Home / MAQOLALAR / IKKI BUYUK NEʼMAT

IKKI BUYUK NEʼMAT

Hayotda turli mafkura va maslaklar oʻrtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklar tugamas ekan. Buning oqibatida oʻzaro kelishmovchilik, notinchliklar yuzaga keladi. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bogʻliqligi ayon boʻladi. Shuning uchun ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tinchlik-xotirjamlik eng katta neʼmat ekanini taʼkidlab, bunday deganlar:

نِعْمَتاَنِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، اَلصِّحَّةُ وَالْفَرَاغُ (رواه البخارى)

“Ikki neʼmat borki, koʻpchilik ularning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlikdir.[1]

Haqiqatan ham, tinchlik-xotirjamlik va mustahkam sogʻlik Alloh taoloning eng oliy neʼmatlaridandir. Barcha ezgu ishlar roʻyobga chiqishining asosiy sharti va bosh omili ham osoyishtalik va salomatlikdir. Shunday ekan, inson nafaqat tinchlik va salomatlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki noshukrlik qilib unga putur yetkazishdan ham saqlanishi lozim boʻladi.

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda jamiyat farovonlashib, mamlakatda har tomonlama yuksalish roʻy beradi. Odamlarning bir-biriga ishonch va sadoqati, mehr va muruvvatining samimiy boʻlishi ham asosan xotirjamlikka bogʻliqdir.

Dunyoda hayotning bir maromda davom etishi uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Parvardigor Qurʼoni karimda inson zimmasiga ana shu neʼmatni saqlash va qadrlash vazifasini yuklab, islom dini tinchlikka targʻib qilishini, yovuzlik faqat ofat keltirishini taʼkidlab, bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!”[2]

Tinchlik-xotirjamlik mavzusi shu qadar muhim boʻlgani bois ham Qurʼoni karim oyatlaridan oʻrin olgani barchaga yaxshi maʼlum.

Ayniqsa, insoniyat murakkab ziddiyatlarni boshdan kechirayotgan bugungi sharoitda tinchlik va xotirjamlik suv va havodek zarurdir. Yaratganning bu tengsiz neʼmatlarini qadrlamoq va asrab-avaylamoq butun insoniyatning zimmasidagi umumiy burch ekanini yaxshi anglamogʻimiz, farzandlarimizga tushuntirmogʻimiz kerak. Bu barcha paygʻambarlar qatorida bizning ham Janobimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekanini yuqoridagi hadisdan bilib oldik.

Islom tarixini oʻrganar ekanmiz, insonning kimligi, nima uchun yaratilgani, zimmasiga nima vazifalar yuklatilgani, qanday shaxs boʻlishga intilib yashashi kerakligi haqidagi tavsiya va koʻrsatmalar bilan yaqindan tanishib boramiz. Oliy ilohiy neʼmatlarni qadrlash va asrashda Ibrohim alayhissalom bashariyatga goʻzal oʻrnak boʻlganlar. Muqaddas dinimizning moʻtabar manbasi boʻlgan Qurʼoni karimda Ibrohim alayhissalomning Makka haqqiga qilgan duolari bugungi mavzuga aynan taalluqlidir:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ

“Ibrohimning: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga imon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, deganini eslang”[3].

Bu oʻrinda Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni avval oʻtgan paygʻambarlar hayotidan xabardor qilib, ummatlarini unga targʻib etib, ulugʻ neʼmatlar – tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab-avaylab hayot kechirishga undamoqda. Oʻsha vaqtdan keyingi tarixga nazar tashlasak, Makka tinch shahar boʻlganini koʻramiz.

Shunday boʻlsa-da, bu doimo tinchlikni soʻrab, iltijo qilish muhim ekanligiga dalolatdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan suhbatlashib oʻtirganlarida, ulardan biri: “Yo Rasululloh! Biz Alloh taologa iltijo qilayotganimizda koʻproq nimani soʻraylik”, deb savol qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik) soʻranglar”dedilar. Bu soʻzlar ham insoniyat uchun ana shu neʼmatlar nechogʻlik muhim ekanligini koʻrsatadi. Tinch joy uchun yana tinchlik soʻrab duo qilish esa, uning davomiy boʻlishi uchundir. Bu xususda Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday deydi:

وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ.

“Yana Robbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”[4].

Mazkur oyati karimaning tinchlik va xotirjamlikka nima daxli bor, deydigan insonlarga chiroyli javob ham berilgan. Biz yuqorida tinchlik neʼmatlarning eng ulugʻlaridan ekanligi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisni zikr etib oʻtdik. Mazkur hadisga muvofiq bu ikki buyuk neʼmat bardavom boʻlishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi.

Shuning uchun ham yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikni saqlash, uni xuruj va fitnalardan himoya qilish, gʻarazli va manfur kimsa va toʻdalarning makr va puch gʻoyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodni ham ulardan ogoh etib, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib qilishni dolzarb vazifa sifatida bilib, shular asosida yashash va faoliyat olib borish lozimdir. Muqaddas dinimizni niqob qilib, oʻzining manfur maqsadlariga erishishga urinayotgan oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini hech qachon yoddan chiqarmaslik darkor.

Bu xususda Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday degan:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ.

“…Ezgulik va taqvo (yoʻli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʻli)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq Zotdir”[5].

Ushbu oyat maʼnosiga chuqurroq eʼtibor qaratadigan boʻlsak, unda ezgu niyat yoʻlidagi hamkorlik yer yuzida tinchlik va xotirjamlik barqaror boʻlishining bosh omillaridan ekanligi targʻib qilinmoqda.

Yuqorida taʼkidlanganidek, insonning jisman va maʼnan qoniqarli hayot kechirishi uchun tinchlik va xotirjamlik eng muhim shart, eng katta zaruratdir.

Bu toʻgʻrida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa hadislarida bunday deganlar:

من أصبح آمنا في سربه معافى في جسده عنده طعام يومه فكأنما حيزت له الدنيا

“Kim oilasi tinch, jismu tani salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi”[6].

Xulosa qiladigan boʻlsak, dinimizda tinchlik va xotirjamlikka eʼtibor nechogʻlik kattaligi, bagʻrikenglik uning negizi ekanligi yaqqol nomoyon boʻladi. Inson oʻzidagi neʼmatning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu neʼmatdan oʻzgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini oʻylab koʻrish orqali yanada yaxshiroq biladi. Bu esa Allohga koʻproq shukr qilishga undaydi. Neʼmatning bardavom boʻlishi uning shukronasi qanchalar mukammal ado etilishiga bevosita bogʻliq ekan.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

  1. Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. T.: Toshkent islom universiteti, 2004.
  2. Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari.
  3. Doktor Muhammad ibn Abdurahmon Xumayyis. Usuluddin indal imam Abi Hanifa. “Ar-Riyoz: Dorus samʼiy lin nashr vat tavziyʼ, 1428/2007.
  4. “Sahihul Muslim” asari.
  5. “Miftohus saodat”. J. 2.
  6. “Imom Buxoriy saboqlari”. Jurnal. 2008/3.
Abduhalim MUHIDDINOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
[2] Baqara surasi, 208-oyat.
[3] Baqara surasi, 126-oyat.
[4] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[5] Moida surasi, 2-oyat.
[6] Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …