Home / XALQARO YANGILIKLAR / YOSH OLIM SAMARQANDLIK ALLOMANI DUNYOGA TANITDI

YOSH OLIM SAMARQANDLIK ALLOMANI DUNYOGA TANITDI

Turkiyaning Dumlupinar universitetida islom mamlakatlari yosh olimlarining “Keling, tanishamiz…” deb nomlangan xalqaro fan, madaniyat va sanʼat kongressi oʻtkazildi. Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan anjumanda turli davlatlardan 60 nafardan ziyod yosh olim va tadqiqotchi ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Kongressning “Islom mamlakatlaridagi ilmiy tadqiqotlar, imkoniyatlar va toʻsiqlar” nomli shoʻba yigʻilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mehrojiddin Amonov “Imom Ali Sugʻdiyning ilmiy-maʼnaviy merosi” mavzuida maʼruza qilib, Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan Imom Ali Sugʻdiy (vaf. 461/1069) haqida batafsil maʼlumot berdi.

Manbalarda Ruknulislom, Shayxulislom kabi unvonlar bilan sharaflangan Imom Abu Hasan Ali ibn Husayn Sugʻdiy Buxoro qozisi lavozimida ham faoliyat koʻrsatgan. “Nutaf fil fatovo” (“Fatvolardan qatralar”), “Favoid” (“Maqsadlar”), “Sharhul jomiul kabir li Shayboniy fi furuil fiqhil hanafiy” (“Shayboniyning Hanafiy furuʼ fiqhi haqidagi “Jomiul kabir” asariga sharh”), “Sharh kitobil xisof fi adabil qoziy ala mazhab Abi Hanifa” (“Abu Hanifa mazhabida qozi odoblari jamlangan kitob sharhi”) va “Sharhi siyari kabir” (“Katta siyrat” kitobiga sharh”) kabi asarlar muallifi boʻlgan alloma maqbarasi hozirgi Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Kumushkent maxallasida joylashgan.

Ishtirokchilarning maʼruzalari yaqin istiqbolda kongress tashkilotchilari tomonidan toʻplam shaklida nashr etilishi koʻzda tutilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …