Home / FOTO LAVHALAR / Xalqaro markaz OʻzJOKUda kitoblar taqdimoti oʻtkazdi

Xalqaro markaz OʻzJOKUda kitoblar taqdimoti oʻtkazdi

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.

Xalqaro markaz direktori Shovosil Ziyodov, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Vohid Ahmedov yangi chop etilgan nashrlarning allomalarimiz ilmiy va diniy merosini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati va hozirgi globallashuv jarayonida islomning insonparvarlik mohiyatini ochib berishda tutgan oʻrni haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Xususan, xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash va oʻsib kelayotgan avlodni azaliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar islom maʼrifatini keng yoyish, oʻtmish ajdodlarning boy maʼnaviy merosini yanada chuqur oʻrganishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan 15 nomdagi, jumladan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 30-juzi, Abdulloh ibn Muborakning “Musnad”, Imom Buxoriyning “Sulosiyotul Buxoriy”, Jaloliddin Suyutiyning “Lubob ul-hadis”, Abu Bakr Roziyning “Tuhfatul muluk” asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari, shuningdek markaz ilmiy xodimlarining mualliflik kitoblari va “Imom Buxoriy saboqlari” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnalining yangi soni namoyish etildi.

Xalqaro markaz boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev talaba yoshlar bilan ulugʻ allomalarimiz, xususan Imom Buxoriy hayoti va asarlari haqida muloqot qildi. Qizgʻin savol-javoblar tarzida oʻtgan muloqot davomida yoshlar Imom Buxoriy haqidagi va hadislarga oid bilimlarini namoyish etdilar.

Tadbir yakunida universitet jamoasiga markaz tomonidan adabiyotlar toʻplami hadya qilindi.

Gʻ.HASANOV, OʻzA

Check Also

Markaz rahbari – Samarqanddagi yirik anjumanda

Bugun, 3-may kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyadagi Egey universiteti …