xurosonlik boʻlgan. Umrining koʻp qismini Makkada oʻtkazgan. Hadis ilmining turli sohalarida yozgan kitoblari orqali tanilgan boʻlishiga qaramay, “Sahihul Buxoriy”ni dars sifatida oʻtishi uni mashhur qilgan. Abu Zarr Haraviy “Sahihul Buxoriy”ni ustozlari Abu Isʼhoq Mustamliy , Abu Muhammad Hamaviy , Abu Haysam Kushmihaniyga  oʻqib bergan. Ular Imom Buxoriyning mashhur shogirdi boʻlmish Firabriyning (vaf. 320/932 y.) talabalari boʻlgan.

Keyin uch ustozi nusxalaridagi lafziy farqlarni oʻrganib chiqdi. Har bir nusxaga ularni farqlash maqsadida belgi va ishoralar qoʻyib, oʻzi uchun “Sahihul Buxoriy”dan alohida bir nusxa yozdi. Abu Zarr Haraviyning jonbozlik koʻrsatib, asliga toʻgʻri kelgan nusxani tayyorlab, keyingi avlodlarga meros qoldirishi, mana, oʻn asrdan buyon undan foydalanib kelinayotganiga sabab boʻlmoqda. Uning nusxasi “Sahuhul Buxoriy”ga murojaat qiladigan matnlar sardori boʻlib qolmoqda. 

Abu Zarrning nusxasi, ayniqsa, Andalusiya, Shimoliy Afrika va Marokashda, ushbu mamlakatlardan chiqqan talabalar orqali mashhur boʻldi. Ular: Abul Valid Bojiy, Ibn Manzur Ishbiliy va Abul Qosim Abduljalil Ishbiliydir. Nusxaning tarqalishida oʻgʻli Abu Maktum Isoning oʻrni beqiyosdir. U otasining vafotidan soʻng Makkada nusxani oʻqitishda davom etgan. Almarovidlar amiri Maymun ibn Yosinning talabiga binoan otasidan qolgan asl nusxani unga sotgan. Natijada Abu Zarrning asl nusxasi oʻsha mintaqaga koʻchirilgan[1].

Abu Zarrning “Sahihul Buxoriy” rivoyatini qabul qilishning boshqa muhim sabablariga kelsak, Andalusiyada yaxshi kutib olingani va uni u yerda keng tarqalishi, Abu Zarrning molikiy mazhabida boʻlganidir. Shunday qilib, Abu Zarrdan keyin nusxaning yoyilishi davom etib, mazhab ulamolarining saʼy-harakatlari bilan yanada keng tarqalgan. Shu asrda Abul Valid Bojiy molikiy mazhabi raislaridan biri boʻlgani eʼtiborlidir. Oʻsha zamonda Abu Zarr rivoyatini eshitishga qiziqqan koʻplab odamlar unga murojaat qilgan. Abul Valid Bojiydan keyin Ispaniyaning Mursiya shahrida uzoq yillar yashab, u yerda oʻqigan shogirdi Abu Ali Sadafiyning oʻz qoʻli bilan yozgan nusxasi mashhur boʻlgan. Bu nusxa Qozi Iyoz, Dimyotiy, Ibn Jamoa, Saxoviy kabi buyuk hadis hofizlarining asosiy manbasi boʻlgan.

Magʻribiy (Marokash) nusxalardan hozirgi kungacha bittasi yetib kelgan. U  Abu Imron ibn Saodaning  Sadafiy nusxasidan oʻz qoʻli bilan koʻchirgan qoʻlyozmasidir. Ibn Saoda uni besh juzda 492/1099 yili yozib tugatgan. Bu nusxa hozir Marokashda boʻlib, birinchi va uchinchi juzlarida nuqson bor[2]. Ikkinchi juzini sharqshunos olim Lui Brunshel 1928 yil aslidan (suratini) chop etgan[3]

Agar biz Imom Buxoriy asarining Turkiyadagi yozma nusxasini  ilmiy-meros sifatida koʻrib chiqsak,  yanada yangi maʼlumotlarga ega boʻlamiz. Avvalambor keng tarqalgan bir fikrni bilish zarur. U – Abu Zarr rivoyat qilgan “Sahihul Buxoriy”ning hozirgi kunga qadar nuqsonsiz toʻliq shakli yetib kelmaganidir. Buning sababi Abu Zarrning asl nusxasi mavjudligi haqidagi maʼlumotning yoʻqligidir. Shuningdek, shogirdi Bojiyning nusxasi va Abu Zarrdan keyin ikkinchi buyuk shaklni olgan Sadafiyning nusxasi ham toʻliq saqlanmagan. Shu bilan birga, Abu Imron ibn Saodaning  nusxasi bizgacha nuqson bilan yetib kelgan. Oxirgi paytlarda yangi nusxalarni oʻrganish boshlandi, ammo keng qamrovli tadqiqotlar oʻtkazilmadi. Keyinchalik olimlarning izlanishlari jarayonida Turkiyadagi kutubxonalarda Abu Zarr Haraviy rivoyatining toʻliq nusxalari topildi. Shuni aytish kerakki, topilgan nusxalar nafaqat Abul Valid Bojiyga tegishli, balki Abu Zarrning oʻgʻli Abu Maktum Iso, shogirdi Amsol ibn Manzur, Abduljalil va Tarafiy nusxalaridan ham iboratdir. Turkiyadagi bu nusxalarning baʼzilari bir qismda, ayrimlari boshqa qismlarda boʻlib, kutubxonalarda saqlanmoqda. Turkiyadagi kutubxonalarda Abu Zarr rivoyatiga tegishli “Sahihul Buxoriy”ning yigirmadan ziyod qoʻlyozma nusxasi mavjudligi maʼlum.

Dunyo kutubxonalarida Imom Buxoriy asarlarining hali bizga maʼlum boʻlmagan yana minglab qoʻlyozma nusxalari mavjud. Ularni oʻrganish va targʻib qilish, ham maʼnaviy, ham axloqiy jihatdan katta foyda keltiradi. Allomaning asarlarida ilohiyot, diniy masalalar bilan birga, oʻz davrining siyosiy anʼanalari, insonparvarlik, odamlarni birlashtiruvchi, ular oʻrtasida ziddiyat va nizolarning oldini oluvchi, adolat oʻrnatishga qaratilgan axloqiy fikrlar ham keng oʻrin olgan. Hadislarda ilgari surilgan axloqiy qarashlar insonning maʼnaviy tarbiyasida eng taʼsirchan, eng baquvvat halqa boʻlib, usiz jamiyat, xalq, inson maʼnaviyatini tasavvur qilish mumkin emas. Hadislarning har bir naqli moʻmin-musulmonlarning axloq-odob sifatlarini yoritishga, ularning oʻziga xos goʻzal qirralarini ochib berishga va shu ruhda tarbiya topishga yoʻnaltirilgan. Ularda  insonparvarlik, vatanparvarlik, odillik, maʼrifatlilik, yuksak odob-axloq, bunyodkorlik, yaqinlarga gʻamxoʻr boʻlish kabi fazilatlar takror va takror uqtiriladi. Sirasini aytganda, allomaning asarlari maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga oid boʻlgan fikrlarning mukammal toʻplamidir.

[1] Abu Tohir Silafiy. Al-Vajiz. –Madina. Dorul iymon, 1994. –B.84-85.
[2] Sahihul Buxoriy. Ibn Saoda qoʻlyozma nusxasi. Robotdagi Davlat xazinasi, № D/1333.
[3] Le Sahih d,al-Buhari, reproduction en phototypie des manuscrits originaux de la recension occidentale dite “recension dʻIbn Saada”, ed. E. Levy-Provençal, Paris: P. Geuthner, 1928.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …